Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » Futbolni san’at darajasiga aylantirayotganlar! Hammasi APLdagi "afsungarlar" haqida

Futbolni san’at darajasiga aylantirayotganlar! Hammasi APLdagi "afsungarlar" haqida

Автор: admin

Koronavirus pandemiyasi tufayli aksariyat ligalar qatorida tanaffusga yo‘l olgan Angliya premer-ligasida mavsumni 19 iyundan boshlab davom ettirishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, chempionat yakuniga etkaziladimi yoki yo‘qmi, bu masala hamon so‘roq ostida qolmoqda.
Albatta, bu nafaqat Angliyadagi, balki butun dunyodagi ishqibozlarni xafa qilmasdan qolmaydi. Hozircha yangi o‘yinlar va natijalar haqida yangiliklarga ega emas ekanmiz, demak, bir qator masalalarni ko‘rib chiqish uchun juda qulay vaziyat.
Bugun biz sizlarga APLning joriy mavsumdagi eng ijodkor o‘yinchilarini tanishtirib o‘tamiz. Reyting futbolchilar tomonidan amalga oshirilgan xavfli uzatmalar, statistika bilan shug‘ullanadiganlarning tili bilan aytganda, hujumlarga ijodiy yo‘nalish beradigan paslarga asoslangan holda tuzilgan. Buni yana «aqlli paslar» («smart passes»), deb ham atashadi.
10. Felipe ANDERSON – 40 ta xavfli uzatma
Klubi: «Vest Xem»
Mavsumdagi o‘yinlari: 22
Hozircha «Vest Xem» klubi joriy mavsumning eng omadsizlaridan biri bo‘lib turibdi. Yaxshigina moliyaviy bazaga ega jamoa musobaqa jadvalining quyi pog‘onalarida o‘ralashib yuribdi va faqatgina qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evazigagina xavfli xududda emas. Biroq klub safida o‘yiniga ko‘p narsalar bog‘liq bo‘lgan futbolchi bor – bu braziliyalik 26 yoshli Felipe Anderson.
Ha, u o‘tgan mavsumdagidek tez-tez gol kiritmayapti, biroq janubiy amerikalik legioner a’lo darajadagi aniq paslarni uzatish qobiliyatini yo‘qotmagan. Anderson joriy mavsum 22 uchrashuvda hisobiga 40 ta xavfli pas yozib qo‘ygan. Demak, Felipe har bir o‘yinda raqiblar darvozasiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha hisobda 2 ta uzatmani amalga oshirmoqda. Faqat shu hujumni samarali yakunlash masalasida «Vest Xem»da jiddiy muammolar bor – jamoa xavfli vaziyatlarni kiritayotgan gollaridan ko‘ra ancha ko‘p yaratmoqda.

9. Rahim STERLING – 45 ta xavfli uzatma
Klubi: «Manchester Siti»
Mavsumdagi o‘yinlari: 24
Rahim Sterling ayni paytda faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida bo‘lib turibdi. Bu esa futbolchining samarali harakatlari soni va uning transfer qiymatida ham aks etmoqda. «Transfermarkt» portali talqiniga ko‘ra, Rahimning transfer qiymati birgina joriy mavsumning o‘zida 140 million evrodan 160 million evrogacha oshgan.
Sterling – nafaqat epizodlarni mustaqil ravishda hal qila oladigan, balki jamoasining keskin hujumlarini tashkil etishga va boshqa o‘yinchilar uchun golli vaziyatlar paydo bo‘lishiga hissa qo‘shadigan futbolchidir. «Real»ning angliyalik ijrochi uchun allaqachon kurashni boshlab yuborgani ham tasodif emas, madridliklar Sterlingning qay darajadagi ijrochi ekanligini yaxshi tushunishadi. Ammo xolisona aytganda, Rahimning vatani Angliyani tark etishi uchun hech qanday sabab yo‘q. Chunki «shaharliklar» safida futbolchining faoliyati havas qilarli darajada chiqmoqda.

8. Uilfrid ZAA – 46 ta xavfli uzatma
Klubi: «Kristal Pelas»
Mavsumdagi o‘yinlari: 29
«Burgutlar»ning hujumkor harakatlari bir necha mavsumdan beri Uilfrid Zaaning o‘yiniga asoslangan. Bu qanot hujumchisi, avvalo o‘zining tezligi va texnikasi bilan barchada yorqin taassurot qoldirmoqda. Ammo bu ivuarlik o‘yinchining asosiy kuchli tomonlari emas. Muhimi, Zaa futbolni, maydondagi rolini yaxshi tushunadi, shuningdek, u sheriklari bilan mukammal tarzda birgalikda harakat qilishni juda yaxshi biladi.
O‘tgan mavsumga solishtirganda Uilfridning hisobida kiritilgan gollar soni ozroq, biroq endilikda u ko‘proq jamoadoshlariga ishlashga urinmoqda va shuning evaziga APLda eng ko‘p «aqlli pas» oshirgan o‘yinchilar reytingidan joy oldi. Ko‘rinib turibdiki, 27 yoshli Zaa nisbatan kuchliroq klubga ko‘chib o‘tish uchun to‘liq etildi va bu safar «Manchester Yunayted» bilan bog‘liq avvalgi xatosini qaytarmaslikka tayyor.
Eslatib o‘tamiz, afrikalik legioner bir paytlar «Old Trafford» o‘ziga berilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalana olmagan edi.

