Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » “Latsio” inqirozi, o‘ziga rom etgan “Atalanta” va rekordlar. A Seriya 2019/20-yilgi mavsumi nimasi bilan yodda qoldi?

“Latsio” inqirozi, o‘ziga rom etgan “Atalanta” va rekordlar. A Seriya 2019/20-yilgi mavsumi nimasi bilan yodda qoldi?

Автор: admin

Ortda qolgan mavsum italiyaliklar uchun oson kechmadi. Bu asosan, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq bo‘lib, u mamlakatdagi deyarli barcha sohalarga, xususan, sportga ham juda katta zarar yetkazdi. Uzoq vaqt davomida Italiya chempionatining qayta boshlanishi so‘roq ostida turdi. Ammo A Seriya qaytdi!
“Yuventus” ketma-ket 9-marta Italiya chempionligini qo‘lga kiritdi. “Keksa sinyora” iloji boricha intriga uzoqroq saqlab qolinishi uchun “qo‘lidan kelganini qildi”. “Yuve” qator o‘yinlarni boy berdi, ochko yo‘qotdi. Xullas, eng yaqin ta’qibchilariga har tomonlama “yordam” berishga harakat qildi. Ammo na “Latsio”, na “Inter” va na “Atalanta” bundan foydalana olmadi. Biroq buning hammasi allaqachon tarixga aylandi. Shunday ekan, quyida A Seriya yakunlari sarhisob qilinib, eng qiziqarli jihatlar havola etiladi.
Mavsumning eng yaxshi to‘purari

2018/19-yilgi mavsumda 35 yoshli Fabio Kvalyarella Italiya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi. Bu safar esa Chiro Immobile nafaqat Italiyaning, balki kuchli beshlik chempionatlarining eng yaxshi to‘purari bo‘lib, “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa u italiyalik futbolchilar orasida “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan uchinchi futbolchiga aylandi. Bungacha uning vatandoshlaridan faqat Franchesko Totti va Luka Toni ushbu mukofotni qo‘lga kiritgandi. Aytish mumkinki, Chiro “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritish bilan birga Ronaldu va Messini ortda qoldirgan o‘yinchi sifatida o‘z nomini Italiya futboli tarixiga o‘chmas izlar bilan yozdirib qo‘ydi.
2019/20-yilgi mavsumda Immobile Gonsalo Iguainning rekordini yangilab, umumiy hisobda 36 ta gol urdi. Chiro Levandovskini 2 taga, Ronalduni esa 5 ta golga ortda qoldirdi. “Latsio”da mavsumning ikkinchi yarmida muammolar paydo bo‘la boshladi, Immobile esa ketma-ket gol urmagan o‘yinlar ham bo‘ldi. Biroq shularga qaramay, italiyalik forvard o‘tgan mavsumni qoyilmaqom tarzda yakunladi. U rimliklarni Chempionlar Ligasiga qaytarish uchun qo‘lidan kelganini qildi va bunga erishdi.
Mavsumning eng yaxshi assistent(lar)i
2019/20-yilgi mavsumda bir yo‘la ikkita futbolchi mazkur sovringa ega chiqdi. Birinchisi, “Latsio” yarim himoyachisi Luis Alberto. Ispaniyalik yarim himoyachi A Seriyaning 36 o‘yinida 16 ta golli uzatmani amalga oshirdi, “Latsio”ning natijalarida nafaqat Immobilening, balki uning hissasi ham beqiyosdir. Alberto jamoaning eng yaxshi pleymeykeri bo‘lishdan tashqari, Chironing o‘yini chiqmagan pallalarda jamoaning muhim gollariga mualliflik qildi. Agar Luisning kayfiyati yomon bo‘lsa, unda butun jamoaning hujumdagi ishlari yurishmaydi.

2019/20-yilgi mavsumning ikkinchi eng yaxshi assistenti esa Alexandro Gomes bo‘ldi. “Atalanta” yarim himoyachisi ichki chempionat bahslarida 36 ta o‘yin o‘tkazib, 16 ta golga hammualliflik qildi. Shu bilan birga Bergamo klubi vakili Rimdagi raqobatchisidan 1 taga ko‘proq gol urdi (7 ta gol). Albertoning hisobida esa 6 ta gol bor. Alberto singari, Gomes ham jamoa o‘yiniga juda katta ta’sir o‘tkazadi. Bejizga unga sardorlik bog‘ichi berilmagan.
Mavsumning eng yaxshi transferi
Ushbu tarifni bemalol Romelu Lukakuga nisbatan ishlatsa bo‘ladi. Belgiyalik futbolchi Antonio Kontening uslubiga juda tez moslashdi. Hujumchi “neradzurrilar” safidagi ilk o‘yinidan boshlab, gol urishni boshladi, natijada esa mavsum oxiriga qadar raqiblar darvozasini 23 ta marta aniq nishonga oldi. Bundan tashqari, milanlik muxlislar ham uni o‘ziniki qilib oldi, boisi u italyan tilini imkon qadar tezroq o‘rganishga harakat qildi.

“Inter” “Barselona”ning Lautaro Martines borasidagi takliflari bilan ovora bo‘lgan bir vaqtda Lukaku gollar yomg‘irini yog‘dirishda davom etdi. Yakunda Romelu jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Yuqorida nomi keltirilgan argentinalik esa mavsum davomida 14 ta gol bilan kifoyalandi. To‘g‘ri, aslini olganda bu ham yomon natija hisoblanmaydi. 2019-yilning avgust oyida “Inter” Lukaku uchun “Manchester Yunayted”ga 75 million yevro to‘lagandi. Miqdor juda katta, ammo hozircha o‘yinchi unga qo‘yilgan kapitalni to‘laligicha oqlamoqda.
Mavsumning eng yomon transferi
O‘tgan mavsumning asosiy antiqahramonlaridan biri (ochig‘i, futbol muxlislari bunga ko‘nikib qolgan) Mario Balotelli bo‘ldi. 2019-yil may oyida “Breshiya” muddatidan oldin A Seriyaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi. Balotellining transferi esa jamoa uchun katta dalda bo‘lishi kutilgandi. Biroq vaqt o‘tishi bilan hujumchining ishlari yomonlasha boshladi. Mario va rahbariyati o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga keldi. Klub uning mashg‘ulot va o‘yinlarda xo‘jako‘rsinga harakat qilayotganidan va uning xulq-atvoridan norozi bo‘ldi.

