Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Yozning kutil(ayot)gan yorqin transferlari

Yozning kutil(ayot)gan yorqin transferlari

Автор: admin


Voqealar rivojida keskin burulishlar ro'y bermaganida futbol muxlisi top chempionatlarni yakunlab, "ko'hna qita" birinchiligiga tayyorgarlik ko'rayotgan bo'lardi. Klublarning keyingi mavsum uchun rejalari va transfer siyosatining qanday ko'rinish olishini taxminiy suratda chizib ko'rsatish mumkin edi. Ayni damda barcha-barchasi mavhumligicha qolmoqda: turnirlarning qachon yakunlanishi, kelasi mavsumlar startining qanchaga kechikishi, transfer darchasi, jamoalar va futbolchilar o'rtasidagi shartnomalar bo'yicha paydo bo'lishi kutilayotgan katta kelishmovchiliklar echimi...

Yil avvalida o'zbek futboli ixlosmandlari ham transfer oynasining yozgi mavsumini katta ishtiyoq bilan kuta boshladi. CHunki joriy yoz (katta ehtimol bilan) biz uchun ham Evropa tomon yo'l ochishi kerak edi. Nihoyat, A Seriya, Bundesliga yoki APLda ham vakillarimiz paydo bo'lishiga ishonch har doimgidan yuksala boshladi. Hozir (qachon boshlanishi ham nomalum bo'lgan) yozgi transfer mavsumining kutilgan va kutilayotgan bazi yorqin o'tishlari haqida gaplashamiz.
Bu o'rinda so'nggi yillarda gapirilaverganidan ensani qotiradigan darajaga kelib qolgan Neymar yoki Pogba tipidagi futbolchilarning ehtimoliy transferini chetlab o'tishni lozim bildik.
Aleksey Miranchuk
Hozirgi klubi: "Lokomotiv" (Moskva)
Transfer narxi ("Transfermarkt" portaliga ko'ra): 14,5 mln evro
Davogarlar: "Yuventus", "Barselona", "Milan", "Sevilya", "Roma", "Zenit"

Aleksey RPL darajasidan o'sganiga ancha bo'ldi. ECHLning joriy mavsumida "Yuventus" darvozasiga urgan golidan so'ng uning top chempionatlarga yo'l olishi deyarli aniqlashgandi. Jumladan, "keksa sinora"ning o'zi rossiyalik futbolchiga jiddiy tarzda qiziqa boshladi. Pandemiya sharoitida Miranchukning transfer bahosi pastlaganiga (14,5 mln) qaramasdan, "temiryo'lchilar" xavbek uchun katta summa so'rashda davom etyapti. Miranchukning agenti Paulu Barbozaning takidlashicha, mijozi uchun kamida 40 million evro talab qilinadi. Hozir moliyaviy inqiroz sharoitida bu mablag'ni na "Yuventus", na "Barselona" to'lay oladi. Katta ehtimol bilan moskvaliklar futbolchi uchun talab qilinayotgan miqdorni pasaytirishmas ekan, uning keyingi manzili Evropaning o'rtamiyona jamoalaridan biri yoki "Zenit" bo'ladi.


 Donni van de Bek
Hozirgi jamoasi: "Ayaks" (Amsterdam)
Transfer narxi ("Transfermarkt" portaliga ko'ra): 44 mln evro
Davogarlar: "Real", "Manchester Yunayted"

Niderlandiyalik yarim himoyachi Evropa CHempionlar Ligasining o'tgan mavsumidayoq o'zining nimalarga qodirligini isbotlab qo'ygandi. Uning Frenki de Yong, Matteys de Ligt va Hakim Ziesh singari safdoshlari grand klublar tarkibini to'ldirib ulgurishdi. Katta ehtimol bilan van de Bek ham tez orada Amsterdamni tark etadi, unga Madridning "Real"i asosiy davogar bo'lib turibdi. "Qirollik klubi" 23 yoshli xavbek timsolida Modrichning davomchisini ko'rmoqda. SHuningdek, MYU ham Donni orqali Pogbaning o'rnini to'ldirish variantidan yiroq emas.


