Goal24.uz » Ўзбекистон » Yaxshiboev – Belarus chempionatining eng qudratli futbolchisi (Evropalik mutaxassislar o‘zbek futbolchisi o‘yinini chuqur analiz qildi)

Yaxshiboev – Belarus chempionatining eng qudratli futbolchisi (Evropalik mutaxassislar o‘zbek futbolchisi o‘yinini chuqur analiz qildi)

Автор: admin

Evropalik mutaxassislar “Energetik-BGU” o‘yinini tahlil qilib, yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan bu jamoaning asosiy qudrati o‘zbekistonlik legioner Jasur Yaxshiboev, degan xulosaga keldi.
“Energetik-BGU”ning dastlabki turlardagi muvaffaqiyatlari vaqtinchalik holat sifatida baholandi.Lekin keyingi o‘yinlar “talabalar” bilan hisoblashish shartligini ko‘rsatmoqda. Jamoa xarakteri va kurashuvchanligi murabbiylar shtabining mehnat samarasi, himoya mustahkamligi Shkurdyuk va Sokolga bog‘liq, maydon markazini Nosko va Mavatu egallagan. Hujumning o‘tkirligi Tve hamda Yaxshiboev zimmasida, - deb yozadi tribuna.com sayti. 
Sayt mutaxassislari Jasur Yaxshiboevning o‘ziga xos jihatlarini chuqur analiz qilib chiqdi. Bugungi kunda Jasur nafaqat o‘z jamoasining, balki Belarus chempionatining eng zo‘r futbolchisi degan nomga loyiq ko‘rilmoqda.
Hech kim tanimaydigan futbolchi dastlabki o‘nta uchrashuvdayoq chempionatning eng yorqin yulduziga aylandi.  Bugun Yaxshiboev faqatgina hujumchi emas, balki jamoasi o‘yinini belgilovchi o‘yinchi. Uning fenomenini  chuqur tahlil qilish kerak, - deb yozadi sayt.
                            Yaxshiboev – eng kuchli futbolchi
InStat versiyasi bo‘yicha Yaxshiboev eng yaxshi to‘purar va eng zo‘r futbolchi. Aynan u “Energetik-BGU” harakatlarini golga aylantirmoqda. Jamoaning 14 ta golidan teng yarmi uniki. Uning zarba berishga bo‘lgan ishtiyoqi ham e’tiborga molik. Hisobida 40 ta zarba bor va bu chempionatda ikkinchi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan Baxarnikidan 6 taga ko‘p. Yaxshiboevning  o‘ziga xos xususiyati qulay pozitsiyaga oqilona ochilishi va ta’qibchilaridan xalos bo‘lish qobiliyatidir.
                            Yaxshiboevning ustun jihatlari
Tezkor hujum. Jamoa uning eng kuchli jihatlarini ko‘rsatishiga sharoit yaratib bermoqda. “Talabalar” tezkor hujum uyushtirishda faqat “Minsk”dan orqada. Yaxshiboev maydon markazidan emas, qanotlardan hujumga tashlanadi. Yoqimli uslubi raqibning chap qanotiga hujum qilish. Bu uning faoliyati davomida asosan o‘ng qanot yarim himoyachisi vazifasini bajargani bilan bog‘liq.
Bu quyidagi suratda yaxshi ko‘rinadi.

Yaxshiboevni qulay pozitsiyaga chiqishida Tvening xizmati katta. Uning muhim to‘p oshirishlari soni 20 tani tashkil qiladi va paslarning teng yarmi Jasurga mo‘ljallangan.
Yaxshiboev eng chekkadagi himoyachining ortidan hujumga o‘tishni yaxshi ko‘radi. U bu usulni yaxshi o‘zlashtirgani bois deyarli offsaydga tushmaydi.
Suratga qarang:

Yaxshiboevning yana bir ustunligi start tezligi. Bu unga himoyachilardan o‘zib ketishiga imkon beradi. Ikki oyog‘ida ham to‘pni to‘xtata olish mahorati ham yaxshi rivojlangan.
                                      Yaxshiboevning nozik tomonlari
Jasur raqib orqadan bosim qilganida to‘pni yaxshi qabul qila olmaydi. To‘pni o‘zidan qochirib yuboradi. Eng katta kamchiligi darvozabon bilan birga bir vaziyatlardan etarli darajada foydalana olmasligida. U bunday vaziyatda darvozabonni aldab o‘tmoqchi bo‘ladi va o‘zini murakkab vaziyatga tiqib qo‘yadi. Vaqtida zarba yo‘llamaydi. Joriy mavsumda u 25 marotaba qulay vaziyatga chiqdi va atigi uchtasidan foydalandi.

                            Yaxshiboev – jamoa konstruktori
Jasur qarshi hujumda jamoa konstruktoriga aylanadi. Birinchi to‘p uchun kurashda korpusidan oqilona foydalanishi uning yana bir ustun jihatidir. Raqibidan to‘pni yaxshi yashiradi va hujumga otilgan jamoadoshlariga qulay pas beradi.

Jasur pleymeyker vazifasini ham uddalaydi. “Isloch”ga qarshi o‘yinda u Tvening yo‘qligini bildirmadi. Muntazam maydon markaziga qaytib o‘ynagan Yaxshiboev hujum pozitsiyasiga Noskoni chiqardi va hujumlar koordinatori sifatida jamoadoshini aniq uzatmalar bilan qulay pozitsiyaga chiqardi.

