Goal24.uz » Жаҳон » Maradonadan Ronaldinyogacha. Turli jinoyatlari uchun qamoqda o‘tirib chiqqan futbol yulduzlari

Maradonadan Ronaldinyogacha. Turli jinoyatlari uchun qamoqda o‘tirib chiqqan futbol yulduzlari

Автор: admin

Futbol olamida hayot yo‘li davomida “qora sahifalar”ga ega o‘yinchilar yetarli darajada. “Chempionat” nashri qamoqda o‘tirib chiqqan futbolchilardan iborat ramziy terma jamoa tuzdi. Quyida ushbu maqola e’tiboringizga havola qilinadi.

Rene Igita

Ayblov: ayblov e’lon qilinmagan
Qamoq muddati: 7 oy

Foto: Getty Images
Igita — futbol tarixidagi eng takrorlanmas darvozabonlardan biri. Kolumbiyalik futbolchi faoliyati mobaynida barchaning diqqat-e’tiborida turardi: ko‘p gol urar, raqib futbolchilariga nisbatan dribling ishlatar, uning “chayon zarbasi” esa hali uzoq vaqt muxlislar yodida saqlanib qolgan. Igita 1993-yilda odam o‘g‘irlash ishiga aloqadorlikda ayblanadi. O‘sha vaqtda narkabaronlar Pablo Eskobar va Karlos Molina o‘rtasida keskin raqobat borardi. O‘zaro janjallarning birida Eskobar raqobatchisining qizini o‘g‘irlab ketadi. Pabloning uzoq yillik do‘sti va Kolumbiyada hurmat qozongan Igita jinoyatchilar o‘rtasida vositachiga aylanadi. Aynan Rene Molinaning qizi uchun talab qilingan pulni olib keladi va buning natijasida 64 ming dollar ishlab oladi. Shundan so‘ng darvozabon hibsga olinadi.
Qamoqda Igita noroziligini bildirish maqsadida ochlik e’lon qiladi. Eskobarning shaxsan o‘zi maxfiy ravishda uning oldiga kelib turadi. Keyinroq futbolchi hech qanday ayblov e’lon qilmagan holda qo‘yib yuboriladi. Uzoq muhokamalardan so‘ng Rene JCh—1994 musobaqasini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ladi. Igitaning ta’kidlashicha, Kolumbiya hukumati undan Eskobar haqida ma’lumot so‘ragan. Bunga rad javobini bergan afsona qamoqqa jo‘natiladi.
“Men yetti oydan keyin ozodlikka chiqdim, menga hatto ayblov ham e’lon qilinmadi. O‘sha vaqtda hukumatning qiziqishlari boshqacha edi va ular meni barchasiga balogardon sifatida tanlashdi. Men hukumatni sudga berdim va bu ishda osonlikcha yutib chiqdim”, — degandi Igita ozodlikdan so‘ng.

Gari Kroft

Ayblov: avtomobilni haydovchilik guvohnomasisiz va mast holda boshqarish
Qamoq muddati: 3 oy

Foto: Getty Images
Gari Kroft Angliyaning 90-yillardagi eng istiqbolli chap qanot himoyachilaran biri sanalardi. Biroq u bir marta qonunni buzadi. 1999-yilda haydovchilik guvohnomasisiz va mast holda avtomobil boshqaruviga o‘tirgan futbolchi politsiya tomonidan hibsga olinadi. Avvaliga Gari garov puli evaziga ozodlikka chiqadi, biroq keyinroq unga bir necha oylik qamoq jazosi e’lon qilinadi.
Tergov jarayonida Kroft qilgan ishidan pushaymonligini aytgandi: “Oilam, do‘stlarim va yangi jamoam “Ipsvich”dan uzr so‘ragan bo‘lardim. Bu harakatlarimdan uyatdaman”.
Gari 2000-yilning yanvarida ozodlikka chiqadi va yana uch hafta mobaynida oyog‘idagi elektron tasma (braslet) bilan yurishga majbur bo‘ladi. “Ipsvich” futbolchi bilan shartnomani bekor qilmaydi va Garining o‘ziga kelib olishiga imkon beradi. Futbolchi oyog‘idagi tasma bilan o‘ynashga majbur bo‘ladi va bu professional futbol tarixidagi ilk shunday holat hisoblanadi. Kroft jamoasining bir nechta kechki o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi, sababi himoyachi 19:00 dan 07:00 ga qadar uyini tark etishi mumkin emasdi.
“Gari — aqlli yigit. U taqdirning sinovidan muvaffaqiyatli o‘ta oldi. Safimizga qaytganidan keyingi formasidan mamnun bo‘lgandim”, — degandi “Ipsvich” bosh murabbiyi.

