Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » Klopp shogirdlarini tarixiy chempionlikka etaklagan 10 ta o‘yin

Klopp shogirdlarini tarixiy chempionlikka etaklagan 10 ta o‘yin

Автор: admin

Unutilmas g‘alaba yo‘lidagi mashaqqatli o‘yinlarni yodga olamiz.
Angliya chempionatining zamonaviy formati ta’sis etilgan 1990 yildan buyon birinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritgan “Liverpul” ushbu mavsumda og‘ir sinovlardan mardonavor o‘tib keldi.
Sabr va harakatlar o‘z samarasini berdi: uzoq kutilgan 30 yildan so‘ng "Liverpul" yana “Tumanli albion”da tengsiz!
Mersisaydliklarning chempionligi "Manchester Siti"ning "Chelsi"ga mag‘lub bo‘lganidan keyin tasdiqlandi. Bu Klopp hamda uning yigitlari uchun maydon va uning tashqarisidagi ajoyib kurash edi.
Quyida "Liverpul"ni 19-chempionlikka etaklagan 10 ta o‘yin haqida so‘z yuritamiz:
2019 yil 4 may. "Nyukasl" - "Liverpul" 2:3
Butun Mersisayd uchun 2019-20 yilgi mavsum aslida, 2018-19 mavsum so‘ngidayoq boshlangan. "Liverpul"a’zolari "Nyukasl"ga tashrif buyurgan bir paytda "Manchester Siti" bilan tarixdagi eng qat’iy va shafqatsiz chempionlik jangida qatnashayotgan edi. 3 kun oldin ular Kataloniyada, Chempionlar Ligasi yarim finalining dastlabki o‘yinida 3:0 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Biroq "Sent-Jeyms Park"da kuchli o‘yin ko‘rsatib, Virjil Van Dayk va Muhammad Salohning gollari evaziga 2 marta hisobda oldinga o‘tib olishadi. Raqib futbolchilaridan Kristian Atsu va Salomon Rondon javob to‘pini yo‘llab, hisobni tenglashtirishni uddalaydi. 4 kundan so‘ng "Barselona" bilan og‘ir o‘yin kutib turgan Klopp shogirdlari uchun katta bosim va jarohatlar ortiqchalik qilardi. Shu bilan birga "yangi qasr egalari" ham ochko uchun borini berdi. Voqealar rivoji shunday ajoyib mavsum umidsizlik va yomon natijalar bilan yakunlanishi mumkinligidan dalolat berardi. Biroq qaerdandir Divok Origi paydo bo‘ldi va "qizillar"ning g‘alabasini ta’minladi. 4 kun o‘tgach, "Enfild"da eng aqlbovar qilmas kambekni amalga oshirib, finalga yo‘l olishdi.
2019 yil 17avgust. "Sautgempton" - "Liverpul" 1:2
"Qizillar" biroz muammolar bilan Angliya janubiga yo‘l olishdi. Premer-liganing 1-turida "Norvich" ustidan g‘alaba qozonilgan o‘yinda son mushaklarini shikastlab olgan asosiy darvozabon Alisson Bekkerning o‘rnini egallashi kutilgan yangi kiper Adrian ushbu bahsda o‘z debyutini nishonladi.
Superkubok finalida "Liverpul" "aristokratlar" tomonidan jiddiy qarshilikka uchragan, oxir-oqibat chempionlik masalasi penaltilar seriyasida aniqlangandi. Shu bois "Sent Meris"ga biroz toliqqan holda etib kelgan Klopp shogirdlari katta qiyinchilik evaziga g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Sadio Mane hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi taym o‘rtalarida jamoaning braziliyalik forvardi Firmino hisobdagi farqni 2 taga oshirdi. "Sautgempton" to‘purari Denni Ingz 83-daqiqada hisobni qisqartirgan gol muallifiga aylandi va liverpulliklar qariyb 10 daqiqa davomida yuqori bosimga bazo‘r dosh berishdi.
Ular uyga qaytayotganda "Siti"ning "shporlar" bilan 2:2 hisobida durang o‘ynaganligini bilishdi. Bu bilan "shaharliklar" chempionlik poygasida o‘z raqiblariga "yordam" berib yuborgan edi.

