Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » Muxlislarsiz futbol. «Barselona» uchun foydami yoki zarar?

Muxlislarsiz futbol. «Barselona» uchun foydami yoki zarar?

Автор: admin

Ispaniya chempionati ham davom ettirilmoqda. O‘rtadagi farq atigi 2 ochko bo‘lib turganini e’tiborga olsak, «Real» va «Barselona» o‘rtasidagi chempionlik poygasi juda qiziqarli kechishiga shubha yo‘q.
Futbol so‘nggi bir necha oyda yangi shartlar bilan tanishadi. Har yerda biz muxlislarsiz futbolga guvoh bo‘lamiz. Ilgari ham turli sabablar bilan qandaydir alohida o‘yinlar yoki jamoalar muxlislarsiz o‘tishiga to‘g‘ri kelgan. Ammo bu safar boshqacha. Endi, bu bir futboldagi noodatiy shart emas, yaqin oylarda futbolning bir qismiga aylanadi. Barcha jamoalar, futbolchilar mana shu sharoitda to‘p surishga majbur bo‘lishadi. Buning ham o‘ziga yarasha farqlari, tahlil qilishga arzirli jihatlari bor.
Masalan, ko‘p o‘qiyapman - aytaylik, yangi sharoitlar, muxlislarsiz o‘ynash «Barselona»dan ko‘ra «Real»ga qulayroq bo‘lar ekan va madridliklarning imkoniyatlari shuning uchun yuqori baholanyapti. Asos sifatida esa, «Barselona»ning «Real»dan ko‘ra «uy jamoasi» ekani keltirilyapti. Statistikaga ko‘ra, ushbu mavsumda «Barselona» «Kamp Nou»da 95 foiz ochko olgan. Safarda esa, atigi 40 foiz. «Real»da bu ko‘rsatkich ancha muvozanatli - 79ga 60. Shundan kelib chiqib, go‘yo, uy o‘yinlarida muxlislar qo‘llab-quvvatlashiga «Barselona» ko‘proq muhtoj ekani aytilyapti va endi, muxlislarsiz stadionda qiyin bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Men bu fikrga qo‘shilmayman. Sababi, bu yerda ikki jihat bor. Uy o‘yinlardagi muxlislar, tushunarli, «Barselona»ga ko‘proq yordam beradi. Lekin shu bilan birga, safar o‘yinlaridagi raqib muxlislarining zarari - bu e’tibor berilmayotgan boshqa bir omil. Ya’ni yuqorida aytilgan «40 foiz» faqat «Barselona» o‘z muxlislarisiz o‘ynay olmasligini emas, raqib muxlislari qarshisida o‘ynay olmasligini ham ifodalashi mumkin. Ya’ni, «uy jamoasi» deb ta’riflanadigan jamoani shuningdek, «safarda o‘ynay olmaydigan jamoa» deb ham hisoblashimiz mumkin. Biroz farqli tushunchalar. 
Buni oddiy ko‘z bilan ham tasdiqlash oson. «Barselona»ning so‘nggi yillardagi eng alamli mag‘lubiyatlarini eslang. Chempionlar Ligasida Rimdagi va Liverpuldagi og‘riqli, yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar. Har ikki holatda ham, jamoalar tarkibi, tomonlar imkoniyatlari bu darajada hisobga tortadigan holatda emasdi. Ammo aynan rimlik va liverpullik muxlislar faktori, ularning stadionni o‘ziga xos tarzda mehmonlar uchun «jahannam»ga aylantirishlari katta ahamiyat kasb etgan.
«Roma» ham, «Liverpul» ham aniq taktika va o‘yin hisobiga emas, ko‘proq emotsional muhit yordamida «Barselona»ni zararsizlantirishgan. Zero, har ikki o‘yinda ham mehmonlarda vaziyatni boshqa tomonga burish uchun imkoniyatlar, sharoitlar bo‘lgandi. Faqat hisobning kutilmaganda xavfli holatga kelib qolishi «Barselona» o‘yinini sochib yuborgandi. Jamoa butunlay maydonda yo‘qolib qolgandi.
Bu ham raqib muxlislarining ta’siri. Demak, bemalol aytish mumkinki, yuqorida tilga olingan 40 foiz «Barselona»ga o‘z muxlislari yetishmasligidan emas, raqib muxlislarning faolligi hisobiga ham ro‘y bergan bo‘lish ehtimoli katta. Bundan tashqari, katta o‘yinlarda provinsial jamoalar muxlislari o‘zini odatdagidan faol tutishlari, kuchli raqibga qarshi ko‘proq tayyorlanishi bor gap. O‘z navbatida «Kamp Nou» kabi stadionlar oddiy o‘yinlarda ancha tinch bo‘ladi. Muxlislar teatr tomosha qilgandek, kerakli paytda olqishlab, passiv tarzda o‘yin kuzatishni yaxshi ko‘rishadi. Qachonki, yirik o‘yinlar bo‘lsa, qandaydir aniq hisob yoki g‘alaba zarur bo‘lganida, alohida tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin.
Aytmoqchimanki, futboldagi muxlislar faktorini o‘rganayotganda, top-klublar uchun «uy-uchrashuvlari» ta’sirini bu qadar bo‘rttirib yubormaslik kerak. «Barselona» «Kamp Nou»da 95 foiz natija ko‘rsatgani fakt, lekin bu aslida maydondagi ustunlik yordamida bo‘lgani, safar o‘yinlari bilan o‘rtadagi tafovut esa, aynan raqib stadionlaridagi muhit tufayli paydo bo‘layotgani haqiqatga yaqin.

