Goal24.uz » Европа жамоалари » Fransiya » Murabbiy dastxati: Zidanning yetukligida Marchello Lippining o‘rni haqida

Murabbiy dastxati: Zidanning yetukligida Marchello Lippining o‘rni haqida

Автор: admin

Futbolchilik faoliyatida individual mahorati orqali charm to‘p ixlosmandlarining qalbidan joy ola bilgan Zinedin Zidan haqida gap ketganda, ko‘pchilikning yodiga 1998-yilgi Jahon Chempionati va 2002-yilgi Yevropa Chempionlar Ligasining finali keladi.
Zidanning murabbiy sifatida shakllanishida esa, uning 1996—1999-yillarda Marchello Lippi qo‘l ostida “Yuventus”da o‘tkazgan vaqtlari muhim o‘rin tutadi. Aynan mana shu uch mavsum uning futbolga bo‘lgan qarashlarini belgilab bergan.
2018-yilda Lippi Italiyaning La Stampa gazetasiga bergan intervyusida: “Zidan – Didye Desham va Antonio Konte singari mening shogirdlarimdan biri. Ularga qandaydir ta’sir o‘tkazganim menga qorong‘i, biroq ularning yutuqlariga o‘z hissamni qo‘shganim to‘g‘risida o‘ylash yoqimli”, – degandi.
Zidanga qaraganda Lippining ta’siri Desham va Kontening o‘yin uslubida yaqqol ko‘rinadi. Ularning har ikkalasini ham raqibga moslashuvchi va reaktiv murabbiy deb hisoblash mumkin.

Zidanning faoliyatida Italiya futboli va Lippining o‘rni


Lippi va Zidan “Yuventus”da
Foto: Getty Images
1998-yilgi mundial hamda Yevro—2000 musobaqasida Fransiya terma jamoasi sardori bo‘lgan Desham har doim A Seriyada o‘ynash tajribasiga va uning mentalitetini shakllantirishga e’tibor qaratib kelgan.
“Bizning avlod Italiya futbolidan va u bizga bergan saboqlardan minnatdor bo‘lishi lozim. Bizga texnik va ruhiy barqarorlikni ta’minlash borasida yuqori talablar qo‘yilardi, shundan so‘ng biz o‘z vazifalarimiz va imkoniyatlarimizga shubha qilmasdik”, – deydi Desham.
A Seriya xususida Zidan ham ancha iliq xotiralarga ega. 1998-yilgi Jahon Chempionati oldidan, Fransiyaning “Bordo” klubidan “Yuventus”ga o‘tganidan so‘ng, ikki yil davomida sizda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi? degan savolga: “Men o‘zgacharoq fikrlaydigan bo‘ldim. Buning uchun Lippiga rahmat aytishim kerak”, – deb javob bergandi.
Desham va Kontening asosiy vazifalari – raqibni zararsizlantirish bo‘lsa, Zidan o‘z mahoratini ishga solib, vaziyatlardan unumli foydalanardi. Biroq Lippi har doim uning ishga sidqidildan yondashishini va boshqalarga o‘rnak bo‘lishini talab qilgan.
Lippi Zidan haqida shunday deydi: “U – zamonaviy 10-o‘yinchi. Zidan to‘pni yo‘qotganda, darhol uni qaytarish uchun raqib orqasidan yuguradi. Jamoaga yordam berishga intilgani va yaxshi jismoniy tayyorgarligi tufayli u doimo pressinglarda faol ishtirok etardi.

