Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » U shunchaki omadli emas. Zinedin Zidan qanday qilib 1 yil avval rasvo o‘yin ko‘rsatgan “Real”ni chempionga aylantirgani haqida

U shunchaki omadli emas. Zinedin Zidan qanday qilib 1 yil avval rasvo o‘yin ko‘rsatgan “Real”ni chempionga aylantirgani haqida

Автор: admin

Zinedin Zidan qo‘l ostidagi “Real” jamoasi La Liga 2019/20-yilgi mavsumi chempionligini qo‘lga kiritdi. Rossiyalik jurnalist Vadim Lukomski fransiyalik dahoning joriy mavsumdagi uslubini tahlil qilib chiqdi. “Daryo” ushbu maqolani o‘zbek tilida taqdim etadi.
Zinedin Zidanning chempionlik qo‘lga kiritilgandan keyingi ilk reaksiyasi: “Bu faoliyatimdagi eng yaxshi kunlardan biri. Chempionlar Ligasi — bu Chempionlar Ligasi, biroq mana bu sovrin uchun ko‘proq xursandman, chunki La Liga bu — ajoyib”.
Murabbiylik davridagi to‘rt mavsum davomida Zidan 11 ta sovrin yutib oldi (uchta Chempionlar Ligasi, ikkitadan Yevropa Superkubogi, Ispaniya Superkubogi, klublar o‘rtasidagi JCh va La Liga). Ammo so‘nggi sovrinning o‘rni umuman boshqacha. Jurnalist quyida nima uchun La Liga 2019/20-yilgi mavsumi fransiyalik murabbiy uchun faoliyatining cho‘qqisi ekani haqida fikr yuritadi.
1. Zizuning “Real” boshqaruvida ilk bor paydo bo‘lishi juda katta muvaffaqiyat keltirgandi. U ajoyib ishlar qilgandi, biroq hozirgisidan butkul boshqacha edi. Zidan dastlabki “Real”da makromenejment edi — maydondagi mayda detallar jamoaning o‘zini o‘zi boshqarishi orqali hal qilinardi.
O‘sha vaqtdagi “Real” o‘zini o‘zi boshqara olishining isboti sifatida Serxio Ramosning Xulen Lopetegi iste’fosidan keyingi gaplaridan ham bilib olish mumkin. Ispaniyalik futbolchi jamoaga Antonio Kontening olib kelinishi borasidagi xabarlarga quyidagicha javob bergandi: “Hurmat o‘rnatilmaydi, aksincha, qozoniladi. Biz barcha musobaqalarda g‘olib chiqdik, turli murabbiylar qo‘l ostida o‘ynadik — “Real”da murabbiylik bilimlaridan ko‘ra kiyinish xonasidagi boshqaruv muhimroq”.
Keskin, ammo haqiqatga yaqin. Nima demoqchi ekani ayon: “Real” o‘yinchilari futbolni yetarli darajada chuqur anglaydi, o‘yinlarni o‘qiy oladi va o‘zlariga nima kerak ekanini biladi — ayrim jabhalarda ular hech bir murabbiyning fikriga qo‘shilmaydi. Zidan aynan shunday jamoa bilan muvaffaqiyat qozongandi. Murabbiy mazkur taktik formulalarni yaxshi tushunar va futbolchilarning alohida salohiyati evaziga umumiy konsepsiyani rivojlantirardi.
Bunga yaxshi misol sifatida Kazemironing tarkibga biriktirilishini ko‘rsatish mumkin (Massimiliano Allegrining fikricha, Zidanning yutug‘i ham aynan shunda). Bu tarkibni balansga keltirdi. Mazkur yo‘lda murabbiyning falsafasi ikkinchi planga o‘tadi, har bir futbolchiga qulay sharoit yaratish muhim vazifaga aylanadi. Eshitilishidan oddiy tuyulsa-da, biroq barcha yulduzlarga asosiy tarkibdan joy topib berish ancha qiyin.

