Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » Tanganing orqa tomoni. Gleyzerlarga "MYu"ning natijalari nega qiziq emas?

Tanganing orqa tomoni. Gleyzerlarga "MYu"ning natijalari nega qiziq emas?

Автор: admin

Ser Aleks Fergyuson 2013 yili «Manchester Yunayted»ni APLdagi navbatdagi g‘alabaga etaklab kelib, nafaqaga chiqib ketganidan beri mazkur klub oldingi mavqeini yo‘qotishga tushdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, premer-ligadagi o‘rtamiyona va autsayder maqomidagi ishtirokchilar ham «Qizil iblislar»ga qarshi biror-bir hadik, qo‘rquvsiz o‘ynashni o‘zlashtirib bo‘lganlar.
Albatta, ser Aleks jamoa amerikalik Gleyzerlar qo‘li ostiga o‘tganidan keyin ham ular bilan ancha ishlagan. Asosiysi, shotlandiyalik afsonaviy murabbiy xo‘jayinlariga gapini o‘tkaza olardi. Lekin undan keyingi murabbiylar xususida bunday deb bo‘lmaydi. Eng achinarlisi, Fergyuson nafaqaga chiqqanidan beri Gleyzerlar klubning sport natijalari o‘zlarini mutlaqo qiziqtirmasligini ochiq-oydin namoyish etib kelmoqdalar.
«Manchester Yunayted»ning ashaddiy ishqibozlari ser Aleks Fergyuson murabbiylikdan nafaqaga chiqqanidan beri klub egalari va kerak bo‘lsa, tarkibdagi ayrim etakchilarga yuritilayotgan bunday siyosatdan norozi ekanliklarini namoyish etib kelmoqdalar. Masalan, ular Ueyn Runida o‘z vaqtida «Manchester Siti»ga ko‘chib o‘tish imkoni yuzaga kelgan mahalda hujumchining uyi oldida to‘planib, unga ashaddiy raqib safiga ko‘chib o‘tgan taqdirda holiga maymunlar yig‘lashi mumkinligini eslatib qo‘yishgan. Yoki bo‘lmasa uzoqqa borib o‘tirmay, jamoa ijrochi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Ed Vudvordning Cheshirdagi uyi joriy yil 29 yanvarda ultras tomonidan «o‘qqa» tutilganini misol tariqasida keltirsa bo‘ladi. Eslatish kerakki, o‘shanda ashaddiy fanatlar fayerlarni uyga uloqtirishgan va shunday mazmunda yozilgan bannerlarni qo‘llarida ko‘targancha silkitishga tushgandilar: «Ed, barcha ko‘rguliklar uchun sen aybdorsan! Klubdan yo‘qol, Gleyzerlarning laganbardori!» O‘sha kuni Ed Vudvordning oilasidagilar bilan dam olish uchun chet elga yo‘l olgani unga qo‘l kelgan. Aks holda amaldor va oilasidagilar dahshatli voqeaga guvoh bo‘lishardi.
Bundan tashqari, mahalliy fanatlar o‘sha voqeadan atigi uch kun o‘tganidan so‘ng «Vulverxempton»ga qarshi uchrashuvda xo‘jayinlaridan norozi ekanliklarini o‘zlari joylashgan tribunalarini ertaroq tark etish orqali isbotlashga harakat qilganlar. Xullas, yuqoridagiga o‘xshash turli ko‘rinishdagi norozilik aktsiyalari Fergyusondan so‘ng juda ko‘p marotaba o‘tkazildi. Ta’kidlash o‘rinliki, ser Aleks klubni muvaffaqiyatli tarzda boshqarish bilan birga transfer siyosatini aql bilan yuritardi. Bu yo‘lda unga ijrochi direktor lavozimida mehnat qilgan Devid Gill beqiyos darajada yordam bergan. E’tiborlisi, ularning hamkorligi 16 yil davom etgan va o‘z navbatida transfer  strategiyasining to‘g‘ri tanlangani sport natijalariga ijobiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmagandi. Ikkisi tomonidan amalga oshirilgan quyidagi bir ish ham barchasini tasdiqlasa kerak. 2007 yil qishki transfer bozori ochilishi oldidan klubda asosiy hujumchi vazifasini bajarib kelgan Lui Saa jarohat olib safdan chiqqandi. Shunda Aleks Fergyuson bilan Devid Gill hujumchiga ehtiyoj sezib, yakunda erkin agent maqomida yurgan shvetsiyalik Xenrik Larssonni tanlashga qaror qilishgan. Ahamiyatlisi, o‘shanda 35 yoshdan oshgan bu hujumchi «MYu»da ajoyib o‘yinlar namoyish etgan. U tufayli klub APL chempionligi uchun «Arsenal» va «Chelsi»ga qarshi kechgan kurashda ustun kelgan.
