Goal24.uz » O'zbekiston » Jinoyat kodeksi kelishilgan o‘yinlarga bog‘liq yangi modda bilan to‘ldiriladi. Bukmekerlik so‘zi ham kodeksdan o‘rin oladi

Jinoyat kodeksi kelishilgan o‘yinlarga bog‘liq yangi modda bilan to‘ldiriladi. Bukmekerlik so‘zi ham kodeksdan o‘rin oladi

Автор: admin

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Jinoyat va jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Unga ko‘ra Jinoyat kodeksi 185-modda 3-qism bilan to‘ldiriladi.
“185-modda, 3-qismi. O‘yinga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishilgan o‘yinlar o‘tkazish va ularda ishtirok etish
  • Sport o‘yinlari jarayoni yoki uning natijasiga noqonuniy ta’sir o‘tkazish maqsadida sportchi, sport hakami, murabbiyi, sport jamoasi rahbari, boshqa ishtirokchi yoki rasmiy sport musobaqasi tashkilotchisi, shu jumladan, ularning rahbar va mutaxassis xodimlariga moddiy qimmatliklar berish, mulkiy manfaatdor etish orqali yoki boshqa tarzda kelishilgan o‘yinlarni tashkil etish yoki ularda ishtirok etish — bir yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorida jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • Rasmiy sport musobaqasi jarayoni yoki uning natijasiga noqonuniy ta’sir o‘tkazish maqsadida sportchi, sport hakami, treneri, sport jamoasi rahbari, boshqa ishtirokchi yoki rasmiy sport musobaqasi tashkilotchisi, jumladan, ularning rahbar va mutaxassis xodimlari tomonidan moddiy qimmatliklar olish, mulkiy manfaatdor bo‘lish yoki boshqa tarzda kelishilgan o‘yinlarni tashkil etish yoki ularda ishtirok etish — bir yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorida jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • Ayni harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan va bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa — uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining  yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Basharti moddiy qimmatliklar bergan yoki mulkiy manfaatdor etgan shaxsga nisbatan moddiy qimmatliklar yoki mulkiy manfaat so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka ichida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi”.
Shuningdek, sakkizinchi bobdagi “Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yin” atamasidagi “kazino” so‘zidan keyin “bukmekerlik” so‘zi bilan to‘ldiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning dekabr oyida “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolangan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston hududida 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab bukmekerlik kantoralari faoliyatiga ruxsat berilgandi.
393   
Добавить комментарий
Ваше имя: *