Goal24.uz » Жаҳон » Koronavirusdan keyin futbol qachon qaytadi: chempionatlarning rejalari

Koronavirusdan keyin futbol qachon qaytadi: chempionatlarning rejalari

Автор: admin

Koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘plab sohalar faoliyati cheklandi yoki to‘xtatildi. Sport ham ularning orasida bor.
Hozirgi vaqtda futbol assotsiatsiyalari FIFA va UEFA bilan hamkorlikda mavsumni davom ettirish masalasini muhokama qilishmoqda. Quyida dunyodagi ba’zi ligalarning bu boradagi rejalari haqida ma’lumot beramiz.
Belarus, Nikaragua, Turkmaniston va Tayvan chempionatlari
Chempionatlar to‘xtatilmadi, o‘yinlar davom etyapti. Avvalroq Burundi va Tojikiston ham shu ro‘yxatda bor edi. Ammo mahalliy federatsiyalar mos ravishda 14 va 26 aprel kunlari o‘yinlarni may oyiga qadar to‘xtatib turish haqida qaror qabul qilishdi.
Meksika chempionati
Rasman yakunlandi, mavsum bekor qilindi (chempion va sovrindorlar aniqlanmadi). 6 yil davomida yuqori va quyi ligalar orasida klublar almashinuviga cheklov qo‘yildi.
Argentina chempionati
Rasman yakunlandi, ammo mavsum bekor qilinmadi. «Boka Xuniors» chempion deb e’lon qilindi. 2 yil davomida quyi ligaga tushib ketishga cheklov qo‘yildi, ammo yuqori ligaga chiqish imkoniyati saqlab qolindi.
Niderlandiya chempionati
Rasman yakunlandi, mavsum bekor qilindi (chempion va sovrindorlar aniqlanmadi). Yevrokuboklarning 2020/21 mavsumi yo‘llanmalari hozirgi jadval bo‘yicha taqsimlandi («Ayaks», AZ — Chempionlar Ligasi, «Feyenoord», PSV, «Villem II» — Yevropa Ligasi).
Fransiya chempionati
Rasman yakunlandi. Hukumat shu haqdagi topshiriqni berdi. Endi Fransiya Futbol Federatsiyasi Liga 1 chempioni va sovrindorlari, quyi ligaga tushib ketgan klublar va yevrokubok yo‘llanmalari egalarini aniqlab olishi kerak.
Belgiya, Shotlandiya va Gretsiya chempionatlari
Chempionatlarni muddatidan oldin yakunlash va «Bryugge» (Belgiya), «Seltik» (Shotlandiya), «Olimpiakos» (Gretsiya) klublarini chempion deb e’lon qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda rasman qaror qabul qilinmagan. UEFA bilan muzokaralar davom etyapti.
Germaniya chempionati
Futbol ma’muriyati 9 may kunidan boshlab ba’zi cheklovlar bilan mavsumni davom ettirishni rejalashtiryapti.
Farer orollari chempionati
9 may kuni start olishi rejalashtirilmoqda.
Avstriya, Daniya va Shveysariya chempionatlari
Federatsiyalar mahalliy sog‘liqni saqlash tizimlari bilan muzokara o‘tkazishyapti. Taxminan 15 may kunidan boshlab mavsum davom ettirilishi mumkin.
Vengriya va Ozarboyjon chempionatlari
Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, chempionatlar 23 may kunidan boshlab davom ettirilishi mumkin.
Chexiya chempionati
Mahalliy futbol ma’muriyati 25 may kunidan boshlab mavsumni davom ettirishni rejalashtirgan.
Italiya chempionati
Tasdiqlangan sana yo‘q. Ammo 27 may kunidan boshlab, xavfsizlik choralariga qattiq rioya qilingan holda mavsum davom ettirilishi mumkin.
Polsha chempionati
Mahalliy futbol ma’muriyati 29 may kunidan boshlab mavsumni davom ettirishni rejalashtirgan.
Ispaniya chempionati
La Liga rahbariyati sog‘liqni saqlash tizimi ruxsat bersa, mavsumni 6 iyun kunidan boshlab davom ettirishni rejalashtiryapti. Biroq, ba’zi klublarning bunga tayyor emasligi haqida bayonot berishi vaziyatni murakkablashtirmoqda.
Angliya chempionati
Premer-Liga rahbariyati mavsumni oxirigacha yetkazib olishga astoydil harakat qilmoqda. Ammo aniq sana belgilanmagan. Katta ehtimol bilan APL 8 iyun kunidan davom ettirilishi mumkin.
MLS
AQSH futbol ma’muriyati yangi mavsumning qachon start olishi haqida bir qarorga kelmagan. Rejada 8 iyun kuni belgilangan.
Turkiya chempionati
Turkiya Yevropada eng oxirgilardan bo‘lib mavsumni to‘xtatgan edi. Mahalliy futbol ma’muriyati o‘yinlarni 12 iyun kunidan boshlab davom ettirmoqchi.
Ukraina chempionati
Ukrainada karantin cheklovlari 31 may kuniga qadar o‘rnatilgan. Agar ular uzaytirilmasa, chempionat o‘yinlari 13 iyundan boshlab davom ettirilishi mumkin.
Shvetsiya chempionati
Shvetsiyada karantin cheklovlari qattiq emas, ammo chempionat o‘yinlari to‘xtatilgan. Agar epidemiologik vaziyat yaxshilansa, 14 iyun kuni o‘yinlar davom ettirilishi mumkin.
Portugaliya va Ruminiya chempionatlari
Yevropaning g‘arbida chempionat o‘yinlarini davom ettirishga shoshilishmayapti. Portugaliya va Ruminiya 15 iyungacha kutib turishni ma’qul ko‘rishmoqda. Ruminiya esa o‘yinlarni Turkiyadagi yopiq maydonlarda o‘tkazish imkoniyatini ham o‘rganyapti.
Kipr chempionati
Orolliklar mavsumni 15 iyun kunidan boshlab davom ettirishni belgilab qo‘yishdi.
Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi
Yevrokuboklarning pley-off bosqichi o‘yinlari 2 avgust kunidan davom ettirilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston chempionati
O‘zbekistonda chempionatning qachon davom ettirilishi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Barchasi epidemiologik vaziyatning yaxshilanishiga bog‘liq. Mavsum davom ettirilgan taqdirda ham katta ehtimol bilan o‘yinlarga muxlislar kiritilmasligi, chempionat formati esa qisqartirilishi mumkin.


398   
Добавить комментарий
Ваше имя: *