Goal24.uz » Европа жамоалари » Angliya » Mourinoning "Real"i haqida nimalarni bilasiz? "Boshqacha murabbiy"dan boshqacha munosabat!

Mourinoning "Real"i haqida nimalarni bilasiz? "Boshqacha murabbiy"dan boshqacha munosabat!

Автор: admin

Bundan 8 yil oldin «Real» klubi «San-Mames»da «Atletik» ustidan 3:0 hisobida g‘alabaga erishgan holda mavsumdagi yorqin nuqtani qo‘yishga erishgandi va o‘z tarixida 32-bor Ispaniya chempioniga aylangandi.
O‘sha 2011/12 mavsum bir qator sabablarga ko‘ra «Rekordlar Ligasi» sifatida yodda qolgan: «Real» klubi rekord darajada ochko (100) jamg‘argan va rekorda darajada gol (121) urgan holda chempionga aylangan. Bundan tashqari, madridliklar uy o‘yinlarida (16 uchrashuv) rekord darajada ochko (51) jamg‘arganlar va rekord darajada gol (51) kiritganlar.
Shak-shbuhasiz, yuqorida sanab o‘tilgan raqamlarga qaramasdan, 2011/12 mavsum «Real» ishqibozlari uchun «Barselona»ning uch yillik hukmronligiga chek qo‘yilgani sababli ham alohida ahamiyat kasb etadi. Takrorlanmas jamoalar, jahonning eng yaxshi futbolchilari (Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu), jahonning kuchli murabbiylari (Joze Mourino va Xosep Gvardiola), shuningdek, ikki klub tarkibidagi 20 nafar jahon chempionlari o‘rtasidagi afsonaviy duel. Bugun, oradan 8 yil o‘tib «Boshqacha murabbiy» «Marca» nashriga bergan intervyusida o‘sha «Rekordlar Ligasi»ni xotirlab o‘tdi.
- Karantina paytida Londonda qanday yashayapsiz?
- Rostini aytsam, shu kunlarda uyda har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq futbol tomosha qilyapman. Tahlil qilyapman, ko‘plab jamoalardan va murabbiylardan o‘rganyapman. Futbolni, o‘zimizning dunyoni sog‘inyapman, ammo hozir sabrli va mulohazali bo‘lish kerak. Bu muammo barchamizga dahl qildi va barchamiz o‘z rolimizni ijro etishimiz shart.
- Chempionatning kelgan joyidan davom ettirilishi haqida qanday fikrdasiz?
- Agar chempionatning qolgan 9 o‘yini o‘tkazib qo‘yilsa, bu barchamiz, futbol va APL uchun yaxshi. Bu yaxshi belgi.

- Hatto uchrashuvlar tomoshabinlarsiz yopiq eshiklar ortida o‘tsa hammi?
- Menga futbol hech qachon yopiq eshiklar ortida o‘tmaydi, deb hisoblash yoqimli. Chunki telekameralar bor va o‘yinni millionlab tomoshabinlar ko‘radi. Hatto agar bo‘sh stadionlarga chiqishimizga to‘g‘ri kelsa ham aslida ular bo‘sh bo‘lmaydi.
- Boshqaruvingizdagi «Tottenxem» o‘zining yangi stadioni «Uayt Xart Leyn» eshiklarini yaqin atrofdagi shifoxonalarning shifokorlari va bemorlari uchun ochgan holda «Covid-19»ga qarshi kurashga qo‘shildi. Endi ular stadionda tiklanishlari mumkin.
- Ha, bu hayratlanarli. Sen oddiy kunni, uchrashuvdan oldingi suhbatlarni, o‘yinning ketishini tasavvur qilasan... Keyin esa stadionga kelasan va uning nimaga mo‘ljallanganligini ko‘rasan. Bu hozirgi vaqtda juda yaxshi qaror.
- Faoliyatingizning «Real» bosh murabbiyi bo‘lgan bosqichi haqida gaplashamiz. 8 yil oldin siz La Ligani yutgandingiz. Bu 2011/12 mavsumda yuz bergan, «Qirollik klubi» ochkolar va gollar bo‘yicha Ispaniya rekordini yangilagandi. Siz buni faoliyatingizdagi asosiy muavaffaqiyat deb hisoblaysizmi?
- Bu eng asosiy natijam bo‘lganmi yoki yo‘qmi, buni aytishim qiyin. Ammo bu juda muhim davr bo‘lganiga ishonchim komil. Axir biz «Barselona»ning hukmronligi davrida muvaffaqiyatga erishganmiz. Biz ularning gegemonligiga chek qo‘yganmiz va buni ochkolar hamda gollar soni bo‘yicha rekord natija o‘rnatgan holda amalga oshirganmiz. Biz shunchaki La Ligani yutmaganmiz, buni shu tarzda amalga oshirdikki, natijada tarixdan joy oldik.