Toni Adams

Ayblov: mast holda avtomobil boshqarish
Qamoq muddati: 57 kun

Foto: Getty Images
“Arsenal”ning afsonaviy himoyachisi ham spirtli ichimliklarni xush ko‘radiganlar toifasiga kirardi. 1990-yilda Adams navbatdagi bazmdan so‘ng mast holatda avtomobil boshqaruviga o‘tiradi va telefon budkasiga borib uriladi. Sud futbolchiga to‘rt oylik qamoq jazosi tayinlaydi. Qamoqda Adams trenajyor zalidan chiqmaydi va tezroq ozod bo‘lishni xohlaydi. Angliya terma jamoasi sardori o‘zini namunali tutgani uchun 57 kundan so‘ng ozod qilinadi.
Futbolchi erkinlikka chiqqanidan so‘ng shunday degandi: “Qamoq menga hech narsa o‘rgatmadi. Bu xuddi mehmonxonada yashashga o‘xshadi”.
Hatto shu kabi voqea ham futbolchini ichkilikdan qaytara olmadi. Adamsning kunlik normasi 20 pint (11,3 litr) pivo bo‘lgani va uyqu oldidan bir nechta idish vinoni tugatishini futbolchining o‘zi tan olgandi. Toni hatto o‘yinlar oldidan ham ichardi, sobiq jamoadoshlari himoyachidan ertalablari spirt hidi kelib turishini ta’kidlagan. 1996-yilda Adams alkash ekanini ommaga ma’lum qildi. O‘shandan keyin o‘yinchi o‘ziga kelib oldi va anonim “alkogoliklar” uchrashuvlariga qatnadi. 2000-yilda Adams spirtli ichimlik, giyohvand modda va qimorga ruju qo‘ygan sportchilar uchun reabilitatsiya shifoxonasini ochdi.

Piter Suon

Ayblov: totalizator o‘ynash
Qamoq muddati: 4 oy

Foto: Getty Images
Suon “Sheffild Uensdey” tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri edi. Biroq futbol jamoatchiligi uni boshqa taraflama eslab qolgan.
1960-yillar boshida futbolchi Jimmi Gold o‘zining nazdida pul topishning “ajoyib” yo‘lini topadi. Gold futbolchilarga o‘z mag‘lubiyatiga pul tikishni va shu orqali oylik daromadni oshirishni taklif qiladi. Tajriba quyonchasi vazifasini uning bir necha yillik tanishi, “Sheffild Uensdey” futbolchisi Devid Leyn o‘tab beradi. Leyn jamoadoshlariga oson pul topishni taklif qiladi, ularning qatorida Piter Suon ham bor edi. 1962-yilda “Sheffild”ning uch nafar futbolchisi va Gold jamoaning mag‘lubiyatiga pul tikadi. “Ipsvich” g‘alaba qozonadi va futbolchilar mo‘maygina pulga ega bo‘ladi.
Bir necha yil o‘tib Suon bu ishini tan olgandi: “Hammasi reja bo‘yicha ketmaganida nima qilishim mumkinligini tasavvur qila olmayman. Balki o‘z darvozamni ishg‘ol qilardim yoki raqibga penalti ishlab berardim”.
Vaqt o‘tib Goldning futbolchi hamtovoqlari ko‘paydi, Jimmining o‘zi esa tezda boyib ketdi va hashamatli hayot kechira boshladi. 1963-yilda Sunday People gazetasi Gold tomonidan ishlab chiqilgan turli tizimlarni fosh qildi. 1964-yilda esa Gold ulkan miqdordagi pul evaziga (7 240 funt) gazetaga barcha haqiqatni aytishga rozi bo‘ldi. Suhbat jarayoni yozib olinadi va keyinchalik sudda dalil sifatida ishlatiladi. 1965-yilda sud bo‘lib o‘tadi, unga ko‘ra, Gold to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilinadi, futbolchilar esa umrbod diskvalifikatsiyaga uchraydi va qo‘shimchasiga to‘rt oylik qamoq jazosi tayinlanadi.
Qamoqdan keyin Suon avtomobil savdosi bilan shug‘ullanadi, Sheffild va Chesterfildda ikkita tamaddixonani sotib oladi. Piter futbolsiz zerikib qoladi, ba’zida havaskorlar o‘rtasidagi musobaqalar va xayriya o‘yinlarida qatnashardi. 1972-yilda futbolchining advokatlari diskvalifikatsiyani bekor qilishga muvaffaq bo‘ladi. Suon katta futbolga qaytadi va yana to‘rt yil o‘ynab, 1976-yilda faoliyatini yakunlaydi.

