Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » Bardam bo‘l, “Barselona”! Klubga yangi murabbiy emas, balki yangi prezident kerakligi haqida

Bardam bo‘l, “Barselona”! Klubga yangi murabbiy emas, balki yangi prezident kerakligi haqida

Автор: admin

Bugungi kunga kelib, “Barselona” haqida yozishning eng qiyin qismi bu takrorlamaslik bo‘lib qoldi. Qator sabablarga ko‘ra bu juda murakkab. “Barselona”ning ishlari orqaga ketishi Valverdening ishdan bo‘shatilganda yoki Grizmann sotib olinganda emas, balki ancha oldinroq boshlangan. Yillar davomida to‘plangan qarama-qarshiliklar allaqachon chuqur va tushunib bo‘lmas holatga aylanishga ulgurdi va barcha yoriqlar orasidan chiqa boshladi. Shuning uchun oxirgi vaqtlarda “Barsa” haqida juda ko‘p yozildi.
O‘zgarishlardan esa darak yo‘q. Faqatgina murabbiy o‘zgardi. Klub mojarolarga to‘lib ketdi, moliyaviy muammolar paydo bo‘la boshladi, yetakchilar esa rahbariyat bilan kelisha olmayapti. Albatta, bularning barchasi jamoa o‘yiniga ta’sir o‘tkazmay qolmadi.
Setyenni ishdan bo‘shatish kerak edi, ammo bu uning aybi emas. Valverde bilan ham shunday holat

Setyenning juda qisqa muddat ichida Valverdega “aylangani” kishini hayratga soladi. “Bavariya”ga qarshi muvaffaqiyatsiz o‘yindagi gibrid (hujumda 4-3-3 va himoyadagi 4-2-2 orasidagi) taktik sxema o‘tgan yili “Liverpul” bilan o‘yindagi (muvaffaqiyatsiz) rejaning nusxasi edi. O‘sha paytda bo‘lgani kabi “Barselona” o‘yinning barcha jabhalarida raqibdan kuchsizligi ko‘rinib turdi. Ya’ni muammo nafaqat bartaraf etilmagan, balki hozir ham o‘sha ish bermagan usullardan foydalanilmoqda. Bu juda g‘alati, shunday emasmi?
Tabiiyki, bu dilemma holatiga olib keladi. Yoki Setyen futbol haqida hech narsani tushunmaydigan oddiy jismoniy tarbiya o‘qituvchisi. Biroq quyi pog‘onalarda yuradigan jamoaga (“Betis”) top-klublarning o‘yin uslubini singdirgan va ma’lum natijalarga erishgan shaxsni jismoniy tarbiya o‘qituvchisi deb atashga til bormaydi.
Darvoqe, Valverde ham “Barselona”gajimgina asosiy tarkibda maydonga tushadigan o‘yinchilar familiyasini yozadigan murabbiy sifatida emas, balki “Atletik”ni tom ma’nodagi pressing jamoasiga aylantirgan mutaxassis sifatida kelgandi. U Setyenga qaraganda uzoqroq ishlagan va bir nechta esda qolarli yurishlarni ham amalga oshirgandi. Biroq unga ham yakunda Setyen bilan bo‘lgani kabi, shunchaki chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Demak, u ham uslubiy, ham natija jihatidan jismoniy tarbiya o‘qituvchisimi?
Albatta, yo‘q.
Agar turli murabbiylar mavsumning aynan muhim pallasida bir xil, ya’ni samarasiz qaror qabul qila boshlasa, demak, ular ishlayotgan muhit aybdor.
Ish muhiti esa rahbariyat tomonidan yaratiladi.
Kim aybdorligini hamma biladi
Bartomeuni yomonlashni boshlashdan oldin, u haqida ba’zi yaxshi jihatlarni aytib o‘tish o‘rinli bo‘lardi. U klub muvaffaqiyat cho‘qqisiga yaqin turgan vaqtda klubni qabul qilib oldi va moliyaviy yutuqlarga erishdi. U 2013-yilning boshida, “Barselona”ning yillik daromadi 483 million yevroni tashkil qilgan vaqtda prezident bo‘lgandi. Hozir esa klubning yillik daromadi 840 million yevroni tashkil qiladi. Ha, bu davrda industriya rivojlandi, ammo klub boshqalarga qaraganda tezlik bilan o‘sdi. Taqqoslash uchun, “Real”ning ushbu davrdagi daromadi yiliga 512 milliondan 757 million yevrogacha o‘sdi. “Barselona”ning 2020-yilgi budjeti 1,01 milliard yevro bo‘lishi rejalashtirilgandi. Afsuski, bu miqdor pandemiya tufayli pasaydi. Ammo bunda (pandemiyada) Bartomeuning aybi yo‘qligi aniq.

