Goal24.uz » Transfer » Transferlar oynasi. A seriyadan kimlar ketadi: Kulibali, Pyanich, Martines

Transferlar oynasi. A seriyadan kimlar ketadi: Kulibali, Pyanich, Martines

Автор: admin

Marash Kumbulla
 
Kumbullaning o‘zi keyingi mavsum qaysi klubda harakat qilishini hal qilib ham ulgurgandir. Joriy mavsum u va klubi “Verona” Evropa futbolida eng hayratlanarli natijalardan birini qayd etmoqda. Klub A seriyaga qaytganidan keyingi debyut mavsumidayoq 8 pog‘onani band etib turibdi.
Ushbu natijalarda katta rol o‘ynayotgan Marash “Verona”ning “yuragi”, deb ta’riflanayotgani bejiz emas. U himoya markazida g‘oyat ishonchli harakati bilan ajralib turibdi. Natijada 20 yoshli iqtidor egasiga “ko‘hna qit’a”ning 10 ga yaqin top klublari “og‘iz solgan”: “Yuventus”, “Inter”, PSJ, “Tottenxem”... Davom ettiraveraymi?!

Lautaro Martines
 
Argentinalik forvardga “Barselona”ning qiziqayotgani hech kimga sir emas.
“Nerradzurilar” sport direktori Pero Auzilo esa Lautaroning “Juzeppe Meatstsa”ni tark etishini noreal ish, deb hisoblaydi. “Barselona” uni xarid qilishni istasa 111 mln evroning bahridan o‘tishi talab etiladi. 15 iyuldan keyin bu narx yanada ko‘tarilishi kutilmoqda.
Kataloniyaliklar esa 23 yoshli forvardning transferiga bir qator futbolchilarini qo‘shib berishni taklif qilmoqda. Agar “albiselesta” futbolchisi “Barsa”ga ketishni istasa, “Inter” ham bundan maksimal foydalanib qolishni ko‘zlaydi.

Arkadiush Milik
 
2021 yilda shartnomasi yakuniga etadigan futbolchi bo‘yicha bildiriladigan har qanday taklifni neapolliklar mutasaddilari ko‘rib chiqishga tayyor. Aslida, “Napoli” uchun ham polshalik hujumchini saqlab qolish foydali bo‘lardi. Har holda, 16 uchrashuvda 9 ta gol urgan Milikning klubga hali ko‘p foydasi tegishi mumkin. Ammo shunday futbolchini tekinga qo‘ldan chiqargandan ko‘ra, uning transfer summasidan foydalanib qolishni maqsad qilishgan.
O‘z navbatida, Milikka aniq maqsadga ega xaridor ham bor. Xabar qilinishicha, Gonsalo Iguain tez fursatlarda faoliyatini Argentinaga ko‘chiradi. “Yuventus” esa yangi №9 ga ehtiyoj seza boshlaydi.

Sergey Milinkovich-Savich
 
Skudetto uchun kurashda «Latsio»ning yana qancha bardosh bera olishini hech kim bilmaydi. Ammo shunisi aniqki, bu yil o‘z darajasini isbotlamas ekan, Milinkovich-Savich kabi top klublar e’tiboridagi futbolchilarni jamoada ushlab turishdan foyda yo‘q.
Klub sport direktori Igli Teyr allaqachon serbiyalik futbolchining o‘rinbosari topilganini aytib o‘tdi. Ayni damda Sergey uchun kurashda uzoq yillardan buyon unga qiziqish bildirib kelayotgan PSJ etakchi. Rimliklar prezidenti Klaudio Lotito 25 yoshli xavbekning narxini 100 mln evro, deb belgiladi.

Lukas Paketa
 
Restartga yaqin qolayotgan bir paytda mutaxassislar eng ko‘p kuzatishni istayotgan futbolchilardan biri bu – Lukas Paketa. 18 oy avval “Milan”ga kelgan braziliyalik xavbekni, jamoa afsonasi Kakaga qiyoslashdi. O‘tgan davr mobaynida uning o‘yini o‘sib bormoqda va yuqoridagi tahminlarni oqlay boshladi.
Paketa va “rossonerilar”ning boshqa bir nechta futbolchilari darhaqiqat yaxshi o‘ynamoqda. Ammo jamoadagi chuqur inqiroz ularning boshqa jamoalarga ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu jumladan, Paketaga ham A Seriyaning boshqa bir grandi “Fiorentina” da’vogarlik qilmoqda. Milanliklar esa muzokaralar uchun doim ochiq klubga aylanib bormoqda.