Piter Stori

Ayblov: soxta tangalar tayyorlash, fohishaxona ochish, avtomobil o‘g‘irlash, kontrabanda mahsulot olib kirishga urinish
Qamoq muddati: 2 yil-u 1 oy va 1,5 yil sinov muddati

Foto: Getty Images
“Arsenal” afsonasi Piter Stori 70-yillarning eng qo‘pol o‘yinchilaridan biri hisoblangan. Xokkeyda bundan o‘yinchilarni “tafgay” deb atashadi, biroq Stori bundan tashqari futbol o‘ynashni ham bilardi. Jamoa Piterni qadrlardi, bosh murabbiy esa o‘yinoldi ko‘rsatmalarida unga odatiy gaplarni aytardi: “Piter, sen nima qilishni bilasan”. Ha, bu ishda u qirol edi. 1967-yilda himoyachi keskin to‘qnashuvda “Manchester Siti” hujumchisi Mayk Sammerbining oyog‘ini sindiradi.
Storining o‘zi ham sindirishga o‘ynashini tan olgandi: “Raqib safida qandaydir “tilla bola” bo‘lsa, bu men uchun ayni muddao edi. Bu mishqini iloji boricha tezroq biryoqlik qilishni o‘zimning muqaddas vazifam deb bilardim”.
Faoliyatini tugatgandan keyin, Piter real hayotda ham shu yo‘sinda davom etdi. Sobiq futbolchi muntazam spirtli ichimlik ichardi. Vaqt o‘tib pullar ham tugab bordi, aynan shu sabab Stori jinoyat olamiga aralashishga majbur bo‘ldi. Xususan, Piter soxta tangalar uchun qolip yasardi.
Tez orada uni hibsga olishadi, biroq sobiq futbolchi garov evaziga ozod qilinadi. Stori iloji boricha tezroq pul ishlash va Ispaniyaga qochib ketishni xohlardi. Shu sabab mashina olib sotishga mo‘ljallangan firmaga sarmoya tikdi, shuningdek, massaj saloni niqobi ostida fohishaxona tashkil qildi.
1979-yilda fohishaxona fosh etiladi va Stori hibsga olinadi: unga 700 funt miqdorida jarima solinadi va shartli 6 oylik qamoq jazosi tayinlanadi. Bir yil o‘tib Piter qalbaki tangalar sabab yana qo‘lga tushadi va uch yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. 1982-yilda uni muddatidan avval qo‘yib yuborishadi va Stori o‘sha yilning o‘zida avtomobil o‘g‘irlagani uchun shartli bir yil qamoq jazosiga hukm qilanadi. Shundan keyin 1990-yilgacha sobiq futbolchi jimib ketadi va o‘sha yili 20 dona pornografik videotasmani Buyuk Britaniyaga olib kirmoqchi bo‘lganida qo‘lga tushadi. Piter yana bir bor panjara ortiga ravona bo‘ladi, biroq bu safar bir oyga.
2004-yilda Stori fransiyalik ayolga uylanadi va faranglar yurtiga ko‘chib keladi. Biroz o‘tib esa futboldagi va jinoyat olamidagi hayotidan hikoya qiluvchi avtobiografik kitob yozadi.

