Goal24.uz » Chempionlar ligasi » Eslab qoling, bu kabi Chempionlar Ligasi boshqa bo‘lmaydi. Karantinli futbol haqida

Eslab qoling, bu kabi Chempionlar Ligasi boshqa bo‘lmaydi. Karantinli futbol haqida

Автор: admin

Shubhasiz, pandemiya tufayli ortda qolgan mavsum o‘ziga xos va noyob tarzda o‘tdi. Ushbu Chempionlar Ligasini eslab qolish kerak, boisi bunaqasi boshqa bo‘lmaydi: UEFA o‘ziga dushman emaski, qo‘shimcha daromaddan voz kechsa. Shu sababli, keyingi mavsumdan boshlab pley-off o‘z holiga (ikki uchrashuv) qaytadi.
Mavsumni “sakkiz finalchi” formatida tugatish tasdiqlanganida, autsayderlarning finalga chiqish imkoniyati ko‘pchilik tomonidan yuqori baholangandi. “Leypsig”, “Atalanta” va “Lion” kabi jamoalar eslab o‘tilgandi. Qisman bo‘lsa-da taxminlar o‘zini oqladi ham, biroq baribir finalga grandlar yo‘l oldi.
Xo‘sh, COVID-19 futbolning tomoshabobligiga ta’sir o‘tkazdimi? Xulosa chiqarishga shoshilmang! Taxminlarning aksariyati quyidagicha bo‘lgandi: muxlislarsiz atmosfera yo‘qoladi, futbolchilar maydonda yugurish o‘rniga yuradi, samaradorlik pasayadi va hokazo. Ammo bu yoz futbolchilar o‘zlari o‘zlariga motivatsiya berishi mumkinligini isbotlab berdi. Bu nafaqat Chempionlar Ligasi finaliga, balki dastlabki bosqichlarga ham tegishli. To‘g‘ri, UEFA mavsumni oxiriga yetkazishga qaror qilganiga sabab – ko‘p millionli shartnoma majburiyatlari. Biroq futbolchilar ham agar Yevromavsum tugatib qo‘yilmaganida, bundan xursand bo‘lmasligi aniq edi. Ha, hamma charchagandi, biroq finalgacha yo‘l oz qolgandi. Bu yerda birgina ikkilanish –futbolchilar o‘z darajasida o‘ynay oladimi degan savolda edi. Biroq so‘nggi pallagacha intriga saqlanib turdi va bunda har bir futbolchi o‘zining sovringa qanchalik yaqin turganini his qilib ko‘rdi.
COVID-19 finalga ta’sir qildimi? Buning uchun o‘tgan yilgi “Liverpul” va “Tottenhem” o‘rtasidagi uchrashuvni eslashning o‘zi kifoya. O‘shanda hatto gavjum stadion ham o‘yinni “qizdirib” bera olmagandi. Bu yili tribunalar bo‘sh, birinchi bo‘lim golsiz o‘tgan bo‘lsa ham, oldingi yilgi Chempionlar Ligasi finaliga qaraganda ko‘proq voqealarga boy bo‘ldi. Bu yerda motivatsiya o‘z so‘zini aytdi. Bu bilan o‘tgan yilgi finalda motivatsiya yo‘q edi degan fikr ilgari surilmayapti. Shunchaki Neymar barchaga Messisiz ham kuchli ekanligini isbotlashni, Mbappe 21 yoshida ham terma jamoa (Mbappe 2018-yilda Fransiya terma jamoasi bilan Jahon chempioni bo‘lgan), ham klub miqyosidagi eng katta ikkita yirik musobaqada g‘olib bo‘lishni istardi. Levandovski boshchiligidagi “Bavariya” esa o‘zining Yevropadagi tengsiz ekanligini ko‘rsatmoqchi edi.
Myunxenliklar moslashuvchan ekanligini isbotladi. Stereotiplik nuqtayi nazardan, “Bavariya” dahshatli buldozer bo‘lib, natijaga qiyinchilik bilan erishish nimaligini bilmaydi. Finalda ham shunday bo‘ldi. Myunxenlik futbolchilar shunchaki final bosimi bo‘lgani uchun ko‘p(roq) gol ura olmadi, xolos. PSJ ham xuddi yirik turnirlarning klassik finallarida bo‘lgani kabi, qo‘shimcha vaqtlarda hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Shunda hakamlar borasida ham ko‘plab savollar tug‘ilgan bo‘lardi – xuddi pandemiyadan oldin bo‘lgani kabi.
“Futbolni 22 kishi o‘ynaydi, yakunda esa nemislar g‘alaba qozonadi”. Ha, “Bavariya” tizimli futbolning natijasini ko‘rsatdi. U karantindan oldin g‘alaba qozonayotgandi, undan keyin ham to‘xtamadi. Aftidan, unga hech narsa ta’sir qilmaydi: na koronavirus va karantin. Nima bo‘lsa ham g‘alaba qozonaveradi.
Ushbu Chempionlar Ligasini eslab qoling. Ha, uning g‘olibi hech kimni ajablantirmadi, ammo jamoalarning finalgacha bo‘lgan yo‘li mislsiz hodisa edi. Bunaqasi endi boshqa bo‘lmaydi (bo‘lishini hech kim xohlamasa ham kerak).
“Bavariya” esa har doim shunday bo‘lib qolaveradi.
81   
Добавить комментарий
Ваше имя: *