Madriddagi faoliyat


Foto: Getty Images
Zidan 2016-yilning yanvarida Rafael Benitesning o‘rnini egallab, “Real Madrid” bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Benitesning jamoasi o‘zining samaradorligi bilan ko‘plab muxlis va mutaxassislarning e’tiborini o‘ziga jalb eta olgandi. Ko‘pchilik Zidan jamoa o‘yiniga o‘zining falsafasini singdirishiga va mashg‘ulotlarga o‘zgacha uyg‘unlik bag‘ishlashiga umid qilardi.
“Real” uning boshqaruvida dastlabki o‘yinlarda yirik hisobdagi g‘alabalarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, Zidan hujumkor o‘yinchilarga erkinlik berishga shoshilmadi. Buning o‘rniga u jamoaning asosiy figurasi etib yuqori summaga sotib olingan hujumkor yarimhimoyachi – Xames Rodrigesni emas, balki tayanch chizig‘ida to‘p suradigan yosh Kazemironi belgiladi. Shu vaqtgacha maydonda asosiy vazifalarni bajarib kelgan o‘yinchilar ikkinchi planga tushirildi. Uning jamoasi Lippiniki kabi butun diqqatini faqat g‘alabaga qaratdi. Tez fursatlarda futbolchilarning jismoniy holatiga alohida e’tibor berildi. Buning uchun Zizu jamoaga “Yuventus”dagi faoliyati orqali iliq munosabatlarda bo‘lgan italiyalik murabbiy Antonio Pintusni taklif qildi. Ular bir-birlarini 1990-yildan beri bilishardi. O‘sha paytlarda Pintus “Yuve”ning jismoniy tayyorgarliklar bo‘yicha murabbiyi Jampero Ventronening qo‘l ostida ishlagan. Ventrone har doim “o‘lsang o‘l, lekin bajar” va “g‘alaba kuchlilarga tegishlidir” degan shiorni qaytarardi.
“Didye Desham menga uning mashg‘ulotlari haqida gapirib bergandi, biroq bu qadar qiyin bo‘lishiga ishonmagandim. Ko‘pincha, uning mashg‘ulotlaridan so‘ng, charchoqdan o‘zimni yomon his etardim, boshim aylanardi”, – deb Ventronening yuklamalarini yodga oladi Zidan.
Fransiyalik mutaxassis “Real”ning o‘yinini taktik jihatdan o‘zgartirishni istamadi. Biroq jismoniy holatga katta e’tibor qaratilgani va Kazemironing tarkibga jalb etilishi jamoa o‘yiniga biroz bo‘lsa-da himoyaviy tus berdi. Zidanning bosh murabbiy etib tayinlanishi klubga keyingi ikki mavsumda 8 ta sovrinni taqdim etdi. Chempionlar Ligasidagi dubl va La Liganing 2016/17-yilgi mavsumidagi g‘alaba. Bu — Zidan Pintus yordamida jamoani to‘liq tayyorlay olgan birinchi mavsum edi.

Taktik imzoning yo‘qligi


Foto: Google Images
Madrid klubi boshqaruviga Zidan kelgach, jamoaga ko‘plab o‘yinchilar kelib ketdi, shunga qaramay o‘yin borasida aniq bir taktik falsafa ko‘rinmas edi. Odatda murabbiylar taktik sxema va shakllar haqidagi savollardan voz kechishadi. Aynan shu holat bu yerda ham ko‘zga tashlandi.
“O‘ylashimcha, biz ko‘proq 4-4-2 sxemasida o‘ynadik, biroq men uchun bu muhim ahamiyat kasb etmaydi. Jamoa yuqori sifatli va ishonchli o‘yin namoyish etayotgan vaqtda sxemalar meni umuman xavotirlantirmaydi. Men bugun juda baxtiyorman. “Atletiko” uchun bu ko‘ngilsiz natija bo‘lishi mumkin, ammo har qanday jamoa ham bu yerda 3:0 hisobida g‘alaba qozona olmaydi”, – degandi Zidan 2016-yilda “Atletiko” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyingi matbuot anjumanida.
Xulosa qilish mumkinki, Zidan qandaydir sxemalar ustida bosh qotirishni xushlamaydi. Agar uning futbolchilari raqib jamoa a’zolaridan har tomonlama ustun bo‘lsa, g‘alaba mahorat evazigagina qo‘lga kiritiladi. Bu Gvardiola yoki Kloppning uslubi bilan solishtirilganda juda jo‘n ko‘rinishi tabiiy. Aynan mana shu omil Zidan zamonaviy futbolning taktik va strategik tomonlarini yetarlicha tushunmaydi, degan tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
Fikrimizcha, uning bu uslubi faqat top-klublarda ijobiy natija berishi mumkin. Masalan, 90-yillarning oxiridagi “Yuventus” yoki hozirgi “Real” kabi jamoalarda. Krishtianu Ronaldu, Luka Modrich yoki Serxio Ramos darajasidagi o‘yinchilarga qanday qilib futbol o‘ynash kerakligini tushintirishning hojati yo‘q. Bu Zidanning ishi emas. Buning o‘rniga, u ularga yaxshi o‘yin namoyish etish sharoitini yaratib beradi, xolos.
O‘z navbatida Zidan ham Lippining xizmatlaridan minnatdor bo‘lib, o‘z iqtidorini jamoa manfaatlari yo‘lida ishlatish naqadar muhim ekanini tushunib yetgan.
“Lippi men uchun yoqish-o‘chirish tugmasiga o‘xshardi. U meni uyg‘ota olgan va biron bir muhim narsa ustida ishlash nima ekanini anglashimga yordam bergan. Italiyaga kelishimdan avval futbol men uchun shunchaki ish edi. Shu bilan birga undan zavqlanardim. Turinga kelgach esa menda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq yana-da kuchaydi”, – deb xotirlaydi Zidan.
Ushbu yondashuv birinchi navbatda Zidanga so‘nggi ikki yil davomida “Yuventus”da ustozlik qilgan Karlo Anchelotti nomi bilan bog‘liqdir. Bundan tashqari, Visente Del Boske ham “qirollik klubi”da ishlagan vaqtlari jamoani taktik ko‘rsatmalar bilan ko‘p bezovta qilmagan. Lippi qat’iyatli va intizomli bo‘lishiga qaramay, ushbu yondashuvni qo‘llab-quvvatlaganini hamma ham eslay olmaydi.
“Albatta, men o‘yinchilarga hujumlarni qanday uyushtirish kerakligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar beraman, ammo ularning butun o‘yin davomida aytganlarimga to‘liq amal qilishlariga umid qilish noto‘g‘ri. Qo‘l ostingizda Zidan, Del Pyero va Kristian Vyeri kabi futbolchilar bo‘lsa, siz ularni o‘zingiz xohlaganingizdek o‘ylashga majbur qila olmaysiz”, – deya ta’kidlagandi Lippi 2002-yilda.
Shuningdek Lippi Zidanning texnik mahoratiga ham yuqori baho bergan. U 2018-yilda AFP nashriga bergan intervyusida: “Hech qaysi murabbiy Zizuga texnik jihatdan dars bera olmaydi”, – degandi.

