Goal24.uz » Chempionlar ligasi » «Atletiko» yoki «Leypsig»: Ikkinchi yarimfinalchi kim bo‘ladi?

«Atletiko» yoki «Leypsig»: Ikkinchi yarimfinalchi kim bo‘ladi?

Автор: admin

Bugun tunda Chempionlar ligasining chorak finalida ikkinchi o‘yin o‘tkaziladi.
Chempionlar ligasi, 1/4 final
13 avgust, Lissabon, Jose Alvalade stadioni. Soat 00:00
«Leypsig» — «Atletiko»

Krishtianu kompleksi
Bu yilgi pley-offda syurprizlar yetarlicha bo‘ldi. «Atalanta» va «Leypsig» — chorak finalgacha yetib kelishdi. Chorak finalning birinchi o‘yinida 89-daqiqagacha «Atalanta» bir oyog‘i bilan yarim finalda edi, «PSJ» qo‘shimcha daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi. 
«Atletiko» esa nimchorak finalda amaldagi finalchini «Vanda Metropolitano»da ham (1:0), «Enfild»da ham (1:0, bu Chempionlar ligasining bu mavsumdagi tomoshabinlar ishtirokidagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoldi) mag‘lub etgandi.
«Atletiko» bu mavsumda nisbatan oson yo‘ldan bormoqda. Diyego Simeone boshqaruvi davrida madridsliklar natijalarni yaxshilashdi, o‘ziga xos o‘yin uslubiga ega bo‘lishdi, ammo jamoaga Krishtianu Ronaldu kompleksi xalal berib keldi. So‘nggi o‘n yil ichida «Atletiko» Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga 6 marta (hozirgisi bilan qo‘shib hisoblaganda) chiqqan va besh marta Ronaldu o‘ynagan jamoaga yutqazgan. 2014 va 2016 yillarda «Atletiko» YeCHL finalida «Real»ga yutqazgan, 2015 yilda esa shu jamoaga  chorak finalda, 2017 yilda — yarim finalda. O‘tgan yili Krishtianu Turinda o‘ynab ham bu jamoaga jabr yetkazdi: birinchi o‘yinda «Atletiko» «Yuventus»ni 2:0 hisobida mag‘lub etgandi, ammo Turindagi o‘yinda portugaliyalik futbolchining het-triki madridliklarni turnirdan chiqarib yubordi.
Endi Ronalduning o‘zi ertaroq turnir bilan xayrlashgan — «Yuventus» «Lion» to‘sig‘idan o‘ta olmadi, jamoa birinchi o‘yinda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgandi, jamoa uchrashuvida Ronalduning dubli keyingi bosqichga o‘tish uchun yetarli bo‘lmadi. Shunday ekan, «Atletiko» «jallodi» bilan bu safar to‘qnashmaydi. Darvoqe, madridliklar guruh bosqichida «Yuventus» bilan ikki o‘yin o‘tkazgan, ammo Ronaldu bu o‘yinlarda ham gol urmagandi. Nahotki uning sehri tugagan bo‘lsa?
Koronavirus
Krishtianu yo‘q, ammo «Atletiko»da boshqa muammo bor. Lissabonga uchish oldidan asosiy tarkibning ikki futbolchisi - Shime Vrsalko va Anxel Korreaning Covid-19 uchun topshirgan testi musbat natija berdi. Klub bu ikki futbolchini izolyatsiya qilgan, ular Portugaliyaga olib ketilmagan, ammo jamoada xavotirli vaziyat yuzaga kelgan: ma’lumki, virusning inkubatsiya davri ikki hafta bo‘lib, bu vaqt davomida jamoaning boshqa futbolchilarida ham virus aniqlanishi hech gap emas.
«Atletiko» UEFAni bu haqda ogohlantirdi: darhol tashkilotga ham, muxlislarga ham xabar berildi. Madridliklarning baxtiga, YeCHL reglamentida koronavirus aniqlangan jamoa to‘liq tarkib bilan karantinga olinishi va o‘yinga yoshlar jamoasini tushirishi kerakligi qayd etilmagan. Ammo Simeone tarkib bo‘yicha boshog‘riqqa duch kelgan: Vrsalkoni muhim o‘yinchi deb bo‘lmasa ham, Korrea — «Atletiko»ning qanotlarga asoslangan o‘yin uslubidagi muhim mexanizmdir. Hozirda Partey o‘yinga qanchalik tayyorligi aniq emas — ganalik futbolchida so‘nggi haftalarda mushak bilan bog‘liq muammolar kuzatilayotgandi.
«Leypsig» Vernersiz
Madridliklarning raqiblarida ham muammolar kam emas. Birinchidan, Timo Verner iyul oyida jamoani tark etdi. Ushbu forvard Leypsigdan ketishi ma’lum edi, ammo u yevrokubok kampaniyasini jamoasi bilan yakunlay olmadi. Albatta, barchasi koronavirus tufayli. Londonliklar Vernerni jamoasida qoldirib, uning sog‘ligini xavf ostida qoldirishga rozi bo‘lishmadi. «Leypsig» uchun bu yirik yo‘qotish, axir Timo bu mavsumda 34 gol urgandi.
Shu bilan birga, nemislar jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann ijobiy kayfiyatda: u Vernerning ketishi — boshqa futbolchilarga o‘zini ko‘rsatish imkoniyati ekanini ma’lum qilgan. «Biz Timoni klonlashtira olmaymiz, ammo biz u urgan 34 gol o‘rnini to‘ldirishimiz mumkin», — degan Nagelsmann.
«Atletiko» bilan jang arafasida «Leypsig» murabbiyi xuddi YeCHL 1/4 finaliga doim chiqib yurgandek hazillashdi. Nagelsmanndan boshlang‘ich tarkib haqida so‘rashganida, shunday javob qaytardi:
«Kimdir o‘yindan oldin non va shokolad yeb qo‘ysa, u zaxira o‘rindig‘ida qoladi». Nemis futbolchilari uchun shokoladli pasta — alohida mavzu. Nolinchi yillarda Germaniya terma jamoasining ushbu mahsulot reklama roligida suratga tushgan futbolchilarining faoliyati keyinchalik yaxshi davom etmagan. Shunday ekan, Nagelsmann bunga jiddiy e’tibor qaratadi.
Nima bo‘lganda ham, «Leypsig»ga qiyin bo‘lishi tayin. «Atletiko» tajribali, tarkibdagi futbolchilar kuchliroq, ishtiyoq ham yuqori. Katta ehtimol bilan «PSJ» final ostonasida aynan madridliklar bilan o‘ynaydi. Ammo Chempionlar ligasida syurprizlar davom etishi ham mumkin.
67   
Добавить комментарий
Ваше имя: *