Goal24.uz » Европа жамоалари » Ispaniya » «Barselona» uchun 7 hujumchi. Ulardan qay biri mos keladi

«Barselona» uchun 7 hujumchi. Ulardan qay biri mos keladi

Автор: admin

Katalonlar so‘nggi kunlarda yangiliklar saytlarini «gullatmoqda». Messi «Barselona» rahbariyati va jamoadoshlari bilan ziddiyatga borgan, internetda u klubdan ketishi mumkinligini muhokama qilishmoqda. Ko‘k-anorranglilar «Atletik»dan qo‘shimcha daqiqalarda gol o‘tkazib, Ispaniya Kubogidan chiqib ketishdi. Jamoa hujum chizig‘ida jiddiy muammolar yuzaga kelgan – 6 o‘yinda 10 gol, shuning yarmi «Leganes»ga qarshi o‘yinga (5:0) to‘g‘ri keladi.
Kike Seten «Barselona»ni juda murakkab vaziyatda qabul qilib oldi. U kelgunicha hujumdagi ikki futbolchi safdan chiqib bo‘lgandi: Usmon Dembele va Luis Suares. Urugvaylik futbolchi bu mavsumda ham yaxshi natijalar qayd etayotgandi (23 o‘yin, 14 gol va 11 assist), uning yo‘qotilishi jamoa uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Dembele ham, Suares ham mayga qadar maydonga tusha olmaydi.
«Barselona» yanvarda yangi forvard sotib olishga harakat qildi. Kavani, Obameyang va «Valensiya»dagi Rodrigo variantlari ko‘rib chiqildi, ammo bu urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ammo, qishki transferlar oynasi yopilgan bo‘lsada, katalonlar tarkibni kuchaytira olishlari mumkin. Buning uchun Ispaniya futbol federatsiyasiga maxsus iltimos bilan murojaat qilish kerak. Agar RFEF ruxsat bersa, ko‘k-anorranglilar mamlakat hududidagi jamoalardan hujumchi sotib olishi mumkin bo‘ladi. «Chempionat.com»  «Barselona»ga qaysi hujumchilar mos tushishi, ispan matbuotida qaysi futbolchilar nomi tilga olinayotganini sanadi.
Anxel Rodriges («Xetafe»)
28 o‘yin, 13 gol, 2 assist
Transfer qiymati
– 4 mln yevro

Kutilmagan variant. Lekin matbuot Anxelni ham «Barselona»ga o‘tish uchun nomzodlardan biri hisoblamoqda. Rodriges 32 yoshda, o‘yin uslubi bilan Suaresni eslatib yuboradi: bo‘yi baland emas (171 sm), u to‘p uchun kurashlarda faol, bo‘ hududlarga yaxshi ochiladi va golni his qiladi. Ammo Anxel hatto «Xetafe»ning almashtirib bo‘lmas futbolchisi emas –  42 o‘yindan faqat 23tasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan. Shunday ekan, uni Suaresga vaqtinchaga bo‘lsa ham o‘rinbosar sifatida qabul qilish ehtimoldan yiroq.
Lukas Peres («Alaves»)
23 o‘yin, 10 gol, 4 assist
Transfer qiymati
– 5 mln yevro
Boshqa plandagi hujumchi. Rodriges bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, Peres doim ham to‘p uchun kurashlarga kirishavermaydi (o‘rtacha bir o‘yinda 3,5 martaga qarshi 1,2 marta), darvozaga kamroq zarba beradi (o‘rtacha bir o‘yinga 2taga qarshi 1,4ta), ammo raqibni ko‘proq aldab o‘tadi (1,1ga qarshi 1,6). Lukas ko‘proq Grizmannga o‘xshaydi – u damba-dam xavfli vaziyatlar yaratadi, u o‘rtacha bir o‘yinda 1,6 marta hal qiluvchi uzatmani amalga oshiradi. «Barselona»ga Antuanni takrorlaydigan yana bir futbolchi kerakmikin?
Kristian Stuani («Jirona», Segunda)
23 o‘yin, 20 gol, 1 assist
Transfer qiymati
– 5 mln yevro