2019 yil 22 sentyabr. "Chelsi" - "Liverpul" 1:2
Kloppni "qizillar" murabbiyi sifatidagi ilk APL g‘olibligi "Stemford Bridj"da hal bo‘ldi va bu voqea endi yillar davomida unutilmaydi. Ungacha esa Yurgen va uning shogirdlari bu stadionda juda murakkab o‘yin o‘tkazib ulgurishgandi. Liga startida ketma-ket 5 ta bahsni o‘z foydasiga hal qilgan Chempionlar Ligasining amaldagi g‘oliblari bu mavsum doirasida "Napoli"ga qarshi kechgan guruh uchrashuvini boy berdi. Xuddi shu paytda ligadagi navbatdagi raqib "Chelsi" futbolchilari yangi bosh murabbiy Frenk Lempard boshchiligida hujumkor va tomoshabop o‘yin bilan "Stemford Bridj"da ularni kutib turardi. 1-bo‘limda raqibga bosim o‘tkazib, Kepa darvozasiga 2 bor yo‘l topa olgan mersisaydliklar o‘yinning 1-yarmini o‘z foydalariga hal qilishdi.
Dastlab, Aleksandr Arnold jarima zarbasini qoyilmaqom ijro etgan bo‘lsa, Firmino boshi bilan dunyoning eng qimmat darvozabonini yana bir bor ranjitdi. Biroq o‘yinning 2-yarmidan faol hujumlar uyushtirishni boshlagan "aristokratlar" Kantening goli bilan javob qaytarishdi. Shunga qaramay, hech bir jabhada raqiblaridan yomon harakat qilmagan londonliklar hisobni tenglashtiruvchi to‘pni yo‘llay olishmadi. Natijada, ushbu g‘alaba "qizillar"ning ishtahasini yanada ochib yubordi.
2019 yil 5 oktyabr. "Liverpul" - "Lester" 2:1
Hafta oxirida barchaning diqqati "Enfild"ga qaratildi. Chempionlikka asosiy da’vogar "Liverpul" APLning 2015-16 yilgi mavsum g‘olibi "tulkilar"ga qarshi bahs olib borishi lozim edi. Bahs mezbonlarning katta ustunligida o‘tganiga qaramay, hadeganda gol ura olishmadi. "Lester Siti"ning daniyalik posboni Kasper Shmeyxel ketma-ket seyvlar bilan jamoadoshlari joniga oro kirib turdi. 40-daqiqada Manening aniq zarbasi evaziga oldinga o‘tib olgan "qizillar" shu hisobni 80-daqiqada angliyalik yosh iste’dod Jeyms Meddison tomonidan urilgan golgacha ushlab tura olishdi. Mezbonlar tomonidan uyushtirilayotgan o‘ta shiddatli hujumlar baribir o‘z samarasini berdi. O‘yin so‘nggida Mark Olbrayton o‘z jarima maydonchasi ichida Manega nisbatan qo‘pollik ishlatdi. Va bosh hakam tomonidan belgilangan penaltini bahsning 95-daqiqasida metin asablarga ega Jeyms Milner aniq amalga oshirib, jamoasiga qimmatli 3 ochkoni taqdim qildi. Ertasiga, "Etihad"da "Vulverxempton"ni qabul qilgan Gvardiola shogirdlari mehmonlar hujumchisi Adama Traore tomonidan qarshi hujumlarda 2 marta jazolandi. Oqibatda, 8-turdan so‘ng, "shaharliklar" peshqadamdan 8 ochko ortda edilar. Klopp uchun ajoyib imkoniyat. Shunday emasmi?
