Goal24.uz » Европа жамоалари » Angliya » «Siti» YECHLni yutadimi? «Liverpul» qachon chempion bo‘ladi? APL grandlariga yig‘ilib qolgan savollar!

«Siti» YECHLni yutadimi? «Liverpul» qachon chempion bo‘ladi? APL grandlariga yig‘ilib qolgan savollar!

Автор: admin

Xabaringiz bor, uzoq tanaffusdan so‘ng Angliya premyer-ligasida mavsum qayta boshlandi. Shu sababli Stadion.uz kuchli oltilikda klublarga taalluqli savollarni taqdim etadi.
“Liverpul”
Qachon va qayerda chempionlik rasmiylashtiriladi?
Agar o‘zga sayyoraliklar ishga aralashmasa, “Liverpul” allaqachon chempionlikni cho‘ntakka solib qo‘ydi hisob. To‘g‘ri, mo‘’jizalarga futbol juda boy, biroq bu vaziyatda mo‘’jiza ham “Liverpul”ni 30 yillik orzudan mahrum eta olmaydi. Endi “qizillar” qachon va qaysi stadionda chempionlikni rasmiylashtirishlarini aniqlab olishgina qoldi. Mersisaydliklar navbatdagi turlarni “Enfild”, “Ettihad”, “Enfild” va “Amekse” va yana “Enfild”da o‘tkazishadi. Stadionlarning nomini sanashga xojat yo‘q, sababi Klopp shogirdlari o‘z o‘yinlarining ikkitasida g‘alaba qozonishsa kifoya. Ular “tumanli albion” taxtiga qayta ko‘tarilishadi.
Bu mavsum kelasi mavsum uchun tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradimi?
Yurgen Kloppni APL g‘olibligidan atigi 6 ochko ajratib turibdi. Jamoa futbolchilari allaqachon chempionlikning “hidini olishgan” va uni qo‘yib yuborishmaydi. Shunday ekan, ikkita g‘alabadan so‘ng, qolgan uchrashuvlar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. O‘rinli savol paydo bo‘ladi. Xo‘sh, “Liverpul” mavsumning qolgan uchrashuvlarini rekordlarni yangilash uchun sarf etadimi yoki yangi o‘yin modeli, yangi o‘yin sxemalarini sinab ko‘rish uchunmi? Gap shundaki, mavsum yakunlangach, keyingisi katta farqsiz yana start oladi. Kloppning bunday vaziyatga tuzib qo‘ygan rejasini ko‘rish uchun ham “Liverpul” “keraksiz” bo‘lgan o‘yinlarini tomosha qilishni tavsiya etamiz.
Yoshlarga imkon beriladimi?
Ayni damda “Liverpul” mavsum oldi katta transferlarni amalga oshirishga qodir jamoa emas. Hatto Vernerni ham “Chelsi”ga shundoqqina berib qo‘ydi. Vaholanki, futbolchining o‘zi tanlash imkoni bo‘lganda so‘zsiz “Liverpul” foydasiga qaror chiqargan bo‘lar edi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Klopp jamoa akademiyasidan yetishib chiqayotgan futbolchilarga ishonmoqda. To‘g‘ri, hozircha Kertis Jons, Xarvi Eliot singari futbolchilar biroz bo‘lsada katta futbol havosidan nafas oldi, lekin ularga to‘liq ishonch bildirilganicha yo‘q. Balki Klopp mavsumning qolgan uchrashuvlarida (albatta chempionlik hal etilgach) yosh futbolchilarni jangga tashlar? Bu ish ortidan nemis murabbiyi kelasi mavsumda asosiy tarkib futbolchilarining toliqib qolishdan tashqari yangi nomlarni kashf etishi ham mumkin. Umuman olganda, bu qarorning ijobiy tomonlari juda ko‘p.

