Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Nomi ulug‘, suprasi quruq. O‘ynamasdan millionlab yevro topayotgan 10 nafar taniqli futbolchi haqida

Nomi ulug‘, suprasi quruq. O‘ynamasdan millionlab yevro topayotgan 10 nafar taniqli futbolchi haqida

Автор: admin

Yevropaning eng kuchli chempionatlari yakunlanib, g‘oliblar aniqlandi. Shu bilan birga ko‘hna qit’aning deyarli har bir yetakchi klubida juda katta maosh oladigan va kamdan kam hollarda maydonda paydo bo‘ladigan futbolchilar bor. Ular esa o‘z navbatida jamoalari uchun juda qimmatga tushadi, ayniqsa, dunyoda pandemiya hukm surib turgan vaqtda. Albatta, klublar bunday futbolchilardan qutilishni istaydi. Biroq ularni sotib olishga qurbi yetadigan jamoani topish muammo bo‘lib qolmoqda. Quyida ana shunday nomi ulug‘, lekin turli sabablarga ko‘ra, murabbiyning ishonchidan chiqqan futbolchilar to‘g‘risida so‘z boradi.
Alfons Areola (PSJ, “Real”da ijarada)

Mavsumdagi har bir o‘yin o‘rtacha 245 ming yevro
2019-yilning yozida fransiyalik darvozabon Tibo Kurtuaga o‘rinbosar sifatida “Real”ga ijaraga olib kelingandi. Areola o‘tgan mavsumda klub miqyosidagi barcha musobaqalarda 9 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z darvozasidan 11 gol o‘tkazib yubordi. Alfonsning maoshi zaxira darvozaboni uchun juda katta hisoblanadi. Uning yillik maoshi 2,7 million yevroga teng. Shu bois Zidan katta ehtimol bilan kelasi mavsumda uni Parijga qaytarib yuboradi. Uning o‘rnini esa (zaxira darvozaboni) ikki baravar kam maosh oladigan Andrey Lunin egallaydi.
Sedrik Soaresh (“Sauthempton”, “Arsenal”da ijarada)

Mavsumdagi har bir o‘yin o‘rtacha 370 ming yevro
“Arsenal” Sedrikni o‘tgan qishda “Sauthempton”dan ijaraga oldi. Portugaliyalik futbolchi Londonga tizzasidagi jarohat bilan keldi, undan forig‘ bo‘lishi bilan esa mashg‘ulotlarda burnini sindirib oldi. 2019/20-yilgi mavsumda Sedrik 5 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol urdi. Surunkali jarohatlariga qaramay, Artetaga Suareshning o‘yini ma’qul keldi va unga doimiy asosda uzoq muddatli shartnomani taklif qilmoqchi.
Tilo Kerer (PSJ)

Mavsumdagi har bir o‘yin o‘rtacha 380 ming yevro
PSJ Kererni 2018-yilning yozida “Shalke-04”dan 37 million yevroga sotib olgandi. Fransiyadagi dastlabki mavsumida futbolchi boshlang‘ich tarkibida tez-tez ko‘rinib turdi, biroq keyingi yilning boshida tizzasini jarohatlab oldi va olti oy muddatga safdan chiqdi. 2020-yilning boshidan buyon germaniyalik futbolchi 16 ta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urishga ham muvaffaq bo‘lgandi. Biroq koronavirus tufayli Fransiya chempionati muddatidan oldin tugatildi. Agar hammasi boshqacha bo‘lganida, balki Tomas Tuxel unga ko‘proq imkoniyat berarmidi?
Fil Jons (“Manchester Yunayted”)

Mavsumdagi har bir o‘yin o‘rtacha 650 ming yevro
Ortda qolgan mavsumda angliyalik futbolchi ha deganda “Manchester Yunayted”ning boshlang‘ich tarkibidan joy olavermadi. Sulsher uni zaxirada qoldirishni, ba’zida esa umuman o‘yin qaydnomasiga ham kiritmaslikni afzal ko‘rdi. Fil barcha musobaqalarda atigi 8 o‘yinda maydonga tushib, 1 ta golga mualliflik qildi. Iyul oyi o‘rtalarida esa Jonsning ushbu yozda sotib yuborilishi haqida xabarlar tarqaldi. Hozirda futbolchining transfer narxi yetti million yevro atrofida baholanmoqda.
Markos Roxo (“Manchester Yunayted”, “Estudiantes”da ijarada)

Mavsumdagi har bir o‘yin o‘rtacha 550 ming yevro
Roxo bu mavsumda to‘laligicha Sulsherning ishonchini yo‘qotdi. Norvegiyalik mutaxassis aksariyat hollarda Roxoni qaydnomaga ham kiritmadi, qishda esa uni o‘zining qadrdon klubi “Estudiantes”ga ijaraga berib yubordi. Janubiy Amerikaga ketishidan oldin Markos “Manchester Yunayted”da uchun bor-yo‘g‘i 9 ta o‘yin o‘tkazgandi. Argentinada ham uning ishlari yurishmadi, u yerga borishi bilan jarohat orttirib oldi, Argentina chempionati esa koronavirus tufayli to‘xtatib qo‘yildi. Futbolchining vakillari yozda uning “Manchester Yunayted”ni tark etish ehtimoli yuqori ekanligini ta’kidlamoqda.
Denni Drinkuoter (“Chelsi”, “Byornli” va “Aston Villa”da ijarada)

