Goal24.uz » O'zbekiston » «Jaloliddinovga Turkiyadan 400 ming yevrolik taklif turganda, nega u erkin agentga aylantirilib, «Lokomotiv»ga jo‘natildi?» PFL transfer bo‘yicha O‘FAdan ish ochishni so‘radi

«Jaloliddinovga Turkiyadan 400 ming yevrolik taklif turganda, nega u erkin agentga aylantirilib, «Lokomotiv»ga jo‘natildi?» PFL transfer bo‘yicha O‘FAdan ish ochishni so‘radi

Автор: admin

O‘zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayevning telegramdagi kanalida yozishicha, PFL Jasur Jaloliddinov transferi bo‘yicha O‘FAdan ish ochishni so‘ragan. Mutaxassis bu borada bir qator savollarni qo‘ygan.

«TMSga Jaloliddinov ishi bo‘yicha kelishuv bitimi emas, futbolchi va «Bunyodkor» o‘rtasida shartnomani bekor qilish bo‘yicha bitim joylashtirilgan. Ya’ni, futbolchi bilan shartnoma avval bekor qilinib, u erkin agentga aylantirilgan. Nega?
Jaloliddinov bilan shartnoma bekor qilingan bo‘lsa, bitim birinchi navbatda O‘zPFLga taqdim etilishi kerak bo‘lgan. Ammo O‘zPFL bundan bexabar, «Lokomotiv» esa hujjatni allaqachon qo‘lga kiritgan. Nega?
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jaloliddinov transferi borasida axborot berishni so‘rab, ikki marta «Bunyodkor»ga murojaat qilgan, ammo ish pishmaguniga qadar «Bunyodkor» javob xatini paysalga solgan. Nega?
Jaloliddinovga Turkiyadan 400 ming yevrolik taklif turganda, nega u erkin agentga aylantirilib, keyin «Lokomotiv»ga yo‘naltirilgan?
«Lokomotiv»ning TMS so‘roviga ikki hafta ichida javob qaytarilmasa, FIFA o‘z-o‘zidan futbolchi manfaati uchun qaror chiqarib beradi. Doston Hamdamov ishida ham shunday bo‘lgan. Ko‘rinishidan, ishni ikki hafta cho‘zib turish kimgadir kerak bo‘lgan. Ammo klubda rahbariyat almashishi, katta ehtimol bilan o‘sha rejalarni buzgan. 
Bu boradagi savollar o‘rinsiz bo‘lib, balki hammasi reglament asosida amalga oshirilgan, shubhaga o‘rin yo‘qdir... Biroq endi buni isbotlab berish kerak bo‘ladi. TMS so‘roviga javob qaytarish uchun esa O‘FAda 10 kundan ortiq vaqt bor. De fakto Jaloliddinov «Lokomotiv» libosini kiyib ulgurgan bo‘lsa-da, de yure O‘zPFL uchun futbolchi hali-hamon «Bunyodkor» vakili hisoblanadi. Bunda albatta futbolchi va klub 2021 yilning apreliga qadar davom etishi kerak bo‘lgan shartnomani bekor qilib ulgurganini ham unutmaslik kerak. Bu birlamchi hujjat hisoblanadi», - deya yozadi PFL rahbari.
Ushbu postdan keyin PFL direktori Jasur Jaloliddinovning transferiga o‘xshash vaziyatni batafsilroq tushuntirgan.
«O‘zPFLdagi ikki yilim davomida eng ko‘p yomon ko‘rganim narsa — shartnomalarni ikki tomonlama bekor qilish.
Ha, aslida bunga klublarning haqqi bor. Buni taqiqlashga esa O‘zPFLning haqqi yo‘q. Ammo uchinchi masalani ham unutmaslik kerakki, o‘rtada davlatning yoki xalqning puli turibdi. Shundan kelib chiqilsa, bu ishlarda nazorat bo‘lishi kerak. 
Holatni tushuntiraman. Sizda yaxshi futbolchi bor, aytaylik, u Toshkentning yoki xorijning biror klubiga yo‘l olmoqchi. O‘sha jamoa esa futbolchini ehtimoliy transferidan arzonroqqa qo‘lga kiritmoqchi. Bunda futbol agentlari asosiy rolni o‘ynab berishadi. Ya’ni, shundoq ham ketishni istayotgan futbolchi nomidan sizga «sovchi» bo‘lib kelishadi. 
Demak, kelishuv asosida siz futbolchi bilan shartnomani bekor qilib berasiz. Futbolchi rozi, u yaxshiroq klubga oson ketyapti. Siz rozi, agentlar orqali ulushingizni oldingiz. Olayotgan klub rozi, maqsadiga yetishdi. Ammo futbolchini tarbiyalagan klubga hech narsa yo‘q. Klublarda futbolchilarini koronavirus testidan o‘tkazish uchun ham pul yo‘q. Ko‘p klublarimiz nogiron, ularga kimdir qarab turmasa, kimdir pul berib turmasa, ochidan o‘ladi», - deya yozgan Diyor Imomxo‘jayev.
Ma’lumot uchun, avvalroq «Bunyodkor» klubi direktori Ulug‘bek Mirzayev Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda Jasur Jaloliddinov uchun «Lokomotiv» klubi 350 ming yevro miqdoridagi transfer puli to‘lashini aytib o‘tgandi. Oradan ikki hafta o‘tgach, Ulug‘bek Mirzayev noma’lum sabablarga ko‘ra Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari buyrug‘i bilan «Bunyodkor» klubi direktori lavozimidan ozod qilingandi.
73   
Добавить комментарий
Ваше имя: *