Miralem Pyanich
 
“Yuventus”ning bosniyalik futbolchini “Barselona” futbolchisi Artur bilan almashtirish rejasi ish bermadi. Biroq hamon Pyanichning “keksa sinora” tarkibida kelgusi mavsumda bo‘lishi so‘roq ostida.
Mauritsio Sarri ushbu mavsumda 30 yoshli futbolchini uzluksiz maydonga tushirgan bo‘lsa ham aslida uning o‘rniga boshqa futbolchilarni qidira boshlagan. Jorjino va Sandro Tonali, shular jumlasidan. Demak, Miralem jamoadan ketishining hech qanday hayratlanarli joyi yo‘q.

Adrien Rabo
 
“Yuventus” nega uni sotmoqchiligi tushunarli. Avvalo, “biankonerilar” futbolchini tekinga qo‘lga kiritgan. Undan tashqari, 17 ta uchrashuvda atigi bittadan gol va pas turinliklar yarim himoyachisi uchun juda ham past natija.
Ammo frantsuz futbolchisining xizmatlariga ehtiyojmand jamoalar ham bor. APLning birato‘la ikki klubi: “Manchester Yunayted” va “Everton” Raboga qiziqish bildirmoqda.

Sandro Tonali
 
“Breshia” katta ehtimol bilan kelgusi mavsum A Seriyada bo‘lmaydi. Tonali bundan mustasno. O‘yin uslubi va hatto tashqi ko‘rinishi bilan ham Andrea Pirloni yodga solayotgan futbolchiga “Yuventus”dan tashqari “Barselona”, “Inter” hamda “Manchester Yunayted” jamoalari xaridor. Sandroning narxi 30 mln evroga baholanmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, 20 yoshli futbolchiga Italiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Antonio Kontening shaxsan o‘zi qiziqib qolgan va bu yakunda hal qiluvchi faktor bo‘lishi mumkin.

Chengiz O‘nder
 
“Roma” top klublarni yuqori saviyali futbolchilar bilan ta’minlovchi akademiyaga o‘xshaydi. Bu mavsum ham bir qator iqtidorli futbolchilari bilan evropalik skautlar “ko‘zini o‘ynatgan” rimliklar moliyaviy feyr-pley talablarini bajarish maqsadida ularni sotishga majbur bo‘lishi mumkin.
Turkiyalik futbolchiga ham bir nechta top klublardan taklif bor. “Yuventus”, “Everton” va “RB Leyptsig” 22 yoshli futbolchiga jiddiy e’tibor qaratgan.

Nikolo Zaniolo
 
Yanvarda jarohat olgan Zaniolo jarohatidan endi forig‘ bo‘ldim deganda koronavirus pandemiyasi boshlanib, futbol bellashuvlari qoldirildi. Ammo mavsumning boshidayoq o‘zini ko‘rsatib ulgurgan futbolchi uchun allaqachon takliflar bor. Tez kunlarda restart oladigan A Seriya o‘yinlari orasida eng tomoshaboplaridan biri “Roma” ishtirokidagi bahslar bo‘lishi kutilmoqda. Albatta, bunda Zaniolo effekti ham bor.
Futbolchiga xaridorlar Italiyaning o‘zida ham etarli. “Yuventus” va “Inter” 20 yoshli hujumchini qo‘lga kiritish uchun jiddiy kurashga kirishgan. “Tottenxem”ning bir nechta taklifi rad etilganiga qaramasdan ularni kurashdan chiqarib qo‘yish yaramaydi.

Yuqoridagi futbolchilarning kelajagi qay tariqa shakllanib borishini vaqt ko‘rsatadi. Yozgi transferlar oynasi futbolchi faoliyatidagi alohida bo‘lim. Unda qabul qilingan qarorlar kelgusida ularning faoliyatida ulkan burilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
181   
Добавить комментарий
Ваше имя: *