Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » “Manchester Yunayted”: 7-raqam siri yoxud o‘tgan asr yulduzlari nega erta so‘nggan?

“Manchester Yunayted”: 7-raqam siri yoxud o‘tgan asr yulduzlari nega erta so‘nggan?

Автор: admin

 «Manchester Yunayted» ishqibozlari uchun 7-raqam alohida ahamiyatga ega. Ushbu raqam egasi jamoada lider bo‘lishi va doimo eng kuchli o‘yinini namoyish etishi talab qilingan. Bu raqamning o‘ziga xos mas’uliyati bor va shu jihatdan manchesterliklarning ba’zi futbolchilari uni qabul qilishga botina olmagan. Yorqin misol – Antonio Valensiya. U o‘z o‘yini bilan jamoaga naqadar foyda keltirmasin, 7-raqamdan cho‘chigan. «Sirli raqam»ning salobati bosib qo‘ygan yulduzlar ham talaygina: Di Mariya, Depay, Sanches.
  Bu raqam bilan bog‘liq mo‘’jizalarning ibtidosi Erik Kantona nomi bilan bog‘lanadi. «Inside United» nashri «qizil iblislar» muxlislari orasida o‘tkazgan so‘rovnomasi yakunlariga ko‘ra, frantsiyalik charm to‘p ustasini jamoa tarixidagi eng buyuk futbolchi, deya e’tirof etishadi. 1997 yilda Kantona kutilmaganda faoliyatini yakunlashini e’lon qiladi. Uning hali futbolga va «Manchester Yunayted»ga bera oladigan ko‘p narsasi bor edi. 7-raqam egasi nega ancha erta – 31 yoshida faoliyatini yakunladi?

Angliyadagi faoliyatining boshlanishi
 
  Futbol siyosatiga qadam qo‘yishdan avval Mishel Platini murabbiylik qilgan. 1990 yilgi jahon chempionati saralashi startidagi omadsizlikdan so‘ng, Frantsiya terma jamoasini Anri Misheldan aynan Platini qabul qilib olgan. Jamoada avlodlar almashuvi jarayoni boshlandi. Yangi avlod orasida eng zo‘ri Erik Kantona edi.
  1991 yilning noyabrida Frantsiyaning «Oser» klubi UEFA kubogi doirasida «Liverpul» bilan to‘qnash keladi. Uchrashuvni kuzatishga kelgan Platini o‘yindan so‘ng «Liverpul» bosh murabbiyi Grem Sunessga Kantona bilan shartnoma imzolashni taklif qiladi. Bu haqida murabbiyning o‘zi shunday eslaydi: «Platini oldimga kelib, menda sening jamoang uchun ajoyib futbolchi bor. U juda iqtidorli, biroq xarakteri og‘ir. U bilan Frantsiyada chiqishib ketish qiyinchilik tug‘diryapti, deb aytdi. Men esa unga jamoamda muammolar etarliligini va tavakkal qilishni istamasligimni aytdim».
  Yillar o‘tib, Suness ushbu qaroridan qattiq afsuslandi. «Nim» futbolchisiga aylangan Kantonaning narxi atigi 1,2 mln edi. Ko‘p o‘tmay unga Angliyadan xaridorlar ham topilib qoldi. «Sheffild Uensdey» Erikning xizmatlariga ulkan qiziqish bildirdi. Biroq yakunda futbolchi «Lids» bilan shartnoma imzoladi. Bu davrda ingliz futboli ulkan o‘zgarishlar ostonasida edi: Angliya premer-ligasi paydo bo‘ldi.
Angliya chempionati yangi formatga o‘tishi oldidan so‘nggi chempion aynan «Lids» bo‘ldi. Kantona «Lids»ga fevralda kelib qo‘shildi va 8 ta uchrashuvda maydonga tushishga ulgurdi. Shunga qaramasdan, u 2 ta gol va 1 ta assist muallifiga aylanib, jamoa chempionligiga o‘z hissasini qo‘sha oldi. Erik 1992/1993 yilgi mavsumni juda ajoyib boshladi: 19 ta o‘yinda 11 ta gol. Bulardan 2 ta xet-trik «Liverpul» (4:3) va «Tottenxem» (5:0) darvozasiga yo‘llandi. Ushbu davrga kelib futbolchi «Lids»ning ashaddiy raqiblaridan hisoblangan «Manchester Yunayted»ga ko‘chib o‘tishi haqida xabarlar tarqala boshlagan edi.

