Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » Angliyada «qizil derbi» va Lopetegining Madridga qaytishi. Hafta o‘yinlari anonsi

Angliyada «qizil derbi» va Lopetegining Madridga qaytishi. Hafta o‘yinlari anonsi

Автор: admin

Nihoyat qishki tanaffus tugab, kuchli beshlik ham to‘liq tarkibda tur o‘yinlarida davom etadi. Bugundan boshlanayotgan dam olish kunlarining qiziqarli o‘yinlari anonsi an’anaviy tarzda e’tiboringizga havola qilinadi.
SHALKE – BORUSSIYA M (18 yanvarga o‘tar kechasi, 00:30)

Bundesligada bugun oqshomda judayam qiziqarli uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Germaniya chempionati bu mavsumda boshqa ligalarga qaraganda ham, avvalgi mavsumlarga qaraganda ham, juda qiziqarli o‘tyapti. Buning asosiy sabablaridan biri, albatta, «Bavari»ning beqaror natijalar qayd etganidir. Myunxenliklar 17 o‘yindan 7tasida g‘alaba qozona olishmadi, 4 marta mag‘lubiyatga uchrashdi. So‘nggi besh mavsumni oladigan bo‘lsak, butun mavsum bo‘yicha «Bavariya» 4tadan ko‘p mag‘lubiyatga uchramagan ekan.
Bu holat boshqa jamoalarga bo‘lgan qiziqishni ham oshirgani tabiiy. Ilgari, e’tibordan chetda, 2-3 o‘rinlar uchun kurashib yurgan bu jamoalar endi «Bavariya» bilan bir rejimda borishyapti va tabiiyki, chempionlikka da’vogar sifatida tilga olinmoqda. Shulardan biri Menxengladbaxning «Borussiya»si va shulardan biri bo‘lishga harakat qilayotgan «Shalke» bugun orani ochiq qiladi. 
«Borussiya» uzoq payt turnir jadvalini boshqardi, faqat so‘nggi turlardagi «Volfsburg»dan mag‘lubiyat, hamda «Herta»ga qarshi o‘yindagi golsiz durang jamoani ikkinchi o‘ringa tushirib yubordi. Hozirda «Borussiya» 17 o‘yindan 35 ochko to‘plab, ikkinchi o‘rinda bormoqda – peshqadamdan 2 ochko farq. «Shalke» ham ortda qolib ketmagan. Jamoa hisobida 30 ochko mavjud va Rurning boshqa jamoasi, dortmundliklar bilan bir xil ochko to‘plagan holda 4-5 o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.
Tarkiblar borasida Vagner shogirdlarida yo‘qotishlar ko‘proq. Stambuli, Matondo, Sane, Makkeni kabi futbolchilarning mezbonlar safida maydonga tushishlari so‘roq ostida. «Borussiya»dan esa, Elvedi, hamda Rami Bensebayni kabi futbolchilar jamoaga yordam bera olmaydi. Darvoqe, «Shalke» qishki transferlar doirasida «Barselona»dan Jan Kler Todiboni ijaraga oldi. Bu futbolchi ushbu o‘yinda jamoaga yordam berishi dargumon, lekin keyingi o‘yinlar uchun yaxshi transfer.
O‘zaro o‘yinlarda sakkiz o‘yindan beri «Shalke» g‘alaba qozona olmayapti. Gilzenkirxenliklar so‘nggi marta 2016 yilning oktyabrida «Borussiya»ni mag‘lub etgandi – 4:0. Birinchi davrada Menxengladbaxda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hisob ochilmagan – 0:0.
ARSENAL – SHEFFILD YUNAYTED (18 yanvar, 20:00)
«Arsenal» Arteta boshchiligida ijobiy tomonga o‘zgarishni boshlaganini ayta boshlashgandi, zero yangi yilni ikki g‘alaba bilan boshlagan «to‘pchilar» o‘z darvozalari daxlsiz saqlay olishgandi. Mag‘lublardan biri ayniqsa, top-raqiblarga qarshi yaxshi o‘ynaydigan «Manchester Yunayted» ekanini e’tiborga olsak, bu g‘alaba Arteta uchun ham birinchi, ham katta g‘alaba edi. Ammo o‘tgan turda London derbisida «Kristal Pelas» bilan o‘yinda durang qayd etildi va endi «Arsenal»ning kuchli to‘rtlikdan farqi 11 ochkoni tashkil qilmoqda.
«Sheffild» esa, turnir jadvalida aynan «Arsenal»ning oltilikdagi o‘rnini egallab turibdi. Kris Uilder shogirdlari «Etihad» va «Enfild»da bir xil hisobdagi mag‘lubiyatlardan (0:2) keyin, yana eski rejimga o‘tib olishdi va o‘tgan turda «Vest Hem» mag‘lub etildi. Umuman olganda, «Sheffild» safarda, ayniqsa, Londonda juda yaxshi natija ko‘rsatishini e’tirof etish kerak. «Chelsi» ham, «Tottenhem» ham uy o‘yinida «Sheffild» ustidan g‘alaba qozona olishmagandi. Jamoa ligadagi eng yaxshi himoyaga ega: «Sheffild» atigi 21 gol qo‘yib yuborgan va faqat «Liverpul» yaxshiroq ko‘rsatkichga ega. Ikkinchidan, darvozabon Dean Hendersonning quruq o‘yinlari soni – 8ta, u ham «Lester» posboni Kasper Shmayxel bilan birgalikda, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi.
Bundan tashqari, «Arsenal» bu o‘yinda asosiy quroli, 14ta gol bilan to‘purarlar bahsida yetakchi o‘rinlarda borayotgan Per-Emerik Obameyangdan foydalana olmaydi. Gabonlik hujumchi o‘tgan turda hakam tomonidan maydondan chetlatilgandi. Shuningdek, Lukas Torreyra va Sead Kolashinats ham jarohatlangan. Faqat Ektor Bellerin haqida yaxshi xabarlar bor: u mashg‘ulotlarni boshladi va balki bu o‘yinda ham tayyor bo‘lishi mumkin. Mehmonlar tarkibida yo‘qotishlar yo‘q.
Darvoqe, jamoalarning birinchi davradagi to‘qnashuvida mezbonlar – «Sheffild Yunayted» 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. Aynan o‘sha o‘yindan keyin «Arsenal»ning ijobiy seriyasiga barham berilgan va londonliklar pastga sho‘ng‘ishni boshlagandi. Shu mag‘lubiyatdan keyin APLdagi 12 uchrashuvda «Arsenal» atigi 2 marta g‘alaba qozona oldi, xolos.
«REAL» MADRID – «SEVILYA» (18 yanvar, 20:00)