Hamma ham buni taktik ish uslubiga kiritmaydi (Zidanning iqtidori tan olinmasligiga sabablardan biri), biroq bu haqiqiy murabbiylik san’ati (buni qanday nomlash va qaysi kategoriyaga kiritishning farqi yo‘q). Mazkur uslubning haqiqiy ustasi — Karlo Anchelotti. Unda chizgilar o‘zgarib turadi (ayrim vaqtlarda u aralash-quralash bo‘lib ketadi), biroq har safar yulduzlar ochib beriladi — aynan shuning uchun italiyalik mutaxassis Chempionlar Ligasida ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan. U yerda ko‘pincha natijani o‘yin tuzilishidan ko‘ra, yulduzlar va epizodlar hal qiladi.
2020-yilga qaytamiz. Ramos hamon o‘z joyida va muhim vazifani bajaradi, biroq jamoaning o‘zini o‘zi boshqarish tizimi tugagan (yoki jamoa kamida bu tizim sehriga ishonmay qo‘ygan). Zidandan o‘yindan o‘yinga butkul boshqacha ish ko‘lami talab qilindi. Fransiyalik mutaxassis esa raqiblarini mukammal tahlil qila oldi.
Luka Modrichning top-saviyaga chiqishi — mana shu ishning natijasi. Modrich kamroq o‘ynay boshladi (tetiklikni saqlagan holda), Zidan esa undan maksimal darajada foyda keladigan o‘yinlarda (pressingda o‘ynaydigan jamoalarga qarshi) foydalandi. Aksincha raqibni pressingda sindirish kerak bo‘lgan vaqtlarda Fede Valverde paydo bo‘ldi. Ikkisi ham yuqori “planka”ni ushlab turdi. Barakalla, ammo aynan Zizu ular uchun qulay sharoitli o‘yinlar topa oldi.

Xuddi shunday prinsip asosida Marselo va Ferlan Mendini ham rotatsiya qildi (biri — hujum quroli, boshqasi — ishonch). Yoki yangi misollardan biri: Rodrigo va Marko Asenio so‘nggi uchrashuvlarda o‘naqay — chapda, chapaqay — o‘ngda va buning aksi bo‘lgan o‘yin uslubida harakat qildi. Birinchi variant qanotlarni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lsa, boshqasi tayanch zonasini mustahkamlaydi.
Bu juda kichik detallar va “Real”ning har bir o‘yinini kuzatib bormaydiganlar uchun tushunarsiz, biroq uning samaradorligi juda katta ustunlik berdi. Zidanning mikromenejmenti ajoyib bo‘ldi.

2. Zidanning La Ligaga bo‘lgan munosabatini inobatga olish muhim. Uning uchun bu sovrin — birinchi o‘rinda. Va gap Yevrokuboklardagi muvaffaqiyatlardan to‘yib qolishda emas. Sovringa qadar fransiyalik mutaxassis shu o‘ylarini tushuntirgandi: “Men uchun La Liga — eng muhim va eng qiyin musobaqa. Chempionlar Ligasida bor-yo‘g‘i 12 o‘yin bor, La Ligada esa — 38 ta.
Zidanning mantig‘i yangilik emas: uzun mavsumda tasodiflar kam bo‘ladi, katta ehtimol bilan eng yaxshi jamoa g‘alaba qozonadi — aynan mana shunday musobaqa murabbiy ishi va jamoa evolyutsiyasini baholashda qo‘l keladi. Chempionlar Ligasida ham tasodifiy g‘alabalar deyarli yo‘q, ammo unda katta ehtimol bilan eng yaxshi jamoa emas, balki, musobaqa davomida omadi chopgan kuchlilardan biri zafar quchadi.

Albatta, bu fikrga qarshi argumentlar ham bor (masalan, kuchli jamoalar yig‘ilgan Chempionlar Ligasidagi raqobat saviyasi), biroq bu holatda Zidanning pozitsiyasi muhimroq sanaladi. U La Ligaga alohida e’tibor qarayotganini tan olishi hurmatga loyiq.
Hozirda Zidanda ikkita chempionlik sovrini bor. Ularni qo‘lga kiritishdagi qiyinchiliklar turlicha bo‘lgan, bu safar u keragidan ortiq bo‘ldi.
Birinchidan, jamoa mavsumiga 30+ gol uradigan Krishtianu Ronalduning o‘rnini to‘ldira olmadi (“Real” o‘tgan galgi chempionlik mavsumida 106 ta gol urgan, bunisida esa — 70 ta).
Ikkinchidan, mavsum startida Zidan jamoaning yangi yetakchisi sifatida Eden Azarni qabul qilib oldi, biroq jarohatlar va individual muammolar sabab belgiyalik futbolchi yetakchilik roliga yaqin ham kela olmadi. Hammasini yo‘lma-yo‘l qayta qurishga to‘g‘ri keldi.
Bu yangi futbolchilar bilan boyitilgan boshqa pozitsiyalarga ham taalluqli. Luka Yovich — mutlaq omadsiz transfer. Eder Militao — biror fikr bildirish qiyin (markaziy himoyadagi raqobatni inobatga olish kerak, balki braziliyalik futbolchi o‘zini ko‘rsatar), biroq hozircha muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi. Faqat Ferlan Mendi munosib o‘ynay oldi. Rodrigo ham bor, biroq u bu yoshida yetakchilik roliga da’vogarlardan emasdi.
Buni chempionlik transferlari deb bo‘lmasdi. Zizu so‘nggi o‘n yil ichida eng yomon mavsumni o‘tkazgan “Real”dan yangi jamoa tuzishi kerak edi. Aynan bir yil avval rasvo o‘yin namoyish qilgan futbolchilar bilan (xarid qiliganlar bilan emas), muvaffaqiyatga poydevor yasadi.

