Goal24.uz » Ўзбекистон » Vadim Abramov: «Agar qo‘limda tilla baliqcha bo‘lganida...»

Vadim Abramov: «Agar qo‘limda tilla baliqcha bo‘lganida...»

Автор: admin

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining «Onlayn intervyu» dasturida ishtirok etdi. Unda mutaxassis  terma jamoaning kelajakdagi rejalari, futbolchilarning sport formalariga kirib olishi uchun qancha vaqt kerak bo‘lishi, shuningdek, bosh jamoamiz nega o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil qilishda yana qo‘shni mamlakat jamoalari bilan cheklanib qolayotgani haqidagi mavzularida so‘zladi.

Koronavirus pandemiyasining ta’siri haqida
— Vadim Karlenovich, FIFA mart va iyun oyidagi rasmiy va o‘rtoqlik o‘yinlarini bekor qildi. Bu futbolchilarning tayyorgarligiga qanchalik ta’sir qildi.
— Bu faqat bizga emas, balki raqiblarimizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Albatta, bu umumiy futbolga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Avvalo, tayyorgarlikni boshlash uchun aniq sanani bilib olishimiz kerak. Hozircha qachon o‘yinlar o‘tkazilishi ma’lum emas. Ayni damda bir nima deyish qiyin.

— Karantin vaqtda terma jamoa a’zolari bilan gaplashib turibsizmi? Masofadan turib ularni qanday boshqarib turibsiz?
— O‘yinchilar bilan gaplashib turibman. Keyingi rejalarimizni muhokama qildik, ammo keyingi o‘yinimiz qachon ekanini bilmaymiz. Shuningdek, avvalroq gaplashganimizda, futbol mavsum to‘xtab turganidan foydalanib ikki haftalik yig‘in tashkil etish variantini o‘ylab ko‘rdik. Albatta, buni O‘zbekistondagi futbolchilar bilan bilan amalga oshirmoqchi edik. Bu o‘yinchilar uchun foydali bo‘lar edi. Ammo hozir barcha karantinda bo‘lgani uchun buni amalga oshira olmadik. Professional futbolchilar individual ravishda har kuni shug‘ullanib turishi kerak. Aks holda bunaqa katta tanaffus ularga salbiy ta’sir qiladi.

— Siz “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi ham hisoblanasiz. Jamoa futbolchilari bilan aloqada bo‘lib turibsizmi?
— Xuddi siz kabi ular bilan ham video orqali gaplashib turibmiz. Albatta ular ham individual tarzda mashg‘ulotlarni bajarishmoqda. Ular sharoit topib yugurishmoqda, jismoniy formani ushlab turishga harakat qilishmoqda. Ammo futbolda faqatgina tosh ko‘targan holda ayrim mushaklarni chiniqtirish bilan ish bitmaydi. Futbolda barcha mushaklar birdek ishlashi kerak. Shuningdek, ulardan ortiqcha vazn to‘plamaslikni so‘rayapmiz.

O‘zbekiston chempionati haqida
— Karantin rejimi bekor qilinganidan keyin o‘yinchi kerakli formaga kirib olishi uchun qancha vat talab etiladi?
— O‘yinchi individual jihatdan formaga kirishi uchun 2-3 hafta yetarli bo‘lishi mumkin. Jamoaviy o‘yin tonusiga esa faqat uchrashuvlar orqali kiriladi. Shuning uchun dastlabki turlarda kutilmagan natijalar qayd etilishi mumkin.

— Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekistonda ushbu mavsumni oxiriga yetkazishga ulguramizmi? Oldimizda Superliga, O‘zbekiston kubogi va milliy terma jamoaning o‘yinlari kutib turibdi.
— Barchasi mavsumni qachon qayta boshlashimizga bog‘liq. Masalan, mavsumni may oyi so‘ngida qayta davom ettiradigan bo‘lsak, barcha o‘yinlarni o‘tkazishga ulgurishimiz mumkin.

O‘rtoqlik o‘yinlari haqida
— So‘nggi paytlarda O‘zbekiston terma jamoasi asosan qo‘shni mamlakatlar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazilmoqda. Bundan 1-2 yil avval esa Senegal, Marokash, Urugvay, Eron kabi jahon chempionati ishtirokchilari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazilayotgan edi. Nima uchun hozir kuchliroq jamoalarga qarshi o‘yinlar tashkil etilmayapti?
— Men yaqinda terma jamoani qabul qilib oldim. U paytda jamoaning tuzilgan rejalari mavjud edi. Boz ustiga, darhol JCH saralash bahslarida ishtirok eta boshladik. Bugungi kunga kelib esa imkoniyati bor termalar bilan kelishyapmiz. Yevropa jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilish qiyinlashdi. Chunki Yevropada millatlar ligasi kabi yangi musobaqalar o‘tkazilib, ularda deyarli bo‘sh vaqt qolmayapti. Boz ustiga, koronavirus pandemiyasi tufayli ularning ham rejalari buzilib ketdi.