“Manchester Siti”
YECHLdagi chempionlikka nima deysiz?
“Liverpul” chempionlik sari odimlayotgan bir paytda, “shaharliklar” YECHL sovriniga ko‘z tikishgani bor gap. Klubga katta pullar kelgach, jamoa YECHLning finaldan boshqa barcha bosqichlarida to‘p tepishga muvaffaq bo‘lishdi. “Borussiya D”, “Real”, “Barselona”, “Monako”, “Liverpul”, “Tottenhem” singari jamoalar sababli klub musobaqani kutilganidan ertaroq yakunlashdan boshqa chora topa olmadi. Shu sababli jamoa bu safar APL chempionligini bir chetga surib tashlagan-cha, bor kuchi bilan YECHLda zafar quchishga harakat qilishi turgan gap. Boz ustiga, Madridda qozonilgan g‘alaba va APLning start olishi ularga katta imkoniyat taqdim etadi.
Pep kuchli oltilikdagi jamoalarni yengadimi?
Bu mavsumda “Manchester Siti” APLning kuchli olti jamoasiga qarshi uchrashuvlarni juda omadsiz o‘tkazmoqda. O‘tgan davrada Gvardiola shogirdlari naqd 4 ta o‘yinni grandlarga boy berib qo‘ydi. Restartning birinchi o‘yindayoq “Arsenal”ni mag‘lub etdi. Endi esa “Liverpul” va “Chelsi” jamoalari bilan uchrashuvlarda Gvardiola mavsumdagi natijasini yaxshilab olishi lozim. O‘tgan mavsumlarda “Siti” kuchlilarga qarshi uyinlarning 87 foizida g‘alaba qozongan. Bu mavsumda bu ko‘rsatgich hech bo‘lmasa 60 foizni tashkil etishi uchun ham qolgan o‘yinlarda grandlarga ochko bermaslik talab etiladi.
Kevin de Bryuyne Anrini ortda qoldiradimi?
Bu mavsumda belgiyalik futbolchi sermahsullik borasida barchani hayratda qoldirmoqda. 9 ta gol va 17 ta assist. To‘g‘ri, Kevin o‘tgan mavsumlardagidek yarq etib ko‘zga tashlanmayapti, biroq Madriddagi birgina o‘yin uning top darajadagi ijrochi ekanligini barchaga isbotlab qo‘ydi. Shu o‘rinda qiziqarli savol. De Bryuyne Tyeri Anri tomonidan 2002/03 mavsumda o‘rnatilgan (20 ta assist) rekordni yangilay oladimi? Yarim himoyachida vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirish uchun oldinda 10 ta o‘yin bor. Bu o‘yinlarda u 4 ta assistni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lsa, uzoq muddat bu rekorni o‘ziniki qilib turishi mumkin.

“Chelsi”
Futbolchilar mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda yakunlay oladimi?
London klubi kelasi mavsum starti uchun yangi va ilg‘or g‘oyalarni amalga oshirish uchun katta transfer kompaniyasini amalga oshirishi kutilmoqda. Allaqachon Hakim Ziyosh sotib olindi va bir nechta yangi nomlar yozda klub libosini kiyishi kutilmoqda. Shunday ekan, jamoadagi yigitlar kelasi mavsumda ham Lempardning rejalaridan o‘rin olish uchun bor kuchi bilan harakat qilishi turgan gap. Abraham Vernerning soyasida qolib ketmaslik uchun gollar kiritishi lozim. Hadson Odoi va Pulishich ham o‘zini ko‘rsatmasa, ertaga boshqa vinger kelib uning o‘rini egallamasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Ross Barkli esa, o‘zini transferga qo‘ymasliklari uchun ham tish-tirnog‘i bilan kurashishi talab etiladi.
“Chelsi” katta pullarni oqlaydimi?
Hali YECHL yo‘llanmasi hal etilmagan bo‘lsada, “aristokratlar” o‘zlari uchun “qimmat taomlarni” buyurtma berishni boshlab yuborishdi. Endi bu summani oqlash uchun kamida YECHLda ishtirok etish talab etiladi. Bir tasavvur qilib ko‘ring! Agar klub yo‘llanmani qo‘ldan chiqarib yuborsa, katta sarmoya va rejalar barbod bo‘ladi. Sotib olingan futbolchilar ham motivasiyani butkul yo‘qotadi. Statusning tushib ketishi-yu, ichki muhitning darz ketishi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Ruben Loftus-CHik vaqti?!
Loftus-CHik Lempardning klub tepasiga kelishi bilan jarohat ortirib oldi va uzoq muddatga safdan chiqdi. Mana endi u to‘liq sog‘ayib asosiy tarkibdan o‘rin olishga shay alfozda. Boz ustiga, Frenk asosan yosh futbolchilarga ishonch bildirayotgan bir paytda, Ruben o‘z “shans”ini qo‘lga kiritishi turgan gap. To‘g‘ri, u allaqachon 24 yoshni “urib qo‘ydi” va endi “yosh iqtidorli”emas. Shunga qaramay, bu uning klubning o‘yin ritmiga tushib olishi uchun to‘sqinlik qilmasligi lozim. U qolgan 10 ta o‘yin ichida nimalarga qodir ekanligini isbotlash orqali Frenkning ishonchini qozonishi mumkin. Boshqacharoq qilib aytganda, Ruben uchun ushbu 10 tur faoliyatini saqlab qolish uchun eng qulay imkoniyat.

