Goal24.uz » Yevropa jamoalari » GOAL24.uz talqinidagi Evropa top-5 chempionatlari ramziy terma jamoasi

GOAL24.uz talqinidagi Evropa top-5 chempionatlari ramziy terma jamoasi

Автор: admin

Ushbu turda o‘z pozitsiyasida benazir o‘yin namoyish etgan futbolchilarni e’tirof etamiz.
Murabbiy: Stefano Pioli (4-5-1)
Kelgusi mavsumda Ralf Rangnik «rossonerilar» murabbiyi deb e’lon qilinishi deyarli aniq bo‘lib ulgurdi. Pioli esa restartdan so‘ng jamoasini shunday kayfiyatda maydonga boshlab tushmoqdaki, beixtiyor «Milan»ning Evropani zir titratgan davrlari ko‘z oldimizga keladi.
Har holda, ko‘hna tarixga ega bo‘lgan ushbu klubning chempionlik uchun jiddiy kurashayotgan «Latsio» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonishi shunga umid bermoqda.
Pioli shogirdlari 4-5-1 (4-2-3-1) taktik sxemasida maydonga tushgandi. Aynan shu sxema jamoamizni tuzishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Darvozabon: Aleks Makkarti
Makkartining «Siti» uyushtirgan o‘nlab hujumlarda amalga oshirgan qahramonliklari jamoasining Chempionshipga tushib ketishining so‘nggi ehtimollarini ham yo‘qqa chiqardi. Chempionatda ikkinchi o‘rinni deyarli naqd qilib bo‘lgan «shaharliklar»ning ushbu natijasi uchrashuvni tomosha qilmagan muxlis uchun oddiy holdir. Ammo Gvardiola jamoasidan faqat g‘alabani kutgandi. Manchesterliklar esa qancha harakat qilmasin, ingliz posboni darvozasini zabt eta olmadi.
Chap qanot himoyachisi: Marselo
Chempionlik tomon yana bir og‘ir qadamni «Qirollik klubi» Ramosning penaltidan kiritgan goli orqali tashladi. Ketma-ket ikki marta ramziy jamoamizdan o‘rin olgan «El Kapitano» o‘rniga bu gal uning jamoadoshi Marseloni kiritishni ma’qul topdik. Marselo penalti ishlashdan tashqari, uchrashuv mobaynida bilbaoliklar qanotini bezovta qilib turdi. Himoyadagi pozitsiyasida ham o‘ta ishonchli futbol namoyish etdi.
Markaziy himoyachi: Alessio Romanoli
Rimdan yirik hisob bilan qaytish «Milan»ga oson kechmadi, albatta. «Latsio» to‘purari Chiro Immobilening maydonda emasligi milanliklarga qo‘l keldi. Qolgan futbolchilar bilan hujumga tashlangan maydon egalarining hujumlarini Romanoli boshliq himoya chizig‘i bartaraf etib turdi.
Markaziy himoyachi: Shkodran Mustafi
Tur murabbiyi bo‘lishga nomzod murabbiylardan biri Mikel Arteta edi. «Kanonirlar»ning ushbu turdagi ajoyib o‘yinida jamoaviylik asosiy rolda, yaqqol fenomen yo‘q. Ammo bu kabi zo‘r o‘yin ko‘rsatgan jamoadan kimdir ramziy jamoamizdan joy olishi kerak edi.
Traore va Ximenes doimgidek raqib himoyasiga turli manevrlar bilan kirib borishga intilishdi. Mavsum davomida tanqid ostiga olingan «Arsenal» himoyasi shu kuni yaxshi harakat qildi. Mustafi alohida xizmatlari bilan ajralib turmadi. Biroq u mana shu himoyaning asosiy figuralaridan biri hisoblanadi.
O‘ng qanot himoyachisi: Serxi Roberto
Roberto noyob iste’dodidan doim ham foydalana olmaydi. Uning muammosi shunda: barqarorlik yo‘q. «Vilyareal»ga qarshi o‘yindagi kabi harakatlarni ko‘proq amalga oshirgan taqdirda u hozirgacha ancha katta marralarni zabt etgan bo‘lardi. Bu kabi uchrashuvlarda u maydonni shunday ko‘ra biladiki, beixtiyor uning yuqoridan qarab turgan ko‘zi yo‘qmikan, deysiz. Uning kalit paslarini hujumdagilar qanday rivojlantirishni yaxshi biladi…