Biz rejalashtirgan o‘yinlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, 26 mart sanasiga Qozog‘iston bilan Toshkentda o‘ynab, shundan so‘ng Yamanga yo‘l olishimiz kerak edi. Dastlab ular taklifimizga rozilik berib, so‘ngra negadir o‘z fikrlaridan qaytishdi. Shuning uchun tezda raqib topishimiz kerak edi. O‘ylashimcha, Armaniston terma jamoasi Qozog‘istondan kuchsiz emasdi. Bu biz uchun foydali o‘yin bo‘lar edi, afsuski, bu bahs bekor bo‘ldi. Men Urugvay, Senegal kabi kuchli jamoalar bilan o‘ynashga hamisha rozi bo‘lganman. Hattoki Braziliya va Argentina bilan jon deb o‘ynagan bo‘lardik. Ammo vaziyatni o‘zingiz ko‘rib turibsiz.

— Siz o‘rtoqlik o‘yinlariga tanlanadigan raqib borasida O‘zbekiston futbol assosiasiyasiga o‘z taklifingizni berasizmi?
— Men taklif berishim mumkin, ammo ko‘p narsa raqiblarga ham bog‘liq. Agar biz Argentina yoki Braziliya bo‘lganimizda, yetakchi jamoalar o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil etish ancha oson bo‘lar edi. Kuchli jamoalar biz bilan o‘ynashga rozi bo‘lishi uchun ularda manfaat bo‘lishi kerak. O‘z vaqtida musobaqalarda yaxshi ishtirok etganimizda Hindiston bilan biz bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazishni xohlab, yaxshigina pul taklif qilgandi. Ammo men bu taklifga rad javobini bergandim. Bunday o‘yindan bizga hech qanday naf yo‘q. Kuchli jamoalarga esa biz pul to‘lashimiz kerak. Agar qo‘limda tilla baliqcha bo‘lganida, undan Braziliya, Argentina, Gollandiya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishni so‘ragan bo‘lar edim. Afsuski, menda bunday imkoniyat yo‘q.

JCH-2022 yo‘llanmasi uchun kurash haqida
— O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi, afsuski, Osiyo chempionati orqali Tokio-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Bu jamoadan nechta o‘yinchini milliy terma jamoaga jalb qilmoqchisiz?
— Bu jamoa safidagi yetakchi o‘yinchilarning barchasi milliy terma jamoaga nomzod hisoblanadi. Ularni kuzatib boramiz. Ular o‘z klublari safida yaxshi o‘yin namoyish etib, o‘sishga erishishsa, ularni milliy jamoaga albatta taklif etamiz. Olimpiyachilarimiz safidan qanchalik ko‘p futbolchi terma jamoadan mustahkam o‘rin egallasa, milliy jamoamiz shunchalik kuchayadi.

— 2022 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatlarimizni qanday baholasiz?
— Maqsadimiz o‘zgarmagan — avvalo hozirgi guruhdan keyingi bosqichga chiqib olishimiz zarur. Shundan keyingi yana gaplashishimiz mumkin. Ammo O‘zbekiston terma jamoasi hamisha o‘z oldiga jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasini qo‘yib kelgan. Men buni to‘g‘ri deb hisoblayman. Har qanday holatda ham biz bu maqsadga erishish uchun harakat qilishimiz kerak. Murabbiylar shtabi esa JCHga chiqish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Bunga shubha yo‘q. Bundan tashqari, ko‘p narsa klublarda ishlayotgan murabbiylarning professionalizmiga, o‘yinchilarni musobaqalarga tayyor olish mahoratiga ham bog‘liq. Mavsumni qancha tez qayta boshlasak, shuncha yaxshi bo‘ladi. Menga ma’lum bo‘lishicha, Xitoy va Saudiya klublari o‘z bazalarida shug‘ullanishni boshlab yuborishgan. Biz esa hali mashg‘ulotlarni boshlamadik. Muammo shunda.

— Suhbatimiz so‘ngida o‘zbekistonlik muxlislarga tilaklaringiz.
— Avvalo bunday sharoitda muxlislarga sabr tilagan bo‘lardim. Hozir barchamizga oson emas. Xalqimiz sabrli va aqlli — bundan xursandman. Vaziyatni yaxshi his qilib turibdi. Tezroq normal hayotga qaytib, futbol bilan shug‘ullanishimizni kutyapmiz. Futbol esa insonlarga hamisha quvonch hadya etadi.

217   
Добавить комментарий
Ваше имя: *