Goal24.uz » Ўзбекистон » Eldor qaysi chempionatga mos tushmaydi? Yoxud katta Shomurodov ukasining kelajagi haqida gapirdi

Eldor qaysi chempionatga mos tushmaydi? Yoxud katta Shomurodov ukasining kelajagi haqida gapirdi

Автор: admin

“Rostov” hujumchisi Eldor Shomurodov borasida ham oxirgi paytlarda tez-tez yangi xabarlar paydo bo‘lib turibdi. U yoki bu klublardan qiziqishlar bo‘layotganligi xususida ma’lumotlar yo‘q emas.
Tan olish lozimki, “Rostov” to‘purariga chindan ham Evropa klublaridan jiddiy qiziqishlar bor. Lekin bu boradagi aniq va ishonchli xabarlar hali rasman o‘z tasdig‘ini topganicha yo‘q. Buni uning agentlari yaxshi bilishadi.
Muxlislar ham Shomurodovning kuchliroq klublardan biriga ketishini istashmoqda. O‘ylaymizki, bunday istak hamyurtimizning o‘zida ham bor. Biz esa imkon qadar Eldor Shomurodovga yaqin bo‘lgan manbalardan qandaydir ma’lumotlarni izlashga harakat qilmoqdamiz. Shu maqsadda kuni kecha uning akasi, hozirda Surxondaryo viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borayotgan Sanjar Shomurodov bilan gaplashdik. O‘zaro muloqot chog‘ida u, avvalo ukasining “Rostov”dagi faoliyati haqida to‘xtaldi.
-  To‘g‘ri, boshida qiynaldi, ayniqsa moslashish jarayoni oson kechmadi. Lekin vaqt o‘tgan sari Eldor hammasiga ko‘nikib ketdi. Hujumchining asosiy vazifasi gol urish. Xudoga shukurki, u klubida o‘z ishini bajarib gollar uryapti. Lekin Eldor hali ham o‘zining maksimal darajasiga chiqqani yo‘q. Agar shunday bo‘lsa, yanada ko‘proq gollar ura oladi.

Shundan so‘ng Sanjardan ukasining atrofida tarqalayotgan xabarlarga o‘z munosabatini bildirishini ham so‘radik.
-  Uning agentlari bor va barchasini o‘zlari hal qilishadi. Eldor nimani to‘g‘ri deb bilsa shunga qo‘l uradi. Albatta, nimadir qilmoqchi bo‘lsa maslahatlashamiz. Ammo yakuniy qarorni baribir Eldorning o‘zi chiqaradi. Mana, “Rostov”da to‘p surishni o‘zi istagandi, Rossiyada o‘ynab yuribdi-ku. Hammasini vaqt ko‘rsatadi, oldindan biror narsa deya olmayman.
Uning qaysi klubga ko‘chib o‘tishi borasidagi xabarlar hozircha mish-mish. Qachonki, rasman yangi jamoa bilan shartnoma imzolaganidan keyin shunda hammasi aniq bo‘ladi. Ungacha esa hech kim biror nima deya olmaydi. Lekin agentlari hozirda keyingi taqdiri borasida ishlashyapti. Qaysi jamoa ma’qul kelsa, o‘sha bilan shartnoma tuzishadi. Biz esa Eldorga faqat omad tilaymiz.
Shuningdek, aka-ukalar tez-tez gaplashib turishadi va qandaydir masala bo‘yicha ham maslahatlashishadi. Sanjar esa Eldor bilan doimiy muloqotda va undan kichik Shomurodovning ko‘proq qaysi chempionatga mos tushishi haqida so‘raganimizda quyidagicha javob qaytardi:
-  Ha, Eldor bilan gaplashib turaman, ammo o‘zi ham hali aniq bir jamoa haqida gapirgani yo‘q. Rossiya chempionati 21 iyundan start oladi. U bor e’tiborini klubiga qaratgan. Ishonamanki, qaysi chempionatda bo‘lsa ham o‘ynab keta oladi. Faqat buning uchun vaqt kerak.
Menimcha, u hamma chempionatga mos tusha oladi, faqat Italiyadan boshqa. Nega deganda, Italiya chempionatida ko‘proq himoyaga e’tibor qaratishadi. Shu bois u erda o‘ynash juda og‘ir. Zo‘r hujumchilar ham Italiya chempionatida o‘ynab ketishi qiyin bo‘lgan. Bilamizki, Italiyada har doim himoya kuchli bo‘lgan. Mana, unga Germaniya chempionatida taklif borligi haqida aytishyapti. Ammo aynan qaysi jamoadan ekanligini hech kim bilmaydi, hatto Eldorning o‘zi ham bilmaydi.
102   
Добавить комментарий
Ваше имя: *