Goal24.uz » Jahon » GOAL24.uz talqini bo‘yicha Evropa kuchli chempionatlarida tur ramziy terma jamoasi

GOAL24.uz talqini bo‘yicha Evropa kuchli chempionatlarida tur ramziy terma jamoasi

Автор: admin

Murabbiy: Frenk Lempard (4-3-3)
Bugungi terma jamoamizda murabbiylik postini 29 yil deganda “Liverpul”ni chempion qilgan Yurgen Kloppga bersak adolatdan bo‘lardi. Biroq, germaniyalik mutaxassis yil boshidan beri bu kabi ramziy jamoalardan tushgani yo‘q. Shu jihatdan, mersisaydliklar chempionligini tezlashtirgan Frenk Lempardni tur murabbiyi, deb topdik.
Restartdan keyingi “Manchester Siti” hammani, jumladan, avgustda Chempionlar Ligasi nimchorak finali javob uchrashuvida ularga qarshi saf tortishi kerak bo‘lgan “Real”ni ham biroz cho‘chitayotgan edi. Pandemiyadan so‘ng “shaharliklar” “Chelsi”dan farqli o‘laroq, 2 ta o‘yin o‘tkazib ulgurgan edi. Ammo Lempard shogirdlari chempionat boshidan beri tushunarsiz o‘yin namoyish etib kelishmoqda. Yaqqol favorit hisoblangan o‘yinlarda ham ochko yo‘qotib turadigan jamoa “Siti”ga qarshi bahsda ancha mazmunli futbol namoyish etdi. Pandemiya karantini davrida Frenk, ayniqsa, Pulishich bilan til topishib olgan ko‘rinadi. “Kapitan Amerika” “Aston Villa” darvozasiga ham yo‘l topgandi.
Demakki, Lempardni turning eng yaxshi murabbiyi teb topar ekanmiz, uning taktik sxemasi ham ramziy terma jamoamizni tuzishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Darvozabon: Kasper Shmeyxel

