Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » Rekordchi “Liverpul”, qayta uyg‘ongan “Machester Yunayted” va omadsiz “Tottenhem”. Premyer Liga yakunlari haqida

Rekordchi “Liverpul”, qayta uyg‘ongan “Machester Yunayted” va omadsiz “Tottenhem”. Premyer Liga yakunlari haqida

Автор: admin

Rekordchi “Liverpul”, qayta uyg‘ongan “Machester Yunayted” va omadsiz “Tottenhem”. Premyer Liga yakunlari haqida

Angliya Premyer Ligasining 2019/20-yilgi mavsumi o‘zgacha bir ruhda o‘tdi. Bir tomondan, “Liverpul” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi ikkinchi o‘yindan so‘ng chempionat intrigasi pasayib ketgan bo‘lsa, boshqa tomondan, jamoalar kuchli 4-o‘rin kirish, ya’ni Yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun so‘nggi pallagacha kurash olib bordi. Umuman olganda, Premyer Liga qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Quyida aynan o‘sha qiziqarli voqealar haqida batafsil.
Mavsumning eng yaxshi to‘purari
Ochig‘i, 33 yoshli Jeymi Vardining mavsumning eng yaxshi to‘purari bo‘lishiga ishonganlar juda kam edi. Ammo yakunda shunday bo‘lib chiqdi. “Lester” hujumchisi Premyer Ligada “Oltin butsa” sovrinini qo‘lga kiritish uchun 35 uchrashuvda 23 ta gol urdi. Vardi “Arsenal” hujumchisi Pyer-Emerik Obameyang va “Sauthempton” forvardi Denni Ingzni atigi 1 ta golga ortda qoldirdi. Qayd etish joiz, gabonlik 22 ta gol uchun 36 ta, Ingz esa 38 ta uchrashuv sarfladi.

Vardi “Lester”ning kuchli to‘rtlikda qolishi uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qildi. Biroq“tulkilar” mavsum qayta boshlaganidan keyin ancha sust harakat qildi. Natijada klub 5-o‘rinni egallab, Yevropa Ligasi bilan kifoyalandi. Ammo Jeymi haqiqatan ham mavsumni yaxshi o‘tkazdi. Ortda qolgan mavsumda u o‘zining Premyer Ligadagi 100-golini urdi. Shuni hisobga olish kerakki, hujumchi bor-yo‘g‘i 2014-yildan beri yuqori divizionda to‘p tepmoqda. Shuningdek, Vardi Premyer Ligada 72 yil ichidagi “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritgan eng “keksa” o‘yinchi bo‘ldi.
Mavsumning eng yaxshi assistenti
“Manchester Siti” yarim himoyachisi Kevin de Bryuyne 20 ta golli uzatma bilan 2019/20-yilgi mavsumning eng yaxshi assistenti bo‘ldi. Yarim himoyachi bu yo‘lda eng yaqin ta’qibchisi Trent Aleksander-Arnoldni 7 ta uzatmaga ortda qoldirdi. Kevin jamoasi uchun yarim himoyachi nima qilishi kerak bo‘lsa, buning hammasini bajardi.

De Bryuyne 2019/20-yilgi mavsumni bemalol faoliyatidagi eng yaxshilari qatoriga qo‘shishi mumkin. Kevin talaygina assistlardan tashqari, o‘z nomiga 13 ta gol ham rasmiylashtirib qo‘ydi. Afsuski, belgiyalikning sa’y-harakatlariga qaramay, “Manchester Siti” chempionlik poygasidan ancha erta chiqib ketdi. Ammo bunda Kevinning “hissa”si deyarli yo‘q. Qolaversa, shaharliklar hali Chempionlar Ligasidagi ishtirokini davom ettirmoqda. De Bryuynening ishlari Chempionlar Ligasida ham yomon emas. Uning hisobida ikkitadan gol va golli uzatma bor.
Mavsumning eng yaxshi darvozaboni
Mazkur unvon o‘tgan mavsumda “Manchester Siti” darvozaboni Edersonga nasib etdi. O‘tgan mavsumda braziliyalik posbon 16 ta “quruq” o‘yin o‘tkazdi. U ikkinchi o‘rindagi Nik Poupdan (“Byornli”) 1 taga ko‘proq o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola oldi.

E’tiborga molik jihati, bu mavsum Ederson uchun eng yaxshisi bo‘lmadi. U 2018/19-yilgi mavsumda Premyer Ligada 38 ta o‘yin o‘tkazib, shulardan 20 tasida gol o‘tkazib yubormagandi. Bu safar esa darvozabon 35 ta o‘yinda qatnashib, 16-marta “quruq” o‘ynadi.
Mavsum sensatsiyasi
Qaysidir ma’noda “Manchester Yunayted”ni ushbu toifaga kiritish mumkin edi. Mankunianliklar 1-fevraldan keyin ichki chempionatda mag‘lubiyatga uchramadi va qutqarib bo‘lmaydigandek tuyulgan mavsumni saqlab qoldi. “Manchester Yunayted” 14 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyani o‘tkazdi va turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egalladi. Gap shundaki, “Manchester Yunayted” uchun ichki chempionatdagi bronza medallarini katta yutuq deb hisoblash mushkul bo‘lgan jamoalar qatoriga kiradi.

