Goal24.uz » Transfer » Transferlar oynasi. A seriyadan kimlar ketadi: Kulibali, Pyanich, Martines (1 qism)

Transferlar oynasi. A seriyadan kimlar ketadi: Kulibali, Pyanich, Martines (1 qism)

Автор: admin

“Super Mario”ning keyingi manzili qaer bo‘ladi?
O‘tgan yozda “Breshiya” mamnuniyat ila mashhur hujumchi Mario Balotelli bilan shartnoma imzolaganini ma’lum qildi. 2 yoshidan shu shaharda voyaga etgan Balotellining o‘zi uchun bu erga qaytishi shirin tushdek edi. Yakunda barchasi ular kutganidek bo‘lmadi.
Bir haftadan so‘ng A seriya restart oladi. Balotellining shartnomasi esa allaqachon bekor qilingan. Klub quyi seriyaga ravona bo‘lish arafasida. Avgustda 30 yoshni qarshi oladigan Balotellini “Galatasaroy”da ko‘rishimiz mumkinligi aytilmoqda. Ammo bu shunchaki taxmin. Chempionlar Ligasida o‘ynaydigan klub uchun Marioning potentsiali etarli emasdek ko‘rinishi mumkin. Turkiyaliklarda Falkao uchun o‘rinbosarlar ham etarli. Ular bugungi Balotellidan ko‘proq narsa bera oladi.


Andrea Belotti

Uch mavsum avval 26 ta gol urgan holda Evropa mintaqasidagi eng yaxshi hujumchilardan biriga aylangan Belotti bu mavsum yana top-klublar e’tiboriga qaytdi. So‘nggi bir nechta mavsum mobaynida Italiya terma jamoasi a’zosida ortiqcha vazn bilan kurashdi. Pandemiyagacha Belotti o‘zining oldingi darajasiga qaytib qolayotgandek edi.
Turinliklar prezidenti Urbano Kayro uni hech qachon 100 mln evrodan kamiga sotmasligini aytib o‘tgan. Ammo endi vaziyat o‘zgardi. 26 yoshli futbolchiga xaridor bo‘lgan klublar ushbu summaning yarmini ajratishlari kifoya.
O‘z navbatida, futbolchiga xaridorlar ham etarli. “Everton” asosiy da’vogar. “Napoli”, “Fiorentina”, “Milan” va “Atletiko” ularga raqobatchi rolida.

Ismael Bennaser

Yaqinlashib kelayotgan yozda Ralf Ragnik katta ehtimol bilan “Milan” boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi. Insayderlar tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, germaniyalik mutaxassis aynan Bennaserning atrofiga o‘z jamoasini qurmoqchi. Aslini olganda, bu u qadar ajablanarli yangilik emas. Zero, jazoirlik futbolchi o‘tgan yozda 16 mln evro evaziga “rossonerilar” safiga o‘tgandi va shu qisqa vaqt ichida u jamoa yarim himoyasida etakchilikni o‘z qo‘liga olib ulgurdi.
Ammo Milanga kelganiga 1 yil ham bo‘lmagan Bennaser darhol grandlar e’tiboriga tushdi. Bugunda uni PSJ va “Manchester Siti” kabi klublar o‘z tarkiblarida ko‘rishni xohlaydi. Vaholanki, yarim himoyachi 2015-2017 yillar mobaynida “Arsenal”da faoliyat olib borib, londonliklar katta jamoasining birorta uchrashuvida maydonga tushmagan. Ochig‘i, “Milan”ning o‘ziga ham jazoirlik xavbek kerak. Biroq ular bir necha yildirki qutula bilmagan moliyaviy qiyinchiliklar futbolchining kelgusi mavsum boshqa rangdagi futbolkada maydonda ko‘rinish berishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Federiko Bernardeski

O‘tgan oyda Bernardeski «Roc nation sports» agentligi bilan shartnoma imzoladi. Bu bilan futbolchi istiqboldagi rejalari haqida ham ma’lum qilgandek bo‘ldi. Aniqrog‘i, Federiko ayni paytda qiyin tanlov oldida turibdi. U “Yuventus”da qolib, o‘z imkoniyatini kutishi yoki boshqa jamoadan o‘z omadini izlashi lozim. Ikkinchisi haqiqatga yaqinroqqa o‘xshaydi, zero italiyalik futbolchining agenti “Barselona” vakillari bilan uchrashgani haqida ma’lumotlar bor. Kataloniyaliklarning hujumdagi muammolari Bernardeskiga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon yaratishi mumkin.

