Goal24.uz » Jahon » Intervyu. Park Ji Sung: "Faoliyatimga ikki murabbiy juda katta tasir o'tkazgan"

Intervyu. Park Ji Sung: "Faoliyatimga ikki murabbiy juda katta tasir o'tkazgan"

Автор: admin

Faoliyati davomida 19ta sovrin qo'lga kiritgani Park Ji Sung qanday futbolchi bo'lganini aytib turibdi. Qizig'i shundaki, ushbu futbolchi Janubiy Koreya K-ligasida o'ynamagan. Uning ilk professional klubi 2000 yilda Yaponiya J-ligasi vakili "Kyoto Pyorpl Sanga" bo'lgandi. Bu jamoaga Park Janubiy Koreyaning Myongji universiteti jamoasidan kelib qo'shilgan. 
Park Ji Sung yapon klubida ikki mavsum to'p tepgach, uni darhol Gus Xiddink milliy terma jamoaga taklif etadi. O'shanda koreyslarni aynan niderlandiyalik murabbiy boshqarayotgandi. Xiddink qo'l ostida Janubiy Koreya terma jamoasi JCH-2002da to'rtinchi o'rinni olganini yaxshi bilasiz.
Mundialdan so'ng oradan bir yil o'tib Gus Xiddink taklifi bilan Park PSVga yo'l oldi. Ikki mavsum PSV safida harakat qilgan yarim himoyachi Ser Aleks Fergyuson etiborini tortib, MYU ustozi uni jamoaga taklif qiladi va Park Ji Sungning "Manchester Yunayted"dagi hayoti boshlanadi.
Manchester shahri jamoasida 7 mavsumni o'tkazgan Park Evropa chempionlar ligasi finalida o'ynagan dastlabki osiyolikka aylandi. Janubiy Koreya terma jamoasi bilan uch marta jahon chempionatida qatnashib, uchalasida ham gol urgan. Xullas bemalol Park Ji Sungni qitamiz vakillari orasida eng hurmatga loyiq futbolchilardan biri deya olamiz. Quyida u bilan intervyuni etiboringizga havola etamiz.


- Professional futbolda xuddi piramidaga chiqqandek o'sishga erishdingiz. Hozir esa yanada faol bo'lishga harakat qilyapsiz va o'zingiz tashkil etgan JS fondini boshqaryapsiz. Sizni bolalar futboli nimasi bilan o'ziga tortdi? 
- Yaxshi futbolchi yoki yaxshi murabbiy bo'lib etishish uchun hammasini baribir bolalar futbolidan boshlashga to'g'ri keladi. CHunki bolalar futboli bu  - daraxtning ildizidek gap. Siz ildizni ko'rmaysiz, lekin nimadir daraxtni ushlab turganiga ishonasiz.
SHunday ekan, jamoa o'sishi yoki birorta sovringa ega chiqishida bolalar futboliga berilgan etibor nihoyatda muhim. Hammasi mana shundan boshlanadi. Bolalar futboliga etibor beribgina bo'lajak yulduzlarni tarbiyalash mumkin.
Men tashkil etgan fond nima bilan shug'ullanadi? Biz turnirlar tashkil etamiz va bolalarga ko'proq o'ynash imkonini beramiz. Agar bolalar orasida iqtidorlisini ko'rib qolsak, u bilan alohida shug'ullanamiz, kerak bo'lsa unga stipendiya ham ajratamiz. Lekin men faqat futbol bilan kifoyalanib qolayotganim yo'q, beysbol, basketbol, restling va hatto figurali uchishga ham etibor qaratganmiz. Qisqa qilib aytganda, ko'p sport turlari bo'yicha talantlarni qidiramiz.
To'g'ri, men futbolchi bo'lganman. Lekin boshqa sport turlarini ham hurmat qilaman va istedodlar har erda bor deb o'ylayman. Hamma gap qattiq mehnatda. Ko'p ishlasangiz, qachondir o'z maqsadingizga erishasiz. Dunyoda pulsiz hal qilsa bo'ladigan ishlar ko'p.

