Goal24.uz » Жаҳон » Gollandiya chempionati “marvaridlari”

Gollandiya chempionati “marvaridlari”

Автор: admin

Gollandiya futboli doimo dunyoga yangi iqtidorlarni yetkazib berish borasida peshqadamlardan bo‘lgan. “Ayaks” bilan o‘tgan mavsumda YECHL yarim finaliga qadar yetib kelgan futbolchilar so‘zimizga isbot bo‘la oladi.
Doni van De Bek

 
YECHLdagi omadli ishtirokdan so‘ng ham jamoani tark etmagan yarim himoyachi bu mavsumda nimalarga qodir ekanligini barchaga yana bir bor isbotlab qo‘ydi. Doni maydonda bo‘sh zonalarni topish borasida chinakam professional. Uning maydon markazidagi unversalligi esa istalgan murabbiyga qo‘l kelish aniq. Boz ustiga, o‘yin intellekti juda baland bo‘lgan yarim himoyachi jamoaviy o‘yinda ham muhim figuraga aylanishi mumkin. Yanvaryoyida Ispaniya nashrlari Doni “Real Madrid” bilan shartnoma tuzgani haqidagi ma’lumotlarni tarqatgan bo‘lsa-da, klublar bu borada rasmiy ma’lumot berganicha yo‘q. Doni qaysi jamoaga o‘tishidan qat’iy nazar, “Ayaks” uning transferidan yaxshigina pul ishlab olishi aniq.

 
Andrea Onana
 
“Barselona” akademiyasida suyagi qotgan darvozabonni “Ayaks” qandaydir 120 ming yevro evaziga sotib olgan edi. Gollandiyadagi 4 yil davomida Onana nafaqat “Ayaks”ning, balki butun Yevropaning eng kuchli darvozabonlaridan biriga aylandi. To‘g‘ri, uning o‘yinlarida stabillik yetishmasligi mumkin, biroq Andrea ayrim uchrashuvlarda “mo‘’jizalar” namoyish etadi va o‘zi haqidagi barcha savollarni kun tartibidan olib tashlaydi. 2019-yildagi omadli mavsumdan so‘ng, darvozabonni “PSJ”, “Real Madrid”, “Barselona” singari jamoalar o‘z safida ko‘rishni istagan bo‘lsada, kiper Amsterdamda qolishni afzal ko‘rdi. Endilikda uni Hakim Ziyosh singari “Chelsi”ga yo‘l olishi mumkinligi haqida mish-mishlar paydo bo‘lmoqda. Kepa Arrisabalaganing ishonchsiz o‘yinini “Chelsi” Onana bilan berkitishni rejalashtirgan ko‘rinadi. Bu transfer amalga oshish-oshmasligi dargumon, biroq Onana ayni damda Gollandiya chempionatidagi eng iqtidorli va eng kuchli darvozabon ekanligi rost!

 
David Neres
 
David “Ayaks”ning YECHLdagi yurishida munosib ishtirok etganlardan biri edi. U “Real Madrid”, “Yuventus” darvozalarini ishg‘ol qildi, chempionatda eng yaxshi assistent bo‘ldi, Braziliya bilan “Kopa Amerika”da zafar quchdi, biroq birorta top-klub uni o‘z safida ko‘rishni istamadi. Bunga jiddiy sabab bor. Afsuski, iqtidorli futbolchi noyabryoyining boshida orttirib olgan jarohatidan hali ham forig‘ bo‘lganicha yo‘q. Tez orada “Ayaks” Neres borasida istalgan takliflar uchun ochiqligini e’lon qilsa hayron qolmang. Agar jarohat bo‘lmaganida Neres “Kopa Amerika”dan so‘ng birorta top-klubga o‘tishi mumkin edi, lekin endi uning uchun o‘rtamiyona jamoalar kurash olib borishi kutilmoqda. Shunga qaramay, braziliyalik futbolchi endigina 22 yoshga to‘lganini inobatga olsak, unda top-klublarga o‘tish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
 
Ussami Idrisi
 
Gollandiya chempionatini “yondirayotgan” yana bir marokashlik futbolchi bilan tanishing. Bu mavsumda barcha muxlislarni o‘z o‘yini bilan lol qoldirayotgan Ussami haqida to‘xtalib o‘tishimiz shart. Hali terma jamoasidan chaqiruv olmay turib Yevropada nom qozongan Idrisi “AZ” tarkibida ushbu mavsum davomida 12 ta gol va 4 ta assistni amalga oshirishga ulgurdi. Tezkor va kuchli texnika egasi “Ayaks” va PSVning nishonida turibdi, biroq klub yetakchisini asosiy raqobatchilariga sotmoqchi emas. Ma’lumotlarga qaraganda, APLning bir nechta o‘rtamiyona jamoalarning futbolchilari Ussamining o‘yinlarini stadiondan kuzatishga ulgurgan. Shuningdek, “Milan” skautlari ham marokashlik futbolchi bilan qiziqib qolgan.
 
Denzel Dyumfris


Gollandiyaning PSV a’zosi Denzel Dyumfris qanot himoyachisi bo‘lishiga qaramay, bu mavsumda yakkakurashlarda g‘olib chiqish borasida Gollandiyadagi ikkinchi ko‘rsatkich egasi sanaladi. Utezlik borasida ham istalgan futbolchi bilan kurash olib borishga qodir. To‘g‘ri, bu mavsumda PSVning ishlari yurishmayapti, biroq Denzelga hech kim e’tiroz bildirmasa kerak. O‘yin davomida butun boshli qanotda o‘z hukmronligini o‘tkazishga qodir fulbekning jismoniy imkoniyatlariga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q.
 
Ayni damda Dyumfris nafaqat PSV, balki Gollandiya terma jamoasining ham asosiy tarkib futbolchisi sanaladi. Katta ehtimol bilan Denzel yaqinlashib kelayotgan Yevro-2020da Gollandiyaning start tarkibidan joy oladi. Bu esa uning nimalarga qodir ekanligini barchaga ko‘rsatib berish uchun yana bir imkon yaratishi aniq. Himoyada mustahkam, jismonan baquvvat va yosh futbolchi uchun Yevropa chempionatidan so‘ng ayovsiz kurash bo‘lishiga Stadion.uzning shubhasi yo‘q.
339   
Добавить комментарий
Ваше имя: *