Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Germaniya » «Bavariya»ning 21-asrdagi eng kuchli hujumchilari (top-10)

«Bavariya»ning 21-asrdagi eng kuchli hujumchilari (top-10)

Автор: admin

Myunxen klubi tarixida Gerd Myuller singari fantastik hujumchilar mavjud, biroq ularning aksariyati o‘tgan asrda to‘p tepgan. Xo‘sh,yangi asrdagi klubda qanday forvardlar “javlon urgan”? Germaniya futboli bayroqdorining 21-asrdagi eng kuchli hujumchilari bilan tanishtirib o‘tamiz.
10-o‘rin. Mario Mankujich

Kiritgan gollari soni: 48
Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi: 33-o‘rinda
Baland bo‘yli bo‘lishga qaramay, Mario chaqqon futbolchilar sirasiga kiradi. To‘g‘ri, uning klub safida kiritgan gollari soni ko‘p emas, biroq xorvat atigi 88 ta o‘yinda maydonga tushgan xolos. Agar unga ko‘proq o‘yin amaliyoti taqdim etilganida, balki bugungi ro‘yxatimizda balandroq o‘rinni egallagan bo‘larmidi?! Yana kim biladi deysiz?!
9-o‘rin. Roke Santa Kruz
Kiritgan gollari soni: 51
Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi: 29-o‘rinda

Paragvaylik hujumchi hech qachon “Bavariya”ning asosiy tarkib futbolchisi bo‘lmagan. Shunga qaramay, u istalgan daqiqada maydonga tushib o‘yinni o‘zgartirib yuborishga qodir chinakam joker edi. O‘rta bo‘y bo‘lishiga qaramay, ikkinchi qavatda ham ishonchli ko‘ringan forvard 2001-yilda “Bavariya” bilan YECHLda zafar quchishga muvaffaq bo‘lgan.
8-o‘rin. Miroslav Kloze
Kiritgan gollari soni: 53
Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi: 28-o‘rinda
Mundiallarda barchadan ko‘p gol kiritgan futbolchi bugungi ro‘yxatimizda kuchli uchlikka ham kira olmadi. Afsuski, u terma jamoada ko‘rsatgan sermahsullikni “Bavariya”da namoyish eta olmagan. Shunga qaramay, 30 yoshida Italiyaga yo‘l olgan hujumchini klub muxlislari yaxshi xotirlar ila eslashadi.
7-o‘rin. Luka Toni
Kiritgan gollari soni: 58
Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi: 26-o‘rin

Luka Myunxen klubiga 30 yoshda tashrif buyurgan bo‘lsada, qisqa fursatda muxlislar hurmatini qozondi. Amaldagi JCH g‘olibi sifatida Myunxenga ko‘chib o‘tgan hujumchi o‘z gabariti bilan maydonda klassik hujumchi vazifasini o‘tab bergan. Qahramonimiz “Bavariya” bilan Bundesligada zafar quchgach, ko‘p o‘tmay yana ortga qaytib ketishga qaror qiladi.
6-o‘rin. Roy Makaay
Kiritgan gollari soni: 103
Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi: 16-o‘rinda

Gollandiyalik futbolchi “Deportivo”dagi ajoyib mavsumlardan so‘ng, Myunxen klubiga 28 yoshida tashrif buyurdi. Amaldagi Ispaniya chempioni nemis futboliga tezda moslashdi va gollar urishga tushib ketdi. Baland bo‘yli bo‘lishga qaramay, oyoqda juda yaxshi harakat qiluvchi futbolchi barcha musobaqalarda birdek ishonch bilan harakat qildi va jamoa muxlislari tomonidan klub afsonasi deb e’lon qilindi.
5-o‘rin. Mario Gomes
Kiritgan gollari soni: 113
Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi: 13

