Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » Grizmanning «Barsa»da «yo‘qolib»qolishiga sabab bo‘lgan besh omil

Grizmanning «Barsa»da «yo‘qolib»qolishiga sabab bo‘lgan besh omil

Автор: admin

Amaldagi JCH g‘olibi bo‘lishiga qaramay, Kataloniya klubida o‘zini ko‘rsata olmagan Antuan Grizmann haqida fikr almashamiz. Xo‘sh, qanday muammolar “Atletiko”ning sobiq yetakchisiga to‘sqinlik qilmoqda? Bugun shu mavzuga to‘xtalib o‘tamiz.
1-to‘siq. Bartomeuning xatosi
Aslida Suares, Messi va Dembelesi bor hujum uchligiga ega klubga Grizmanning nima keragi bor edi? Valverde o‘zi shundoq ham asosiy urg‘uni himoyaga qaratayotgan chog‘ida, 4 hujumchiga maydonda kerakli o‘rin topish juda mushkul ekanligi haqida nahot Bartomeu sira o‘ylab ko‘rmadi? Marca nashrining ma’lum qilishicha, Leo Messi avval boshida bu transferga qarshi bo‘lgan, biroq Bartomeu aslida kim xo‘jayin ekanligini namoyish etish uchun ham fransuzni Kataloniyaga ko‘chirib olib kelgan. Prezident jamoa postida uzoqroq qolish maqsadida pullarni sarf etishda davom etmoqda, biroq jamoaning qarzlari bilan ishi yo‘q. Ayni damda, “Barselona”ning qarzi 500 million yevrodan oshib ketgan. Bu muammodan klub faqat kreditlar yordamida qochib yuribdi, biroq shu sababli klub endi Neymarni ortga qaytarishni uddalay olmaydi. Endilikda, jamoa Grizmanni yaxshigina pul evaziga sotib yuborgan taqdirida ham qarzning chorak qismi ham qoplanmaydi. Jamoa Antuan orqali klubning shonli o‘tmishini ortga qaytarmoqchi edi. Afsuski, Bartomeuning rejasi ish bermadi. Antuanning uning omadsiz va juda qimmat transferlari (Dembele, Koutinyo) qatoridan muqim o‘rin egalladi.
2-to‘siq. Atrofdagi futbolchilar
Achinarlisi shundaki, Antuanning Kataloniyadagi obro‘siga atrofidagilar ham katta putur yetkazmoqda. Qahramonimizning dadasi klub murabbiyi – Kiki Setyenni jamoani chempionlik sari yetaklashga qodir emas deb ta’rif bergan bo‘lsa, futbolchining akasi murabbiyni ukasiga yetarlicha o‘yin amaliyoti taqdim etmaslikda ayblamoqda. Boz ustiga, Antuanning turmush o‘rtog‘i ijtimoiy tarmoqlar orqali klubdagi ichki muhit sirlarini barchaga oshkor etmoqda. Bu vaziyatga Antuanni Ispaniyaga ko‘chirib kelgan va 6 yil davomida o‘z uyidan joy bergan skaut Erik Oltas ajoyib ta’rif berdi.
“Bilasizmi, Antuanning atrofidagi insonlar uni biroz erkalatib yuborishmoqda. Balki, ular berayotgan maslahatlar ish berib qolar, biroq uning oilasini yaxshi bilgan inson sifatida shuni ta’kidlashim mumkinki, Grizmann sabr qilishi lozim. Barchasi o‘z o‘rniga tushib ketadi”.
Darhaqiqat, Erik futbolchining hali-hamon kollektiv bilan chiqishib ketmaganida atorofidagi insonlar ham mas’ul ekanligiga sha’ma qilmoqda. Aynan ularning shirin so‘zlari sababli Antuan barcha omadsizliklarda o‘zini emas, jamoa murabbiyini aylamoqda.
3-to‘siq. Luis Suares va Messi effekti
