Goal24.uz » Европа жамоалари » Ispaniya » Yaqin tarixga sayr. Ronaldino «Barselona»ni nega tark etgandi?

Yaqin tarixga sayr. Ronaldino «Barselona»ni nega tark etgandi?

Автор: admin

Nafaqat «Barselona», balki futbol tarixidagi eng maftunkor futbol ko‘rsatuvchi futbolchilardan biri Ronaldinoning «Barselona»ni tark etishi bugundan turib, biroz tushunarsiz qabul qilinadi. Dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri hisoblangan braziliyalik yulduzning jamoani tark etishiga asosiy sabab sifatida, Messining yo‘lini ochish lozim bo‘lgani aytiladi. Lekin bunday tavakkalchilik hech kimning qo‘lidan kelmasdi, agar Ronaldino o‘sha dunyoning eng zo‘ri bo‘lib turgan formasini yo‘qotmaganida... Ya’ni aslida, Ronaldinoning «Barselona»dagi intihosi ancha oldin boshlangan va bunda Messining aloqasi yo‘q edi. Quyida o‘sha voqealarni atroflicha yodga olingan.
2006/07 yilgi mavsum Ronaldino uchun «Barselona»dagi so‘nggi katta mavsum bo‘lgandi. O‘shanda «Barsa» chempionatda xuddi «Real» kabi 76 ochko to‘plagan, lekin o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra chempionlikni boy bergandi. Chempionlar Ligasida nimchorak finalgacha borilgan, Ronaldino esa, o‘sha jamoaning yaqqol yetakchisi edi – La Ligada 32 o‘yinda 21 gol va 8 assist. Raykaard uchun u umuman o‘rinbosari bo‘lmagan asosiy tarkib o‘yinchisi edi.
Keyingi yili hammasi o‘zgarib ketdi. Jarohat tufayli u qariyb uch oydan ko‘p vaqtini maydon tashqarisida o‘tkazdi, ortiqcha vazn orttirdi, klub rahbarlari bilan ziddiyatlarga bordi. Keyin Pep Gvardiola klub bosh murabbiyga aylandi va shu bilan Ronaldinoning Ispaniyadagi faoliyatiga yakun yasaldi.
Gvardiolaning rejalaridan chetda qoldi

«Men Ronaldino bilan nima bo‘lishini bilmayman. Uning ishga bo‘lgan munosabati o‘zgardi. Ha, u biroz ortiqcha vaznga ega, buning ustiga og‘ir jarohat... Yozda biz klubni yangidan qurmoqchimiz, shuning uchun Ronaldinoning kelajagi haqida bir nima deya olmayman. Umid qilamanki, u qaytadi va jamoaning muhim bo‘lagi bo‘lib qoladi»,  degandi 2008 yilning boshlarida klub prezidenti Joan Laporta.
Laportaning Ronaldino qolishi mumkinligi bilan bog‘liq gaplari Raykaard iste’foga chiqarilmasligi bilan bog‘liq edi. Buning ham ehtimoli juda kam edi. Chunki niderlandiyalik mutaxassis mavsumning deyarli barcha muhim o‘yinlarini boy bergan, hatto «Vilyareal»dan ham pastroqda joylashib, atigi uchinchi o‘rin bilan kifoyalangan, Chempionalar Ligasida esa yarim finalda «Manchester Yunayted»ga yutqazgandi.
Bu natijalar aslida Laportaning ham kursisini qimirlatib qo‘ygandi. Shuning uchun yuqoridan keng miqyosli o‘zgarishlarga ehtiyoj sezildi, barcha holatlarga Raykaardni aybdor deb topib, iste’foga chiqarishdi. Pep Gvardiola keliboq, rivojlanish uchun o‘z yo‘nalishini ma’lum qildi – avvalo, zarur bo‘lmagan futbolchilardan voz kechiladi va ularning orasida Ronaldino ham bor edi.
Gvardiolaga Raykaardning butun o‘yinni Ronaldino atrofiga qurishga urinishi yoqmasdi. Pepning fikricha, bu holat Messining rivojlanishiga va yangi yetakchi bo‘lishiga to‘sqinlik qilayotgandi. Bosh murabbiy sifatidagi ilk intervyusidayoq u bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Bizni qayta qurish kutib turibdi. Mavsum boshlanguncha biz tarkibni yoshartiramiz. Ronaldino, Deku va Eto’Oga kelsak, bu futbolchilar mening rejamga kirmaydi», dedi 2008/09 yilgi mavsum boshlanishi oldidan Pep Gvardiola.
Ronaldino va «Barselona» munosabatlari bilan bog‘liq, bir-birini to‘ldiruvchi ikki talqin bor.
Birinchisi, Ronaldino Gvardiola bilan uchrashib, rejalarni yana bir ko‘rib ko‘rib chiqishni va kerak bo‘lsa, jamoaning muhim bo‘lagi bo‘lib qolishga rozi ekanini aytgan. Lekin bosh murabbiy buni rad etgan.
Ikkinchisi, Raykaard ketishi bilan Ronaldino «Barselona» bilan shartnomani eski shartlarda yana to‘rt yilga uzaytirishga uringan. Ammo klub rahbarlari bunga rozi bo‘lmay, ikki yil taklif qilishigan. Tabiiyki, Ronaldino buni haqorat sifatida qabul qilib, rad qilgan.
Ronaldino uzoq vaqt ketish sabablari haqida indamadi. Faqat 2017 yilga kelibgina qisman ochiqladi – «Men «Barselona»dan Gvardiola tufayli ketmadim. U va uning shtabi bilan aloqalarim yaxshi edi. Bu mutlaq mening qarorim edi. Shunchaki, o‘zgarishlar davri kelgan, deb hisoblagandim».
Anchelotti tufayli «Manchester Siti»ni rad qildi