3. “Real”da qolganlaridan ustun turadigan uslub yo‘q, biroq u istalgan vaziyatda o‘zini ko‘rsata oladi. Bu jamoani boshqa top-klublardan ajratib turadi.
U “Bavariya” yoki “Manchester Siti” kabi pozitsion hujum qilmaydi, “Liverpul” kabi hududiy pressing yoki “Atalanta”ga o‘xshab personal pressing ishlatmaydi, “Atletiko” saviyasida pozitsion himoyalanmaydi, qarshi hujumlarda “Latsio” kabi harakat qilmaydi (ha, hozirda Simone Inzagi jamoasi bu borada — top darajada) va o‘yinni Lionel Messi kabi daho atrofida qurmaydi.
Pressing ayrim vaqtda boshqalaridan ajralib turadigandek bo‘ldi. Alohida o‘yinlarda “Real” bosim amalga oshirishda ajoyib harakat qildi, unda asosiy yulduz Federiko Valverde bo‘ldi. Biroq “Real” pressing-mashina bo‘la olmadi. Zidan g‘oyalardan qachon voz kechishni bilardi — tig‘iz taqvimda bunday o‘yin uslubi bilan ketma-ket 10 marta g‘alaba qozonib bo‘lmasdi. Fransiyalik mutaxassis bu sharoitga ajoyib moslashdi — “Real” so‘nggi o‘yinlarda raqibni o‘ziga chorlagan holda qarshi hujumda harakat qildi. Shuningdek, Zizu o‘yin vaqtida har safar vaziyatdan kelib chiqib to‘g‘ri qarorlar chiqardi.

Bunday adaptatsiya — “Real”ning muvaffaqiyati siri. Biror uslubni muqim ushlamagan, biroq deyarli barcha holatda kuchli jamoa murabbiyning nozik individual yurishlarisiz g‘alaba qozona olmaydi. Aynan u kerakli yo‘lni tanlaydi. Zidan juda ko‘p vaziyatda nishonni to‘g‘ri ko‘zlay oldi.
***
Shu o‘rinda Zidan bilan “Yuventus”da birga o‘ynagan va o‘shandan beri qalin do‘stiga aylangan Alessandro del Pyeroning so‘zlarini keltirish to‘g‘ri bo‘ladi: “Men Zidan bilan murabbiylik kasbi haqida gaplashdim. U bu sohada faoliyat olib borish uchun ko‘p narsalarni o‘rganish kerakligi, Fransiya va Ispaniyaga borib jamoalarni kuzatgani va boshqa murabbiylarni kuzatib borgani haqida gapirdi. Biroq, o‘ylashimcha, murabbiylik ishida unga Italiya kuchli ta’sir qilgan. Anchelotti va Lippi unga ulkan ta’sir o‘tkazgan”.

Zidanning birinchi “Real”i — bu Anchelottining niqobi. Joriy mavsum biz butkul boshqacha jamoani ko‘rdik — bu Lippining niqobi. Zidan hech kimning uslubidan to‘liq nusxa ko‘chirib olmaydi — u uslublarni o‘ziga moslashtiradi va ulardan qanday mohirlik bilan foydalanishini barchamiz bilamiz.
Zidan — bir-biriga butkul teskari bo‘lgan italiyalik top-murabbiylarning ideal mutanosibligi. Ha, aytgancha, fransiyalik mutaxassis faoliyatining avvalida Marselo Byelsa va Pep Gvardiolaga shogird tushganini unutmaslik lozim.
Balki, Zizu dunyoning eng yaxshi murabbiyi emasdir (baribir Kloppning “Liverpul”dagi yoki Gasperinining “Atalanta”dagi ishi — juda kuchli), biroq turfa xillik borasida aniq top-murabbiy. U har bir niqobda mukammal. Dunyodagi hech bir murabbiyning rivojlanishi uniki kabi qiziqarli emas.
323   
Добавить комментарий
Ваше имя: *