Goal24.uz » Европа жамоалари » Ispaniya » «Real» chempionmi? Madridliklarga qulaylik beruvchi 5 sabab

«Real» chempionmi? Madridliklarga qulaylik beruvchi 5 sabab

Автор: admin

Kecha Andalus derbisi bilan Ispaniya chempionati davom ettirildi. Mavsum yakuniga qadar yana 11 tur bor ekan, chempionlik poygasi qizg‘in pallada, deyish mumkin – «Real» «Barselona»dan ikki ochkoga ortda boryapti, xolos.
Aslida bu farq bundan ham kam, ya’ni 1,5 ochko deyish ham mumkin. Zero La Liga reglamentiga ko‘ra, agar ochkolar teng bo‘lib qolsa, o‘zaro o‘yinlardagi natijalarga e’tibor beriladi. «Real» klasikolarda bu mavsum muvaffaqiyatliroq harakat qilgan. Bundan tashqari ham, chempionlik uchun imkoniyatlar Zidan shogirdlarida ko‘proq deyish uchun bir qator asoslar bor.
Quyida shular haqida.
Zidan uzunroq va tajribaliroq tarkibga ega

«Barselona» rahbariyati klubni moliyaviy tomondan juda og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Kike Seten endi mavsumni asosiy tarkibning 19 nafar futbolchisi bilan yakunlashga majbur. Bir qator yirik transferlar uchun maoshlarni qisqartirishga urinib, klub qishda bir qator futbolchilar – Todibo, Vage, Alenya va Karles Peres kabilarni ijaraga tarqatib yuborgandi.
Har uch kunda bir o‘yin o‘tkazish kerak bo‘lgan sharoitda, u qadar jahon yulduzi bo‘lishmasa-da, sanalgan futbolchilar yordam berishlari mumkin edi. Endi chempionat o‘yinlarida Seten zaxira variant sifatida «Barselona» B vakillariga ham imkoniyat bersa, ajab emas. Jarohatlar esa, bu imkoniyatni yanada oshiradi.
«Real»da esa, aksincha, tarkib ham uzun, ham tajribali futbolchilardan iborat. Ularning har biri mavsum davomida yetarli vaqtga ham ega bo‘lishgan. Masalan, Lukas Vaskes 640 daqiqa to‘p surib ulgurgan – tarkibdagi 17-ko‘rsatkich. Nachoda 393 daqiqa bor, Dias Marianoda esa bir bo‘limdan ham kam vaqt bor, lekin aynan u «Barselona» darvozasini ishg‘ol etgandi. Umuman olganda, Zidan tarkibni rotatsiya qilish va futbolchilar formasini muvozanatda ushlab turish uchun ancha yaxshi sharoitga ega.
Jarohatlar va issiq sharoit uchun «Barselona» tarkibining yoshi kattaroq
Avvalroq boshlangan Bundesliga tajribasi shuni ko‘rsatdiki, uzoq tanaffusdan keyingi o‘yinlar juda ko‘p jarohatlarga sabab bo‘lishi mumkin ekan. Ispaniyada buning ustiga, yoz ancha issiqroq. Ko‘p o‘yinlar kechki payt o‘tkazilsa-da, futbol uchun optimal sharoit deb bo‘lmaydi.
«Barselona»ning asosiy tarkibidagi 8 futbolchi allaqachon o‘ttiz yoshdan o‘tishgan. Pike, Messi, Buskets, Alba, Suares, Rakitich, Vidal va Netu. Bu futbolchilar uchun qo‘shimcha bosim yuklanadi, o‘yinchi qanchalik yoshi katta bo‘lsa, qo‘shimcha yuklamalarni qabul qilishi qiyinlashib boraveradi. Sanalgan futbolchilarni yo‘qotish esa «Barselona»ga juda qimmatga tushishi mumkin.
«Real»ning yetakchilari qaytmoqda

Eden Azar va Marko Asensio ushbu mavsumda muhim futbolchilar bo‘lishlari ko‘zda tutilgandi. Ammo jarohatlar tufayli Eden ba’zi paytlarda maydonda ko‘rindi, Asensio esa uzoq vaqtga safdan chiqqandi. Tanaffus har ikki futbolchining tiklanishi va deyarli mavsumoldi jarayonlarni boshdan kechirishga sharoit yaratib berdi. Agar «Real» shu paytgacha bu ikki muhim futbolchisiz «Barselona» bilan teng kelgan bo‘lsa, yangi kuchlar qo‘shimcha ustunlik yaratmaydimi?
Albatta, «Barselona» tarkibida Luis Suares ham qaytadi, ammo tan olish kerak, urugvaylik hujumchi so‘nggi paytlarda o‘yinni o‘zgartira oladigan darajada o‘ynay olmayotgandi. Usmon Dembele hamon qaytgani yo‘q va uning hatto koronavirusga test topshirmaganidan anglash mumkinki, mavsumning qolgan qismida ham jamoaga yordam bera olmaydi. Samuel Umtitining ham to‘liq tiklanishiga ishonish mushkul.
«Real»da esa, Luka Yovichdan boshqa barcha futbolchilar sog‘.
«Uy stadioni» omili ko‘proq «Barselona»ga kerak, «Real»ga farqsiz

Chempionlik gonkasida tribunadagi muxlislar ahamiyat kasb etishlari mumkinmi? Bir tomondan qaraganda, bu yerda hamma jamoalar teng shartlarda to‘p surishadi. Ammo bir statistik fakt shuni ko‘rsatadiki, «Barselona» – La Ligadagi eng yaxshi uy-jamoasi, «Real» esa safar o‘yinlarida eng yaxshi o‘yin ko‘rsatib kelgan.
Kataloniyaliklar to‘la «Kamp Nou» qarshisida ochkolarning 95 foizini qo‘lga kiritishgan, safarda bu ko‘rsatkich 46 foizga tushib ketadi. «Real»da esa bu raqamlar ancha muvozanatlashgan – uyda 79 foiz, safarda 60.
Bundan tashqari, «Real» qolgan uy uchrashuvlarini rekonstruksiya qilinayotgan «Santyago Bernabeu»da emas, «Alfredo di Stefano» nomidagi 7 ming kishilik mo‘’jaz stadionda o‘tkazadi. Bu o‘yingoh «Real»ning mashg‘ulot maydoni hisoblanadi. Ya’ni Madrid klubi raqiblari uchun bu yangilik, «Real» esa, hatto «Bernabeu»dan ham yaxshiroq tanish bo‘lgan maydonda to‘p suradi.
«Barselona»da taqvim qiyinroq
Umuman olganda, har ikki grand uchun qiyinligi jihatidan teng taqvim – 11 raqibdan 6tasi bir xil. Lekin baribir, «Barselona» taqvimida «Real» «qutulib bo‘lgan» ikki raqib bor: «Atletiko» va «Sevilya».
So‘nggi uch uchrashuvda «Atletiko» ikki marta «Barselona»dan ochko tortib olgan, «Sevilya» bir marta.
«Real»da yuqori o‘rinlarni egallagan jamoalar ichida «Xetafe» (5) va «Sosedad» (4) bilan o‘ynaydi. Ammo bu raqiblar «Real» uchun u qadar noqulay emas. «Sosedad»ga qarshi Zidan shogirdlari so‘nggi ikki o‘yinda umumiy 8:3 hisobini qayd etgan bo‘lsa, «Xetafe» madridliklar bilan o‘yinda so‘nggi marta 2012 yilda g‘alaba qozongan.


155   
Добавить комментарий
Ваше имя: *