Yan Myolbyu

Ayblov: mast holda avtomobil boshqarish
Qamoq muddati: 45 kun

Foto: Getty Images
Myolbyu “Liverpul”ning 80-yillardagi asosiy futbolchilaridan biri edi. Daniyalik futbolchi “qizillar” safida 200 dan ortiq o‘yinda ishtirok etgan. Biroq Yan bir qator qonunbuzarliklar ham sodir etgandi. 1988-yilda jarohatini tiklash jarayonida futbolchi spirtli ichimliklar va maishatga beriladi.
Futbolchi bunga quyidagicha tarif bergandi: “Menda bo‘sh vaqt bor edi. Payshanba yoki juma kechasida litrlab pivo ichishim mumkin edi, garchi avvallari bunga yo‘l qo‘ymagan bo‘lsam-da.
Kunlarning birida Myolbyu do‘stlari bilan tungi klubga boradi. Biroz ichadi va mashina boshqaruviga o‘tiradi. Politsiyachilar darhol mast futbolchini to‘xtatishga urinadi, biroq Yan BMW M3 avtomobilida yashirinishga urinadi. Myolbyu qo‘lga tushadi va sud uni uch oyga ozodlikdan mahrum qiladi. Myolbyu qamoqda 45 kun o‘tiradi va namunali xulqi uchun ozod etiladi. Futbolchi bu kunlarni quyidagicha eslaydi: “Bu olti hafta hayotimdagi eng yomon kunlar bo‘lgandi”.
Shundan keyin “Liverpul” rahbariyati futbolchini jamoada saqlab qolishni istamaydi, biroq bosh murabbiy Kenni Dalgish futbolchining yonini olib chiqadi va Myolbyuni jamoada qoldirishga erishadi. Biroq Yan so‘nggi yillarni yorqin o‘tkaza olmaydi, jarohatlar bilan uzoq vaqt kurashgan futbolchi 1996-yilda klubni tark etadi.

Joi Barton

Ayblov: mushtlashuv
Qamoq muddati: 77 kun va 4 oy shartli

Foto: Getty Images
Barton o‘zining fe’l-atvori bilan “janob mashmasha” nomiga loyiq. Uning qilg‘iliklari haqida butun boshli kitob yozish mumkin, biroq bu safar faqat qamoqqa sabab bo‘lgan hodisa haqida gaplashamiz.
2007-yilning dekabrida Barton avvaliga mashinasida piyodani turtib yuboradi, keyin esa uni do‘pposlashga tushadi. Bundan tashqari ularni ajratmoqchi bo‘lgan yana bir piyodaga musht tushiradi. Futbolchi hibsga olinadi, biroq keyinroq uni uy qamog‘iga yuborishadi. Bartonga jamoa mashg‘ulotlarida qatnashishga ruxsat beriladi, “Nyukasl” xo‘jayini Mayk Eshli esa unga vertolyot ham ajratib beradi. Biroq oxir oqibat Joi olti oylik qamoq jazosiga hukm qilanadi. Yuqoridagi futbolchilar bilan kuzatilgani kabi, Barton ham muddatidan avval ozodlikka chiqadi. U qamoqda 77 kun o‘tiradi.
Panjara ortida o‘tirar ekan Joi sobiq jamoadoshiga hujum qilganini tan oladi va to‘rt oylik sinov muddati oladi. Bu hodisa Bartonning sobiq jamoasi “Manchester Siti”da ro‘y bergandi. Janjalkash futbolchi jamoa mashg‘ulotida sherigi Usmon Daboni shu darajada kaltaklaydiki, uni to‘g‘ri shifoxonaga olib ketishadi.
2017-yilda Joi totalizator bilan bog‘liq ishlarga aralashib qolgani sabab 18 oyga futbol bilan bog‘liq faoliyatdan chetlatiladi. Garchi diskvalifikatsiya muddatini 13 oyga qisqartirishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, Joi futbolchilik faoliyatini yakunlashga qaror qiladi va murabbiy sifatida ishlashga e’tibor qaratadi. Hozirda mutaxassis “Flitvud Taun” klubini boshqarmoqda.

Ronaldinyo

Ayblov: mamlakat hududiga soxta hujjatlar bilan kirish
Qamoq: 33 kun (davom etmoqda)

Foto: Yahoo Images
Joriy yilning mart oyida akasi bilan Paragvayga kelgan sobiq futbolchi sohta pasport bilan mamlakatga kirganlikda gumon qilinib hibsga olinadi. Bir necha kunni qamoqda o‘tkazgan aka-ukalar Paragvaydagi muhtasham mehmonxonalarning birida uy qamog‘iga olinadi. Hozirda Ronaldinyo o‘sha yerda sud qarorini kutmoqda.
Mavzuga doir: Ronaldinyo: Hibsda saqlanishimni eshitish katta zarba bo‘ldi, bunday holatga tushaman deb o‘ylamagandim

