Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Germaniya » Futbolning buyuk masoni — Miroslav Kloze haqida

Futbolning buyuk masoni — Miroslav Kloze haqida

Автор: admin

XVIII asr boshlarida Yevropada yashirin jamiyat vujudga keladi. Bu jamiyat masonlar harakati deb nom oladi. Mason atamasi eski fransuz tilidan so‘zma-so‘z tarjima qilinganda ozod tosh teruvchi degan ma’noni anglatar ekan. Aynan ushbu jamiyat to‘g‘risida insonlar orasida bir necha yuz yillardan buyon turli xil afsona va mish-mishlar yuradi. Bunga yaqqol misol qilib, butun sayyorani uyda o‘tirishga majbur qilgan va ko‘plab insonlarni hayotdan olib ketgan СOVID-19 koronavirusini keltirish mumkin. Lekin ularning (masonlar) chindan ham borligiga va virus ham aynan ular tomonidan “yaratilganiga” hech kimda hech qanday dalil-isbot yo‘q.
Germaniya terma jamoasi sobiq a’zosi Miroslav Klozening masonlar bilan qanday aloqasi bor deysizmi? Yo‘q, topa olmadingiz, uning masonlardan ekani haqida ma’lumot u yoqda tursin mish-mish ham tarqalmagan. Uni ushbu jamiyat bilan “bog‘laydigan” yagona narsa bu — uning o‘zi kabi oddiy bo‘lmagan hayotidir.
Muvaffaqiyatsizlikka uchragan “ozod tosh teruvchi” (mason)

Otasi — futbolchi, onasi — gandbol o‘yinchisi. Oiladagi yagona farzand ulg‘aygach kim ham bo‘lardi? Afsuski, yana topa olmadingiz: quruvchi! Asli polshalik bo‘lgan muhojir oila g‘aribgina kun kechirgani bois yolg‘iz farzandining professional tarzda futbol bilan shug‘ullanishni qat’iyan man etadi. Va uni duradgorlik, so‘ngra esa tosh teruvchilik kurslariga beradi. Miroslav faqat bo‘sh vaqtlaridagina to‘p tepardi, xolos. Bo‘lajak Jahon chempionida 20 yoshgacha tuzukroq shug‘ullanish imkoniyati ham bo‘lmaydi. Bu vaqtga kelib, u havaskorlar jamoasi bo‘lgan “Homburg” klubida to‘p surardi va allaqachon professional klublar nazariga tushish bo‘lgandi.
Kayzerslauternlik sehrgar

“Men 40 yildan beri ushbu sohadaman, biroq bunga o‘xshash voqeani eslay olmayman. Bu juda ajoyib!”, — degandi “Kayzerslautern” prezidenti Klozening klubga kelib qolishi haqida.
22 yoshida yuqori divizionda harakat qiladigan klubning asosiy tarkibiga kirgan Kloze birinchi mavsumining o‘zidayoq 11 ta gol urib, jamoaning asosiy hujumchisiga aylandi va hatto, klubni Bundesliga g‘olibi qilishiga bir baxya qoladi.
Germaniya terma jamoasi qiroli

Kayzerslautern”ga kelganidan uch yil o‘tgach, Kloze uchun birdaniga ikkita milliy jamoa kurash olib boradi: Polsha va Germaniya. Miroslav esa nemislar taklifini qabul qildi va Saudiya Arabistoniga qarshi kechgan debyut uchrashuvida het-trik qayd etadi. Shundan keyin Kloze nomi tom ma’noda terma jamoa bilan birgalikda o‘sib boraverdi. U futbol tarixida ketma-ket to‘rtta Jahon Chempionatida sovrindor bo‘lgan va ketma-ket to‘rtta Jahon chempionatida ikkitadan kam gol urmagan yagona futbolchi hisoblanadi. Bu degani, futbolchi kamida 16 yil davomida yuqori darajada o‘ynashi kerak. Germaniya terma jamoasida esa futbolchilar taqchilligi kuzatilgan davr bo‘lmagan. Bundan tashqari, Kloze 36 yoshida terma jamoada Gerd Myullerning “abadiy” rekordini yangilaydi: 62 ta o‘yinda 68 ta gol. Sobiq tosh teruvchining hisobida esa 71 ta gol bor.
Futbolning oliy janob ritsari

Germaniyadagi faoliyati davomida Miroslav ikki bor hakamlardan unga ishlatilgan qo‘pollik uchun belgilangan penaltini bekor qilishni so‘raydi. Birinchi marta “Kayzerslautern”da, ikkinchisida esa “Verder” safida. “Latsio”ga o‘tganidan so‘ng “Napoli”ga qarshi o‘yinda Miroslav italiyalik futbol muxlislarni hayratda qoldiradi: u “Napoli” darvozasiga to‘p kiritadi, hamma uning golni nishonlashini kutayotganida bir vaqtda u maydon markaziga kelib, to‘p qo‘liga tegganini aytib, hakamdan golni bekor qilishni so‘raydi. Gol bekor qilindi, rimliklar 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ladi, ammo butun stadion o‘rnidan turib futbol ritsarini olqishlaydi.
Avliyo

Futbol muxlislari Jahon Chempionati finallaridagi eng “kech” urilgan gol Mario Gyotsega tegishli ekanini yaxshi biladi. 2014-yilgi Braziliya yashil maydonlarida o‘tgan mundialning final uchrashuvida g‘ayrioddiy hodisa (tasodif) yuz beradi. Tanaffus vaqtida Kloze Gyotsening yoniga kelib, o‘ziga xos psixoterapiya seansini o‘tkazadi va unga shunday deydi: “Hozir sen mening o‘rnimga tushasan va gol urasan”. Uchrashuvning 88-daqiqasiga kelib, Kloze o‘z o‘rnini aynan Gyotsega bo‘shatib beradi. Keyin nima bo‘lganini esa yaxshi bilasiz...
Shundan keyin ham qanday qilib mo‘jizalarga ishonmaslik mumkin?!
185   
Добавить комментарий
Ваше имя: *