Pep bilan uchrashuvlardan keyin, Ronaldino darhol «Milan»ning taklifini qabul qildi. Unga ayniqsa, bir yil oldin Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan Karlo Anchelotti bilan ishlash imkoniyati yoqib qolgandi.
«Barselona» uchun esa Ronnini qayerga sotishning farq yo‘q edi. Bunday vaziyatda rahbariyatdagilar qaysi jamoani tanlashni futbolchining o‘ziga qo‘yib berishdi. Shundoq ham variantlar u qadar ko‘p emasdi. Matbuotda «Real» (Ronaldino «Barselona» muxlislari bilan yaxshi munosabatni saqlab qolgani uchun bu variantga ishonish qiyin edi), «Liverpul» (bu ehtimol ham tilga olingan bo‘lsa-da, yetarlicha dalillar bo‘lmagan), «PSJ» (lekin futbolchining yaqinlari Ronaldinoga Fransiya chempionati yoqmasligini aytishgan. Aslida u aynan «PSJ»dan Kataloniyaga kelgandi) va «Manchester Siti» kabi klublar haqida turli xabarlar ko‘paydi.  
Tabiiyki, bular ichida Manchester klubi eng ehtimoli yuqori variant edi. Aslida «shaharliklar» bir yil oldin ham Ronaldinoga taklif bilan chiqishgan, bir yil o‘tib esa, yana takroran aloqaga chiqishdi. Hatto 25,5 million yevro miqdoridagi transfer bahosi ham aytildi – bu «Barselona»ga taklif qilinayotan summalar ichida eng kattasi edi. The Guardian nashrining yozishicha, «Manchester Siti» vakillari Ronaldino bilan uchrashib, juda katta, «Barselona»dagi maoshdan ham ko‘prog‘ini taklif qilishgan, lekin bu loyiha braziliyalik yulduzni uncha qiziqtirmagan. Umuman, Angliya chempionati Ronaldinoga uncha yoqmasdi, buni u bir necha yil oldin «Manchester Yunayted»ni emas, «Barselona»ni tanlagandayoq namoyish qilgandi.
«Manchester Siti» bilan parallel tarzda u «Milan» bilan ham muzokaralar olib bordi. «Milan» futbolchi uchun 24 million yevro taklif qilgan. «Barselona» uchun bu qoniqarli narx edi, Ronaldino ham rozi bo‘ldi. Birinchidan, klubda juda ko‘p braziliyalik futbolchilar – Kaka, Emerson, Pato va uning hayotdagi yaqin do‘sti Dida to‘p surishardi. Ikkinchidan, yuqorida aytilgandek, Karlo Anchelotti faktori ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Anchelotti Ronaldino bilan muzokaralar uchun bir necha bor Ispaniyaga borishiga to‘g‘ri keldi. Birinchisida, u futbolchi bilan uchrashish uchun Laportadan ruxsat oldi. Ikkinchisida esa, Ronaldinoni «Milan»ga o‘tishga ko‘ndirdi. 2008 yil boshida Anchelotti Ronaldinoni qo‘lga kiritishni orzu qilishini, ammo bu qiyinligini tan olgandi. Yozda esa, hammasi tez sodir bo‘ldi. Bir necha soatda shartnoma shartlaridan tortib, muddatigacha kelishuv amalga oshdi.
Ronaldino Milanda uch yil o‘ynadi, ba’zida juda chiroyli va kuchli futbol namoyish qildi, lekin baribir, 2006 yildagi sport formasiga qayta olmadi. 2014 yilda Anchelottidan o‘sha transfer haqida so‘rashganda, murabbiy shunday deb javob bergandi:
«Men Ronnini sotib olishimiz mumkinligini eshitganimda bir sutka uxlay olmagandim. U Milanda ham juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, lekin «Milan» uchun muvaffaqiyatli transfer amalga oshgan, deb hisoblaydigan darajada emasdi».


255   
Добавить комментарий
Ваше имя: *