2019 yil 2 noyabr. "Aston Villa" - "Liverpul" 1:2
Ehtimol, bu mavsumdagi eng qiyin o‘yinlardan biri bo‘lgan edi. Mezbonlar Trezegening 21-daqiqadagi aniq zarbasi evaziga hisobda oldinga chiqib olishdi. So‘ng, yana va yana shiddatli hujumlar. O‘yinning 87-daqiqasiga qadar o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola olgan Tom Xiton mehmonlar himoyachisi Endryu Robertsonning zarbasini qaytara olmadi va "Liverpul" hisobni tenglashtirishni uddaladi. Bu goldan so‘ng juda katta ruhiy ustunlikka ega bo‘lgan Klopp shogirdlari uchrashuv hakami Jonatan Moss tomonidan asosiy vaqtga qo‘shib berilgan 4-daqiqada senegallik vinger Sadio Manening g‘alaba goli evaziga "Villa Park"dan 3 ochko bilan ortga qaytdilar. O‘ta mohirlik bilan himoyalangan "Aston Villa" futbolchilari ustidan qozonilgan ushbu g‘alaba jamoaga katta ruhiy ustunlik berdi. Endi mersisaydliklar xotirjamlik bilan kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan "Manchester Siti"ga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishi mumkin edi.

2019 yil 10 noyabr. "Liverpul" - "Manchester Siti" 3:1 
1 haftadan so‘ng "shaharliklar" titul jangiga qaytib olish uchun "Enfild"ga etib kelishdi. Gvardiola shogirdlari g‘alabani qo‘lga kiritishsa, "qizillar"ga etib olish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘lardi. O‘yin esa haqiqiy dramaga aylandi. 1-bo‘lim boshidayoq tashabbusni o‘z qo‘liga olgan mezbonlar 6-daqiqada hisobni ochishdi. Fabinodan super zarba. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay jamoaning misrlik yulduzi Muhammad Saloh oradagi farqni 2 taga oshirdi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida Sadio Mane hisobni yiriklashtirgan golga mualliflik qildi: 3:0. Shundan so‘ng, mehmonlarning hujumlari ham xavfli ko‘rinish ola boshladi va bir vaziyatda to‘p Alisson Bekker darvozasi oldida himoyachi Aleksandr Arnoldning qo‘liga tegib ketdi. Gvardiola penalti so‘rab videotakrorlarga murojaat qildi, biroq bosh hakam Maykl Oliver hech qanday qoidabuzarlik yo‘qligini ta’kidladi. VAR yana Gvardiolaning "yo‘lini to‘sdi". Uchrashuv yakuniga qadar tinmay hujumlar uyushtirgan manchesterliklar Bernardu Silvaning birgina aniq zarbasi evaziga hisobdagi farqni qisqartirishga erishdilar. Biroq bu kamlik qildi va "Liverpul" APL chempionligi uchun eng yirik qadamni tashladi. 12 ta turda 34 ochko to‘plagan mersisaydliklar turnir jadvalida yaqqol peshqadamlik qilishda davom etdi.
2019 yil 26 dekabr. "Lester Siti" - "Liverpul" 0:4 
Odatda, APLning har yilgi chempioni uchun mavsum davomida 1 ta muhim o‘yin barcha uchun kutilmagan natijani taqdim etadi. "Liverpul" uchun bu o‘yin "King Pauer" stadionida bo‘lib o‘tdi. "Boksing dey" turdan-turga jamoalarning tinkasini quritayotgan, aksariyat grand klublar ochko yo‘qotayotgan bir paytda "qizillar" turnir jadvalida 2-pog‘onada borayotgan raqiblari darvozasiga javobsiz 4 ta to‘p yo‘llashdi. O‘yin davomida mehmonlar posboni Alisson Bekker postiga biror marta ham yo‘l topa olmagan "tulkilar" Roberto Firmino, Jeyms Milner va Trentning gollaridan anchagacha o‘zlariga kela olmay yurdilar. Bundan foydalanib, 2-o‘rinni yana o‘zlariniki qilishi kutilgan "Manchester Siti" futbolchilari mehmonda "Vulverxempton"ning dahshatli kambekiga uchradi. Bu chempionlik poygasining amalda tugaganligidan darak berar edi.