Jeremi Boga

A Seriya kashfiyotlaridan Jeremi Boga ushbu transferlar oynasida eng xaridorgir futbolchilardan. 2018 yilda “Chelsi” Bogani atigi 4 mln evroga sotgan edi. Ammo “aristokratlar” o‘sha paytda tuzilgan shartnomaga qayta sotib olish bandini kiritib qo‘ygan ekan. Bu londonliklar futbolchini 13,5 mln evroga qayta sotib olishi mumkinligini anglatadi. Ammo hozirda “Chelsi” nomi ko‘proq Verner bilan bog‘lanyapti. Ustiga ustak, Temmi Abraham ham “yangi Drogba” nomiga mos o‘yin ko‘rsatmoqda.
Bu jihatdan “Sassuolo” engil tin olishi mumkin, biroq ivuarlik futbolchi Appenin yarim orolining barcha grand klublari nishonida: “Yuventus”, “Inter”, “Napoli”, “Latsio”, “Roma”...

Gaetano Kastrovilli

Gaetano uchun ham bu mavsum ajoyib o‘tdi.
“Kremoneze”da ijarada ikki yil o‘ynab kelganidan keyin Florentsiyaga qaytgan Gaetano oktyabrda jamoa bilan shartnomani uzaytirdi. Bundan tashqari, joriy mavsum u birinchi bor terma jamoadan chaqiruv oldi. Italiyalik yarim himoyachiga “Tottenxem” va “Borussiya” Dortmunddan takliflar bor.
Ammo “Fiorentina”ning o‘zi ham futbolchini eng kamida yana bir yil ushlab qolishni xohlaydi. Yakuniy qaror 23 yoshli futbolchining o‘zida qolmoqda.

Federiko Keza

A Seriyadagi transfer oynasi mavzusi Federiko Kezaning nomini tilga olmay o‘tmay qoldi. Bir necha yillardan buyon taskaniyaliklar Keza haqidagi har qanday taklifni rad etib kelyapti. Ammo pandemiya krizisi endi ularni ham o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi. Klub prezidenti Rokko Komisso futbolchining narxini 70 mln evro etib belgiladi. Bu holatda Keza uchun da’vogarlik qilayotgan “Chelsi” va “Yuventus” katta ehtimol bilan o‘yindan chiqadi. 22 yoshli futbolchi uchun eng katta da’vogar “Inter” hisoblanadi. “Nerradzurilar” Kezani ushbu yozda jamoadan ketishi kutilayotgan Lautaro Martinesning o‘rinbosari sifatida olib kelishi mumkin.

Duglas Kosta

Braziliyalik futbolchining o‘zi ham og‘ir jarohatdan so‘ng faoliyatida pasayish bo‘lganini tan oldi. U hatto faoliyatini yakunlash haqida ham o‘ylagan edi. Xayriyatki, u ayni damda jarohatidan forig‘ bo‘lib ulgurdi. Restartda Sarri uni Ronaldu va Dibalaga yordamchi sifatida maydonga tushirishi mumkin. Agar 29 yoshli vinger hali jamoaga ko‘p narsa bera olishini isbotlasa, “keksa sinora” safida qoladi. Ammo unga Manchesterning har ikkala klubi qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Kosta Jorjino transferining bir qismiga aylanishi mumkin.

Teo Ernandes

“Milan”ning ushbu mavsumdagi yomon o‘yini fonida Teo Ernandesning mehnati ham ko‘rinmay qolishi mumkin edi. Jamoa muxlislari u va Ante Rebichdan har o‘yinda mo‘’jiza kutayotgandi. Albatta, frantsiyalik himoyachining o‘yinini ham mukammal, deb bo‘lmaydi. Biroq 2019 yilda “Real”dan olib kelingan Teo yana top klublar nishonida bo‘lib turibdi.
“Yuventus” va PSJ 22 yoshli yigit xizmatlariga qiziqish bildirmoqda. Milanliklar uning narxini 50 mln evro etib belgiladi.

Kalidu Kulibali

“Napoli” prezidenti Aurelio de Laurentis nihoyat Kulibalini sotishga rozi bo‘lgan ko‘rinadi. Karantingacha futbolchining narxi 120 mln evroga baholanayotgan edi. Endi esa Laurentis senegallik markaziy himoyachini 100 mlnga ham sotishi mumkin.
Ammo yuqoridagi narx ham krizis davrida “Manchester Yunayted”, “Liverpul” va PSJ kabi 28 yoshli futbolchining xaridorlariga og‘irlik qilishi aytilmoqda.

 
251   
Добавить комментарий
Ваше имя: *