Shu sababli “Sheffild Yunayted”ni mavsum sensatsiyasi deb tasnif etish mantiqqa yaqinroq bo‘lardi. Jamoa o‘zi uchun ajoyib mavsumni o‘tkazdi. Kris Uaylder jamoasi uzoq vaqt davomida kuchli oltilik uchun kurashdi. Biroq chempionat qayta boshlangach, “Sheffild” beqaror o‘ynadi va mavsumni 9-o‘rinda yakunladi. Ammo jamoa bir yil oldin Chempionshipda harakat qilardi, hozir esa Premyer Liganing o‘rtamiyona jamoasi. Bundan ortiq yana qanday muvaffaqiyat bo‘lishi mumkin.
Mavsumdan ko‘ngli to‘lmagan jamoa
Yuqoridagi holat kabi, ushbu toifaga ham bir nechta jamoalarni kiritish mumkin. Ular orasida esa “Tottenhem” yetakchi hisoblanadi. Boisi London klubi tanaffusgacha faqat qoqildi. Kamiga ana shundan murakkab bir vaziyatda Maurisio Pochettino ishdan bo‘shatildi. Jamoaning tanazzulga yuz tutayotgani sezilib turardi, ammo bu faqat murabbiyning xatosi emasdi. Mutaxassis unga transferlar kerakligini ta’kidladi. Klub rahbariyati esa uning shartlarini bajarish o‘rniga unga chiqish eshiklari ko‘rsatib qo‘ydi.

“Tottenhem”
2019-yil noyabr oyida Joze Mourinyo “Tottenhem” boshqaruviga keldi. Portugaliyalik “benazir” kelgan bo‘lsa-da, jamoa beqaror o‘ynashda davom etaverdi. Bundan tashqari, klub jarohatlar borasida katta muammolarga duch keldi, birin-ketin yetakchi o‘yinchilar safdan chiqa boshladi. Biroq “Tottenhem” karantindan o‘zgacha bir vajohat bilan chiqdi. “Shporlar” o‘tkazilgan 9 o‘yinning 5 tasida g‘alaba qozondi, 3 bor durang o‘ynadi va 1-marta imkoniyat boy berib qo‘ydi. Har qalay Mourning kelgani shu yerda bilindi. Shu tariqa londonliklar Yevropa Ligasiga yo‘l oldi. Lekin o‘tgan yili Chempionlar Ligasi finalida o‘ynagan jamoa uchun bu natijani ijobiy baholash biroz mushkuldek taassurot uyg‘otmoqda.
Mavsumning eng yaxshi transferi
Mavsumning eng yaxshi transferi, shubhasiz, Brunu Fernandeshning Manchesterga kelishidir. Yanvar oyi oxirida “Manchester Yunayted” “Sporting”ga hujumkor yarim himoyachi uchun 55 million yevro to‘ladi. Fernandesh esa darhol unga qo‘yilgan kapitalni oqlay boshladi. Yangi klubi uchun ikkinchi o‘yindayoq, u o‘z hisobiga golli uzatma yozdirib qo‘ydi. Futbolchi Premyer Ligada 14 ta o‘yin o‘tkazib, shulardan 10 tasida samarali harakatlari bilan ajralib turdi, ba’zida esa bitta bilan (gol yoki assist) cheklanmadi.

Brunu Fernandesh
Fernandesh kelganidan keyin “Manchester Yunayted” ichki chempionat bahslarida birorta ham o‘yinda yutqazmadi. Brununi manchesterliklar darhol “o‘ziniki” qilib oldi. Hozirda u jamoaning yetakchi o‘yinchilaridan. Aynan uning xizmatlari jamoaning muvaffaqiyatlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mavsumning asosiy rekordlari
Va nihoyat, musobaqa chempioni haqida. Aynan “Liverpul” o‘tgan mavsumda Premyer Ligadagi aksariyat rekordlarning muallifi bo‘ldi. Misol uchun, “qizillar” turnirda 31 ta o‘yinda g‘alaba qozonib, bir mavsumda bunday ko‘rsatkichga erishgan yagona jamoaga aylandi. Bundan tashqari, mersisaydliklar liga tarixidagi eng erta chempionlikni qayd etdi. Yurgen Klopp shogirdlari chempionat yakunlanishiga 7 tur qolganida o‘zlari uchun chempionlikni kafolatlab qo‘ygandi.

Jamoa You’ll Never Walk Alone qo‘shig‘ini birgalikda kuylamoqda
“Liverpul” butun yil davomida ajoyib formada bo‘ldi. “Qizillar” kuchli beshlik chempionatlarida mavsumning eng yaxshi startini amalga oshirdi — 21-turdan keyin 61 ochko. Shunga qaramay, jamoaga “Manchester Siti”ning 2017/18-yildagi rekordini (100 ochko) takrorlash uchun bor-yo‘g‘i ikki ochko yetmay qoldi. Ammo bu Mersisayd tomonini zarracha ham xafa qilmagan bo‘lsa kerak. “Liverpul”ning takrorlagan, yangilagan va o‘rnatgan rekordlari haqida soatlab to‘xtamasdan gapirish mumkin. Asosiysi, “qizillar” 30 yillik tanaffusdan keyin munosib tarzda chempionlikni qo‘lga kiritdi. Muhimi shu, shunday emasmi?
78   
Добавить комментарий
Ваше имя: *