Anchadan beri jamoada ijrochi direktor lavozimida mehnat qilib kelayotgan Ed Vudvord xususida esa asosan tanqidiy ohangdagi fikrlarni bildirish mumkin. U o‘zidan oldin shu lavozimda ishlagan Devid Gilldan farqli ravishda o‘yinchilarni tanlashda no‘noq ekanligini isbotlab kelmoqda. Misol tariqasida yaqinda «Shanxay Shenxua»dan ijara asosida olib kelingan Odion Igaloni keltirish mumkin. Bilasiz, Xitoyda tarqalgan koronavirus tufayli bu futbolchi ikki haftalik karantinga yuborilgan. Vaholanki, Vudvordda tarkibni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan ijrochilar borasida boshqa variantlar ham yo‘q emasdi. Shuni qo‘rqmasdan aytish mumkinki, u xuddi Gleyzerlar kabi futbolni yaxshi tushunmaydi. Okeanortilik xo‘jayinlar va Ed Vudvordni sport natijalaridan ko‘ra, klubning moliyaviy ko‘rsatkichlari qiziqtiradi xolos.
Buni shundan ham bilib olish mumkinki, 2018 yili AQShdagi agentliklardan biri «Manchester Yunayted»ni jahondagi eng qimmat futbol brendi sifatida e’lon qilgan. O‘shanda «Qizil iblislar» jamoasi 1,551 milliard evroga baholangandi. Ish  boshqaruvchini (albatta, Ed Vudvord nazarda tutilyapti) klubning ChL yo‘llanmalaridan biriga ega chiqa olmasligi qiziqtirmaydi. Ashaddiy fanatlarning do‘q-po‘pisasi ham Edga ta’sir o‘tkazmasdan qo‘ygan. To‘g‘ri, moliyaviy masalada uning ancha uquvi bor. Nega deganda, «Yunayted» ser Aleks Fergyuson murabbiylikdan nafaqaga chiqqanidan keyin ham pullar bilan bog‘liq masalada jahondagi eng serdaromad klublar top-reytingidan tushmasdan kelyapti. O‘z o‘rnida Gleyzerlarni Vudvord tomonidan yuritilayotgan moliyaviy siyosat to‘la qoniqtirmoqda. Aks holda ular allaqachon ish boshqaruvchidan qutulgan bo‘lishardi.
Ed Vudvordning transfer siyosati borasidagi no‘noqligini quyidagi misollar yordamida ham bilib olish mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, oxirgi besh yil ichida rahbariyat tomonidan transferlar uchun 1,1 milliard evro ajratilgan. Bundan tashqari, futbolchilarning maoshlari uchun byudjetdan 250 million evro sarflanyapti. Anxel Di Mariya, Radamel Falkao hamda Aleksis Sanchesning omadsiz chiqqan transferlari ham buni yaqqol tasdiqlaydi.
O‘zingiz guvohi bo‘lib turibsiz, APLda top-6 dagi  boshqa klublar transfer siyosatini yaxshi yuritish bilan birga uy o‘yinlari o‘tkazib  kelinayotgan stadionlardagi infratuzilmani zamon talablari darajasida bo‘lishiga alohida ahamiyat bermoqdalar. Ammo «Qizil iblislar»ga tegishli «Old Trafford»dagi holat juda achinarli. Xabaringiz bo‘lsa, avvalroq afsonaviy arenada Janubiy tribunadagi holat o‘ta yomonligi haqida ma’lumotlar tarqatildi. Lekin Gleyzerlar stadionni qayta ta’mirlash haqida o‘ylayotganlari yo‘q. To‘g‘ri, ba’zi manbalarda okeanortilik xo‘jayinlarning «MYu»ni sotishga moyil bo‘lib turganlari va savdoni 2,9 mlrd.evroga teng baho o‘rtaga tashlanganidan so‘ng boshlashlari yoritildi. Biroq potentsial xaridorlar ko‘p emas. Boz ustiga ular klubni eskirib ketgan arena bilan sotib olishga rozi bo‘lmasalar kerak.
 

170   
Добавить комментарий
Ваше имя: *