Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Rossiya » «Zenit» Chempionlar ligasida cho‘kib ketadi. Chunki Yevropada yordam qo‘li cho‘zilmaydi». Rossiyada hakamlik mojarosi

«Zenit» Chempionlar ligasida cho‘kib ketadi. Chunki Yevropada yordam qo‘li cho‘zilmaydi». Rossiyada hakamlik mojarosi

Автор: admin

Rossiya kubogi yarimfinali doirasidagi «Zenit» - «Spartak» (2:1) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin bungacha ham ko‘p gapirilayotgan hakamlik mavzusi yanada avj olib, mojaroga aylandi.
 Azaliy raqiblarning bu safargi to‘qnashuvi oldidan uchrashuv bosh hakami Ivanovning «Zenit»ga nisbatan xayrixoh ekanligi, «Spartak»ning o‘yinlaridagi statistikasi esa yomonligi haqida ko‘p gapirilgandi. Yakunda kutilganidek hakamlik hamda VAR’ning qarorlari ko‘proq mag‘lubiyatga uchragan moskvaliklarning noroziligiga sabab bo‘ldi.
 «O‘yinning eng kulminatsion voqeasini na Ivanov va na VAR ko‘ra oldi»
Championat.com nashri sobiq hakam Igor Fedotov bilan vaziyatlarni tahlil qildi.
 10-daqiqa, «Spartak» hujumchisi Sobolevning «Zenit» jarima maydonida yiqitilishi
— Bosh hakam Ivanov «Zenit» darvozasiga penalti belgilashi kerak edi. Sobolev to‘pni qabul qilib olish uchun to‘xtashga harakat qildi, biroq Jirkov uni libosidan tortib yiqitdi. Hakam «Spartak»ni yaqqol penaltidan mahrum qildi.

 24-daqiqa, «Spartak» darvozasi tomon penalti
— Bosh hakam «Zenit»ning penaltisini ko‘ra oldi. Azmunga nisbatan qo‘pollik qilindi va Dzyuba 11 metrlik jarima zarbasidan aniq foydalandi.
 61-daqiqa, Sobolev navbatdagi marta «Zenit» jarima maydonchasida yiqitildi
— Ushbu vaziyatda Sobolevga ishlatilgan qo‘pollik uchun penalti belgilanishi, Barrios futbolchining yuziga tekkani uchun qizil kartochka bilan maydondan chetlatilishi lozim edi. Biroq o‘yinning eng kulminatsion voqeasini na Ivanov va na VAR ko‘ra oldi.
 82-daqiqa, Ayrtonning «Zenit» jarima maydonchasiga yiqitilishi
— Osario va Ayrtonning kurashi – bu penalti emas. Bu vaziyatda Osario o‘yin qoidasini buzmagan edi, - deya fikr bildirdi Fedotov o‘yindagi vaziyatlarni tahlil etarkan.
Leonid Fedun: «Zenit» hakamlar yordamisiz Chempionlar ligasida cho‘kib ketadi»

 Alamli mag‘lubiyatdan keyingi dastlabki norozilik «Spartak» xo‘jayini Leonid Fedun tomonidan yangradi. U hakamlarning ishini jiddiy tanqid qilib chiqdi.
 «Sizga VAR bo‘yicha so‘nggi statistikani keltiraymi? «Spartak» bo‘yicha 11ta vaziyat ko‘rib chiqilib, bizni foydamizga birorta ham qaror chiqarilmagan. «Zenit»ning 14ta murojaatidan 10tasida piterliklar foydasiga qaror chiqarilgan. Buni qanday tushunish mumkin?
Yigitlarimizga o‘yin uchun rahmat deyman. Ular oxirigacha jang qilishdi. «Zenit»ga sovg‘a qilingan goldan keyin to‘xtab qolishmadi. Aslida «Spartak» shishirilgan chempiondan yomon o‘ynamagandi. «Zenit» hakamlar yordamisiz Chempionlar ligasida cho‘kib ketadi. Bunga hech qanday shubham yo‘q. Chunki Yevropada hakamlar yordam qo‘lini cho‘zishmaydi», - deydi Fedun o‘yindan keyin.
 «Zenit» bosh direktori: «Hakamlar yordamisiz «Spartak» ligada qolish uchun kurashayotgan bo‘lardi»

«Spartak» rahbarining tanqidiy so‘zlariga javoban dushanba kuni «Zenit» bosh direktori Aleksandr Medvedev aslida Sankt-Peterburg klubi emas, Moskva jamoasiga yon bosilayotganligini ma’lum qildi.
 «Hakamlar ishini muhokama qilish bu - o‘zini oqlash uchun hech qanday argument qolmaganidan keyin qilinadigan eng oxirgi ish sanaladi. O‘ynash kerak! Darvoqe, tahlillarga ko‘ra hakamlarning xatosi tufayli «Spartak» qo‘shimcha 8 ochkoga ega chiqqan. Shu ochkolar bo‘lmaganida 9-o‘rinda bo‘lgan «Spartak» hozir qayerda bo‘lardi deb o‘ylaysiz? Ligada qolish uchun kurashayotgan bo‘lardi. Chunki ularni «xavfli zona»dan 7 ochko ajratib turibdi. Aslida hakamlarning xatosi tufayli ular emas, «Zenit» 4 ochko yo‘qotgan», - deydi Medvedov «Sport-ekspress» nashriga.
 Viktor Kashshai: «Muammoni hakamlardan emas, VAR’dan qidiring»
 «Spartak» va «Zenit»ning noroziligi ortidan Rossiya futbol ittifoqining hakamlar departamenti rahbari Viktor Kashshai Rossiya kubogi yarimfinalidagi hakamlikni qoniqarli baholashini, muammo aslida VAR’da bo‘lganligini ta’kidladi.
 «Bu Rossiya futboli uchun muhim qarama-qarshilik edi. Bunday o‘yinlarda hakamlarning tortishuvli vaziyatlardagi istalgan qarori muhokamalarga sabab bo‘ladi. Sobolev va Jirkov o‘rtasidagi vaziyatda aslida nima bo‘lganligini o‘yindagi surat orqali bildim. Biz bu borada VAR qaydnomasi bilan tanishishimiz kerak. Hujumchi va himoyachi o‘rtasidagi o‘sha vaziyatda dastlab Sobelev Jirkovni tortib va turtib yuborgan. Holatni turli nuqtalardan ko‘rib chiqish kerak. Bu masalada bosh hakamni ayblay olmayman, muammoni VAR’dan qidirishimiz kerak. VAR har bir vaziyatga emas, hakamlarning yaqqol xatolari kuzatilsa yordam beradi. Shunday ekan, hakamlarning «Zenit» yoki «Spartak» foydasiga ishlayotgani haqidagi gap-so‘zlarga umuman qo‘shilmayman», - deya masalaga nuqta qo‘ygan vengriyalik taniqli sobiq hakam. 
189   
Добавить комментарий
Ваше имя: *