Goal24.uz » Transfer » 2019 yilning eng omadsiz 10 transferi

2019 yilning eng omadsiz 10 transferi

Автор: admin

2019 yil yakunlanmoqda. Kim uchundir bu yil yaxshi tugamoqda, kimdir esa bu yil tezroq tugashini istamoqda. Quyida yakunlanayotgan yilda amalga oshirilgan eng omadsiz 10ta transferi keltiriladi.
10. Kshishtof Pyontek, «Jenoa»dan «Milan»ga

O‘tgan yil kuzida ushbu polshalik eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan futbolchilardan biri edi. «Jenoa» safidaligida Pyontek A Seriyani titratdi, shu tufayli «Milan» qishki transferlar vaqtida ushbu futbolchini safiga qo‘shib olish uchun 38 mln yevroni ayab o‘tirmadi. Uning 2018/19 yilgi mavsumning birinchi qismidagi o‘yinlaridan kelib chiqqan holda, «Rossoneri» nihoyat hujum chizig‘i muammosini hal qildi, deyish mumkin edi. Ammo polyak futbolchi bilan barchasi teskari ketdi va u amalda gol urishdan to‘xtadi. Bu mavsumda ham Pyontek kutilgan o‘yinni namoyish eta olmayapti va 17 o‘yinda atigi 4 gol urdi.
9. Stefan al-Sha’roviy, «Roma»dan «Shanxay Shenxua»ga

A-Sha’roviyning «Shanxay Shenxua»ga o‘tishi — Yevropalik yulduz Xitoyda o‘ynab keta olmasligi bilan bog‘liq kamdan kam kuzatiladigan holatdir. Bir necha yil avval jahonning eng umidli futbolchilaridan biri sifatida ko‘rilgan futbolchi 27 yoshida osiyoliklar klubining asosiy tarkibiga kira olmadi. Italiyalik futbolchi hatto Xitoy terma jamoasiga ham chaqirilavermaydigan xitoylik vinger Sao Yundinga qarshi raqobatni boy berdi. Umuman olganda, «Shanxay Shenxua»da Stefan ko‘p o‘ynamasayam ko‘p maosh oladi - yiliga 10 mln yevro.
8. Joau Kanselu, «Yuventus»dan «Manchester Siti»ga

O‘tgan yozda «Manchester Siti» A Seriyaning eng yaxshi o‘ng qanot himoyachilaridan biri Joau Kanselu uchun Daniloga qo‘shib 28 mln yevro to‘ladi. Rejaga ko‘ra, portugaliyalik futbolchi Kayl Uolkerga munosib raqobat ko‘rsatishi kerak edi. Ammo u «shaharliklar» zaxira o‘rindig‘ida qolib ketdi. O‘tgan yarim yilda Kanselu «Siti»da barcha turnirlar doirasida jami 15 o‘yinda (faqat 9 o‘yinda boshlang‘ich tarkibda) ishtirok etdi. Lekin u o‘ziga berilgan imkoniyatlarda ko‘zga ko‘ringulik natija ko‘rsata olmadi.
7. Rayan Sesenon, «Fulhem»dan «Tottenhem»ga

Angliya futboli istiqbollaridan biri sifatida qaralayotgan 19 yoshli Sesenon uchun «shporlar» yozda 27 mln yevro to‘lashdi. Rayn mavsum startini jarohat tufayli o‘tkazib yubordi va jamoadagi ilk o‘yinini faqat noyabr oyiga kelib o‘tkazdi. Safga qaytgan futbolchi o‘ziga sarflangan pullarni oqlay boshlashi kutilgandi. Ammo hozircha Sesenonda hatto «Tottenhem» zayavkasiga kira olmaslik muammosiga duch kelmoqda.
6. Markos Lorente, «Real»dan «Atletiko»ga

