Goal24.uz » Европа жамоалари » Ispaniya » “Barselona”da global qayta qurish: iqtisodiy inqiroz va yozgi transferlar haqida

“Barselona”da global qayta qurish: iqtisodiy inqiroz va yozgi transferlar haqida

Автор: admin

Yaqin bir necha yil ichida “Barselona” tarkibida katta o‘zgarishlarga qo‘l urilishi kutilmoqda. Kataloniya klubi muxlislari istaydimi, yo‘qmi bundan keyin buyuk Messining jamoadagi o‘rni asta-sekin va muttasil tarzda tushib boraveradi. Klub rahbariyatining ustuvor vazifasi esa argentinalik yulduzning o‘yiniga total bog‘liqlikdan xalos bo‘lish va unga munosib o‘rinbosar topishdir.
“Ko‘k-anorranglilar” tarkibida rotatsiya ishlarini olib borish vaqti kelganini payqash uchun mutaxassis bo‘lish shart emas. Boisi jamoadagi aksariyat yetakchi o‘yinchilar 30 yoshlik dovondan o‘tgan:
  • Messi — 32 yosh;
  • Suares — 33 yosh;
  • Buskets — 31 yosh;
  • Rakitich — 32 yosh;
  • Pike — 33 yosh.
Yuqorida nomlari keltirilgan futbolchilarning har biri hozirdanoq o‘ziga yangi jamoa qidirishni boshlashi lozim, chunki kelajak avlodning hech bo‘lmaganda klubga moslashib olishi uchun vaqt kerak bo‘ladi.

“Barselona”ning iqtisodiy inqirozi va kelgusi rejalari

Yuqori darajali futbolchilarni sotib olish uchun, albatta, yaxshigina mablag‘ kerak bo‘ladi. Ayni paytda Yevropadagi vaziyat barchaga birdek ma’lum. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy inqiroz futbol jamoatchiligiga ham ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Misol uchun, ko‘hna qit’aning grand klublari homiylar tomonidan ma’lum muddat moliyalashtirilmaydi, Chempionlar Ligasidagi to‘lovlar sezilarli darajada pasayadi va eng og‘ir zarba teletranslyatsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular esa UEFAning talablarini bajara olmaydi. Shuningdek, futbolchilarning transfer narxlari pasayish ehtimoli ham yuqori, chunki klublar kecha to‘lashga qodir bo‘lgan mablag‘ni ertaga bera olmasliklari mumkin.
“Barselona” hozirda moliyaviy qiyinchiliklar girdobiga tushib qolgan. Asosiy muammo – futbolchilarning oylik maoshlar bo‘lib qolmoqda. Maoshlar umumiy xarajatlarning 83 foizini “yeb yubormoqda”. Bu Yevropaning boshqa klublari bilan taqqoslaganda sezilarli darajada salbiy holat. Rahbariyatning asosiy vazifasi — ba’zi bir o‘yinchilarni sotish orqali ish haqi miqdorini kamaytirishdan iborat. Koronavirus pandemiyasi paytida klub futbolchilar oldidagi moliyaviy majburiyatlarni bajara olmasligi tufayli ularning maoshlarini 70 foizga qisqartirdi.
Ispan nashrlarining yozishicha, “Barselona” yozgi transfer oynasida biryo‘la 8 nafar futbolchisini sotuvga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bular — Arturo Vidal, Ivan Rakitich, Filippe Koutinyo, Martin Breytueyt, Samyuel Umtiti, Neto, Xunior Firpo va Antuan Grizmann.

Foto: Getty Images
Klub ushbu futbolchilarning transferi orqali 300 million yevrodan ko‘proq mablag‘ga ega bo‘lishi mumkin, biroq ularning barchasini bir vaqtda sotish ham to‘g‘ri qaror bo‘lmaydi. “Barselona”ning kelgusidagi qadamlari transfer masalalariga qarab qolmoqda.

Neymar yoki Lautaro Martines?

Yozda kataloniyaliklar oldida ikkita ustuvor vazifa turibdi. Bular – Neymar va Lautaro Martinesni sotib olish.

Foto: Twitter
Neymar PSJga o‘tgandan beri uning “Barselona”ga qaytmoqchiligi va Parijdagi hayotidan mamnun emasligi to‘g‘risidagi mish-mishlar tinmadi. O‘tgan yozda braziliyalik forvard uchun 200 million yevro talab qilingan bo‘lsa, ayni paytda uning narxini 150 million yevro etib belgilash mantiqsizlik bo‘lardi. 2019-yilning yozidan boshlab, Neymarning transfer  qiymati 180 milliondan 128 million yevrogacha tushdi. Bu bevosita uning yuqori sifatli o‘yin namoyish etmayotganidan dalolat beradi. Neymar allaqachon shaxsiy sovrinlardan uzoqlashgan va “Oltin to‘p”ga nomzod futbolchilar orasidan chiqib ketgan. Aftidan, Parijdagi turmush tarzi 28 yoshli futbolchini o‘zgartirib yubordi, u dastlabki ikki mavsumda jarohatlari tufayli bir necha oy davomida maydonga tushmadi va vaqtini sportga aloqasi bo‘lmagan ishlar bilan o‘tkazdi.