O‘tgan mavsumda Balotelli atigi 5 ta golga mualliflik qildi. Mavsumni qayta boshlaganidan so‘ng esa Italiya terma jamoasi sobiq o‘yinchisining klub rahbariyati bilan munosabatlari batamom buzildi. Chempionat tiklanganidan keyin Balotelli birorta ham o‘yinda maydonga tushmadi. Yakunda jamoa B Seriyaga tushib ketdi, Balotelli esa katta ehtimol bilan jamoadan ketadi.
Mavsumning asosiy rekordlari
2019/20-yilgi mavsum ko‘plab rekordlarga boy bo‘ldi. Masalan, “Milan” 28 yil ichida ilk bor 12 ta o‘yindan iborat bo‘lgan mag‘lubiyatsiz seriya o‘tkazdi. “Yuventus” darvozaboni Janluiji Buffon A Seriyada 649-o‘yinini o‘tkazib, liga rekordchisiga aylandi. Mauritsio Sarri birinchi marta Skudettoni qo‘lga kiritgan eng keksa murabbiy sifatida tarixga kirdi. Zlatan Ibragimovich “Inter” va “Milan” safida 50 tadan ko‘proq gol urgan birinchi o‘yinchi bo‘ldi.

Ammo eng asosiysi Krishtianu Ronalduning rekordi bo‘ldi. Portugaliyalik futbolchi Italiya, Ispaniya va Angliya chempionatlarida 50 ta gol urgan ilk o‘yinchi sifatida futbol tarixiga kirdi. Futbolchi ushbu yutuqqa 2019/20-mavsum davomida erishdi. U A Seriyadagi ikki mavsumida ellikta gol urdi. Bundan tashqari, Krish Andrey Shevchenkoning rekordini yangiladi — u Italiya chempionatida 50 ta gol urish uchun eng kam vaqt sarfladi. Shevchenkoga 50 ta gol urish uchun 68 ta o‘yin kerak bo‘lgandi, Ronaldu uchun esa 61 ta uchrashuv kifoya qildi.
Mavsumning suyukli jamoasi
“Atalanta” mavsum davomida eng ko‘p maqtovlarni qabul qilgan jamoa bo‘ldi. Bergamoliklar o‘zlarining romantik va samarali o‘yini bilan barchaga o‘zini mahliyo qildi. “Atalanta” kuchli beshlik ligalaridagi eng sermahsul jamoalardan biri bo‘ldi. Jan Pyero Gasperini shogirdlari ketma-ket 25 uchrashuvda gol urib, A Seriyada klub rekordini yangiladi. Bundan tashqari, jamoa Chempionlar Ligasida ham ajoyib natijalarga erishdi. Jamoa chorak final bosqichida PSJ bilan kuch sinashdi va so‘nggi daqiqalardan o‘tkazib yuborilgan gollar tufayli musobaqani tark etdi.

“Atalanta” mavsumni yaxshi o‘tkazdi. Jamoa musobaqa jadvalida 3-o‘rinni egallab, faqatgina “Inter” va “Yuventus”dan kamroq ochko jamg‘ardi. Bergamoliklar nazariy jihatdan Skudettoni qo‘lga kiritishi mumkin edi, biroq Gasperini jamoasi bu haqda o‘ylamadi va to‘g‘ri qildi. Muhimi, jamoaning oldiga qo‘yilgan vazifa bajarildi. Chempionat kuchli uchlikda yakunlandi. Agar rahbariyat yetakchi futbolchilarni sotmasa, jamoa kelasi mavsumlarda yana-da yaxshi natijalarni ko‘rsatish ehtimoli yuqori.
Mavsumdan hafsalasi pir bo‘lgan jamoa
“Latsio”ni ushbu toifaga kiritish mumkin. Karantindan oldin “Latsio” juda yaxshi holatda edi. “Burgutlar” majburiy tanaffusga “Yuventus”dan atigi 1 ochko ortda qolgan holda chiqib ketgandi. Simone Indzagi jamoasida “Yuventus” gegemonligini buzish va Italiya chempionligini qo‘lga kiritish imkoniyati bor edi. Ammo “burgutlar” mavsum qayta boshlangach, o‘ziga o‘xshamadi, 5 o‘yin boy berildi, shu jumladan “Yuventus”ga ham.

“Latsio”ning muvaffaqiyatsizligiga turli sabablarni ko‘rsatish mumkin. Bir tomondan, jamoada birin-ketin o‘yinchilar jarohat ola boshladi. Boshqa tomondan, butun mamlakat ularni kuzatayotganini anglagan holda ruhiy bosimni boshdan kechirdi. Ba’zi hollarda shifokorlar pand berdi, ba’zida esa futbolchilar. Natijada “Latsio” Skudetto uchun kurashdan chiqdi, ammo Chempionlar Ligasiga yo‘llanmasini qo‘lga kiritildi. 12 yillik tanaffusdan keyin “Latsio” Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga chiqdi. Aynan shuni ham tom ma’nodagi g‘alaba deb atash mumkin.
197   
Добавить комментарий
Ваше имя: *