Goal24.uz » Ўзбекистон » Mirzohid G‘ofurov "Navbahor" ikkita sovrin uchun kurashishini aytdi

Mirzohid G‘ofurov "Navbahor" ikkita sovrin uchun kurashishini aytdi

Автор: admin

Barcha sportchilar singari futbolchilar ham karantin davrini o‘z uylarida, oila davrasida o‘tkazishmoqda. “Navbahor” klubi matbuot xizmati jamoa himoyachisi Mirzohid G‘ofurov bilan telefon orqali bog‘lanib, unga bir necha savollar bilan murojaat qildi.
- Karantin paytini uyda qanday o‘tkazyapsiz? Futbolni sog‘indingizmi?
- Albatta, barcha futbolchilar singari karantin davrini uyda, oilam davrasida o‘tkazyapman. Jamoamiz murabbiylar shtabining mashg‘ulotlar jadvali asosida uyda yakka tartibda mashqlarni bajaryapman.
Yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalangan holda, oilam davrasida ko‘proq bo‘lish, suhbatlashishga intilyapman. Boisi, biz – futbolchilarning asosiy vaqtimiz ko‘proq safarlarda kechadi hamda oila davrasida kam bo‘lamiz. Menimcha, har qanday futbolchi futbolni sog‘insa kerak. Ammo birinchi navbatda sog‘liqni asrash kerak va karantin ham shu niyatda e’lon qilindi. Xudo xohlasa, Superliga bahslari tez kunlar ichida start oladi, degan umiddaman.
- Karantindan so‘ng, davom etadigan Superliga bahslarida sizningcha, sensatsiyalar yuzaga kelishi mumkinmi?
- Menimcha, sensatsiyalar yuz berishining ehtimoli yuqori. Boisi, karantindan so‘ng, barcha jamoalar bir xil saviyada bo‘ladi. Shunday ekan, grand klublar o‘zidan kuchsizroq jamoadan mag‘lubiyatga uchrashi ehtimoldan xoli emas. Ammo sensatsiyalarning bo‘lgani yaxshi. Boisi, shunday o‘yinlar orqali chempionatimizga qiziqish yanada kuchayadi.
- Siz “Navbahor”dagi eng tajribali futbolchilardan birisiz. Sizningcha, tajriba futbolda nechog‘lik muhim rol o‘ynaydi?
- Millionlar o‘yinida ruhiy hamda jismoniy tajribaning o‘rni katta, albatta. Bu esa mashg‘ulotlar jarayoni, shuningdek, maydonda to‘p bilan muomala qilish, raqibga qarshi kurash olib borish, aniq zarba yo‘llash kabi ko‘plab holatlarda o‘z samarasini bermoqda. Bir so‘z bilan aytganda,futbolda tajriba katta rol o‘ynaydi.
- Tajribali futbolchi sifatida jamoadagi yosh o‘yinchilarga o‘z maslahatlaringizni berib turasizmi?
- Qo‘limdan kelganicha, tajribam bilan o‘rtoqlashib, o‘z maslahatlarimni berib turaman. Yosh futbolchilarga ko‘proq o‘z ustilarida ishlashlari, mehnat qilishlari va kibrga berilmasliklarini ta’kidlayman.
- Joriy mavsumda “Navbahor”ning oldiga Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Jamoaning ushbu imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Mazkur maqsadni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz. Jamoamizning ayni paytdagi tarkibi esa bunga qodir. Superligada chempionlik unvoniga erishish, shuningdek, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.
O‘zbekiston kubogi finalining Namanganda, o‘zimiz uchun qadrdon maydonda o‘tkazilishi bizga qo‘shimcha kuch-quvvat bag‘ishlaydi hamda fidoiy va jonkuyar muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashlari ostida billur sovrinni qo‘lga kiritamiz, degan umiddaman.
- Muxlislarga qanday tilaklaringiz bor?
- Barcha hamyurtlarimiz, shuningdek, “Navbahor”ning sadoqatli hamda jonkuyar muxlislariga ayni paytda yurtimizda hukm surayotgan muborak Ramazon oyida Allohdan kuch-quvvat, sog‘lik-salomatlik tilab qolaman. Tutgan ro‘zalari va ibodatlari, shuningdek, qilgan ehsonlarini Alloh o‘z dargohida qabul qilsin, ilohim! Duolari ijobat bo‘lsin. Asosiysi kasal bo‘lishmasin hamda koronavirusdan ehtiyot bo‘lgan holda, uyda qolishsin.
Ma’lumot uchun
Mirzohid G‘ofurov – 1988 yil, 22 avgustda Namangan viloyati, Chortoq shahrida tug‘ilgan.
Futbol bilan 6 yoshidan shug‘ullana boshlagan
Birinchi murabbiyi: Abdullo Jo‘raboev.
Namangandagi futbol maktab-internatini tamomlagan.
Ampluasi: himoyachi.
O‘ynagan jamoalari: “Navbahor” (Namangan) – 2006 yilning 2-davrasi – 2007 yillar, 2009 yil, “UzDongJu” (Andijon) – 2008 yil, “NBU- Osiyo” (Toshkent) – 2010 yil, “Mash’al” (Muborak) – 2011 – 2014 yillar, 2016 yil, “Bunyodkor” (Toshkent) – 2015 yil. 2017 yildan yana “Navbahor”da.
Oilali, 2 nafar o‘g‘ilning otasi.


86   
Добавить комментарий
Ваше имя: *