«Matraschilar» yozgi transferlar bozorida faol bo‘lishdi. Lemarning omadsiz transferidan bir yil o‘tib, ular yanada ko‘proq pulni ko‘kka sovurishdi. O‘tgan yozda «Atletiko» «Siti»ga yo‘l olgan Rodrigoga o‘rinbosar topishga majbur bo‘ldi. «Real»ning 24 yoshli tayanch yarimhimoyachisi Markos Lorentega ishonch bildirdi. Avvalgi klubida ushbu ispaniyalik hech qachon yorqin o‘yin ko‘rsatmagan, ammo «matraschilar» negadir uning uchun 30 mln yevro sarflashga rozi bo‘ldi. U «Atletiko»da ham o‘ynab keta olmadi – hozircha Simeone jamoasida u atigi 322 daqiqa o‘tkazdi va 4ta sariq kartochka ishladi.
5. Malkom, «Barselona»dan «Zenit»ga

Malkom Peterburgning «Zenit» klubiga o‘tib RPLdagi eng qimmatbaho transferga aylandi. Braziliyalik futbolchi uchun ko‘k-oq-ko‘klar «Barselona»ga 40 mln yevro to‘lashdi. Lekin u Rossiyada faqat 63 daqiqa maydonda bo‘ldi – mavsum boshida «Dinamo»ga qarshi o‘yindagi noyob jarohat tufayli Malkom mavsumning qolgan qismini lazaretda o‘tkazmoqda. U faqat bahorda safga qaytadi, lekin u hali qanday o‘ynab ketishi aniq emas.
4. Moyze Kin, «Yuventus»dan «Everton»ga

O‘tgan mavsumda 19 yoshli forvard «Yuventus»da porlagan va turinliklarning 13 o‘yinida 6 gol urishga erishgandi. Lekin yozda yosh yulduz 27,5 mln yevro evaziga kamtargina «Everton»ga o‘tishi barchani hayron qoldirdi. Angliyada ushbu forvardga katta umid bildirilgandi, ammo hozircha u o‘ziga sarflangan pullarni oqlay olmayapti. O‘ziga berilgan 539 daqiqada Moyze yangi klubidagi debyut golini nishonlashga ulgurmadi. Uning raqobatchilari Risharlison, Kalvert-Lyuin va hatto Jenk Tosun undan ishonchliroq o‘ynamoqda.
3. Joelinton, «Hoffenhaym»dan «Nyukasl»ga

Bundesligada «Hoffenhaym» uchun 28 o‘yinda 7 gol urgan bu futbolchi Angliyada super-bombardirga aylanishiga ishonish qiyin edi. Ammo «Nyukasl» mo‘’jizadan umid qildi va Joelintonning transferi uchun 44 mln yevro to‘ladi va tabiiyki bunga afsuslandi. APLdagi 18 uchrashuvda ushbu braziliyalik futbolchi bitta gol urdi hamda bir golga uzatma berdi. Ammo «qarg‘alar» bosh murabbiyi Stiv Bryus hamon uni boshlang‘ich tarkibga qo‘ymoqda.
2. David Luis, «Chelsi»dan «Arsenal»ga

APLning joriy mavsumi startida David Luis Yevropadagi eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan futbolchilardan biri edi. U juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yar va kulgiga qolardi. Angliya chempionatining yarmiga kelib braziliyalik futbolchi o‘ziga kela boshladi, lekin u avvalgi formasiga qayta olmadi. Hozirda «Arsenal» ushbu 32 yoshli himoyachi uchun to‘lagan 8,7 mln yevro ko‘pdek ko‘rinmoqda. Loran Koselniga o‘rinbosar topishda«kanonirlar» jiddiy xatoga yo‘l qo‘yishgandi.
1. Luka Yovich, «Ayntraxt»dan «Real»ga

Yovichning «Ayntraxt»dan «Real»ga 60 mln yevroga o‘tishi –  yilning eng omadsiz transferi bo‘ldi. Madrid klubida serbiyalik forvard Benzemaga raqobat qila olmayapti va zaxira o‘rindig‘iga «mixlanib» qoldi. Zidan baribir unga imkon taqdim etganida esa, Luka undan foydalana olmayapti. U 13 o‘yinda atigi bitta gol urdi. Afsuski, ko‘pchilik hozirda ushbu serbiyalik hujumchi haqida bir mavsumlik futbolchi degan xulosaga kelgan.

451   
Добавить комментарий
Ваше имя: *