Kelib chiqishi ispaniyalik bo‘lgan hujumchi nafaqat “Bavariya”, balki nemis futbolining tirik afsonalaridan biri sanaladi. U klub uchun 100dan ortiq gol uribgina qolmay, Yevropa chempionlar ligasida g‘olib chiqishga ham muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari bundesliga to‘purari sifatida taqdirlandi. Umuman olganda, Gomes uchun “Bavariya” u to‘p surgan eng yaxshi klub bo‘lib qoldi.
4-o‘rin. Klaudio Pisarro
Kiritgan gollari soni: 125
Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi: 10-o‘rinda

Perulik forvard nafaqat “Verder”, balki “Bavariya” jamoasining ham tirik afsonasi sanaladi. 186 sm bo‘y egasi bo‘lishiga qaramay, uning maydondagi tezligikishini hayratga solmay qo‘ymaydi. Bundan tashqari, kerakli paytda kerakli joyda hozir bo‘lish borasida ham Pisarro zamonaviy hujumchilarga o‘rnak bo‘lishga qodir. Qahramonimiz 40 yoshda ham Bremen klubi uchun gollar kiritishda davom etmoqda. U Bundesliga tarixidagi eng yaxshu hujumchilardan biri sanaladi.
3-o‘rin. Jovanni Elber
Kiritgan gollari soni: 140
Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi: 9-o‘rinda

Aslida, u “Real” va “Barselona”ga ko‘proq mos tushar edi. Juda chaqqon va fantastik texnika uyg‘unligini o‘zida jam qilgan Elber baquvvat himoyachilar orasida ham ko‘zga yarq etib tashlanishni uddalay olgan kam sonli forvardlardan biri. Elber Myunxen klubi safida 4 bor chempionlikni qo‘lga kiritibgina qolmay, Yevropa chempionlar ligasida zafar quchish baxtiga ham muyassar bo‘lgan. U klub tarixidagi eng kuchli 10 ta hujumchidan biri. Turli xayriya o‘yinlari tashkil etilsa, klub faxriylari ichida albatta Elberni ko‘rarsiz. Sababi, muxlislar uning nomi tushurilgan futbolkalarni hali-hamon faxr bilan kiyib yurishadi.
2-o‘rin. Tomas Myuller
Kiritgan gollari soni: 196
Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi: 4-o‘rinda

Bir qarashda uning asl pozisiyasini aniqlash juda mushkul. Shunday bo‘lsada, doimo raqib darvozasi atrofida “o‘ralashib yurgan” futbolchini hujumchilar qatoriga qo‘shmaslik insofdan bo‘lmas. Gol kiritish ishtiyoqida 90 daqiqani o‘tkazuvchi futbolchi bir qarashda juda pala-partish ko‘rinishi mumkin, biroq uning foydali ish koeffisiyenti juda baland. Qahramonimizning aytishicha, u 30 yildan beri “Bavariya”ning ashaddiy muxlisi emish. Tan olish lozim, qo‘lga kiritilgan sovrinlar borasida u bugungi ro‘yxatimizdagi yigitlardan bir bosh baland turadi. Shu sababli, muxlislar uni klub tarixidagi 5 ta eng yaxshu hujumchilardan biri sifatida e’tirof etishgan.
1-o‘rin. Robert Levandovski
Kiritgan gollari soni: 235
Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi: 2-o‘rinda

Robert 4 marotaba Bundesliganing eng yaxshi to‘purari uchun beriladigan sovrinni o‘ziniki qilib olgan kam sonli futbolchilardan biri. Bu mavsumda “oltin butsa” uchun ayovsiz kurash olib borayotgan polshalik futbolchining texnikasiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. Shuningdek, so‘nggi zarbani berish borasida ham u benazir. Qahramonimiz “Bavariya” safida bir nechta rekordlarni o‘rnatishga erishdi. E’tiborlisi shundaki, u endigina 31 yoshda. Bu o‘z-o‘zidan klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi unvonini Gerd Myullerdan tortib olish imkonini yaratib beradi.

315   
Добавить комментарий
Ваше имя: *