Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » Gvardiolada faqat bitta yechim bor. Bu — Messi

Gvardiolada faqat bitta yechim bor. Bu — Messi

Автор: admin

“Manchester Siti” shayxlari uchun mana 12 yildirki Chempionlar Ligasidagi g‘alaba armon bo‘lib qolmoqda. Shu vaqt mobaynida futbolchilar va murabbiylarning transferlari uchun qariyb 1,5 milliard funtdan ko‘proq mablag‘ sarflandi (ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha “Siti” Angliya Premyer Ligasining mutlaq rekordchisi hisoblanadi), ammo klubning barcha sovrinlari (13 ta kubok) faqat ichki birinchiliklarda qo‘lga kiritilmoqda.
“Shaharliklar” Chempionlar Ligasidagi debyutini 2011/2012-yilgi mavsumda o‘tkazgandi. Jamoa 2011-yilning 14-sentabrida bo‘lib o‘tgan o‘yinni (“Napoli”ga qarshi 1:1) quyidagi tarkibda boshlagandi: Jo Hart — Aleksander Kolarov, Vensan Kompani, Joleon Leskott, Pablo Sabaleta — Garet Barri, Yaya Ture — Samir Nasri, David Silva — Eden Jeko, Serxio Aguero.
O‘sha tarkibdan faqat David Silva “Lion”ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi, ammo yaqinda u ham “Real Sosyedad”ga yo‘l oldi. Aguero esa jarohati tufayli so‘nggi uchrashuvlarni maydondan chetidan tomosha qilishga majbur bo‘ldi.
Jamoaning Chempionlar Ligasidagi ishlari Manchini davrida ham, Pellegrini davrida ham yurishmadi. Garchi, chililik mutaxassis (Pellegrini) 2016-yilda jamoani yarim finalgacha olib chiqqan bo‘lsa-da, ko‘pchilikka ma’lum mazkur musobaqada bu bosqich unchalik ham ijobiy natija hisoblanmaydi. “Siti” o‘sha yili bo‘lajak chempion “Real”ga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi.

Shundan so‘ng aynan Gvardiola Chempionlar Ligasida muvaffaqiyatga erishish uchun jamoaga chaqirilgandi. Ammo “Barselona”dan keyin ushbu musobaqa g‘olibligi Pep uchun ham armon bo‘lib qolmoqda. U na “Bavariya” va na “Siti” bilan jilla qursa finalga ham chiqa oldi.
Angliyada to‘rt mavsum va Chempionlar Ligasidagi to‘rt muvaffaqiyatsizlik. Bu yo‘lda u va uning jamoasiga duch kelgan raqiblarni unchalik ham kuchli deb atab bo‘lmas edi.
2017-yil. “Monako” 18 yoshli Mbappe bilan mehmonda urilgan gol evaziga “Siti”ni dog‘da qoldirdi — 3:5 va 3:1.
2018-yil. “Siti”ning Chempionlar Ligasi pley-offidagi yagona va hech qanday oqlashlarsiz mag‘lubiyati. Yarim final uchun kurashda Kloppning “Liverpul”i “shaharliklar”ga hech qanday imkoniyat qoldirmagandi. “Enfild”da 3:0, “Ittihod”da esa 2:1.
2019-yil. Chorak finalda “Monako” bilan bo‘lgani kabi, “Tottenhem” mehmonda urilgan gollar sabab keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi — 1:0 va 3:4.
2020-yil. Endi esa Fransiyaning yettinchi jamoasi — “Lion”.
O‘yin oxirlarida Pepning holatini kuzatish juda achinarli edi. U faqat yig‘lamayotgandi, xolos. Hisob 1:2 vaqtida Sterling bo‘sh darvozani ikki metrdan nishonga ololmagan vaqtda esa uning o‘rnida bo‘lib qolishni hech kim istamagan bo‘lsa kerak.
Ko‘rinishidan, Pepning o‘zi ham bu “la’nati” musobaqani yutish uchun yana nima qilish kerakligini tushunmayotganga va sabri ham tobora tugab borayotganga o‘xshaydi.
Tahlilchilar esa uni yildan-yilga tanqidlar bilan ko‘mib tashlamoqda. Qiziq Gvardiola yana qancha: “u ‘Barselona’ va ‘tiki-taka’siz hech narsa qila olmaydi” degan gaplarga dosh bera olarkan.
Bu “Bavariya” bilan 7 ta, “Siti” bilan esa 8 ta sovrin yutgan murabbiy haqidagi aytilayotgan gaplar edi.
Ajoyib natija, shunday emasmi?
Biroq Chempionlar Ligasida mana 10 yildirki g‘alabadan darak yo‘q.
Ingliz nashrlarining yozishicha, bu yozda Gvardiola transferlar uchun yana 300 million funt taqdim etilarkan. Gvardiola jamoaga nima kerakligini aniq biladi. U “Real” bilan o‘yin oldidan shunday degandi: “Agar ‘Siti’ Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishni istasa, birinchi navbatda himoyaviy o‘yinimizni yaxshilashimiz kerak”.
Natan Ake allaqachon sotib olindi, shuningdek, Kalidu Kulibali transferi ham amalga oshishi kutilmoqda. Bundan tashqari, hozirda jamoa skautlari yana bir qanot himoyachisini izlash bilan ovora.
Biroq bularning barchasi Pepga yordam berarmikan? Agar bu haqiqatan ham geshtalt psixologiyasi yoki qandaydir metafizik hodisalarga bog‘liq bo‘lsa, unda bu yerda faqat bitta yechim bor — Messi... Hozir (8:2 dan keyin) buning eng yaxshi vaqtidir. Keyinchalik bundan ortiq qulay vaziyat bo‘lmasligi ehtimoli ancha yuqori.
61   
Добавить комментарий
Ваше имя: *