Goal24.uz » Европа жамоалари » Ispaniya » Muammolar ichra qolayotgan “Barselona”

Muammolar ichra qolayotgan “Barselona”

Автор: admin

Ispaniya La Ligasining 2019/20-yilgi mavsumi birinchi davrasiga yakun yasaldi. To‘g‘ri, “Barselona” to‘plar nisbatiga ko‘ra, azaliy raqibi “Real”ni ortda qoldirib, birinchi davra chempioni bo‘ldi.


Ammo bu “Barselona”da muammolar yo‘qligi yoki kamligini anglatmaydi. “Real”dan farqli o‘laroq kataloniyaliklarda muammolar keragidan ko‘proq. Zidan jamoasi o‘yindan o‘yinga kuchayib bormoqda. Faqat bu yo‘lda Zidanga kutilmagan jarohatlar xalal berib turibdi. Agar jarohatlangan Azar, Vaskes, Xames, Asensio, Marselo kabi futbolchilar to‘liq kuch bilan safga qaytsa, “Real”ning o‘yini faqatgina kuchayishi mumkin. Har holda bizning fikrimiz shunday. Biroq hozir “Real” haqida emas, “Barselona” haqida gaplashamiz.


Yuqorida ta’kidlaganimizdek, “Barselona”da muammolar ko‘p. Bulardan birinchisi, albatta, — Valverde janoblari. Ernestoning uzoqroq murabbiylik kursisida qolib ketayotganiga so‘zsiz Leo Messi sababchi. Messining aqlbovar qilmas harakatlari va natijalari sabab Valverdening ko‘plab xatolari yopilib, ko‘rinmay kelmoqda. Ishoning, “Barselona” Valverdesiz ham o‘ynay oladi. Ehtimol, ikki yildan beri shunday o‘ynab kelayotgandir. “Barselona”ning hozirgi o‘yinida murabbiyning imzosi ko‘rinayotgani yo‘q. Aksincha, yuqori darajaga ega futbolchilar sabab “Barselona” hamon La Ligada favorit. Chempionlar Ligasida esa nimalar bo‘layotganidan boxabarsiz, deb o‘ylaymiz.


Ikkinchisi esa himoya chizig‘i avvalgidek ishonchli emasligidir. Jumladan, Jordi Albaning o‘yinida jarohat sabab pasayish kuzatildi. Unga o‘rinbosar sifatida olib kelingan Xunior Firpo esa hozircha ishonchni oqlay olgani yo‘q. O‘ng qanotning esa hozircha umuman egasi yo‘q. Har holda Nelson Semedu ushbu qanotda “qirol” darajasiga chiqa olmadi. Markaz esa qanotlardan ko‘ra, hali ham ishonsa bo‘ladigan darajada. Bunga sabab Kleman Langle. Fransuz Kataloniya klubida katta o‘sishga erishdi. Balki bunga yonidagi tajribali sherik — Xerar Pikening borligi sababdir. Ammo Pikeda ham sekin-asta yosh ta’siri sezilmoqda. Fevralda 33 ni qoralaydigan Pikening o‘yinida ham pasayish kuzatilmoqda. Buni qayerdan olyapsan, deyishingiz mumkin. Keling, “Barselona”ning so‘nggi mavsumlarda La Ligada qayd etgan to‘plar nisbatiga nazar tashlaymiz:
  • 2018/19: 90-36
  • 2017/18: 99-29
  • 2016/17: 116-37
  • 2015/16: 112-29
So‘nggi 4 ta mavsum Kataloniya klubi La Ligada 36, 29, 37 va 29 tadan gol o‘tkazgan. Bu 38 ta o‘yinda ekanligini yodda tutib turing, aziz muxlis. Joriy mavsum ortda qolgan 19 ta turda “Barselona” quyidagi statistikani qayd etib turibdi: 49:23*. 19 ta o‘yinda 23 ta gol “Barselona” uchun, Ter-Shtegendek darvozaboni bor klub uchun juda ham ko‘p. Himoya chizig‘i muammosi haqida gapirayotganda nemis darvozaboni borasida so‘z ochmganimizni tushungandirsiz. Agar ter-Shtegen bo‘lmaganida 23 raqami o‘rnida boshqa kattaroq son bo‘lishi tabiiy edi. Mark hozirgi “Barselona”ning chinakam baxti. Uning yo‘qligi esa Kataloniya derbisida yaqqol ko‘zga tashlandi.

