Goal24.uz » Европа жамоалари » Angliya » Emeri ketdi, muammolar qoldi. «Arsenal»ni inqirozdan kim chiqarishi mumkin?

Emeri ketdi, muammolar qoldi. «Arsenal»ni inqirozdan kim chiqarishi mumkin?

Автор: admin

«Arsenal» barcha turnirlar doirasida to‘qqiz o‘yindirki g‘alaba neligini bilmayapti. Unai Emeri bir hafta oldin, Yevropa Ligasida «Ayntraxt»ga qarshi mag‘lubiyatli o‘yindan keyinoq klubni tark etgandi. Fredrik Yungberg vaqtinchalikka jamoani qabul qilib oldi, ammo o‘tgan vaqt ichida «kanonirlar» «Norvich» (2:2) va «Brayton»ga qarshi o‘yinlarda (1:2) qoniqarsiz natijalar qayd etishdi. «Arsenal»ga qarshi o‘yinlardan oldin «Norvich» va «Brayton» 18- va 16-o‘rinlarda joylashgandi.
«Kanonirlar» autsayderlarga qarshi muvaffaqiyatsiz natijalardan keyin APL turnir jadvalida 10-o‘ringa tushib ketdi, jamoani «xavfli hudud»dan 5 ochko ajratib turibdi. «Arsenal» himoyasi juda yomon o‘ynamoqda – 15 o‘yinda 23 gol o‘tkazildi, bu yuqori o‘ntalikdagi eng yomon ko‘rsatkich. Gol urishda ham qoniqarsiz natija qayd etilmoqda – 21 gol (yuqori o‘ntalikdagi «Sheffild Yunayted» va «Kristal Pelas»dagina pastroq ko‘rsatkich). 
Emerining ketishi bilan muammolar yo‘qolib qolmadi, Yungberg esa asosiy jamoada ishlash uchun yetarli tajribaga ega emasdi. Fredrik bungacha «Arsenal»ning yoshlar jamoasida ishlagan va Emeri shtabida murabbiy yordamchisi edi. Yungbergni uzoq vaqtga bosh murabbiylik kursisida qoldirish avval boshdan rejada bo‘lmagan, yaqin vaqtlar ichida jamoani yangi bosh murabbiy qabul qilib olishi aniq, lekin bu ish qancha tez bo‘lsa shuncha yaxshi. 
Avvaliga Massimiliano Allegri va Karlo Anchelotti bu lavozim uchun asosiy nomzodlar sifatida qaralayotgandi. Italiya nashrlaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Allegri «kanonirlar» taklifini rad etgan - u 2020 yil yoziga qadar murabbiylik faoliyatiga qaytmoqchimas. Hozirda Massimiliano ingliz tilini o‘rganishda davom etmoqda va uni yozda APL klublaridan birida ko‘rib qolsak ajab emas. Anchelloti ayni vaqtda «Napoli» prezidenti bilan «san-man»ga borib qolgan, ammo uning ketishini kutib o‘tirish yaxshi emas. Qolaversa, boshqa nomzodlar ham bor.
Mikel Arteta («Manchester Siti», bosh murabbiy yordamchisi)
Noyabr oyi oxiridayoq The Sun «Arsenal»ning keyingi bosh murabbiyi bo‘lish uchun nomzodlardan biri Mikel Arteta ekani haqida yozgandi. Ispaniyalik sobiq futbolchi 2011 yildan 2016 yilgacha «Arsenal» safida to‘p surgan, jamoaga sardorlik qilgan, futbolchilik faoliyatini shu jamoada yakunlagan va keyin «Manchester Siti»da Xosep Gvardiolaga yordamchi sifatida ish boshlagan. Assistent vazifasida uch yil ishlash – kamida Yungbergnikidan ko‘proq tajriba deganidir. Arteta Gvardiola bilan yonma-yon ishlab kelmoqda. Mikelning taklif etilishi Yungbergni jamoa boshqaruvida qoldirishdan ko‘ra afzalroq.
Marselino Toral (ishsiz)
Turli yillarda «Sevilya», «Vilyarreal» va «Valensiya» kabi klublarni boshqargan ispaniyalik mutaxassis hozircha bo‘sh yuribdi. Bu klublar hech narsani eslatmayaptimi?
«Arsenal» o‘z natijalarini yaxshilash uchun Unaini taklif qilgandi. Marselino Toral ham futbolda vatandoshidan ko‘proq natijaga erishmagan – uning taklif etilishi o‘tmishdagi xatoni takrorlash bo‘lishi mumkin. «Kanonirlar» yaxshisi Ispaniyaning o‘rtamiyona jamoalari bilan ishlagan mutaxassislardan uzoqroq bo‘lgani ma’qul.
