Goal24.uz » O'zbekiston » Superliga. «Mash’al» Termizda mehmon, «Loko» «Metallurg»ga qarshi, «Buxoro» uchun bosh murabbiy taqdiri tikilgan o‘yin

Superliga. «Mash’al» Termizda mehmon, «Loko» «Metallurg»ga qarshi, «Buxoro» uchun bosh murabbiy taqdiri tikilgan o‘yin

Автор: admin

Bugun, 15 iyun dushanba kuni Superliga 4-turi doirasidagi so‘nggi uchta o‘yin o‘tkaziladi. Yakshanba kungi Jizzax va Qarshidagi qarama-qarshiliklar muxlislarga ajoyib o‘yinlarni tortiq etdi. Termiz, Muborak va Toshkentda o‘tadigan qolgan uch o‘yin ham shiddatli va jangovar o‘tishini taxmin qilish mumkin.
15 iyun (dushanba)
«SURXON» — «MASH’AL»
O‘yin boshlanish vaqti: 18:00
TV-translyatsiya: «Dunyo bo’ylab» (jonli)
Dushanba kungi Termizdagi «Surxon» va «Mash’al» o‘rtasidagi bahs ham shiddatli o‘tishiga shubha yo‘q. Murabbiylar qo‘nimsizligi davom etayotgan Termiz jamoasi uchun bahsning qadri ancha baland. Oxirgi bir yilda Mo‘minjonov, Miklyayev, Ashurmatov, Andreyevdan keyin mavsum boshida Bahrom Haydarov ish boshladi. Biroq, uning ham kursisi mustahkam deb bo‘lmaydi. Shu bois bu bahsda jamoa o‘z murabbiyi uchun ham faqat g‘alabani ko‘zlashi talab etiladi. Shu kuni mezbonlar yetakchisi Shavkat Salomov jamoasiga yordam bera olmaydi. «Mash’al»ning esa debyutant sifatida yo‘qotadigan hech narsasi yo‘q. Shunday ekan, Dilyaver Vaniyev jamoasi mezbonlarga ochiq futbol taklif etsa ajabmas.
Termizdagi oxirgi 3 o‘yin (Pro-liga):
2018 yil: «Surxon» – «Mash’al» - 2:1 
2018 yil: «Surxon» – «Mash’al» - 1:1 
2017 yil: uchrashmagan
«BUXORO» — «ANDIJON»
O‘yin boshlanish vaqti: 18:30
TV-translyatsiya: «Sport» (jonli)
Buxorodagi maydon tayyor emasligi uchun Muborakda o‘tadigan «Buxoro» va «Andijon» o‘rtasidagi o‘yin ham mezbonlar uchun katta ahamiyatga ega. Bosh murabbiy Muhsin Muhammadiyev kuni kecha O‘zbekistonga qaytib keldi va ayni damda karantinga olingan. Jamoa legionerlari esa hali-hamon O‘zbekistonga qayta olganicha yo‘q. Klub asosan mahalliy futbolchilar bilan tayyorgarlik ko‘rgan. O‘yinga jamoa qaysi murabbiy boshchiligida tushishi esa hamon noma’lum. Ushbu bahsda jamoa Muhammadiyev ko‘rsatmalari asosida maydonga tushsa-da, bu bahsdagi natija tojikistonlik mutaxassisning klubdagi keyingi taqdiriga oydinlik kiritadi. Klubda ish boshlagan yangi rahbariyat aynan «Andijon» bilan o‘yindan keyin Muhammadiyev bilan birga ishlash yoki uni iste’foga chiqarish borasida bir qarorga kelmoqchi. Har holda ketma-ket safardagi 3 mag‘lubiyatdan keyingi navbatdagi muvaffaqiyatsizlik buxoroliklarning sabr kosasini to‘ldirishi tabiiy.
«Andijon» esa Viktor Kumikov qo‘l ostidagi debyut o‘yinini o‘tkazadi. Uch o‘yindagi bir ochkodan keyin Aleksandr Xomyakov jamoani tark etgach, uning hamyurti «burgutlar»ni yangi parvozga shaylaydi.  
Buxorodagi oxirgi 3 o‘yin:
2019 yil: «Buxoro» – «Andijon» - 2:0 
2016 yil: «Buxoro» – «Andijon» - 5:2 
2015 yil: «Buxoro» – «Andijon» - 2:1 
«LOKOMOTIV» — «METALLURG»
O‘yin boshlanish vaqti: 19:00
TV-translyatsiya: «Mahalla» (jonli).
Turning so‘nggi bahsi Toshkentda «Lokomotiv» va «Metallurg» o‘rtasida kechadi. Bu bahs aslida Bekobodda o‘tishi lozim edi. Ammo bu shahar karantin sababli «qizil» hududda ekanligi tufayli jamoalarning o‘zaro roziligi bilan PFL o‘yinni poytaxtga ko‘chirdi.
Ushbu klublar o‘rtasidagi so‘nggi o‘yinlar kutilmagan natijalarga boy bo‘lgan. Bekobod jamoasi oxirgi ikki o‘yinda «Lokomotiv»dan ochko tortib oldi. Ko‘ramiz, bu safar ham «temiryo‘lchilar»dan ochko tortib olinarmikan?
Toshkentdagi oxirgi 3 o‘yin:
2019 yil: «Lokomotiv» – «Metallurg» - 1:1
2018 yil: «Lokomotiv» – «Metallurg» - 1:0
2017 yil: «Lokomotiv» – «Metallurg» - 3:1.


157   
Добавить комментарий
Ваше имя: *