Xavining 8ta sharti

Автор: admin

Klub 14 yanvar kuni Ernesto Valverdeni istefoga chiqardi va tezlik bilan unga o'rinbosar izlashni boshladi. Agar mish-mishlarga ishonsak, Xavi nomzodlar orasida birinchi edi - muxlislar yoqimtoyining qaytishi klub prezidenti Bartomeu reytingi oshishiga olib kelardi.

Xavi bilan muzokara o'tkazish uchun "Barselona" sport direktori Erik Abidal va klub ijrochi direktori Oskar Grau Qatarga uchdi. Ular sobiq yarim himoyachiga jamoani boshqarish taklifini berishdi. Ammo Kataloniyaga yangi murabbiysiz qaytishdi va shunda Kike Seten nomzodiga murojaat qilindi.

Keyinroq Abidal o'z intervyusida, yanvar oyida Xaviga taklif berilmaganini aytdi. Bungacha u "Futbolchilar Valverde istefosini xohlamoqda" degani uchun Messi bilan janjallashib qolgandi.

Sport direktorining Xavi haqidagi so'zlari yolg'onga o'xshaydi: Kataloniyaning Cadena SER radiosining ("Barselona"ga bog'liq xabarlar bo'yicha ishonchli manba) malum qilishicha, Xavi o'z shartlarini elon qilganidan so'ng, klub "Al-Sadd" ustozi nomzodidan voz kechdi.

Ushbu shartlar quyidagicha:

1. Sport departamenti nazoratini to'liq qo'lga olish
Buning manosi shunday: Xavi klub sport direktori vazifalarining bir qismini o'z bo'yniga oladi va futbolchilar sotuvi hamda xaridida to'liq ishtirok etadi. SHtabni o'zi yig'adi va barcha darajalarda (akademiyadan tortib bosh jamoagacha) klub falsafasini belgilab beradi. Xavi bu talabi bilan klubdagi sport jarayonlariga katta tasir o'tkaza oladigan shaxsga aylanishni xohlagan.

2. Joan Vilyaning qaytishi
Vilya "Barselona"ning tika-taka modeli yaratuvchilaridan biri hisoblanadi. 66 yoshli mutaxassis klubda 30 yildan ortiq ishlagan. Xavi uni futboldagi otasi deb hisoblaydi.

2018 yilning yozida Vilya bilan shartnoma uzaytirilmadi. Klub rahbariyati akademiyada yangi uslubni qo'llashni istab qoldi. Bu natija bermadi.

3. Karles Puyolning qaytishi
Bu shart haqida ko'pchilik biladi. Xavi jamoa sobiq sardoridan qanday foydalanishi malum emas.

4. Yordi Kroyffni taklif qilish
Kroyffning roli xuddi Puyolnikidek malum emas. Ammo Yordining otasi Yoxan Kroyff doimo klub akademiyaga ko'proq etibor berishi kerakligini takidlagan va Xavini juda qadrlar edi. Yordi otasining fikrini yaxshi biladi, intervyularida bu haqida ko'p gapiradi. Bunday hamkor klubni yangilashda katta yordam berishi mumkin.

5. Murabbiylar shtabida Xavining akasi - Oskar Ernandesning paydo bo'lishi
Oskar hozir "Al-Sadd"da Xavining assistenti bo'lib ishlamoqda.


6. Yoshlar jamoasi va akademiya nazoratini to'liq qo'lga olish
Xavi ko'plab intervyularida "Barselona" akademiyasi tarbiyalanuvchilari Gvardiola uslubiga tez ko'nikishini aytgan. SHu sababli Anri, Abidal va boshqa yuqori saviyali futbolchilarning Kataloniya klubiga moslashishi qiyin kechadi.

Boshqa talablar bo'yicha hammasi tushunarli. Xavi "Barselona" akademiyasining avvalgi obro'sini tiklamoqchi. Uning fikricha,  ishlamaydigan akademiya bilan muvaffaqiyatga erishib bo'lmaydi.

7. Klub tibbiy xizmatida islohot o'tkazib, amaldagi xodimlarni istefoga chiqarish
Hozir tibbiy departamentni Rikard Pruna boshqarmoqda - u 1997 yildan beri klubda. 2007 yildan beri butun tizimga javobgar. Xavining fikricha, Pruna o'z vazifalarini uddalay olmayapti. Misol tariqasida "Barselona"dagi jarohatlarni ko'rsatish mumkin.

8. Xavi yozdagina "Barselona" bosh murabbiyiga aylanishi mumkin
Bu erda hammasi oddiy - ispaniyalik mutaxassis mavsumni "Al-Sadd" bilan yakunlamoqchi. Faoliyatidagi birinchi klubini mavsumni tugatmay ketishi g'alati bo'lardi.

Agar Cadena SERga ishonilsa, Abidal va Grau bu talablarni Bartomeuga etkazishgan. "Barselona" prezidenti shundan so'ng boshqa ikki nomzodga etibor qaratdi.

Xavining tayinlanishi "Barselona" prezidentligi uchun saylovlarda Bartomeuga yordam berishi mumkin edi. Saylov 2021 yilda bo'lib o'tadi, ammo Xosep Mariya Bartomeuga bog'liq mojarolar tufayli jarayon oldinroq o'tkazilishi mumkin.

Bartomeuning o'zi saylovlarda ishtirok etmoqchi emas, ammo uning tarafdorlaridan biri o'z nomzodini ilgari surishi kutilmoqda. Xavi, Puyol va sobiq prezident Joan Gaspar boshqa nomzod - Viktor Fontani qo'llab-quvvatlamoqda. Viktorning aytishicha, u prezidentga aylansa, asosiy jamoani Xavi boshqaradi. Saylovlarda "Barselona" tarixidagi eng muvaffaqiyatli prezident (2003-2010) va Gvardiolaning yaqin do'sti Joan Laporta ham ishtirok etishi mumkin.
230   
Добавить комментарий
Ваше имя: *