Goal24.uz » O'zbekiston » PFL “Buxoro” klubida rahbariyat o‘zgarishi yuzasidan surishtiruv o‘tkazdi. Tashkilot klubning yangi direktorini ro‘yxatdan o‘tkazmadi

PFL “Buxoro” klubida rahbariyat o‘zgarishi yuzasidan surishtiruv o‘tkazdi. Tashkilot klubning yangi direktorini ro‘yxatdan o‘tkazmadi

Автор: admin

O‘zbekiston Professional futbol ligasi (PFL) “Buxoro” va “Dinamo” futbol klublarida direktorlar almashinuvi yuzasidan o‘rganish olib bordi.
Ta’kidlanishicha, “Buxoro” futbol klubi direktori Jamshid Botirovning ishdan olinib, uning o‘rniga Alisher Rustamovning tayinlangani qonun-qoidalar doirasida bo‘lmagani sababli PFL ushbu almashinuvni ro‘yxatdan o‘tkazmagan.
“Futbol klubi ustavining (2013-yil 22-martda 148-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) 15.2-bandiga muvofiq futbol klubi direktori ta’sischilarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tayinlanishi va lavozimidan ozod qilinishi belgilangan. Shuningdek, mazkur Ustavning 1.2-bandida futbol klubining ta’sischilari sifatida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Buxoro shahar hokimligi qayd etilgan.
Aniqlanishicha, 2020-yilning 5-iyun kuni futbol klubi ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi bayoni rasmiylashtirilgan. Mazkur umumiy yig‘ilish bayonining rasmiylashtirilishida ‘Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida’gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining  35-moddasi talablari buzilgan. Jumladan, bayonnomada ishtirok etganlar (to‘liq bo‘lmagan), kun tartibidagi masala va qaror qismi yozilgan bo‘lsa-da, bayon qismi — umumiy yig‘ilish ishtirokchilarning aytgan gaplari, bergan ovozlari, bildirgan taklif va fikrlari — qaror qilishga yetarlicha asos mavjud emasligini ko‘rsatadi.
Yig‘ilishda Buxoro shahar hokimi O‘tkir Jumayev, Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Ismoil Mirzayevlar qatnashgani bayon etilgan. Biroq yig‘ilish bayonida futbol klubining yana bir ta’sischisi — Buxoro neftni qayta ishlash zavodining vakolatli vakili ishtirok etgani to‘g‘risida birorta ham so‘z bormagan. Bundan tashqari, bayonnomani kim bayonlashtirgani, ya’ni umumiy yig‘ilish kotibi kim ekanligi, uning ismi-sharifi biror joyda ko‘rsatilmagan. Qo‘shimchasiga futbol klubining amaldagi direktori Jamshid Botirov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qanday asoslarga (o‘z arizasi yoki boshqa sabablar) ko‘ra bekor qilingani ham  qayd etilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, futbol klubi ta’sischilarining umumiy yig‘ilishini o‘tkazish va yig‘ilish bayonini rasmiylashtirish tartibiga rioya qilinmaganini ko‘rish mumkin. Shundan kelib chiqib PFL futbol klubiga yangi direktor tayinlanishida huquqiy jihatdan xatoga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan “Buxoro” futbol klubiga hamda uning ta’sischilariga rasmiy xat yuborgan. PFL klubga kim direktor etib tayinlanishi masalasiga aralashmaydi. Ammo tayinlanish jarayoni qonun-qoidalar asosida o‘tishi tarafdori. Bu masalalar qonun doirasida hal etilmaguniga qadar, PFL yangi direktorni ro‘yxatdan o‘tkazmaydi”, — deyiladi tashkilot bayonotida.
Bundan tashqari, PFL “Dinamo plyus” futbol klubidagi rahbariyat almashinuvi borasida ham surishtiruv o‘tkazgan. Unga ko‘ra, PFL klubga direktor etib tayinlangan Uchqun Qobilovni tegishli qoidalarga asosan klub direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan.
“2020-yilning 12-iyun kuni Samarqand shahar hokimligi, Samarqand viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda Samarqand viloyati futbol assotsiatsiyasidan  vakil ishtirok etgan yig‘ilishda “Dinamo plyus” PFKning  amaldagi bosh menejeri (direktori) Ilhom Sharipov ishdan olinib, uning o‘rniga Uchqun Qobilov futbol klubining yangi  direktori sifatida tanishtirilgan.
Aniqlanishicha, 2020-yilning 12-iyun kuni Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov tomonidan futbol klubiga yangi direktor tayinlash bo‘yicha “Dinamo plyus” PFK MJChning umumiy yig‘ilishi bayoni rasmiylashtirilgan. Mazkur umumiy yig‘ilish bayoni asosida futbol klubiga yangi direktor tayinlash noto‘g‘ri ekanligi yuzasidan PFL futbol klubi rahbariyatiga ma’lumot taqdim  etdi. Shundan keyin 2020-yilning 19-iyun kuni “Dinamo plyus” futbol klubining ayni vaqtdagi yagona ta’sischisi — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi nomidan agentlikning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Mahmaraimov raisligida yig‘ilish o‘tkazilgan. Jamiyatning yagona ta’sischisi qarori bilan Uchqun Qobilov futbol klubi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-apreldagi “Davlat aktivlarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  356-sonli qaroriga asosan, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari ijroiya organi rahbari va rahbar o‘rinbosari lavozimlariga nomzodlarni ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri yoki uning tegishli o‘rinbosarlari va maslahatchilari bilan kelishgan holda amalga oshirilishi belgilangan. Shu sababli futbol klubi direktori lavozimiga taklif etilgan nomzod Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgunga qadar direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanishi maqsadga muvofiqligi bildirilgan. Shundan kelib chiqib, PFL Uchqun Qobilovni “Dinamo plyus” futbol klubi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi”, — deyiladi bayonotda.
248   
Добавить комментарий
Ваше имя: *