Bahor yaqinlashgan sari Zidanning «Real»i juda yuqori sport formaga kira boshlashi odatiy holga aylanib ulgurdi. Birinchidan, jamoa ancha ishonchli o‘ynay boshlaganini natijalar ham ko‘rsatib turibdi: barcha musobaqalarda 16 o‘yinda ketma-ket mag‘lubiyat nimaligini bilmaslik, bu o‘yinlarning 10tasida o‘z darvozasini daxlsiz saqlash ajoyib natijadir. Ikkinchidan, asta-sekin jarohatlangan futbolchilar ham safga qayta boshlashdi – Marko Asensio, Eden Azar kabi futbolchilarning tez tiklanmoqda. Ungacha esa «Real» qolgan joyidan davom etishi va «Barselona» bilan hal qiluvchi pallaga yo‘qotishlarsiz kirib borishi kerak. «Sevilya» – bu palladagi jiddiy sinovlardan biri.
Andalusiyaliklar faqat «Real» uchun sinov emas, Ispaniyada yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoalardan biri hamdir. «Sevilya» to‘rt o‘yindan beri La Ligadagi so‘nggi 11 o‘yinda atigi 1 marta mag‘lubiyatga uchradi va turnir jadvalida 35 ochko to‘plab, peshqadamlardan 5 ochko orqada boryapti. Chempionlar Ligasi o‘rinlari uchun kurashda «Sevilya» ham albatta, bu o‘yinda kamida bir ochko olishga harakat qilishi shubhasiz.
Bundan tashqari, jamoani Xulen Lopetegi boshqarishi ham bu o‘yinga alohida intriga taqdim etadi. Ushbu mutaxassis o‘tgan mavsumni «Real» bosh murabbiyi sifatida boshlagan, lekin bir necha oydan keyin iste’foga chiqarilgandi. Murabbiy sobiq rahbarlariga o‘zini ko‘rsatib qo‘yishga ham urinishi turgan gap. Jamoalarning birinchi davradagi o‘yini 1:0 hisobida mehmonlarning g‘alabasi bilan yakunlangan, yagona gol Karim Benzema hisobiga yozilgandi.
Lekin fransiyalik futbolchi bu uchrashuvda maydonga tusha olmasligi haqiqatga yaqinroq. Unda kichik jarohat bor. Bu sharoitda Luka Yovichning tiklanib safga qaytgani ayni muddao bo‘ldi. Shuningdek, Garet Beyl ham bu o‘yinda maydonga tusha oladi. Katta ehtimol bilan Zidan hujumda Beyl – Rodrigo – Yovich uchligidan foydalansa kerak. Yarim himoyada so‘nggi o‘yinlarda o‘ta yuqori saviyani namoyish qilib, hatto Peresga Pogbani unuttirishga sabab bo‘layotgan Valverdening ishtirok etishi shubha ostida.
Mehmonlar safida Serxio Eskudero mashg‘ulotlarga qaytdi. Tajribali futbolchi ikki oylik tanaffusdan so‘ng maydonga tushishi mumkin. Lukas Okampos esa «Atletik»ka qarshi o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasini oldi va bir o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuboradi.
O‘zaro o‘yinlarga e’tibor bersak, oxirgi 25 o‘yinning 18tasida madridliklar ustun kelgan. Aynan «Bernabeu»dagi oxirgi besh o‘yinda ham «Real» g‘alaba qozongan, xususan, to‘rttasi yirik hisobda mezbonlar g‘alabasi bilan yakunlangan. Umuman, «Sevilya»ning «Real» maydonidagi muvaffaqiyatli o‘yinini qidirsak, avvalgi o‘n yillikka qaytish lozim bo‘ladi. 2008 yilning dekabrida «Sevilya» 4:3 hisobida Madridda g‘alaba qozongan. Shundan keyingi 14 uchrashuv mezbonlarning g‘alabasi bilan tugagan. To‘plar nisbati – 50-10.
«LIVERPUL» – «MANCHESTER YUNAYTED» (18 yanvar, 21:30)