Mavsumdagi har bir o‘yin o‘rtacha 1,2 million yevro
Drinkuoter ertaknamo “Lester” bilan Angliya chempioni bo‘lgach, “Chelsi” uni Ngolo Kantedan ham qimmatroqqa sotib oladi — 38 million yevro. Ammo Denni London klubiga moslasha olmadi. Uch mavsum davomida u “ko‘klar” safida atigi 23 ta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urdi. 30 yoshli futbolchi ushbu mavsumning birinchi yarmini “Byornli”da o‘tkazdi, u yerda ham omadsizlikka uchradi. Shu yilning boshidan esa “Aston Villa”da harakat qilmoqda. Afsuski, Birmingem klubiga ham unga mos kelmayapti — samarali harakatlarsiz bor-yo‘g‘i to‘rtta o‘yin. Frenk Lempard futbolchiga ishonmaydi va bu yozda undan qutulishga harakat qilib ko‘radi.
Yulian Draksler

Mavsumdagi har bir o‘yin o‘rtacha 550 ming yevro
Draksler Germaniyaning eng iqtidorli futbolchilaridan biri deb hisoblanardi. Yevropaning eng nomdor klublari uni o‘z safida ko‘rishni xohladi, biroq Draksler PSJ va yiliga 10,2 million yevro maoshni tanladi. U ikki yil ichida Parij klubida 93 ta o‘yin o‘tkazdi. Tomas Tuxel kelgach esa asosiy tarkibdan tushib qoldi. Bunga qisman bo‘lsa-da, mavsum boshida tizzasidan olgan jarohati ham sabab bo‘ldi. 2019/20-yilgi mavsumda u barcha turnirlarda 19 ta uchrashuv o‘tkazib, biror marta ham raqiblar darvozasini ishg‘ol eta olmadi.
Mesut O‘zil (“Arsenal”)

Mavsumdagi har bir o‘yin o‘rtacha 800 ming yevro
Germaniyalik yarim himoyachi faoliyatidagi eng yomon mavsumlardan birini o‘tkazdi: barcha musobaqalarda 23 ta o‘yin, 1 ta gol va 3 ta assist. Iyun oyi o‘rtalarida Angliya chempionati tiklanganidan so‘ng esa bitta ham o‘yinda maydonga tushmadi. O‘zil Angliya Premyer Ligasining eng ko‘p maosh oladigan futbolchilaridan biri hisoblanadi. Hozircha u “Arsenal”dan ketishni xohlamayapti va shartnomasini oxiriga yetkazib qo‘yish niyatida. Bild nashrining xabariga ko‘ra, O‘zil “Fenerbahche”ning taklifini rad etib, Artetega Londonda qolish istagi borligini bildirib qo‘ygan.
Luka Yovich (“Real”)

Mavsumdagi har bir o‘yin o‘rtacha 1 million yevro
Yakuniga yetgan mavsumda yanada o‘yini ochilishi kutilgan yana bir futbolchi Luka Yovich 53 million funt evaziga “Real” safiga qo‘shilgandi. Madridliklar serbiyalik hujumchining zudlik bilan o‘zini ko‘rsatishini va gollar urishni boshlashini kutgandi. Biroq Karim Benzema asosiy tarkibdagi joyini osonlikcha serbiyalikka berib qo‘yishni xohlamadi. Natijada 22 yoshli Yovich 53 million yevro evaziga La Ligada 17 o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol va 1 ta golli uzatmaga mualliflik qildi, xolos. Marca’ga ko‘ra, madridliklar ushbu yozda Yovichni sotishni rejalashtirmoqda.
Garet Beyl (“Real”)

Mavsumdagi har bir o‘yin o‘rtacha 1,4 million yevro
Beyl nafaqat ispan jurnalistlari, balki “Real” muxlislari bilan ham munosabatlarini yomonlashtirishga ulgurdi. 31 yoshli futbolchi 2019/20-yilgi mavsumni mutlaqo samarasiz o‘tkazdi: barcha musobaqalarda 20 uchrashuv, 3 ta gol va 2 ta assist. Madrid klubi uelslik “golf ustasi”ni (Beylning o‘zi golfni futboldan-da yaxshi ko‘rishini aytgan) sotishdan xursand bo‘lardi, ammo Garetning o‘zi jamoada qolmoqchi va shartnomasini tugatib qo‘ymoqchi. Buni futbolchining agenti Jonatan Barnett ham tasdiqladi va Zidanni mijoziga kam imkoniyat berayotganlikda aybladi. Agar Beyl shartnomasining oxirigacha Madridda qolsa, “qirollik klubi” ikki yil ichida yaxshigina mablag‘ yo‘qotadi.
106   
Добавить комментарий
Ваше имя: *