Grizmann “Atletiko”da doimo hujumchi ortida harakat qilar, kerakli pallada aldamchi“to‘qqizlik”sifatida markazga yorib kirar edi. Kataloniya jamoasining o‘yin uslubi Madrid klubinikidan keskin farq qiladi. Endilikda, Antuan qanotda yoki hujumchi sifatida ter to‘kishga majbur. Suaresning o‘rnini egallash mahol. Uning ortida Leo harakat qilmoqda. U yaqin 5 yil davomida bu pozisiyani hech kimga berib qo‘ymasligi turgan gap. Shunday ekan, Antuan o‘zini erkin his qiluvchi amplualarning deyarli barchasi band. Bechora futbolchi, ekspertlarning aytishicha, atigi bir bor o‘zining asl pozisiyada to‘p surdi xolos. U ham bo‘lsa, o‘tgan yili “Betis”ga qarshi uchrashuvda amalga oshdi. Ayni damda, qahramonimiz La Liganing 19 ta o‘yinida maydonga tushgan va 4 bor gol kiritgan. Bu tushunarli holat. Agar Antuan o‘zi uchun qulay pozisiyada to‘p tepishni istasa, Kike Setyen maydonga Messi va Suareslarni tushirmasligi talab etiladi. Bunda vaziyatda, Grizmanndan avvalgi darajasida to‘p surishni talab qilish noo‘rin. Shu sababli, uning sermahsulligi keskin pasayib ketgan ko‘rinadi.
4-to‘siq. Taktik model
Antuan kiritgan gollarga e’tibor qaratsangiz, barchasi jamoaning o‘yin uslubidan biroz chekinga paytda urilganini darrov anglaysiz. Bechora Antuanni chap qanotda “mixlab” qo‘yishdi. Vaholanki, u uzoq yillardan beri erkin ijod qilishga o‘rganib qolgan edi. Endi qahramonimiz chap qanot vingeri sifatida asosan uzatmalar bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. Karantin chog‘ida juda yaxshi dam olgani va yangi o‘yin uslubiga moslashgani haqida bong urgan futbolchi restartdan so‘ng, yanada yomon futbol namoyish etmoqda. Uning omadsiz uchrashuvlari ko‘payib ketgach, Setyen tomonidan zaxira futbolchisiga aylantirishini tushunish mumkin. Murabbiyga rahbariyat va futbolchilar tomonidan o‘tazilayotgan bosim tufayli Kike natija beruvchi futbolchilarni maydon tushurishga majbur bo‘lmoqda. Grizmann yangi ampluaga moslashishga endi biroz “qarilik” qiladi. Uning asl pozisiyasida to‘p surish “Barselona”ga noqulay. Aynan shu to‘siq sababli ham Grizmann o‘zi uchun sarf etilgan millionlarni oqlay olmayapti.
5-to‘siq. Antuanning xarakteri
Messi kek saqlashga o‘rganib qolgan inson. Katta ehtimol bilan u Antuanni Pike bilan bo‘lgan suhbatini (kichik videorolik bo‘lib, unda Pike Grizmanndan “Barselona”dan kelib tushgan taklif haqida so‘raydi. Antuan boshini baland ko‘targancha kulib “Barsa”ga rad javobini berishi haqida so‘zlab beradi) unutmagan. Tan olish lozim, kulib turuvchi Grizmann hech qachon yetakchi futbolchilar qatorida bo‘lmagan. U YECHL finalida ham, Yevropa chempionati finalida ham yarq eta olmagan yulduz. Soddaroq qilib aytganda, Antuan tablodagi natijaga ta’sir ko‘rsatishga qodir jangchi emas. U shunchaki, jamoaviy o‘yinning yakunlovchi qismi xolos. 2018-yilda Fransiya Xorvatiyani finalda yenggan bo‘lsada, yengilgan jamoadagi Modrich Grizmanndan faolroq ko‘rindi. Antuanda muhim uchrashuvlarda omadsiz harakat qilishi sindromi bor bo‘lsa kerak. Aks holda, o‘z faoliyatidagi eng muhim uchrashuvlarni omadsiz o‘tkazmagan bo‘lar edi. Aynan shu kamchiligi bois, qo‘lidagi “oltin to‘p”ni Modrichga boy berib qo‘ydi. Shunday bo‘lsada, u o‘tgan yili eng badavlat 10 ta futbolchidan biri ekanligi ma’lum qilindi. Afsuski, Antuan maydonda deyarli hech narsani isbotlab berayotgani yo‘q. U turli videoo‘yinlar o‘ynashni, AQSHga NBA matchlarini tomosha qilgani uchib borishni va hatto Yaponiyadagi choy marosimlarini kuzatib borishni kanda qilmaydi. Umuman olganda, Antuan quvnoq hayot tarafdori. Shu sababli, jamoani yelkasida ko‘tarib yurish kerak bo‘lganda u doimo “yo‘qolib qoladi”. Undagi bu kamchilik avval ham bo‘lgan, katta ehtimol bilan endi ham bo‘ladi.

274   
Добавить комментарий
Ваше имя: *