«Liverpul» Premer Ligada oxirgi marta o‘tgan yilning yanvarida o‘z uyida ochko yo‘qotgan. O‘shanda Klopp shogirdlari «Lester» bilan 1:1 hisobini qayd etgandi. Qariyb bir yil o‘tdi va «Liverpul» uy uchrashuvlarini yuz foiz g‘alaba bilan yakunlayapti.
Mehmonlarning imkoniyati juda ham oz ekaniga yana bir sabab, Sulsherning tarkibda muammolarga duch kelayotganidir. Aslida, «Manchester Yunayted» ushbu mavsumda «Liverpul»dan ochko olgan yagona jamoa bo‘lib turibdi, ammo o‘sha o‘yin birinchidan «Old Trafford»da bo‘lib o‘tgandi, ikkinchidan esa o‘sha «MYU»ga nisbatan ham hozirgisi biroz muammolarga ega bo‘lib turibdi. «Old Trafford»dagi to‘qnashuvda asosiy vazifalardan birini bajargan Skott Maktomini hali jarohatidan tiklanib ulgurmadi. Buning ustiga, Markus Reshford kubok o‘yinida zaxiradan maydonga tushib, jarohat oldi. Reshfordning o‘zi har qanday holatda ham jamoasiga yordam bermoqchi ekanini aytayotgan bo‘lsa-da, Sulsher hujumchiga kamroq umid bog‘lamoqda va «Enfild»da Reshford yaxshi sport formasida bo‘lishiga ishonmayapti. Taktik jihatdan Marsiyal yoki Grinvud emas, aynan tezkor Reshford «Liverpul» himoyasiga noqulaylik tug‘dirishi mumkin edi. Klopp jamoasi darvozasiga «MYU» o‘yindan urgan oxirgi uch gol ham aynan Reshford ijrosida amalga oshirilgandi.
Buning ustiga «Liverpul» ham o‘sha birinchi davradagi o‘yin pallasiga nisbatan ancha o‘zgargan. Endi ulardan ochko olish tugul, Alison darvozasiga gol urish ham ilojsiz holatga kelib qoldi. Qatorasiga 6 o‘yindan beri «Liverpul» APLda gol ham o‘tkazmayapti. Bunday sharoitda «MYU» yana bir bor «Liverpul»ni to‘xtatib qolishiga ishonish qiyin.
Lekin odatda Sulsher jamoasi aynan eng imkonsiz sharoitlarda bizni hayron qoldirib kelayotganini ham unutmaslik kerak. Parij va «Etihad»dagi g‘alabalar ham yorqin misol – bu o‘yinlarda jamoaning holati yanada og‘irroq bo‘lsa-da, g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqandilar. Umuman, Sulsher murabbiy sifatida Kloppga qarshi ikki marta o‘yin o‘tkazib, hali mag‘lubiyatga uchramagan. To‘g‘ri, ikki o‘yin ham «Old Trafford»da bo‘lib o‘tgan. «Enfild»dagi oxirgi to‘qnashuv esa «MYU»ning o‘sha paytdagi ustozi Joze Mourinoning iste’fosi bilan yakun topgandi.
Tarkiblar borasida so‘z yuritilsa, yuqorida tilga olinganlardan tashqari, Lyuk Shou, Pol Pogba kabi futbolchilar ham jarohatda. Eshli Yang «Inter»ga ketdi. Faqat Erik Bayi o‘tgan haftada yoshlar tarkibida o‘zini sinab ko‘rgani va Sulsher undan foydalanishi mumkinligi yaxshi xabar xolos. «Liverpul» safida markazdagi asosiy figuralardan biri bo‘lgan Fabino hamda markaziy himoyachi Matip jarohatidan forig‘ bo‘ldi.
Aytgancha, «Liverpul» so‘nggi uchrashuvini o‘tgan yakshanba kuni o‘tkazgan bo‘lsa, «Manchester Yunayted» chorshanba oqshomida kubok uchun takroriy o‘yinda «Vulverhempton»ga qarshiligini sindirishga harakat qildi. Ya’ni tiklanish uchun ham mehmonlarda uch kun kamroq vaqt bo‘ldi.
«YUVENTUS» – «PARMA» (20 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45)