Tayanch yarim himoyachisi: Erik Pulgar
«Fiorentina» ushbu mavsumda kutilmagan tarzda A Seriyada qolish uchun kurashyapti. Bevosita o‘zidan oldinda ketayotgan «Parma»ni mag‘lub eta olish florentsiyaliklar uchun muhim edi. Chililik futbolchining birinchi bo‘limda kiritgan ikkita goli amalda barchasini hal qilib berdi.
Endi «Fiorentina» xavfli hududdan 9 ochko uzoqda.
Tayanch yarim himoyachisi: Tomash Souchek
«Vest Xem»ni qo‘lidan kelgancha oldinga boshlayotgan chexiyalikning harakatlarini jamoadoshlari qo‘llab-quvvatlamayapti. O‘tgan gal ham ramziy terma jamoamizdan joy olgan Souchek bu safar «Nyukasl» darvozasiga yo‘l topdi. «Bolg‘achilar» xavfli hududdan 4 ochko oldinda, xolos. Tomashning ketma-ket ikki o‘yinda kiritgan gollari bo‘lmaganda ahvol yanada og‘irroq bo‘lardi.
Chap qanot vingeri: Lionel Messi
Messi hujumda universal futbolchi. Bu galgi super o‘yindan so‘ng uni jamoamizdan tushirib qoldira olmasdik. Yana ikkita golli pas argentinalik tirik afsonaning hisobiga yozildi. Gol ham urishga erishgandi, biroq VAR uni bekor qildi. Hafta davomida muammolari muhokamalar markazida bo‘lgan «Barselona» «sariq suvosti kemasi»ni ilma-teshik qilib tashladi. Messi dirijyor rolida bo‘lgani uchun ham ushbu o‘ringa munosib topildi. Aslida, «Barsa» hujum chizig‘idagilarning hech biri yomon harakat qilmadi.
O‘ng qanot vingeri: Meyson Grinvud
Futbolda motivatsiya ko‘p narsani hal qiladi. Grinvud «Bornmut»ga qarshi uchrashuvda kiritilgan 5 goldan ikkitasining muallifi bo‘ldi. Uning gollari muhimlik jihatidan qolganlaridan bir bosh ustun edi. U jamoaga qo‘shimcha kuch bag‘ishlovchi gollarni juda kerakli paytda kiritdi.
Hujumkor yarim himoyachi: Brunu Fernandesh
Birgina aqlli transfer barcha sog‘ingan MYuni bizga qaytarib berdi. 2 ta pas va bitta gol! Brununi to‘xtatib bo‘lmayapti. U jamoaga bergan ishonch va manchesterliklar qalbiga solgan umid uchqunlarining bahosi yo‘q.
Eng ashaddiy raqiblari ham MYuning bu qadar parokanda bo‘lib ketishini istamaydi, nazdimizda. Shuning uchun ham Fernandeshdan hamma minnatdor. Uning yorqin o‘yinlarini kuzatish barchaga birdek zavq bag‘ishlaydi.
Hujumchi: Krishtianu Ronaldu
Ronaldu Italiya kubogi finalidan keyingi tanqidlarni unutib ham yubordi. U tinmay gol uryapti. So‘nggi goliga esa gap yo‘q. Jarima zarbalarini qanday ijro etish hali ham yodida ekanini isbotladi. Rekordlar ham o‘z o‘rnida zabt etib borilmoqda.
Bu galgi ramziy terma jamoamizdan ham Dibala, Grizmann, Morata kabi futbolchilar tushib qoldi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Arteta ham tur murabbiyi bo‘lish uchun asosiy nomzodlardan edi. Biroq tur jamoasiga kiritilgan futbolchilar ham e’tirofga munosib harakatlarni amalga oshirgan edi.
Bugundan yana yangi tur bellashuvlari boshlanadi. Kuzatamiz va kelgusi ramziy terma jamoa qahramonlarini kashf etamiz.
206   
Добавить комментарий
Ваше имя: *