- Shak-shubhasiz Chempionlar Ligasi yarim finalida «Bavariya» bilan o‘yindan keyingi penaltilar seriyasi turnirdan hafsalangizni pir qilgan...
- Xuddi shunday. O‘sha mavsum «Real» Ispaniya va Evropaning eng yaxshi jamoasi bo‘lgan. Shu sabab bizga Chempionlar Ligasidan erta chiqib ketishni qabul qilish qiyin bo‘lgan.
- Ispaniyada siz tarkibida Messi, Xavi va Inesta singari ijrochilari bo‘lgan tarixdagi eng yaxshi «Barselona»ga qarshi turgansiz. Jamoani Pep Gvardoila boshqarardi. Muvaffaqiyat kaliti nima bo‘lgandi?
- Fikrimcha, asosiysi biz o‘zimiz eng zo‘ri bo‘la olgan o‘yin uslubini topa olganimiz bo‘lgan. Biz o‘z o‘yinimizni shart-sharoitlar va futbolchilarning imkoniyatlariga mos ravishda qurganmiz. Albatta, shuningdek, futbolchilarning ulkan iqtidori va har bir uchrashuvda amalga oshirgan ishlari hal qiluvchi rolni o‘ynagan. Menimcha, mana shu eng asosiysi. Hamma birlashgan va diqqat-e’tiborlarini bitta asosiy maqsad – chempion bo‘lishga qaratgandi.
- Eslaysizmi yoki yo‘qmi, bilmayman, ammo sentyabr oyida siz oson bo‘lmagan davrni boshdan kechirgansiz: «Levante»dan qabul qilib olingan mag‘lubiyat, keyin «Rasing» bilan durang. Mavsum startida buni qanday engib o‘tgansiz?
- Jamoaning kuchi evaziga. Biz eng yaxshilari ekanligimizni his qilganmiz va shunday kayfiyatda «Valensiya» va «Sevilya»ga qarshi uchrashuvlarga, «Visente Kalderon», «San-Mames» va «Kamp Nou»dagi bahslarga chiqqanmiz. Bu ulkan ishtiyoq bo‘lgan, chunki biz hatto o‘sha stadionlarda ham bosimni his qilmaganmiz.

- Ko‘pchilik o‘shanda sizning jamoangiz birlashgan – birorta ham yoriqsiz yaxlit ittifoq bo‘lganini tez-tez gapirishadi...
- Shunday ham bo‘lgan. Jamoa o‘zining futbol darajasi evaziga kuchli bo‘lgan. Shuningdek, ishtiyoqi evaziga ham – birgalikda bu ikki jihat qoyilmaqom natija bergan.
- 26-turda «Nou Kamp»da kechgan «El klassiko»da «Barselona»ni 1:2 hisobida mag‘lub etgansizlar va La Liganing 1-pog‘onasidan mustahkam joy olgansizlar. O‘sha uchrashuvdan qanday xotiralar saqlanib qolgan?
- Go‘zal xotiralar. Biz «Barsa»ga qarshi o‘ynaganmiz va bizni ikki xil natija qoniqtirardi: g‘alaba yoki durang. O‘sha bellashuvga yaxshi tayyorlanganmiz. Shogirdlarimga doimiy ravishda: «Biz uchrashuvni o‘z foydamizga hal qilamiz, g‘alaba qozonamiz», - deb takrorlardim. Ehtiroslar va bosim «Barselona»da ulkan darajada edi, chunki ular uyida o‘ynashayotgandi. Ammo biz ularni o‘tish davrida «sindira» olishimizni bilardik. Ular hisobni tenglashtirishgan paytda shunday bo‘ldi ham. Ehtiroslar aql-idrokni yo‘qotdi.