Bartomeu bunday pul ishlash qobiliyati bilan ideal prezidentga aylanishi mumkin edi. Biroq ikki jihat unga pand berdi. Birinchisi, strategik rivojlanishning yetishmasligi. Ikkinchisi, uzoq muddatli rejalashtirish vakolatiga ega bo‘lgan yordamchining yo‘qligi.
To‘g‘ri, bu juda bir qo‘rqinchli tarzda eshitilmaydi, ammo barchasi (muammolar) shundan kelib chiqadi. Klub juda qisqa vaqt ichida qisqa muddatli rejadan ikkinchisiga o‘tdi, o‘zgarishlarga esa shunchaki munosabat bildirdi.
Neymar ketdimi? Demak, boshqa yulduzni olib kelish kerak. Yulduz o‘ynab keta olmadimi? Mayli, unda boshqasini sotib olamiz.
Bu shunchaki bema’ni yuzaki yondashuvdir.
Ushbu yondashuv bilan klub yangi o‘yinchilarni sotib olayotganda, jamoa Neymarsiz dastlabki olti oy ichida yuqori sifatli va tartibli futbol o‘ynaganiga e’tibor qaratishni unutib qo‘ydi.
Rejaning yo‘qligiga yaqqol isbot: Neymar ketganidan so‘ng “Barselona” yangi futbolchilarga 780 million yevro sarfladi, tarkib esa kuchayish o‘rniga faqat zaiflashdi.
“Barselona” muxlislari uchun yaxshi xabar, bularning barchasi bir yildan so‘ng tugaydi. Lekin bunga hech qanday kafolat yo‘q. Prezidentlikka nomzodlarning aksariyati yetarli darajada munozarali.
Font – klubning qadriyatlari va DNKsiga murojaat qilib, Xavi bilan birgalikda yangi loyiha qurishni va’da bermoqda. Bu juda chiroyli eshitiladi, ammo u agar saylovda g‘alaba qozonsa, jamoaning natijalaridan qat’i nazar Kumanni ishdan bo‘shatishini aytgan. Bu uning klubga bo‘lgan munosabatini aniq qilib ko‘rsatib beradi: shaxsan unga klubning natijalari qancha yomon bo‘lsa, shuncha yaxshi. Shuning uchun ham Kuman tayinlangan kundan boshlab, uni “cho‘ktirish”ga harakat qilmoqda. Boshqa bir nomzod Rossel. U pul “yuvish”da ayblanib, ikki yil qamoqda ham o‘tirib chiqdi. U “Barsa” prezidenti bo‘lganida Neymarning shov-shuvli transferi amalga oshgandi va Gvardiola bilan mojaro yuz bergandi, aynan shu sababli Pep klubni tark etgan. Bartomeu Rosselning vitse-prezidenti edi va qaysidir ma’noda hozir ham uning siyosatini davom ettirish bilan shug‘ullanmoqda.
Laportani ham eslab o‘tish lozim, u 2008-yilda yosh va tajribasiz Gvardiolaga ishonib, unga jamoani “tozalash”ni topshirgandi. Unda inqiroz-menejmenti bilan tajribasi bor.
Saylovda kim g‘alaba qozonishidan qat’i nazar o‘zgarishlar boshlanishi aniq va hozir klub uchun bu eng muhimi.
Murabbiy nima qila oladi?
Kuman aynan shunday vaziyatga tushib qoldi. Ha, nihoyat yangi murabbiy haqida. Kuman “Barselona”ga mos keladimi? U nimalarni o‘zgartira oladi? Uning istiqbollari qanday? Murabbiy almashgan keyin beriladigan odatiy savollar, lekin hozir ular mantiqqa ega emasdek go‘yo. Setyen uslubga mos kelar, xo‘sh nima bo‘libdi. Kuman hozir bir tonna marmarni qayta ishlashi kerak bo‘lgan haykaltaroshga o‘xshaydi, uning vositalari esa qalamtarosh hamda bir yildan so‘ng ishdan olinishini bilishidir.

Kumanning ustun jihati ham bor: u avval terma jamoa bilan ishlagan. Bu juda muhim, chunki terma jamoada ishlash klubdagidan tubdan farq qiladi: transferlar amalga oshirilmaydi, mavsumoldi mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydi, jamoani murabbiy qurmaydi, balki futbolchilarning holatiga qarab, o‘yin ularning eng yaxshi xususiyatlariga moslashtiriladi. Hozirgi “Barselona” esa terma jamoaga juda o‘xshaydi. Katta yoshli afsonalar va uslubi va pozitsiyasidan qat’i nazar sotib olingan bir nechta yosh futbolchilar. Terma jamoalarda ham aynan shunday. Buning ustiga so‘nggi yillarda “Barselona”ning Messiga total qaramligi Argentina terma jamoasini esga solib yubormoqda.
Kumanning Kataloniyadagi o‘tmishi hech bo‘lmaganda unga bosimni yengishda yordam beradi. U katta ehtimol bilan “Barselona”da ko‘proq himoyaviy uslubni joriy etishga harakat qilsa kerak. Niderlandiya terma jamoasida bo‘lgani kabi, 4-2-3-1 sxemasini qo‘llaydi.
Terma jamoadagi tajriba va o‘z uslubida qat’iy tura olish (Setyenga yetmagan jihatlardan biri) – Kumanga o‘tish davridan muvaffaqiyatli o‘tib olishga yordam beradi. “Barselona”ning yosh bo‘lmagan tarkibi tezligi bilan maqtana olmasa ham, yuqori darajada pressing qila olmasa ham, sakkiz kishilik himoya bilan ham istalgan kuchsiz raqibni mag‘lub etish uchun yetarli darajada mahoratga ega.
Bu yerda savol sal boshqacharoq bo‘ladi: “Barselona”ga kelgusi nima uchun kerak? Agar hamma uni imkon qadar muvaffaqiyatsizliklarsiz o‘tkazishga va amal-taqal qilib keyingi yilga yetib olishga harakat qilsa?
“Barselona”ga birinchi navbatda saylovlar kerak. Shundan keyingina murabbiy.
84   
Добавить комментарий
Ваше имя: *