7. Yuri TILEMANS – 50 ta xavfli uzatma
Klubi: «Lester»
Mavsumdagi o‘yinlari: 28
Belgiyalik yarim himoyachi endigina 22 yoshda, lekin Tilemans haqida ancha oldin, ya’ni, «Anderlext» safida o‘ynab yurgan kezlarida eshitgan tajribali futbol ishqibozlari voqealarning bunday rivojiga ishonmasliklari mumkin. O‘shanda Yuri haqida kelajakning eng yorqin o‘yinchilaridan biri sifatida gapirishgandi, biroq «Monako» transferi Tilemansga sifat jihatidan yangi darajaga chiqish imkonini bermadi. Garchi belgiyalik ijrochi knyazlik jamoasida ikkita yaxshi mavsumni o‘tkazgan bo‘lsa ham. Muhimi, Tilemans Frantsiyani vaqtida tark etdi va nisbatan raqobatbardosh hamda jo‘shqin ligaga ko‘chib o‘tdi.
APLda nazardan chetda qolmaslik uchun xohlaysanmi-yo‘qmi, kuchayishingga to‘g‘ri keladi. Hozirda «Lester» safida Tilemansning ishlari juda yaxshi kechmoqda – u asosiy tarkibning barqaror o‘yinchisi, doimiy ravishda raqib himoyachilarini chalg‘itgan holda tez-tez sheriklarini o‘tkir va nostandart paslar bilan ta’minlab turibdi.

6. Roberto FIRMINO – 51 ta xavfli uzatma
Klubi: «Liverpul»
Mavsumdagi o‘yinlari: 29
Roberto Firmino – ko‘ngliga ehtimol birgina Yurgen Klopp yo‘l topa oladigan juda ham o‘ziga xos hujumchidir. Braziliyalik futbolchi shartli ravishda Joze Mourino yoki Xosep Gvardiola qo‘l ostida o‘ynab keta olmagan bo‘lardi. Chunki bu mutaxassislar qo‘l ostidagi hujumchilardan Firmino o‘zini suvdagi baliqday his qiladigan o‘yindan mutlaqo farqli ravishda boshqacha o‘yinni talab qiladilar. Roberto top-darajadagi to‘purar bo‘lmasa-da, vaziyatlar yaratishda jamoa uchun favqulodda juda foydali. U to‘pni qanot hujumchilari va yarim himoyachilar bilan o‘ynashga ko‘nikib qolgan va bu ularga bo‘sh hududlarga yorib kirishga hamda hujumlarni mustaqil ravishda yakunlashlariga imkon beradi. Aynan Firminoning reytingimizda yagona klassik markaziy hujumchi ekanligi ajablanarli emas. Zero, bu erda boshqasi bo‘lishi mumkinmidi?

5. Emiliano BUENDIYa – 52 ta xavfli uzatma
Klubi: «Norvich»
Mavsumdagi o‘yinlari: 28
Ehtimol, ayrimlar kelib chiqishi ispanlarga borib taqaladigan argentinalik 23 yoshli bu futbolchining ismini birinchi bor eshitayotgandir. Ammo «Norvich» ishqibozlari uchun Emiliano Buendiya yoqimtoylardan va hujumdagi asosiy umidlardan biridir. Joriy mavsum Buendiyaning o‘zi APL doirasida hali birorta ham gol urmadi, ammo sheriklariga 7 marta assistentlik vazifasini o‘tab berdi.
Emilianoning jarima maydoni ichidagi har ikkinchi yoki uchinchi pasi – bu kichik san’at asari. Mavsum boshlanganidan beri uning transfer qiymati ikki barobardan ziyodroqqa oshganiga (8 million evrodan 18 million evrogacha) ajablanish kerak emas, ammo bu hali oxirgi nuqta ham emas. Agar Buendiya maydonda to‘p bilan mana shunday sifatli va samarali muomala qilishda davom esa uning transfer narxi yana bir necha barobarga oshib ketishi hech gap emas.
 