Brendan Rojers («Lester Siti»)
Britan nashrlari Emerining «Arsenal»dagi merosxo‘ri Brendan Rojers bo‘lishi haqida yozishgandi. «Lester»da muvaffaqiyatli ishlayotgan shimoliy irlandiyalik mutaxassis London klubiga o‘tishi haqidagi xabarlarni rad etdi: «Arsenal» murabbiyligi uchun nomzodlar soni kamida o‘nta bo‘lsa kerak. Murabbiylar ishini yo‘qotadi, unga o‘rinbosar izlashadi — bu ishimizning ajralmas qismidir. Mish-mishlar meni chalg‘ita olmaydi, men bunday gaplar tarqalishining oldini ololmayman. Ko‘pchilik murabbiylarning shartnomalarida ma’lum bandlar belgilangan bo‘ladi. Men «Lester»da barchasidan mamnunman va asosiy e’tiborimni bu yerdagi ishimga qarataman». 
Hozir «Lester» qatorasiga 8 g‘alabadan keyin APL turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda, «Arsenal» 19 ochko ortda qoldirilgan (jamoalarning o‘zaro o‘yinida ham lesterliklar 2:0 hisobida zafar quchishgan). Rojers o‘z klubi bilan shartnomani yangiladi.
Maurisio Pochettino (ishsiz)
Maurisio Pochettino «Tottenhem»ni tark etganiga uch hafta bo‘lyapti. Argentinalik mutaxassis ishdan bo‘shatilish hissini to‘liq boshdan kechirib, hordiq chiqarmay turib uni Yevropadagi top-klublarga tiqishtira boshlashdi, bu klublar orasida «Bavariya», «Barselona» va «Real» nomlarini ko‘rish mumkin. Daily Mail xabariga ko‘ra, «Arsenal» ham Pochettino nomzodini ko‘rib chiqmoqda. 
Maurisioning o‘zi murabbiylik faoliyatiga imkon qadar tezroq qaytish istagini bildirdi. Lekin Pochettino «Tottenhem» va klub muxlislarining azaliy dushmani safiga qo‘shilishga yuragi betlamasa kerak. Do‘stlari Maurisioni «Arsenal»ga o‘tmaslikka undamoqda.
Nunu Eshpiritu Santu («Vulverhempton»)
Italiyalik jurnalist Janluka Di Marsio o‘z saytida «Arsenal»ning yangi murabbiyi bo‘lish uchun asosiy nomzodlardan biri ayni vaqtda «Vulverhempton»ni boshqarayotgan portugaliyalik Nunu Eshpiritu Santu ekani haqida yozdi. Nununing manfaatlarini himoya qiluvchi Jorje Mendesh «kanonirlar» rahbariyati bilan muzokara boshlagan. Agar tomonlar kelishuvga erishsa, «Vulverhempton»ning portugaliyalik futbolchilari (ularning soni 8 nafar) ham ommaviy ravishda Londonga migratsiya bo‘lishini kutish mumkin.
Patrik Viyeyra («Nitssa»)
«Arsenal»ning yana bir sobiq futbolchisi murabbiy bo‘lgan. Patrik Viyeyra 2018/2019 yilgi mavsum arafasida «Nitssa»ga kelgan va jamoa o‘tgan mavsum yakunida Fransiya chempionatida yettinchi o‘rinni egallagandi. Ammo «burgutlar» bu mavsumni yomon o‘tkazishmoqda – 16 turdan keyin 14-o‘rin. To‘g‘ri, chempionat turnir jadvalida jamoalar tig‘iz joylashgan, uchinchi o‘rindagi jamoa nitssaliklardan 5 ochko ko‘proq jamg‘argan («Nitssa»da 21, «Lill»da 26 ochko). 
Kecha Sky Sports Viyeyra – «Arsenal» bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzodligi haqida xabar tarqatdi. Patrikning o‘zi barcha qatori «bor fikri hozirgi klubida» ekani haqida gapirdi. «Kanonirlar» muxlislari Viyeyr klubga qaytishidan xursand bo‘lishardi.
***
«Arsenal» bosh murabbiyligi uchun nomzodlar soni ko‘p, ammo ko‘p o‘ylashga shunchaki vaqt yo‘q. Jamoa inqiroz ichida qolgan, uni imkon qadar u yerdan tezroq chiqarish kerak. «Kanonirlar» rahbariyati kimni tanlagani haqida tez orada bilib olamiz.
352   

Комментарии
(1)

  1. husniddin andijon 7 декабря 2020 14:30
    • Не нравится
    • 0
    • Нравится
    Arsen venger kelsin arsenalga
Добавить комментарий
Ваше имя: *