2020 yil 19 yanvar. "Liverpul" - "Manchester Yunayted" 2:0 
"Biz ligani yutmoqdamiz!" . O‘sha kuni "Enfild"da muxlislar shunday deb, o‘z suyuklilarini qo‘llab-quvvatladi. Bundan ruhlangan Klopp shogirdlari to‘xtamay hujumga o‘tishar, boz ustiga bir kun oldin o‘z uyida "Kristal Pelas" bilan durangga imzo chekkan Manchester shahrining boshqa bir jamoasi "Siti" "Liverpul"dan 16 ochko ortda edi. Aynan Ole-Gunnar Sulsher shogirdlari 1-davrada "qizillar"dan ochko tortib olishni uddalagan yagona jamoa bo‘lib turgan edi va bu o‘yin intrigasini yana bir daraja balandga ko‘tarib berdi. Uchrashuvmobaynida katta ustunlikka ega bo‘lgan mersisaydliklar o‘z etakchilari: Van Dayk va Salohning aniq zarbalari evaziga "qizil iblislar"ni quruq qo‘l bilan uyga qaytishga majbur qilishdi. Misrlik vinger esa o‘zi uchun noxush an’anaga barham berdi. U “mankuniyanlar” darvozasini ishg‘ol etdi. Ushbu uikend manchesterliklar uchun omadsiz yakunlandi. Qizil liboslilarga ham, moviy rangdagilariga ham.
2020 yil 23 yanvar. "Vulverxempton" - "Liverpul" 1:2 
“Liverpul” ushbu mavsumda o‘ta moslashuvchanlik namoyish etdi. Aksariyat bahslarda raqiblar o‘yiniga moslashish orqali ular muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Butun tarkib nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham boshqa klub futbolchilaridan ustun ekanliklarini isbotlashdi. Ligadagi barcha jamoalarni "talayotgan", "Siti" ustidan ikkala o‘yinda ham g‘olib bo‘lgan Nunu Eshpiritu Santu shogirdlariga qarshi o‘yinda mehmonlar haqiqiy iroda namoyish etishdi. Garchi 8-daqiqada mehmonlar sardori Jordan Xenderson hisobni ochganiga qaramay, oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan jamoa g‘alabalarida eng ko‘p mehnat qilayotgan Sadio Mane maydonni jarohat olib, erta tark etadi. Bundan o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada ortgan "Vulverxempton" futbolchilari 2-bo‘lim boshlarida Raul Ximenesning aniq zarbasi tufayli hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. O‘z suyuklilarini g‘oliblik sari chorlash maqsadida "Molineks" stadioniga yig‘ilgan muxlislar bu goldan keyin ayniqsa, jonlanishdi. Biroq asosiy vaqt tugashiga 6 daqiqa qolganida braziliyalik Roberto Firmino katta sahnaga chiqdi va yakunda jamoasiga 3 ochko keltirgan golni Rui Patrisiu postiga yo‘lladi. Jamoa dispetcheri Hendodan bu safar assist. Butun stadionga sukunat cho‘mdi.
2020 yil 15 fevral. "Norvich" - "Liverpul" 0:1  
Bahs oldidan "qizillar"ning "Norvich" ustidan qiyinchiliksiz g‘alaba qozonishi taxmin qilingandi. Biroq yakunda bunday bo‘lmadi. Butun o‘yin davomida raqibni o‘z jarima maydonchasi ichiga "qamab qo‘ygan" mehmonlar faqatgina bahs yakunlanishiga 12 daqiqa qolganidagina zahiradan maydonga tushgan Sadio Manening aniq zarbasi evaziga muvaffaqiyat qozonishdi. Mezbonlar posboni Tim Krulni ojiz qoldirgan bu gol senegallik vingerning jarohatdan keyingi ilk zarbasi edi. Ushbu g‘alaba mersisaydliklarni turnir jadvalidagi eng yaqin ta’qibchilari "Manchester Siti" klubidan oz emas, ko‘p emas 25 ochko oldinga o‘tib ketishlariga zamin yaratdi. Fevral oyidayoq 25 ochko
Uzoq kutilgan chempionlik mana shunday og‘ir g‘alabalar evaziga qo‘lga kiritilgan. Va ushbu chempionlik barcha muxlislar yodida eng mehnatkash futbolchilardan biri, "Liverpul" afsonasi Stiven Jerrardga bag‘ishlanganida ham ramziy ma’no bor, nazarimizda!

373   
Добавить комментарий
Ваше имя: *