- SHu yil Tailandda o'tkazilgan U-23 Osiyo chempionatini siz ham kuzatib bordingiz. Janubiy Koreya terma jamoasi g'olib chiqqanida juda xursand bo'ldingiz. 23 yoshgacha futbolchilar o'rtasidagi musobaqani qanday baholaysiz?
- Evropada bunday turnir yo'q, Osiyoda esa bor. SHu sababli bu musobaqa qiziq deb o'ylayman. Lekin bir narsani unutmaylik, bu yoshda ko'p futbolchilar o'z klublarining asosiy tarkib o'yinchilari hisoblanadi va ularni musobaqaga jalb etish oson bo'lmaydi. CHunki klublarning ham o'z rejasi bor. Menga 23 yoshli futbolchilarning o'yinini kuzatib borish yoqdi, axir ular ham professional.
Endi masalaga ikkinchi tomondan qaraymiz. Osiyoda vaziyat sal boshqacha. Bazan o'zimizda 21, 22, 23 yoshli futbolchi hamon yosh hisoblanadi va asosiy tarkibdan deyarli joy berishmaydi. Bu esa ko'plab o'yinchilarning yuqori darajaga chiqishiga xalaqit beryapti.
Mana shu tomonlarini o'ylab OFK U-23 Osiyo chempionatini yo'lga qo'yib to'g'ri qildi. Negaki bu musobaqada o'zingni ko'rsatib keyinchalik klubda asosiy futbolchiga aylanishing mumkin. Qolaversa xalqaro darajada salohiyating o'sib boradi. Balki kimnidir qaysi bir evropalik skaut kuzatar. Musobaqaning Olimpiya o'yinlariga yo'llanma berishi esa obro'sini yanada orttiradi.


- Olimpiya o'yinlarida futbol qanchalik muhim? 
- Navbatdagi Olimpiada Osiyoda o'tishini hisobga olsak, bu juda muhim. Albatta, Olimpiya o'yinlaridagi futbolni Evropa chempionati va jahon chempionati bilan taqqoslab bo'lmaydi. Lekin osiyolik futbolchilar uchun bu juda kerakli. Negaki shu orqali o'zingizga platforma yaratasiz. Sizda Evropa va Janubiy Amerika jamoalariga qarshi maydonga tushish imkoni paydo bo'ladi.
Esimda, Sidney Olimpiadasiga borganimizda Marokash, CHili kabi jamoalarga qarshi o'ynagandik. O'shanda ularning futbolchilari allaqachon Evropada o'ynardi. Xaviga qarshi o'ynaganim ham esimda, o'shandayoq etuk darajadagi futbolchi edi. Menda shunday futbolchilarni ko'rib, Evropaga ketish istagi paydo bo'lgan. Axir nimagadir erishishni xohlardim. SHundan so'ng o'z ustimda yanada ko'proq ishlay boshladim.
Ispaniyaga mag'lub bo'lib ortga qaytganmiz. Lekin ungacha qo'lga kiritilgan ikkita g'alaba katta turtki bo'lgandi. Men hozirgi yoshlarga shunday degan bo'lardim: mag'lubiyatdan qo'rqmang, g'alaba sari intiling. Faoliyatingiz davomida nimaga erishishni istasangiz, doim shuni maqsad qiling. 