“Lester”ning gol mashinasi allaqachon to‘xtab bo‘lgan. Vardi muhim o‘yinlarda raqiblar darvozasiga yo‘l topa olmayapti. “Lester”ning pandemiyadan so‘ng kiritgan yagona goli himoyachi Chiluellga tegishli. Jamoa ikkinchi o‘yinda ham g‘alaba qozona olmadi. Mag‘lub bo‘lmayotgani ham katta gap, aslida. Bunda asosiy qahramon – Kasper Shmeyxel. Darvozabon “Brayton”ga qarshi bahsda hakam tomonidan belgilangan penaltini qaytarishdan tashqari kamida 2 ta vaziyatda jamoasini qutqardi. 
O‘ng qanot himoyachisi: Trent Aleksandr-Arnold
O‘z davrining eng etuk o‘ng qanot himoyachilaridan biri hisoblangan Kafu Arnoldni “Oltin to‘p”ni yutish uchun etarli salohiyatga ega, deb hisoblaydi. Afsuski, yilning eng yaxshilarini aniqlashda ko‘pincha hujumkor futbolchilar tanlanadi. Trent himoyachi sifatida allaqachon rekordlar o‘rnata boshlagan. Balki, “ikki o‘zga sayyoralik”ning davri yakunlangach, u kabi futbolchilarning mehnati ham munosib taqdirlanar. Ushbu turda, quruq o‘yin o‘tkazishdan tashqari gol urishga ham erishgan Arnold jamoasi bilan uzoq kutilgan chempionlikni nishonladi va haqli ravishda ramziy terma jamoamizdan joy oldi.
Markaziy himoyachi: Serxio Ramos (C)
“El Kapitano” bizning jamoamizga ikkita sabab yuzasidan kerak. Birinchidan, u gol urib turadigan, himoyada tartib o‘rnata oladigan futbolchi hisoblanadi. Ikkinchidan, kuchli beshlik chempionatlarida unga o‘xshash xarakterli sardor topilmasa kerak. Ayniqsa, so‘nggi o‘yinlarda. Ramos to‘purar himoyachilar orasida Kumandan ortdaligi va gollarini faqat penaltidan urishi haqida gaplar chiqa boshlagan edi. Mana senga jarima zarbasi... Bu gol “Real”ni uchrashuv oxirini asabiy o‘tkazmasligi uchun ham kerak edi.
Markaziy himoyachi: Virjil Van Dayk
Bugun “Liverpul” futbolchilarini tarkibga kiritar ekanmiz, hech qanday izohning hojati bo‘lmasa kerak. Niderlandiyalik futbolchining himoyadagi ishonchli o‘yini jamoasiga nafaqat bu turda, balki butun chempionat mobaynida juda ko‘p g‘alabalarni keltirdi. Ramziy terma jamoamiz uchun ushbu turda Van Daykdan munosibroq futbolchini topa bilmadik.
Chap qanot himoyachisi: Robin Gosens
Ha, “Atalanta” ikkita gol o‘tkazib yubordi. Ammo, raqib “Latsio”ligini va o‘yinda burilish yasagan golni aynan nemis futbolchisi urganini hisobga olsak, u haqli ravishda ramziy terma jamoamizdan o‘rin oldi. 0:2 hisobida mag‘lub bo‘layotgan jamoasini o‘yinga qaytarishda uning goli juda muhim o‘rin tutdi. Undan tashqari, Gosens bellashuv mobaynida himoyada ham sheriklariga nisbatan ishonchli harakat qildi.
Tayanch yarim himoyachisi: Fabino
“Lester”ga qarshi o‘tgan mavsumdagi Kompanining goli amalda ko‘p narsani hal qilgan edi. Fabinoning goli “Liverpul”ning o‘ziga xos javobi vazifasini o‘tadi, xolos. Ustiga ustak xuddi shunday golni braziliyalik futbolchi “Siti” darvozasiga ham urgandi. Robertsonning goliga uzatib bergan to‘pi ham o‘zi urgan gol kabi shedevr bo‘ldi.
Markaziy yarim himoyachi: Kristian Pulishich
Ketma-ket ikkita turda jamoasining g‘alaba golini kiritayotgan futbolchini yoddan chiqarish mumkin emasdi. Kechagi goli tom ma’noda Pulishichning o‘ziga tegishli bo‘ldi. Maydon markazida Gyundoganning xatosidan so‘ng to‘pga ega chiqqan futbolchi golgacha Mendini shunchaki ko‘rmay o‘tib ketdi. “Kapitan Amerika” laqabini olgan okeanorti futbolchisi mana shu e’tirofga mos qahramonlikni ko‘rsatdi.
Markaziy yarim himoyachi: Xakan Chalxano‘glu
Futbol ixlosmandlari qaysi klub muxlisi bo‘lmasin afsonaviy “Milan”ni sog‘inishgan. “Lechche”ga qarshi bahsda Chalxano‘glu va uning jamoadoshlari o‘sha ko‘pchilik sog‘ingan “rossoneri”larni qaytargandek bo‘lishdi. Ikkita golli pas bilan jamoadoshlarini ta’minlagan Chalxano‘glu bugungi “Milan”ning haqiqiy etakchisi ekanligini yana bir bor isbotladi.
O‘ng qanot hujumchisi: Muhammad Saloh
Saloh “Kristal Pelas”ga urgan goli orqali to‘purarlar jadvalida ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Bundan tashqari, misrlik futbolchi Manening goliga uzatma ham amalga oshirdi. Ushbu turda Saloh chempionlikni ham nishonlamoqda. Bayramga o‘z hissamizni qo‘shishni istadik.
Chap qanot hujumchisi: Antoni Marsyal
“Manchester Yunayted” futbolchisi sifatida so‘nggi bor Robin van Persi 2013 yilda xet-trik qayd etgan ekan. Antoni ushbu turda jamoasining har uchala goliga ham mualliflik qilib, “qizil iblislar”ning qora an’anasiga nuqta qo‘ydi. “Manchester Yunayted” mana endi o‘ziga o‘xshab bormoqda. Pogbaning o‘yini ham ochilib ketdi. Kelgusi mavsum shu tempda o‘ynasa, manchesterliklar bemalol chempionlikka da’vo qilishi mumkin.
Markaziy hujumchi: Erling Xoland
Umidsiz qolgan “Borussiya”ga umid bilan kelgan futbolchi. Afsuski, jamoa EChLda ham, Bundesligada ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. “Uzunquloq” gaplar Sanchoning ushbu yozda jamoadan ketishini aytmoqda. Xoland esa o‘zini Zlatanga qiyoslaydi. Turli chorlovlarga “labbay”, deb javob berishdan qo‘rqmaydi. Takliflar ham ko‘p. “Leyptsig”ga qarshi printsipial o‘yindagi dubl ham uning klassini belgilab beradi. Hakimi ketsa, Sancho ketsa, Xoland qoladimi?!
169   
Добавить комментарий
Ваше имя: *