Neymar “Barselona”ga nega kerak? Ikki nazariya

  1. Bu – Messining talabi. Argentinalik hujumchi Neymarni o‘zining jamoadagi izdoshi deb biladi. Leo ketganidan so‘ng, faqatgina Neymar yetakchilikni o‘z zimmasiga olishi mumkin. Bundan tashqari, Messi do‘stining Kataloniyaga astoydil qaytishini xohlamoqda.
  2. “Barselona” rahbariyati muxlislar oldida yo‘qolib borayotgan obro‘yini Neymarni qaytarish orqali tiklamoqchi. Buning ustiga klub prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylov yaqin.

Foto: Getty Images
Kataloniya klubi yozda Neymarni 120–130 million yevro evaziga qaytarishi mumkin. Iqtisodiy inqiroz sharoitida, bundan ortig‘ini to‘lashga hech kim rozi bo‘lmaydi. Neymarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish uchun mablag‘ topish mushkulligini hisobga olib, “Barselona” to‘lovga qo‘shimcha sifatida shartnomaga ba’zi futbolchilarni ham qo‘shishga harakat qiladi. Jumladan, Grizmann, Koutinyo va Dembele bitimda ishtirok etishi mumkin. O‘z navbatida, bu taklif Parij klubiga ham ma’qul kelishi mumkin bo‘lib, shunda klubning yangi futbolchini xarid qilishiga hojat qolmaydi.
Lautaro Martinesga keladigan bo‘lsak, barchasi u darajada oddiy emas. Ushbu hujumchining “Barselona”ga o‘tishi uzoq va zerikarli tus oladi. Klub rahbariyati va murabbiylar shtabi Lautaroni 33 yoshli Suares uchun munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda, ammo “Inter” rahbariyati futbolchi bilan xayrlashishga shoshilmayapti.
Bu borada “Barselona” uchun asosiy muammo – 22 yoshli argentinalik hujumchining shartnomasida belgilangan transfer miqdoridir. 111 million yevro – karantindan keyin topish mushkul bo‘lgan juda katta mablag‘ hisoblanadi. Milan klubi bosh murabbiyi Antonio Kontening ham Martinesni boshqa jamoaga qo‘yib yuborish niyati yo‘q. Italiyalik mutaxassis Martinesni imkon qadar uzoqroq ushlab turishni rejalashtirmoqda va A Seriyada “skudetto” uchun kurashda uning asqatishiga ishonmoqda.
“Inter” “Barselona”ning qanday takliflar qilishidan qat’i nazar transferga rozi bo‘lmasligi mumkin. Neymarning transferidan keyin 111 million yevro topishning o‘zi haqiqatdan ancha yiroq. Martinesning “Inter” bilan amaldagi shartnomasi 2023-yilda yakunlanadi. “Barselona”da esa Martinesni keyingi mavsumda sotib olish imkoniyati saqlab qolinadi.
“Barselona” allaqachon Lautaroga yiliga 10 million yevro maoshni kafolatlaydigan shartnoma taklif etgan. Kataloniya klubida tobora vaqt kam qolmoqda. Shuning uchun klub yozda nima bo‘lishidan qat’i nazar yuqorida nomlari keltirilgan ikki futbolchini sotib olish uchun bor imkoniyatini ishga soladi.

Bu vaziyatda “Barselona” qanday yo‘l tutadi?

Fikrimizcha, avvaliga bir nechta o‘yinchi sotib yuboriladi. “Barselona” Koutinyoning xizmatlaridan voz kechdi va uning tovon pulini 70-90 million yevro etib belgiladi. Angliya matbuoti Koutinyoga “Chelsi” va “Tottenhem” qiziqish bildirayotgani to‘g‘risida yozmoqda. Shuning uchun, hozircha Kataloniya g‘aznasining to‘lishiga umid saqlanib turibdi. Tabiiyki, bu vaziyatda “Bavariya” braziliyalik xavbekdan voz kechadi.
Shundan so‘ng, uncha katta bo‘lmagan transferlar amalga oshiriladi. Vidal (15-25 million), Rakitich (20-25 million), Breytueyt (20-25 million) va Umtiti (30-50 million) shular jumlasidandir.

Xulosa

“Barselona”ning yangi tarkibi bir yoki bir yarim yilda to‘liq shakllanib ulgurmaydi. Pandemiyadan keyingi iqtisodiy oqibatlar juda katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Neymar va Martinesning transferlari kelajakda Messi va Suaresning o‘rnini to‘ldirsa, bir yildan so‘ng “ko‘k-anorranglilar” katta yutuqlarga qodir bo‘lgan yangi avlodni bosqichma-bosqich shakllantirishda davom etadi
345   
Добавить комментарий
Ваше имя: *