Goal24.uz » Европа жамоалари » Ispaniya » Zidan xatosini to‘g‘rilay oladi. Derbida bu tasdiqlandi

Zidan xatosini to‘g‘rilay oladi. Derbida bu tasdiqlandi

Автор: admin

«Atletiko» Chempionlar ligasi yo‘llanmasini xavf ostida qoldirmoqda.
Derbi arafasida Madrid jamoalarini chempionat turnir jadvalida 10 ochko ajratib turgandi — «Real» haqli ravishda birinchi o‘rinda, «Atletiko» esa — beshinchi o‘rinda. Bundan tashqari, «matraschilar» inqiroz ko‘chasiga kirib qolishgan: «Eybar»ga mag‘lub bo‘lindi, turnir jadvalining eng oxirgi o‘rnidagi «Leganes» bilan golsiz durang qayd etildi. «Real»da esa bari aksincha – 2020 yilda faqat g‘alaba, 20 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya va liga chempionligi uchun «Barselona» bilan raqobatda ustunlik.
«Real» va «Atletiko» yaqindagina o‘zaro uchrashgandi – Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Ispaniya Superkubogi finalida. Bu zerikarli o‘yinda xuddi jahonning eng kuchli futbolchilari emas, Albaniya chempionatidagi havaskorlar to‘p surayotgandek tasavvur uyg‘ongandi. Yakunda g‘olib penaltilar seriyasida aniqlangan va Kurtua qahramonga aylangandi.
Ramos nomidagi bo‘lim
Simeone jarohatlar muammosi tufayli yaxshi tarkibga ega bo‘lolmayapti. Madrid derbisida maydonning o‘ng qanotida Vrsalko harakat qildi, holbuki u qariyb ikki yildan buyon «Atletiko»ning asosiy tarkibida o‘ynamagandi. Bu tanlov shunchalik kutilmagan ediki, uning so‘nggi vaqtlardagi suratlarini topib bo‘lmadi. «Matraschilar» birinchi bo‘limda o‘yinni nazorat qilishdi, odatdagi taktika – to‘p «Real»ga topshirildi va xavfli qarshi hujumlar uyushtirildi. Shunday hujumlardan birida Korrea Vitolo bilan «devor» uslubida o‘ynab darvoza ustunini nishonga oldi.
Zidan «matraschilar»ga qarshi avvalgi o‘yindagi taktikani qo‘llashga qaror qildi — 4-5-1, bu sxemada yarimhimoyachilar maydon markazini to‘ldirib, flanglar qanot himoyachilariga topshiriladi. Birinchi bo‘limda bu o‘zini umuman oqlamadi, «Atletiko» darvozasi oldida xavfli vaziyatlar faqat standartlardan keyin yuzaga keldi. Ikki marta Kroosning uzatmasidan keyin Ramos yaxshi vaziyatda zarba berdi. Uning zarbalari golga aylanmagan bo‘lsada, u o‘zining himoyachi sifatidagi vazifalarini yaxshi bajardi va «Realu» birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham gol o‘tkazmadi.
Zidan xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqardi
«Real» bosh murabbiyi o‘yin uchun qo‘llagan taktikasi ish bermayotganini vaqtida angladi hamda Kroos va Isko o‘rniga flanglarda harakatlanuvchi – Vaskes va Vinisiusni tushirdi. Aynan shu o‘zgarishlar o‘yinning hal qiluvchi burilishi bo‘ldi. 
«Qaymoqranglilar» to‘pga egalik qilishda davom etishdi, ammo birinchi bo‘limdagidan farqli ravishda xavfli vaziyatlar yarata boshlashdi. Bunday vaziyatlardan birining mantiqiy yakuni gol bo‘ldi – Vinisius Mendiga kesik uzatma amalga oshirdi, fransiyalik himoyachi esa raqib jarima maydonidagi Benzemani topdi. Shu tariqa, mavsumdagi Madrid derbilaridagi birinchi gol urildi, bu gol fransuz hujumchi uchun mavsumdagi o‘n uchinchisi bo‘ldi.
Simeone o‘yin yo‘nalishini o‘zgartirishi kerak edi. U avvaliga maydonda yo‘qolib qolgan – Moratani almashtirdi, keyin Xitoydan qaytib kelgan Karraskoni tushirdi. Lekin o‘yinning qolgan qismida ham «matraschilar» vaziyatlar yarata olishmadi, «qaymoqranglilar» esa yana bir necha marta gol urishga yaqin kelishdi.
Benzemaning goli o‘yindagi yagonaligini saqlab qoldi – bu gol «Real» birinchi o‘rinda qolishini ta’minladi, «Atletiko» esa navbatdagi mag‘lubiyatini qabul qildi, bu turda «Valensiya» «Selta»ni mag‘lub etib to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi (37 ochko), bu turdagi o‘yinini hali o‘tkazmagan «Xetafe» (36) beshinchi o‘rinda, 36 ochko bilan oltinchi o‘rinda joylashgan «Atletiko» esa Chempionlar ligasining keyingi mavsumida ishtirok etish imkoniyatini xavf ostida qoldirmoqda.

«Real» – «Atletiko» 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 56 Benzema.
«Real» – Kurtua, Karvaxal, Varan, Ramos, Mendi, Valverde, Kazemiro, Kroos (Vinisius Junior, 46), Modrich, Isko (Vaskes, 46), Benzema.
«Atletiko» – Oblak, Vrsalko, Savich, Felipe, Lodi, Korrea, Lorente, Tomas (Kamelo, 74), Saul, Morata (Lemar, 50), Vitolo (Ferreyra Karrasko, 71).
Ogohlantirishlar: Felipe (66), Vrsalko (80), Mendi (83), Kazemiro (88).
173   
Добавить комментарий
Ваше имя: *