Bunday fikrlashda davom ettirsak, endi «Barselona» muxlislarsiz o‘tgan o‘yinlarda 90-95 foizlik ko‘rsatkichga ham erishishi mumkin. Masalan, Germaniyada «Bavariya» muxlislarsiz o‘yinlarda yuz foizlik natija ko‘rsatib kelyapti. Tarkib va salohiyat borasidagi ikkinchi nemis jamoasi «Borussiya» esa faqat «Bavariya»ga yutqazib, qolgan o‘yinlarda g‘alaba qozondi. Endi tasavvur qiling, bu o‘yinlar hammasi avvalgi sharoitlarda o‘tganida qanday bo‘lardi? «Borussiya» o‘z maydonida, muxlislar yordamida «Bavariya»dan ochko olish imkoniyati kattaroq bo‘lardi, menimcha. Ya’ni muxlislar faktori aslida, kuchsiz jamoalarning imkoniyatini kuchliga qarshi yaqinlashtiradi. Faqat faol muxlislik va o‘ziga yarasha muhit yordamida, futbolning emotsional jihatini oshirish, shu orqali, kuchli jamoani uz ustunligini namoyish qilishiga xalaqit berish mumkin. Yuqorida eslangan Rim va Liverpuldagi o‘yinlar kabi.
Aksincha, muxlislarsiz o‘ynash, aslida safarda yaxshi o‘ynaydigan «Real»ga ko‘proq ziyon keltirsa ham ajablanmasdim. Chunki «Real»ning hatto «Santyago Bernabeu»dagi ko‘rsatkichlari past. 79 foiz. Bu degani, hatto uy uchrashuvlari ustunligida ham ko‘rsatkich atigi 79 bo‘lgan ekan, muxlislarsiz bu holat yanada tushishi ham mumkin. Raqib muxlislari, raqib stadioni «Real»ga u qadar ta’sir qilmas ekan, demak o‘sha stadionlardagi «jimlik» ham ko‘rsatkichni u qadar oshirib yubormasligi turgan gap.
Bu albatta, shunchaki muayyan bir omil haqidagi mulohazalar, xolos. Albatta, o‘yin yoki turnir natijasiga faqat bu emas, yana ta’sir qiluvchi bir qator faktorlar bor. Jamoalarning sport formasi, jarohatlar, tarkiblar, omad, xatolar va hokazo. Yangicha sharoitdagi futbol biroz boshqacha bo‘lsa ham, baribir futbol. Oz qoldi.
149   
Добавить комментарий
Ваше имя: *