4. Muhammad SALOH – 52 ta xavfli uzatma
Klubi: «Liverpul»
Mavsumdagi o‘yinlari: 26
Misrlik 27 yoshli futbolchi mana ikki mavsumdirki APLda samaradorlik bobida ma’lum pasayishni namoyish etmoqda. Biroq 2017/18 mavsumda 36 uchrashuvda hisobiga 32 ta gol yozib qo‘ygan holda fantastik darajada o‘yin ko‘rsatganini ham unutmaslik kerak. Shu bilan bir vaqtda Saloh «Liverpul»ning hujumlarida aqlbovar qilmas darajada foydali o‘yinchi bo‘lib qolmoqda. Chunki «Qizillar»ning u yoki bu uchrashuvda o‘zlarini qanday ko‘rsatishlari aksariyat hollarda Muhammadning o‘yin darajasiga bog‘liq.
Xususan, Saloh jamoaning boshqa qanot hujumchisi Sadio Manedan ko‘ra ko‘proq xavfli uzatmalarni amalga oshirgan (52 ga 39). Zero, assistentlik aynan Sadioda 1 taga ko‘proq... Biroq Viktor Prokopenko aytganidek, futbolda mantiq izlashning keragi yo‘q.

3. Jeyms MEDDISON – 59 ta xavfli uzatma
Klubi: «Lester»
Mavsumdagi o‘yinlari: 28
2018 yilning yozidan beri «Lester» sharafini himoya qilib kelayotgan 23 yoshli futbolchi ayni paytda Angliya transfer bozoridagi eng xaridorgir o‘yinchilardan biri bo‘lib turibdi. «Koventri» klubi tarbiyalanuvchisi uchun APLning barcha etakchilari kurashishga tayyor turishibdi. E’tiborlisi, bu kurashga ko‘hna qit’adagi boshqa ayrim top-klublar ham qo‘shilishga qarshi emaslar.
Hammasi Meddisonning haqiqatan juda yaxshi ijrochi ekanligi sababli – u birinchilik doirasida o‘tkazgan 28 o‘yinida hisobiga 6 ta gol va 3 ta assistentlik yozib qo‘yishga ulgurdi. Biroq bu Jeymsning «Lester» hujumlarini tashkil etishda ijro etayotgan rolini to‘liq baholashga imkon bermaydi.
Mish-mishlarga qaraganda, yozgi transfer chog‘ida Meddisonni «Manchester Yunayted» klubi tarkibga qo‘yib olishga urinib ko‘radi. Agar mazkur kelishuv amalga oshsa, «Qizil iblislar» jamoasi maydon markazida Meddison, Pogba va Brunu Fernandesh timsolida fantastik uchlikka ega bo‘lishi mumkin.

2. David SILЬVA – 61 ta xavfli uzatma
Klubi: «Manchester Siti»
Mavsumdagi o‘yinlari: 19
Ispaniyalik kosmik o‘yinchi allaqachon 34 yoshni qarshilab qo‘ydi, biroq u to‘p bilan ishlashda va a’lo darajadagi paslarni oshirishda hamon fantastik saviyada qolmoqda. «Merlin» (futbolchining laqabi) joriy mavsum APL doirasidagi uchrashuvlarda tez-tez ko‘rinish bermayapti va hozircha faqat 19 o‘yinda ishtirok etdi. Biroq Silvaga reytingimizning faxrli 2-o‘rnini egallash uchun shuning o‘zi ham kifoya qildi!
Agar David hozirgacha o‘tkazilgan 28 uchrashuvning barchasida ishtirok etganida, uning qanday ko‘rsatkichlarni qayd etganini tasavvur qilish ham qiyin. Bundan ham achinarlisi shuki, David Silva uchun joriy mavsum oxirgisi sanaladi – chunki ispaniyalik yarim himoyachi mavsum yakuniga etganidan so‘ng «shaharliklar» safini tark etadi.

1. Kevin DE BRYuYNE – 96 ta xavfli uzatma
Klubi: «Manchester Siti»
Mavsumdagi o‘yinlari: 26
Ehtimol, ijodkorlik va futbolni tushunish borasidagi iste’dod tomondan Kevin De Bryuyneni hozirgi APLda faqatgina yuqorida tilga olinib o‘tilgan David Silva bilan taqqoslash mumkin bo‘lsa kerak. Saloh, Meddison, Zaa, Tilemans va boshqa kuchli o‘yinchilardan farqli ravishda De Bryuyne umuman boshqa tipdagi futbolchi. Gohida soniyalar ichida mumkin bo‘lgan barcha variantlarni hisoblab chiqqan holda aniq epizod uchun eng optimal variantlarni tanlaydigan belgiyalik iqtidorning miyasida eng so‘nggi protsessor o‘rnatilgandek taassurot uyg‘otadi.
Joriy mavsum Kevin so‘zsiz APLning eng yaxshi assistenti va xavfli uzatmalar soni bo‘yicha turnirda etakchilik qilmoqda. Evropada xavfli uzatmalar borasida De Bryuynega raqobatchilik qilishga birgina «butsa kiygan o‘zga sayyoralik» - Lionel Messining kuchi etmoqda xolos. Ayni paytda argentinalik yulduzning hisobida 109 ta (La Liga doirasida) «aqlli pas» bor.



268   
Добавить комментарий
Ваше имя: *