 Jeydon Sancho
Hozirgi klubi: "Borussiya" (Dortmund)
Transfer narxi ("Transfermarkt" portaliga ko'ra): 117 mln evro
Davogarlar: "Manchester Yunayted", "Manchester Siti", "CHelsi", "Barselona", "Real"

Sancho Dortmunddan ketish istagini yashirmayapti — tomonlar orasidagi kichik nizolar jarayonni tobora tezlashtiradi. "Borussiya" rahbariyati ham vaziyatni to'g'ri baholayapti va iqtidorli ijrochini majburan olib qolmoqchi emas. Klubning Robert Levandovski bilan achchiq tajribasi shuni ko'rsatadiki, ketishni istayotgan yulduzlarni mo'may pulga sotib yuborish maqul. 20 yoshli futbolchiga talabgorlar ham etarlicha — ispan grandlari, "CHelsi", "Manchester Siti". Asosiy davogar esa "Manchester Yunayted" hisoblanadi. Angliyalik futbolchining o'zi ECHLdagi ishtiroki taminlancha, "qizil iblislar" safiga o'tishga qarshi emas.


Jaloliddin Masharipov
Hozirgi klubi: "Paxtakor" (Toshkent)
Transfer narxi ("Transfermarkt" portaliga ko'ra): 1,4 mln evro
Davogar: "Trabzonspor"

Mavsum avvalida "Paxtakor"ning OCHLdagi ishtirokidan keyin Masharipov legionerga aylanishi haqida gapirilgandi. Bir necha kun avval Jaloliddinning Turkiya Superligasiga yo'l olishi mumkinligi haqida xabar berildi. Katta ehtimol bilan kelasi mavsumni ECHLda boshlaydigan "Trabzonspor"ning hamyurtimizga qiziqish bildirishi yoqimli, albatta. Keyinroq futbolchining o'zi hali hech qanday aniq taklif olmaganini takidladi. Osiyoning turli klublaridan yaxshigina takliflarni rad qilib, Evropada to'p tepishni istashini hech qachon inkor qilmagan xorazmlik yarim himoyachining niyatlari tez orada ushalishiga tilakdoshmiz.


 Eldor SHomurodov
Hozirgi klubi: "Rostov"
Transfer narxi ("Transfermarkt" portaliga ko'ra): 5,2 mln evro
Davogar: nemis, ispan, italyan klublari

Saytimiz orqali efirga uzatilayotgan "Tezkor studiya" dasturining 15 mayda o'tkazilgan sonida "Championat.asia" asoschisi Gayrat Xasbiulin SHomurodovga Germaniya, Ispaniya va Italiya klublaridan aniq takliflar borlligini malum qilgandi. Oradan bir kun o'tib ProSportsManagement kompaniyasi rahbari German Tkachenko bu insaydni tasdiqladi. Keyinchalik hamyurtimizga "SHalke-04" va "SHtutgart" klublarining jiddiy qiziqayotgani ochiqlangandi. Garchi RPL klublaridan takliflar bo'lsa ham, Eldorning o'zi Evropaga yo'l olishni istashini malum qilgan.


SHuningdek, 18 yoshli Jasur Jaloliddinov ham katta ehtimol bilan "Bunyodkor"ni tark etadi. Pandemiya tufayli navoiylik futbolchining "Benevento"ga o'tish ehtimoli pasayib ketgan bo'lsa-da, unga Rossiya chempionatining yaxshi jamoalaridan takliflar bor. Uning o'zi "Championat.asia"ga Moldova yoki Serbiya chempionatlariga o'tmasligini, iloji boricha kuchliroq birinchiliklardan biriga ketishini malum qildi.

Yuqorida nomi tilga olingan futbolchilarimizning keyingi faoliyatiga omad tilaymiz. Umid qilamizki, ular o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlashadi. Zero, futbolchilarimizning ayni pogenciali bundan ko'prog'iga ham qodirligidan signal beryapti.


48     
Добавить комментарий
Ваше имя: *
Ваш e-mail: *