MYuga o‘tishi va «Qirol Kantona» unvoni
  Aleks Fergyusonda Kantona tipidagi futbolchiga ehtiyoj bor edi. Bu kabi futbolchi premer-ligada ikkita bo‘lgan: Kantona va Le Tisse. «Sautgempton» muzokaralardan bosh tortdi, «Lids» bilan esa kelishishning iloji topildi. Kantona Manchesterga mavsum o‘rtasida keldi va darhol 7-raqamni qabul qilib oldi. «Qirol Erik»ning «Manchester Yunayted»dagi sarguzashtlari shu tariqa boshlangandi. Yarim mavsum davomida futbolchi «qizil iblislar» uchun 22 bellashuvda maydonga tushib, 9 ta gol va 11 ta golli uzatma amalga oshirishdi. U klub va terma jamoa uchun yanada yaxshiroq o‘ynay boshladi. 1993 yilda «Oltin to‘p» uchun bahsda Badjo va Bergkampdan so‘ng uchinchi bo‘ldi.
  Maydonda Kantonani to‘xtatib bo‘lmasdi. Unda hujumchi uchun zarur bo‘lgan barcha jihatlar mavjud edi. Etarlicha uzun bo‘y (188 sm) va istalgan himoyachi bilan kurashishga imkon bera oladigan gavdaga ega bo‘lgan Kantona o‘sha davr uchun ideal hujumchi hisoblangan. Tezlik, texnika, ikkala oyoqda ham birdek kuchli zarba bera olish qobiliyati, maydonni ko‘ra bilish, gol sezish – bularning barchasi Kantonaga tegishli.
«Kantona kabi hech kim «Old Trafford»ni o‘ziga qarata olmadi», deya eslaydi ser Aleks Fergyuson. Frantsiyalik MYu uchun qaysidir davrdagi yaxshi futbolchi yoki etakchi maqomidan yuqoriroq turadi. Kantonani manchesterliklar baland yoqa, mag‘rur turish va qalin qoshlar ostidan o‘qday qadaluvchi burgut nigoh bilan eslab qolishgan. U «Manchester Yunayted» tarixida o‘z sahifasiga ega alohida nom, takrorlanmas afsona edi.

«Ko‘nglim qolsa, futboldan ham to‘pdan ham…»
  Kantonaning manchesterliklar safiga o‘tishi bilan APLda «qizil iblislar»ning yakka hukmronligi o‘rnatildi. Besh yil davomida mankunianlar to‘rt bor chempionlikni qo‘lga kiritishdi va bunda Erikning xizmatlari beqiyos. Hech bir mavsumda u gol+pas tizimi bo‘yicha ko‘rsatkichlarini 20 tadan pasaytirib yubormadi. 1994 yilda Erik Kantona liga futbolchilari talqiniga ko‘ra APLda yil o‘yinchisiga aylandi. 
  Ammo qirolning yulduzli yillari uzoq cho‘zilmadi. 1997 yil barcha uchun kutilmagan bir paytda u futbolchilik faoliyatini yakunlashi haqida e’lon qildi. Bu xususida eng avval Fergyuson xabar topdi. 1996/1997 yilgi UEFA Chempionlar Ligasi mavsumining yarim finalida manchesterliklar «Borussiya» Dortmund to‘sig‘idan o‘ta olishmaydi va shu kuni Kantona «Fergi»ga bu haqida ma’lum qiladi. Keyinchalik, aniqrog‘i 31 yoshni qarshilagan kunda (24 may) u rasmiy bayonot bilan chiqdi. «Men doim aytganman: futbolga bo‘lgan ishtiyoqni yo‘qotib bormoqdaman. Ha, siz ishonmaysiz, bilaman, ammo bu rost – men futboldan ketyapman», - dedi Kantona.
  Erik Kantona yangi motivatsiyani kinemotograflikdan topdi. U 1995 yildayoq ilk kinokartinada suratga tushib ulgurgan edi. Hozirgi kunda uning ijrosida 20 dan ziyod filmlar suratga olingan. Juda ko‘plab epizodlar, reklama va kliplarda suratga tushgan. So‘nggi ishi Liam Gallaxerning («Oazis» guruhi sobiq salisti) klipida qirol obrazini yaratish bo‘lgan. Shuningdek, to‘qsoninchi yillarda u o‘zini model sifatida ham sinab ko‘rgan va mashhur «Paco Rabanne» podiumida ishtirok etgan.
  Uning ketishi ortidan «Yunayted»da tarkib yoshara boshladi. «Klass-92» deb nomlangan o‘sha davrdagi klub akademiyasi yoshlaridan tashkil topgan jamoa ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘la boshladi. Kantonaning sardorlik bog‘ichi Roy Kinga, mo‘’jizaviy 7-raqam esa Devid Bekxemga berildi. Kantonaning o‘zi ham jismoniy tomondan yana besh yil yuqori tempda o‘ynashi mumkin bo‘lganini tan oladi. Ammo u hech qachon ushbu qaroridan afsuslanmaydi.
  Kantona bundan ham avvalroq faoliyatini yakunlashi mumkin edi. 1991 yilda «Nim»da o‘ynashni boshlagan Kantona hakamga qarata to‘p uloqtirgani sababli diskvalikatsiyaga uchraydi. Shu voqea sababli futbolchi Frantsiya futboli rahbariyati bilan janjallashib qoldi va faoliyatini tugatishini aytdi. Platini bazo‘r uni bu fikridan qaytardi. Filmlaridan birida u shunday deydi: «Men oddiy odam emasman. Men – Kantonaman». Ushbu fikrlarning o‘ziyoq «Qirol Erik»ning qanday shaxs bo‘lganini ifodalab turadi. U nima qilishni o‘zi biladi.
363   
Добавить комментарий
Ваше имя: *