Foto: Getty Images
Zidan 2019-yilning mart oyida “Real”ga qaytganidan so‘ng, u yana-da ko‘proq jismoniy holatga e’tibor qaratdi va bu ishi bilan Lippiga yaqinlashdi – jismoniy yuklamalar va jamoaviy etikaga urg‘u berildi.
Buni klubni Ronaldu tark etgani bilan bog‘lash mumkin edi. Portugaliyakning ketishi – kafolatlangan 50 ta gol va barcha o‘yinchilardan maydonda tinimsiz ishlashni talab qilish qobiliyatidan mosuvo bo‘lishni anglatardi. Ta’kidlash joizki, Zidan “Real” futbolchilaridagi bosimni yumshatishda tajribasidan foydalandi. O‘tgan yozda, Pintus “Inter”ga ketib qolgach, Zidan murabbiylar shtabiga boshqa bir fitnes murabbiyi – Gregori Dyuponni taklif qildi.
2018/19-yilgi muvaffaqiyatsiz mavsumdan so‘ng, “Real” juda ko‘p ishlarni amalga oshirishi lozim edi. Ushbu mavsumda esa jamoa avvalgilariga qaraganda kamroq gol o‘tkazib yubordi. Madridliklar Ispaniya chempionatining 27 ta o‘yinida o‘z darvozalaridan atigi 19 marotaba to‘p olib chiqdi.
Himoyadagi ishonchli o‘yin ayniqsa markaziy o‘yinlarda yaqqol ko‘zga tashlandi. Musobaqa favoritlari – “Atletiko” va “Barselona” bilan kechgan bahslarda “Real” biror marta ham mag‘lubiyatga uchramadi. Bu esa yorqin va hujumkor o‘yin bilan xayrlashilganidan darak berardi.
Ma’lumot uchun, “Galaktikos” o‘tgan so‘nggi 480 daqiqada (5 ta o‘yin) atigi 3 ta gol urdi. La Liganing joriy mavsumidagi 27 ta o‘yinda raqiblar darvozasi bor-yo‘g‘i 49 bor ishg‘ol etildi. Bu natija Zidan jamoasining tarixdagi eng past ko‘rsatkichidir.
Quyidagi jadvalda “Real”da so‘nggi yillarda ishlagan murabbiylar qo‘l ostidagi jamoaning o‘rtacha bitta o‘yinda nechta gol urganligi statistikasi keltirilgan

Bu jadvalda esa “Real”da so‘nggi yillarda ishlagan murabbiylar qo‘l ostidagi jamoaning o‘rtacha bitta o‘yinda nechta gol o‘tkazganligi statistikasi keltirilgan

Boshqa intervyu va maqolalalar:

322   
Добавить комментарий
Ваше имя: *