A Seriyadan qiziqarli o‘yin qidiriladigan bo‘lsa, e’tibor mana shu uchrashuvga tushishi tabiiy. «Yuventus» tushunarli, «Parma»dan ham turinliklarga qarshi munosib o‘ynay olishlarini taxmin qilish mumkin. «Parma» bu mavsumda juda barqaror o‘yin namoyish etyapti va yevrokuboklar zonasidan o‘rin olish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Shuningdek, «Parma» aynan top-jamoalarga qarshi yaxshi natijalar qayd etadi.
«Atalanta» maydonidagi yirik mag‘lubiyatni aytmasa, «Parma» safarda «Inter» bilan durang qayd etdi, «Napoli» ustidan g‘alaba qozondi. Shuningdek, o‘z maydonida «Roma» ham mag‘lubiyatga uchratilgandi. «Yuventus» bilan birinchi davradagi o‘yin ham keskin kurashlar ostida kechgan va turinliklar faqat Kellinining goli evaziga g‘alaba qozonishgandi. Shu o‘rinda jamoalarning Turindagi o‘tgan mavsum uchrashuvini ham eslash mumkin. O‘shanda jangovar 3:3 hisobi qayd etilgan – hakam tomonidan qo‘shib berilgan paytda Jervino hisobni tenglashtirgandi.
Mehmonlardan yo‘qotishlar yo‘q. «Yuventus» tarkibida Ronalduning maydonga tushishi so‘roq ostida qolgan. Krishtianu ikki kun oldin Italiya Kubogida «Udineze»ga qarshi o‘yinda maydonga tushirilmadi.
«Ronalduni muhim o‘yinlar uchun asrashimiz kerak, uning «Oltin to‘p»i bir futbolchidan kamroq ekani menga yoqmayapti», – deya qarorini izohladi Sarri. Bu o‘yinda Krishtianu tayyor bo‘ladimi yoki «Roma» bilan kelasi hafta bo‘ladigan kubok o‘yini uchun asrab turiladimi, bu noma’lum. Aslida Iguain va Dibaladan tashkil topgan juftlik ham juda yaxshi o‘yin namoyish qilishmoqda.
BOSHQA O‘YINLAR
18 yanvar. Uotford – TOTTENHEM (17:30), Ausburg – BORUSSIYA D (19:30), MANCHESTER SITI – Kristal Pelas (20:00), Nyukasl – CHELSI (22:30), LEYPSIG – Union Berlin (22:30), Eybar – ATLETIKO (19 yanvarga o‘tar kechasi, 01:00)
19 yanvar. MILAN – Udineze (16:30),  Lechche – INTER (19:00), Byornli – LESTER (19:00), Herta – BAVARIYA (19:30), BARSELONA – Granada (20 yanvarga o‘tar kechasi, 01:00)


553   
Добавить комментарий
Ваше имя: *