“Manchester Yunayted”
Pogba – Fernandesh tandem effekt beradimi?
Fransiyalik futbolchi jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘ldi va yana mashg‘ulotlarga kirishib ketdi. U yo‘qligida “qizil iblislar” markazni Brunu bilan to‘ldirishdi. Fernandesh yesa, o‘zining APLdagi birinchi urunishidayoq APLda oyning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi. Pogba amaldagi JCH g‘olibi va sayyoramizning eng qimmat yarim himoyachilaridan biri. Brunu esa g‘alabalarga o‘ch, mashhurlikka endi qadam qo‘ygan futbolchi. Sulsher bu futbolchilarni maydonda shunday joylashtirishi lozim-ki, ular bir-birini to‘ldirib turishi kerak. Oson vazifa emas, biroq buning uddasidan chiqsa, Sulsher qolgan 10 ta o‘yinda oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishi mumkin.
Quvnoq impuls yo‘qolib qoldimi?
“Qizil iblislar” uchun 2020-yil omadsiz boshlandi. O‘z uyidagi “Byornli” (0:2)dan qabul qilingan mag‘lubiyatdan so‘ng, kutilmaganda Sulsher shogirdlari g‘alaba ritmiga tushib olishdi — 11 ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya! 11 ta o‘yinning 9 tasida De Xea o‘z darvozasini “quruq” saqlagan bo‘lsa, oldindagilar umumiy hisobda 29 bor golni nishonlashga muvaffaq bo‘lishdi. Shunchaki fantastik temp! Afsuski, 3 oy davom etgan karantin tempning yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Klub o‘z ritmida davom etishi dozim. Aks holda, yana tempni ko‘targuncha APL uchrashuvlari tugab qolishi mumkin.
“Manchester Yunayted” YECHLda ishtirok etadimi?
“Siti”ning UEFA bilan sudlashayotganini bir chetga surib qo‘yganda “MYU” uchun YECHLda to‘p tepish imkoniyati mavjud. Hattoni ular 4-o‘rin uchun asosiy da’vogar ham bo‘lib turishibdi. “Chelsi” bilan o‘rtada 3 ochko farq xolos. Boz ustiga, qolgan 10 ta o‘yinda Sulsher shogirdlari grandlardan faqat “Tottenhem” bilangina to‘qnash keladi. Qolgan raqiblar nom jihatidan ulardan ancha ortda. Bundan tashqari, jamoada Yevropa ligasida g‘olib chiqish orqali YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyati mavjdu.