- Evropa nazariga ancha erta tushgansiz. Juda yosh Evropaga yo'l olgan futbolchilardan birisiz. Bunda qanday foydali jihatlarni ko'rasiz?
- Osiyoda o'ynab dunyoning boshqa qitalaridan kelgan futbolchilariga qarshi maydonga tushish deyarli imkonsiz. Evropada esa legionerlar ko'p, xoh o'z jamoangizda, xoh boshqa klubda. Ular bilan va ularga qarshi to'p tepib doim mahoratni oshirib borasiz.
Buning natijasida jahon chempionatiga borganda ham o'zingizni boshqacha his qilasiz. Lekin faqat Osiyoda o'ynaydigan futbolchilar bilan mundialga borish birmuncha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi, chunki sizda tajribali, ko'pni ko'rgan futbolchilar bo'lmaydi. Mana shuning uchun ham Osiyo jamoalari jahon chempionatida katta sakrashni amalga oshira olmayapti. CHunki xalqaro tajriba yo'q.
Hozirgi paytda ko'p klublar chet ellik futbolchilarni taklif etyapti. Bu yaxshi albatta. Ularga qarab shakllanib borasiz, bir bosqich yuqoriga ko'tarilasiz. Bir kun kelib futbolni tugatasiz va kelajakda sizdan yaxshi murabbiy chiqishi mumkin.


- Siz ham murabbiy bo'lishga harakat qilganmisiz? 
- Aslo yo'q. Bu haqda hatto o'ylab ham ko'rmaganman. Menga ko'proq yoshlar futboli yoqadi. Bolalarni shug'ullantirish, ular bilan birga bo'lish yoqadi. Faoliyatim davomida menga juda katta tasir ko'rsatgan ikki murabbiy bo'lgan: Gus Xiddink va Ser Aleks Fergyuson. Bu murabbiylarning ishini ko'rib naqadar qiyin ekanligini his qilganman, balki shuning uchun murabbiy bo'lish istagi yo'qdir.

- Qanday qiyinchiliklarni nazarda tutyapsiz? 
- Xo'sh, agar Gus Xiddink haqida gapiradigan bo'lsam, u Janubiy Koreyaga kelganida nima desa so'zsiz bajarilardi. Uning aytgan gapi biz uchun qonun edi. Lekin PSVga, uning qo'l ostiga borib ko'rdimki, futbolchilarning Gus bilan muomalasi umuman boshqacha ekan.
U erda hamma erkin va nima xohlasa shuni gapiradi. Bazan murabbiy bitta gapni aytsa, futbolchilar norozilik bildiradi va boshqacha yo'l tutaylik deyishadi. Bu holatni ko'rib men shokka tushib qolgandim, chunki bizni boshqacha tarbiyalashgan. Bizga doim murabbiy aytganini bajarishga va o'z bilgancha yo'l tutmaslikka o'rgatishgan.
Xullas men umuman boshqa madaniyatga duch keldim. Keyin esa bildimki, Evropada murabbiy bilan nimanidir muhokama qilish oddiy hol ekan. Gus Xiddink hamma uchun ochiq edi. U futbolchilarni erinmay eshitar va bazan quloq solardi ham. Va shu orqali o'yinchilar hurmatini qozonardi.


- Bu borada Aleks Fergyuson qanday bo'lgan? 
- Ser Aleks umuman boshqa olam. Lekin o'ylaganingizdek jiddiy emas. Muxlislar u haqda ko'p hikoyalarni aytib yurishadi. Fergyuson ayniqsa kiyim almashtirish xonasida boshqacha edi. U men bilan doim kulib gaplashardi, ko'p narsalarni o'rgatdi. Mashg'ulot paytida esa erkin edi. Kim yaxshi mehnat, kim dangasalik qilayotganini bir chetda ziyraklik bilan kuzatib turardi. Ishlamasangiz, bundan jahli chiqardi.

- Demak, siz murabbiylik kasbi juda qiyin deb o'ylaysiz? 
- Ha, shunday. Gap shundaki, murabbiy har qancha aqlli, taktik tomonlama puxta bilimga ega bo'lmasin, baribir maydonga tushib futbol o'ynamaydi. Bundan tashqari nima xohlayotganingizni har bir futbolchi miyasiga singdirish osonmi. Agar siz futbolchilarga to'g'ri tushuntira olmasangiz, unda zo'r bilimning nima keragi bor? SHu bois murabbiylik qiyin. Payti kelganda jahldor, payti kelganda muloyim bo'lishingiz kerak. Hozirgi paytda bu ikkala sifatni birga olib borish oson emas. Mana shuning uchun ham men o'zimda murabbiylarga xos xususiyatni ko'rmayman. 