                            Yaxshiboev – dribling ustasi
Hujumchi o‘yin davomida bir necha marotaba raqiblarni aldab o‘tishga majbur bo‘ladi. Bu Jasurga muammo emas. U chempionatdagi eng zo‘r driblingchi. Dastlabki 10 ta turda raqiblarini 63 marotaba aldab o‘tdi. Agar shunday davom etsa, musobaqa yakunigacha mazkur ko‘rsatkichi ikki yuzta atrofida bo‘ladi. Bu o‘tgan yili dribling ustasi, deb tan olingan Stasevichning natijasidan ikki karra ko‘p degani. 
Yaxshiboevning maydon markazidagi driblinglari samarasi yuqori. U ikki oyoqda yaxshi ishlaydi va korpusidan zo‘r foydalanadi. Maydonning chap qanotida driblinglar samaradorligi yanada oshadi. Bu qanotda hali hech kim uni to‘xtata olgani yo‘q.
Chap qanotdan hujum qilganda Yaxshiboev tana og‘irligini tayanch oyog‘iga tashlaydi. Bunaqa vaziyatda himoyachilar uni yon chiziq tomon harakatlanishini kutadi. Jasur esa birdan markaz tomon yurish qiladi. “BATE”ga qarshi uchrashuvda bu usuli unga bir necha marotaba qo‘l keldi.

                            Yaxshiboev – o‘ng oyoqda ham aniq tepadigan chapaqay
Jasurning chapaqayligi ham uning ustunligidir. Joriy mavsumda jami qirq marotaba zarba bergan Yaxshiboev, shulardan 32 tasini chap oyoqda yo‘lladi. O‘ng oyoqda atigi sakkizta zarba berdi. Aynisa, “BATE”ga qarshi o‘yinda Jasur o‘ng oyoqda besh marta to‘pni darvoza tomon aniq tepdi. Ikkitasi gol bo‘ldi, uch marta darvozabon o‘zini ko‘rsatdi.
                            Bosh bilan o‘ynagandan, o‘ylagan yaxshi
Bir paytlar Mirjalol Qosimovdan nega unda bosh bilan zarba berish ko‘rsatkichi pastligi so‘ralganda, “Men bosh bilan o‘ylayman, o‘ynamayman” qabilida javob bergan edi. Yaxshiboev ham bosh bilan o‘ynashni xush ko‘rmaydi. U buni jismoniy imkoniyat bilan izohlaydi.
Odatda, pozitsion hujumlarda markaziy hujumchilarning bosh bilan zarba yo‘llashiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Yaxshiboev Belarus chempionatida hali biror marta bosh bilan zarba bermadi. Lekin bu uning qanotdan amalga oshirilgan pozitsion hujumlardagi samaradorligiga salbiy ta’sir qilgani yo‘q. Aksincha, o‘z texnikasiga ishongan o‘zbek futbolchisi o‘zi bilan bir necha himoyachilarni olib yuradi, driblingi evaziga zarba uchun qulay vaziyatga chiqa oladi. Qolaversa, Yaxshiboev hal qiluvchi pas berishda faqat Tvedan orqada qolmoqda. Tve esa aksariyat hal qiluvchi paslarni aynan Jasurga uzatgan.

Yaxshiboev oldinga intilishdan ko‘ra, o‘rtaga harakatlanishni ma’qul ko‘radi. Bu futbolchiga ham zarba berish, ham jamoadoshlarini qulay vaziyatga chiqarish imkonini beradi.

                                      Tayanch zonadagi ustunlik
Yaxshiboevning yana bir eng katta ustunligi tayanch zonasida ochilishi va to‘pni qabul qilishi orqali ko‘zga tashlanadi. Bu holatda markaziy himoyachilar Jasurga tashlanishga majbur bo‘ladi va o‘z joyini ochiq qoldiradi, shu orqali “talabalar”ga qulay pozitsiyalar ochiladi. Jasurning o‘zida hal qiluvchi to‘p uzatish uchun bir necha variant yuzaga keladi.

Bu usulning yana bir jihati shundaki, Jasur tayanch zonada uzatmani qabul qilib, birdaniga zarba berish qobiliyatiga ega. Joriy chempionatda shu usulda o‘nta zarba yo‘lladi.

                                      Yaxshiboev – standarlar ustasi
Jasur jarima maydonchasi yaqinidagi standart vaziyatlarda aniq zarba yo‘llayapti. To‘g‘ri  hali jarima nuqtasidan gol urgani yo‘q. Lekin aniq zarbalar ulushi juda yuqori. Zarba berishda kuchga emas, texnikaga tayanadi.

Jarima zarbalari orqali jamoadoshlarini qulay pozitsiyaga ham chiqaradi. Ayniqsa, burama uzatmalarning himoyachi va darvozabonning o‘rtasiga kelib tushishi uning xavfini yanada oshiradi. Penaltini aniq amalga oshirishda ham o‘ziga juda ishonadi. Bu ham uning ustunligi.

                             Yaxshiboev – kuchli chempionatlarda ham o‘ynay oladi
Yuqorida keltirilgan tahlil natijalari, hujumchining o‘ziga xos xususiyatlari Jasurni o‘z jamoasining muhim qismiga aylanganini ko‘rsatmoqda. U ayrim kamchiliklarini aqlli harakatlari evaziga yashira oladi, ustun tomonlarini har qanday jamoa uslubiga moslashtira oladi. Hozir, “Energetik-BGU” musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Ochkolar raqiblar darvozasiga kiritilgan 14 ta gol evaziga kelgan. Jasur esa ana shu gollardan 11 tasida bevosita ishtirok etgan. Ko‘p mutaxassislar yaqin kelajakda Jasur Yaxshiboevni kuchli chempionatlardan biriga ko‘chib o‘tishiga ishonishmoqda.
346   
Добавить комментарий
Ваше имя: *