Maydon markazida ham muammolar bor. Ivan Rakitich va Arturo Vidalning klubdagi kelajagi mavhum bo‘lib qolmoqda. Vidal atrofida mish-mishlar to‘xtamayotgan bo‘lsa-da, u hozircha markazdagi eng foydali futbolchilardan biri bo‘lib turibdi. Arturo La Ligada 15 ta o‘yinda (579 daqiqa) maydonga tushib, 6 ta gol urishga erishdi. Rakitichning statistikasi esa quyidagicha: 13 ta o‘yin (614 daqiqa) 2 ta golli uzatma. Maydon markaziga Frenki de Yong olib kelingan vaqtdayoq Vidal va Rakitichning zaxirada qolib ketishi kutilgandi. Biroq Frenki ham o‘tgan mavsum “Ayaks”dagi o‘yinini ko‘rsatayotgani yo‘q. Braziliyalik Artur bo‘lsa, mavsumni jarohat bilan o‘tkazmoqda. Serxi Buskets hamon bir maromda o‘yin ko‘rsatayotgan kam sonli o‘yinchilardan biri. Serxi Roberto esa hali ham o‘ng qanot va markazda sarson. Futbolchi goh markazda yarim himoyachi rolida, goh qanotda himoyachi sifatida ko‘rinish bermoqda. Ammo shunday bo‘lsa-da, joriy mavsum La Ligada eng ko‘p vaqtini maydonda o‘tkazgan o‘yinchilardan biri — 1363 daqiqa.


Leo Messi bor ekan, “Barselona” hujum chizig‘i har doim xavfli bo‘lib qolaveradi. Messi—Suares tandemi joriy mavsum “Barselona” gollarining eng ko‘p qismiga egalik qilib turibdi. Messida gol+pas 13+6 ni tashkil etib turgan bo‘lsa, Suaresda bu ko‘rsatkich 11+7. Faqatgina trioning uchinchi vakili Antuan Grizmann Kataloniya klubiga to‘liq moslasha olgani yo‘q. Ammo Messi va Suares bor joyda uning natijalari ham chakki emas — 7 ta gol va 5 ta golli uzatma. Shuning uchun ham hujum chizig‘iga ortiqcha e’tirozlar yo‘q. Agar Grizmann Messi/Suares bilan o‘yin borasida til topishib keta oladigan bo‘lsa, nima bo‘lishini tasavvur qilavering. Kamiga Ansu Fati ham borligini unutmaymiz.
Jarohatlangan Samyuel Umtiti safga qaytsa himoya chizig‘idagi muammolar biroz bo‘lsa-da yopilishi mumkin. Usmon Dembele esa hujum chizig‘iga hali ham foyda keltirishi mumkin. Boisi Messi markazda ham o‘ynay olishini hisobga olsak, hujum triosida Grizmann — Suares — Dembeleni ko‘rish qiziqroq bo‘lardi.
Nima bo‘lganda ham joriy mavsum “Barselona”ga La Ligada oson bo‘lmasligi aniq. Muammolarni esa muammoning o‘zi (Valverde) hal qila olsa, bundan faqat muxlislar yutadi. Siyosat aralashgan, zerikarli nursiz, golsiz “El-Klasiko”dan ko‘ra, kuchga to‘la “Barselona” va “Real” to‘qnashuvi kimga yoqmaydi deysiz, aziz muxlis!
216   
Добавить комментарий
Ваше имя: *