Goal24.uz » Европа жамоалари » Italiya » 15 yoshigacha yarim himoyachi bo‘lgan, xotirjam va kurashlardan qo‘rqmaydigan Matteys de Ligt bilan suhbat

15 yoshigacha yarim himoyachi bo‘lgan, xotirjam va kurashlardan qo‘rqmaydigan Matteys de Ligt bilan suhbat

Автор: admin

«Yuventus» va Gollandiya terma jamoasi markaziy himoyachisi Matteys de Ligt endigina 20 yoshga to‘lishiga qaramay, anchagina tajriba to‘plashga erishgan.Uning Uefa.com saytiga bergan intervyusini taqdim etamiz.
Faoliyatingizni hujumkor falsafaga ega «Ayaks»da boshladingiz. Himoyachi sifatida bu sizga qiyinchilik tug‘dirmadimi?
– Qiyinchilik bo‘ldi albatta. Jamoaga moslashish qiyin kechdi. Bu yerda ko‘p marta hujumchiga qarshi yakkama-yakka kurashasiz. Italiyada esa bir forvardga ko‘plab yigitlar qarshi chiqishni afzal ko‘rishadi. Shuning uchun, bu juda ham turlicha. Lekin, bu narsa meni hozirdagidek himoyachi bo‘lishimga ko‘maklashdi. Birga-bir o‘ynashdan, yuqori bosimda himoyalanishdan qo‘rqmayman. Bularni «Ayaks» maktabida o‘rgandim.
Texnik qobiliyatlaringizni rivojlantirish uchun «Ayaks» yoshlar jamoasida bir nechta pozisiyada o‘ynagan ekansiz. Shu rostmi?
– Ha, to‘g‘ri. 15 yoshimga qadar hujumkor yarim himoyachi edim. Yarim himoyada ko‘p o‘yinlar o‘tkazganman, bir nechta gollar urganman, gollarga uzatmalar ham berganman. Lekin, birdaniga ular menga bitta pozisiya orqada, markaziy himoyachi sifatida o‘ynashim kerakligi, bu faoliyatim uchun ham yaxshi bo‘lishini aytib qolishdi. Boshlanishida, himoyachi bo‘lish menga yoqmasligini o‘ylardim, ammo hozir yarim himoyachi bo‘lib ulg‘ayganim menga yordam berayotganini tushuna boshladim. Bu bosib o‘tgan yo‘lim — rivojlanishimga xizmat qilganidan juda baxtiyorman.
Texnik qobiliyatlar qanchalik muhim? Siz hozir «Yuventus»da to‘p tepyapsiz...
– Bu juda muhim. Albatta, «Yuventus» Italiyaning eng yirik klubi hisoblanadi. Shuning uchun, jamoa hujum qilishga intiladi, har bir o‘yinda g‘alaba qozonishni istaydi. Siz o‘ynashni xohlayotganingizni, hech narsadan cho‘chimasligingizni ko‘rsatish uchun ham hujumni himoyadan qurish ahamiyatli. Shunga intilsangiz, yaxshi texnik mahoratga ega bo‘lishingiz kerak.
Himoyalanayotganda qanday qaror qabul qilasiz?
– O‘tgan mavsum «Ayaks»da juda ko‘p to‘p uchun tashlanishlarni amalga oshirmadim. Bu juda muhim narsa: agar siz «podkat» tashlasangiz, joylashuvda xato qilishingiz, qo‘pollik ishlatish ehtimoli oshib ketadi. «Ayaks»da adashmasam 3 ta o‘yinda bir marotaba shu ishni qilardim. Joriy mavsum Turin klubida esa, buning aksi bo‘layotganini tushunib yetdim. Ehtimol raqibning harakatini kutish va chalib yubormaslik eng yaxshi variantdir. Albatta, chiroyli «podkat»lar himoyachining o‘yiniga joziba qo‘shadi. Ayni paytda Virjil van Deyk eng yaxshilaridan biri. Uni oyoqqa tashlanganini hech qachon ko‘rmaysiz, u doim to‘g‘ri pozisiyada, aniq vaqtda raqibga qarshi chiqadi. «Podkat» — bu eng oxirgi chora ekanini unutmaslik kerak.
Himoyachi sifatida bosh bilan yaxshi o‘ynashingiz sababi nimada?
– Bu juda ko‘p jihatlarning qorishmasini anglatadi. Eng muhim 3 jihatni aytgan bo‘lardim. Bular: vaqtni to‘g‘ri tanlash, kuch hamda sakrash qobiliyati. Ammo, ulardan ham  ahamiyatlisi — to‘p uchun kurashdan qo‘rqmaslik. Siz kuchli bo‘lishingiz mumkin, vaqtni ham to‘g‘ri tanlarsiz, ajoyib sakrash mahoratiga ham egasiz. Biroq, duelga chiqishga jurat eta olmasangiz va g‘alabani juda istayotganingizni ko‘rsatish uchun yetarlicha jasur bo‘lmasangiz, hech qachon g‘alaba qozona olmaysiz.
Xotirjamlik sizda avvaldan bo‘lganmi yoki buni rivojlantirish ustida ishlaganmisiz?
– Xotirjamlik tabiiy keladigan narsa. Ruhiyat tomondan bu juda muhim jihat. Chunki, siz ruhan tayyor bo‘lmasangiz, oyoqlaringiz o‘zingizga bo‘ysunmaydi. Muvozanatni ushlash doim ahamiyatli hisoblanib kelgan. O‘tgan mavsum «Ayaks» erishgan natijalardan xabardorsiz. Muvaffaqiyatimizning asosiy omili, bu barcha xotirjam va baxtiyor bo‘lganligida deb bilaman. Jamoaning ichki muhiti shunchaki ajoyib edi. Mavsum o‘rtalarida ushbu jihat bizga yetishmadi va natijada jamoa, jumladan men ham  qiyinchiliklarni boshdan kechirdim.
O‘zingizni qo‘lga ola bilsangiz va ortga nazar tashlasangiz, rivojlantirishingiz kerak bo‘lgan jihatlar shundoq ko‘rina boshlaydi. O‘yinga ruhan tayyor bo‘lish bu juda ko‘p narsani anglatadi. Bunga doim amal qilaman.
O‘tgan mavsum «Ayaks» bilan Chempionlar ligasi finaliga juda yaqin keldingiz. Endi «Yuventus» safida musobaqa g‘olibi bo‘lishni orzu qilasizmi?
– Siz bunga ishonishingiz kerak. Barcha jamoa g‘olib bo‘lishni orzu qiladi. Sababi, hozir jamoalarning imkoniyatlari bir-biriga juda ham yaqin. Yaxshi jamoalar bisyor, shuning uchun musobaqa g‘olibi bo‘lishing kerak deb hech kimga ayta olmaysiz. Eng yuqori o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz, yaxshi jamoa shakllangan. Buni tushunib turibmiz. Juda ko‘p sifatlarga egamiz. G‘alaba qozonish uchun o‘zimizni ko‘rsatish vaqti kelganda, o‘yinimizni namoyish eta olishimiz kerak. Bu eng muhim omil. Ammo, sizga omad ham kulib boqishi kerak bo‘ladi.
111   
Добавить комментарий
Ваше имя: *