Goal24.uz » Ўзбекистон » O‘zbekiston 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun ariza topshirmadi

O‘zbekiston 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun ariza topshirmadi

Автор: admin

2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini qabul qilish uchun Qatar poytaxti Doha va Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shaharlari ariza berdi. Bu nufuzli musobaqani o‘tkazishga O‘zbekiston ham da’vogar edi: bu borada Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingandi.
Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) xabariga ko‘ra, 2030 yilgi XXI Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun faqat 2ta shahar ariza topshirdi. 22 aprel hujjat topshirishning oxirgi sanasi edi va bu vaqtga qadar faqat Doha va Ar-Riyoddan ariza kelib tushdi.
Qayd qilish joizki, Doha 2006 yili XV Osiyo o‘yinlarini qabul qilgan edi. Saudiya Arabistoni esa hali bu darajadagi nufuzli musobaqani o‘tkazmagan.
2030 yilgi XXI Osiyo o‘yinlari mezboni haqidagi qaror 2020 yil 29 noyabr kuni Xitoyning Sanya shahrida o‘tkaziladigan OOK bosh assambleyasida qabul qilinadi.
Qayd qilish joiz, 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlari ham da’vogarlik qilishi rejalashtirilgan edi.
Bu haqda ilk marta 2018 yil sentyabr oyida ma’lum bo‘lgan, prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat sporti mutasaddilari va hukumat rahbarlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda shu to‘g‘rida topshiriq bergandi.
Keyinroq, 2018 yil dekabr oyida O‘zbekiston prezidenti parlamentga murojaatida ushbu masalaga yana to‘xtalib o‘tdi:
«Kelgusida yozgi Osiyo o‘yinlaridan biriga mezbonlik qilish bo‘yicha harakatlarni boshlashimiz kerak. Albatta, bu katta marra. Lekin biz bu marraga qodir ekanligimizni ko‘rsatsak, to‘g‘ri bo‘lar edi. Biz shunga munosibmiz desak, bu ham to‘g‘ri. Bu borada 3 oy muddat ichida tegishli choralarni ishlab chiqiladi», – dedi prezident.
2019 yil 24 fevral kuni OOK prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh boshchiligida delegatsiya Toshkentga tashrif buyurdi. Martabali mehmonlar bilan ikki kun davomida o‘tkazilgan uchrashuvlarda O‘zbekistonning 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda Milliy olimpiya qo‘mitasining o‘sha paytdagi prezidenti Umid Ahmadjonov OOK rahbariga O‘zbekiston 2030 yilgi musobaqani qabul qilish bo‘yicha ariza yo‘llaganini ma’lum qilgan edi.
«O‘yinlarni o‘tkazish uchun bejizga Toshkent va Samarqand shaharlari tanlangani yo‘q. Har ikki shaharda ham sayyohlik imkoniyatlari yuqori. Asosiy sport turlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Samarqandda esa asosan suv sporti turlari, eshkak eshish bo‘yicha bellashuvlar tashkil etiladi», deya rejalar haqida gapirgandi Ahmadjonov.
2019 yil 14 may kuni O‘zbekistonda yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorda yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishni tashkil etish uchun munosib infratuzilmani yaratishga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi tasdiqlanib, Milliy olimpiya qo‘mitasi huzurida xalqaro nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha jamg‘arma tashkil etilishi, Toshkent va Samarqand shaharlarida Olimpiya shaharchalari qurilishi belgilab berilgan edi.
Hukumat qarori qabul qilingan kunning ertasiga Umid Ahmadjonov MOQ prezidenti lavozimini tark etdi.
Ma’lumot o‘rnida, Osiyo o‘yinlari ilk marotaba 1951 yil Hindistonning Dehli shahrida o‘tkazilgan. Navbatdagi 2022 yilgi Osiyo o‘yinlari Xitoyning Xanchjou, 2026 yilgi Osiyo o‘yinlari esa Yaponiyaning Nagoya shahrida o‘tkazilishi lozim.


239   
Добавить комментарий
Ваше имя: *