Katalonlar quyi divizion vakili futbolchisi bilan tarkibni kuchaytirishiga ishonish qiyin. Kristian 33 yoshda, «Jirona» urugvaylik futbolchisi uchun 20 mln yevro so‘raydi. Bunday pulga esa boshqa yaxshiroq variantlarni topish mumkin.
Borxa Kintas Iglesias («Betis»)
27 o‘yin, 6 gol, 4 assist
Transfer qiymati 
– 20 mln yevro
Jarima maydonidagi «qotil» forvard, uning jismoniy ko‘rsatkichlari ham zo‘r (187 sm, 86 kg). Bunday ulkan gavdali hujumchi anchadan buyon «Barselona»da bo‘lmagan, so‘nggisi Zlatan Ibrahimovich edi - 2009/2010 yilgi mavsumda. Ko‘k-anorranglilar tez va yengil harakatlar bilan o‘yin olib borishadi, Borxa bu jamoada o‘z o‘rnini topishi va jamoaviy o‘yinga qo‘shilib ketishi qiyin.
Lorenso Xesus Moron Garsiya («Betis»)
24 o‘yin, 10 gol, 3 assist
Transfer qiymati
– 20 mln yevro

«Betis»ning yana bir futbolchisi. Loren Borxaga nisbatan ko‘p funksiyali futbolchi. U Iglesiasdan ancha yengil (66 kg), shunga yarasha tezkor va texnar. Loren har o‘yinda o‘rtacha 1,7 marta zarba beradi, bu ham Borxanikidan 0,7 martaga ko‘proq. Agar ikkisidan birini tanlashga to‘g‘ri kelsa, «Barselona»ga Loren ko‘proq mos kelishi aniq. Qolaversa, ayni vaqtda «Barselona»ni boshqarayotgan Kike Seten «Betis»da ishlaganida uning imkoniyatlaridan to‘liq boxabar edi.
Jerar Moreno («Vilyarreal»)
24 o‘yin, 12 gol, 3 assist
Transfer qiymati
– 20 mln yevro
Universal hujumchi, markaziy hujumchi sifatida ham, qanotlarda ham o‘ynay oladi.Ispaniya terma jamoasida debyut qilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan Jerar 3 gol urib, 4 assist muallifi bo‘lishga ulgurdi. Morenoning bu mavsumdagi statistikasi: bir o‘yinda o‘rtacha 2,8 zarba, 1,9 marta muvaffaqiyatli aldab o‘tish, 4,2 marta ikkinchi qavatda to‘p uchun kurash, 1,6 marta hal qiluvchi uzatma. Bundan tashqari, Jerar himoyalanishda ham ushbu ro‘yxatdagilarning barchasidan yaxshiroq – bir o‘yinda o‘rtacha 1,9 marta raqibdan to‘pni olib qo‘yishga harakat qiladi (0,8 martasi muvaffaqiyatli). «Barsa» uchun yomon variant emas.
Rodrigo Moreno («Valensiya»)
26 o‘yin, 5 gol, 11 assist
Transfer qiymati
– 50 mln yevro

Top-klublarda o‘ynashga munosib bo‘lgan yuqori toifali hujumchi. Rodrigo Ispaniya terma jamoasi a’zosi (22 o‘yin, 8 gol). Uning qo‘lidan barcha ish keladi: to‘pni o‘zi bilan olib yuradi, hal qiluvchi uzatmalarni yetkazib beradi. Ayni vaqtda Rodrigo – La Liganing eng yaxshi assistenti (9 golli uzatma).
Kataloniyaliklar ushbu futbolchiga anchadan beri qiziqib kelishadi. «Barselona» yanvarda ham Rodrigoni ijaraga olmoqchi bo‘ldi, ammo rad javobi berildi. Unga belgilab qo‘yilgan juda yuqori transfer narxi – transfer uchun asosiy to‘siq. «Valensiya» prezidenti ham bu haqida aytdi: «Barselona»dan munosib taklif kelmadi. Bizning talablarimiz barchaga ma’lum. Biz yaxshi pul to‘lash nazarda tutilmagan takliflarni qabul qilmaymiz».


171   
Добавить комментарий
Ваше имя: *