Adam Jonson

Ayblov: voyaga yetmagan qizga tajovuz qilish
Qamoq muddati: 3 yil

Foto: APL
Angliya terma jamoasi va “Sanderlend” klubi sobiq o‘yinchisi Adam Jonson voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilganlikda aybdor deb topiladi va olti yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.
Yosh muxlis ijtimoiy tarmoq orqali Jonsondan imzo tushirilgan futbolka so‘raydi. Keyinchalik ular uchrashadi va iliq suhbat quradi. Muntazam uchrashuvlardan keyin futbolchi qamoqqa tushishiga sabab bo‘lgan ish sodir bo‘ladi.
Biroq futbolchi aybini tan olmaydi, sud jarayoni uzoq davom etadi. 2016-yilning 24-martida Adamga olti yillik qamoq jazosi tayinlanadi. Shundan keyin homilador ayoli uni tashlab ketadi, “Sanderlend” va Adidas ham futbolchi bilan shartnomalarni bekor qiladi.
Qamoqda futbolchini bir necha bor kaltaklashadi, hatto Jonsonni boshqa koloniyaga olishga majbur bo‘lishadi. Adam tezroq ozodlikka chiqishni xohlaydi, biroq hech bir advokat uning ishini olishni istamaydi. Tez orada Jonson taqdirga tan beradi va haftasiga 11 sent maosh evaziga ishlashga rozilik beradi.
2019-yilning martida Jonson namunali xulqi uchun muddatidan avval ozodlikka chiqadi. Adamga qizi bilan yolg‘iz uchrashishi taqiqlab qo‘yilgan, unga elektron tasma o‘rnatilgan va futbolchi muntazam politsiya bilan aloqada bo‘lib turishi kerak edi. Jonson futbolga qaytishni xohladi, bu borada uning buyuk rejalari bor edi. Biroq mazkur kambekka hozirda hech kim ishonmasa kerak.

Diyego Maradona

Ayblov: giyohvand modda saqlash, odamga qarata o‘q uzish
Qamoq muddati: Bir necha kuni panjara ortida, 2 yil-u 10 oy shartli

Foto: Getty Images
Maradona futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchilardan biri hisoblanadi. Uning Argentina terma jamoasi va “Napoli”ning yutuqlariga qo‘shgan hissasi beqiyoq. Ko‘pchilik uni hali ham Lionel Messidan ustun qo‘yadi.
Biroq, hatto buyuklar ham qonunni buzib turadi. 1991-yilda Maradona giyohvand modda saqlaganlikda ayblanib, hibsga olinadi, biroq oradan bir necha kun o‘tib garov evaziga ozod qilinadi. 1994-yilda Diyego pnevmatik miltiq orqali to‘rt nafar jurnalistni yaralaydi. Buning uchun unga ikki yil-u o‘n oylik sinov muddati belgilanadi. 2000-yillar boshlarida Maradonani Neapol shahrida hibsga olishadi. Gap shundaki, Diyego “Napoli”da o‘ynab yurgan vaqtlari 40 million yevro miqdoridagi soliqni to‘lamagan. Argentinalik afsona bundan ham chiqib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Mashmashalar uni butun umr taqib qiladi, biroq u har safar obro‘-e’tibori tufayli haqqoniy jazolardan qutulib qoladi.

Ian Rayt

Ayblov: jarima va soliqlarni to‘lamaslik
Qamoq muddati: 14 kun

Foto: Getty Images
“Arsenal” afsonasi mashhurlikka erishmasidan avval jarima va soliqlardan qarzdorligi tufayli ikki hafta qamoqda o‘tirib chiqadi. Rayt ozodlikka chiqqanidan so‘ng professional futbol bilan shug‘ullanishni xohlamaydi. Dastlab u o‘zining ilk xotini bilan tanishadi va uning o‘g‘lini otaliqqa oladi. Aytgancha, bu yigitchani yaxshi taniysiz — Shon Rayt-Fillips. Ha, hammasini to‘g‘ri tushundingiz, Ian Rayt 80-yillarda Rayt-Fillipsni farzand qilib oladi.
Rayt oilasini boqish uchun shakar fabrikasida ishlaydi, dam olish kunlari esa havaskor klubda to‘p tepadi. Kunlarning birida Ianni “Kristal Pelas”ga ko‘rikka chaqirishadi. Qolgani — uzun hikoya. 22 yoshida professional futbolga kirib kelgan Ian “Kristal Pelas” va “Arsenal”da ajoyib yillarni o‘tkazdi.
Hozirda Rayt 56 yoshda. Sobiq futbolchi televideniyeda ekspert bo‘lib ishlaydi.

Foto: “Chempionat”
828   
Добавить комментарий
Ваше имя: *