- Siz «Real»ning yuqori tezlikdagi o‘yini va qarshi hujumlari raqiblar uchun dahshatli bo‘lganini aytgansiz. Taktik nuqtai nazardan La Ligadagi o‘sha muvaffaqiyatning asosi nimada edi?
- Ha, bu gaplarimni yaxshi eslayman. Bizda muayyan o‘yin uslubi bor edi. Himoya chizig‘ida biz juda ham uyushqoq tarzda o‘ynaganmiz, maydondagi barcha ijrochilar nima qilishlari kerakligini bilishardi. Katta rolni tartib-intizom va maydon tashqarisida tashkil etilgan ishlar o‘ynagan. Shuningdek, biz shiddatli hujumlarni amalga oshirganmiz, nishonga juda tez va to‘ppa-to‘g‘ri borganmiz. O‘yinni doimo darvozadan boshlaganmiz, to‘p oshirishlar deyarli benuqson bo‘lgan. Qo‘l ostimda bir jamoa sifatida o‘ynagan a’lo darajadagi futbolchilar bor edi – oxir-oqibat aynan shu muvaffaqiyatning asosiy sababi bo‘lgan.
- Barcha Krishtianu Ronalduni o‘sha «Real» uchun o‘yinni belgilab beradigan futbolchi sifatida eslaydi. Ammo murabbiy nuqtai nazaridan futbolchilardan aynan qaysi biri o‘yin uslubini belgilab berardi?
- Menga kimnidir ajratib ko‘rsatish yoqmaydi, Krishtianuni ham yoki yana boshqa kimnidir. Har bir o‘yinchi muhim, chunki har birining jamoada aniq vazifalari bor edi. Barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozonishni, sovrinlarni qo‘lga kiritishni xohlagan va «Real» uchun muhim ekanliklarini bilishgan. Chunki hamma maqsadga erishish uchun borini berishayotganlarini ko‘rishgan. Bu haqda gapirar ekanman Xose Kalexon bilan Esteban Graneroni esga olaman, ular asosiy tarkib o‘yinchilari emasdi, biroq ular biz uchun kerakli ijrochilar bo‘lgan. Aslida, o‘sha «Real» La Liga va Chempionlar Ligasidagi g‘alabalar uchun munosib edi.

- Siz o‘zingiz ishlagan barcha mamlakatlarda milliy chempionatni yutgansiz. Yaqinda 2004/05 mavsumda «Chelsi» bilan erishgan dastlabki chempionligingizga 15 yil to‘ldi. Siz APLda «Portu»dagi g‘alabali mavsumdan so‘ng debyutingizni o‘tkazgansiz. Ispaniyadagi o‘sha «Rekordlar Ligasi» siz uchun o‘zgacha bo‘lganmi?
- Agar Portugaliya chempionatini bir chetga surib qo‘yadigan bo‘lsak, bu shubhasiz mening shaxsiy xet-trigim bo‘lgan. Men Italiya, Angliya va Ispaniyada muvaffaqiyatga erishishni xohlaganman. Men hozircha buni uddalagan yagona murabbiyman. Futbol tarixidan shu tarzda joy olishni juda ham istagandim, lekin shuningdek, «Real»ni juda yaxshi ko‘rardim va madridliklar bilan mana shu muvaffaqiyatga erishishni juda xohlagandim.
- Ishqibozlar sizni «himoyaviy» murabbiylikda ayblaydilar. La Ligada 121 ta gol urgan holda chempionlikka erishganingizdan so‘ng ularni aksincha ekanligiga ishontirish uchun nimadir deya olasizmi?
- Yo‘q, men hech kimga hech nima demayman... Tarix yozib bo‘lindi va men undan ko‘ra yaxshiroq so‘zlab bera olmayman.
197   
Добавить комментарий
Ваше имя: *