- Evropa chempionlar ligasi finalida o'ynagan futbolchi sifatida OCHL saviyasini qanday baholaysiz?
- Avvalo farq qitalar hududida. Osiyo juda katta. Evropada esa masofalar qisqa va istalgan payt kimdir bilan o'yin o'tkazsa bo'ladi. Osiyoda musobaqa SHarq va G'arb zonasiga bo'lingan. Va sizda toki finalga chiqmaguncha narigi mintaqa jamoasi bilan o'ynash imkoni yuzaga kelmaydi. Lekin men to'g'ri tushunaman, sakkiz soatlik parvoz, boshqa soat farqi. Evropada esa bunday emas. SHunga qaramay, Osiyo chempionlar ligasi nufuzi ortib boryapti. Men o'zim ham TV yoki internet orqali ko'p uchrashuvlarni tomosha qilaman.


- Terma jamoalar ishtirokida o'tkaziladigan musobaqalar haqida fikringiz?
- Osiyoda bazi klublarning muxlisi kam, lekin terma jamoasi o'ynaganda stadion to'lib toshadi. Bunday holatlarni ko'p bor ko'rganman. Albatta, jahon chempionati taqqoslash uchun eng yorqin misol bo'la oladi, hali ishlaydigan jihatlarimiz ko'p. Biz hali yuqori darajaga chiqmadik. Yana bir muammo esa jamoalarning kuchli va kuchsizga ajralib qolganida. Tenglik deyarli ko'rinmayapti. Kuchlilar doim yutyapti, kuchsizlar esa yutqazyapti. SHu bois avvalo kuchsizlarni bir qadam o'sishiga yordam berish kerak. SHundagina raqobat paydo bo'ladi. Raqobat bor joyda Braziliya va Argentina bilan kelishuv ham qiyin bo'lmaydi.
Evropa misolida olsak, u erda futbol bu - madaniyat. Odamlar maktabga yo ishga ketayotganda ko'pincha fubol haqida gaplashib ketishadi. Bizda ham shuni shakllantirish kerak. Masalan, Angliyada farqi yo'q, Germaniyami yo Italiyami ular borib boshqa jamoalarni ko'raveradi. CHunki ular futbol bilan yashaydi. Osiyoda esa sal boshqacha. Hatto Osiyo Kubogida siz ikkita jamoa o'yinida betaraf muxlislarni juda kam uchratasiz. Stadionda asosan shu ikki jamoa ishqibozlari o'tirgan bo'ladi. Biz odamlar ongiga futbolni sevishni singdirishimiz kerak. Qanday qilib? Buning uchun avvalo kuchli murabbiylarni tarbiyalashni yo'lga qo'yish lozim. Kuchli murabbiylar maktabi barpo qilibgina qita futboliga inqilob olib kirish mumkin. Yaxshi bo'lmagan murabbiy qo'l ostida o'yin ham chiroyli chiqmaydi va qanday qilib muxlisni torta olasiz? 

- Osiyo futbolini kelajakda qanday ko'rasiz? 
- Agar bizdan qaysidir jamoa jahon chempioni bo'lsa, juda zo'r bo'lardi. Lekin bunga hali ko'p vaqt kerak. Odamlarga shunday desangiz, ular boshini chayqab ilojsiz narsani gapirma deyishadi. Ha, bu ilojsiz bo'lishi mumkin, lekin baribir harakat kerak-ku. Faqat orzu qilgan bilan hech narsa amalga oshmaydi. Osiyoda ham yaxshi futbolchilar ko'p. Va agar terma jamoalar o'rtasidagi farqni minimum darajaga kamaytira olsak, juda ko'p kuchli jamoalar paydo bo'ladi. Faqat ayrim mamlakatlar rivojlanib, qolganlar ortda qolaversa bundan ish chiqishiga ishonmayman.
369   
Добавить комментарий
Ваше имя: *