“Tottenhem”
Jarohatdan qutulganlar klubni qutqarib qoladimi?
Yuzaga kelgan 90 kunlik tanaffusdan barchadan ko‘ra “Tottenhem” unumliroq foydalandi desak, adashmagan bo‘lamiz. Sababi, tanaffus chog‘ida Harri Keyn, Son Hyong Min va Bergveyn yana safga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Bu “shporlar”ning hujum chizig‘idagi kuchini keskin ortirib yuboradi. Bechora Lukas Moura endi biroz yengil tin olishi mumkin.
“Shporlar” o‘z taqdirini o‘zi hal etadimi?
Joze mavsum boshida “Tottenhem” YECHLni yutishga qodir deb maqtandi, biroq ayni damda hech bo‘lmasa ushbu musobaqa yo‘llanmasiga “ilinib” olish talab etiladi. 4-o‘rindagi jamoa bilan o‘rtadagi 7 ochkolik farq qo‘rqinchli tuyulishi mumkin, biroq 5-o‘rin ham ish bersa, “Manchester Yunayted” bilan uchrashuv vaziyatni o‘zgartirib yuborishi hech gap emas. Sababi, oldinda bu klublar o‘zaro to‘qnash kelganda Joze asosiy raqibidan 3 ochko tortib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Soddaroq qilib aytganda, Joze so‘nggi 10 ta o‘yin orqlali o‘zining super taktik ekanligini isbotlashi va maoshini oqlayotganini barchaga ko‘rsatib qo‘yishi lozim.
Tangi Ndombele bilan nima sodir beradi?
“Barselona” va “Liverpul” ko‘z tikkan yarim himoyachi “Tottenhem”ning ham ishonchini oqlay olmaganidan xabaringiz bor. Atigi 12 ta o‘yinni (APLdagi) start tarkibda boshlagan futbolchi muxlislar yodida hech narsa bilan saqlanib qolmadi. Ko‘plab mutaxassislar bu moslashib olish bilan bog‘liq muammo deb hisoblamoqda. Endi Ndombeleda o‘zini ko‘rsatish va uning uchun bejizga 60 million yevro sarf etilmaganini isbotlab qo‘yish imkoni mavjud. Agar u yana omma e’tiboridan chetda qolsa, katta ehtimol bilan kelasi mavsumni yana “Lion”da “ishonchni oqlamagan” futbolchi statusida boshlashi hech gap emas.

“Arsenal”
“Kononirlar” qanday formada?
“Arsenal” 2020-yilda 1ta mag‘lubiyat, 4 ta g‘alaba va yana shuncha durang qayd etgan Arteta shogirdlari restartda o‘zlarini qanday tutishlari katta savol ostida turgandi. “To‘pchilar” himoyachi David Luisning xatolari evaziga “shaharliklar”ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Ispaniyalik murabbiy jamoa o‘yiniga tartib kiritgan bo‘lsada, klub qayd etayotgan natijalardagi tartibsizliklar bartaraf etilgani yo‘q. Misol uchun, “Arsenal” o‘rtoqlik uchrashuvlarida “Charlton”ga 6 ta gol kiritib g‘olib chiqqan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay “Bretford”dan ikkinchi bo‘limda 3 ta to‘p o‘tkazib (2:3) mag‘lub bo‘lishdi.
Arteta o‘zini ko‘rsatadimi?
Mikelning klub tepasiga kelganiga ham 6 oy vaqt bo‘lmoqda. Shunday bo‘lsa-da, mutaxassis bor-yo‘g‘i bir necha oygina faol mashg‘ulotlar o‘tkazdi, xolos. APL qaytgach, barchadan ko‘ra “Arsenal”ga taqvim og‘ir zarba tayyorab qo‘ygan. “Siti”, “Lester”, “Tottenhem”, Vulverhempton” va “Liverpul”ga qarshi uchrashuvlarda Artetaning murabbiylik bilimlari juda muhim. Tig‘iz taqvim va yangi qoidalar murabbiyning top darajada ekanligini (yoki buning aksi) isbotlash uchun imkoniyat taqdim etmoqda. Barchasi Mikelning o‘z qo‘lida.
Obameyangsiz ham “Arsenal” kuchli jamoami?
Achinarlisi shundaki, London klubi gabonlik hujumchiga juda bog‘lanib qolgan. Hujumchi 2018-yilning yanvar oyidan boshlab hozirgi kunimizga qadar 61 bor “kononirlar” safida gol kiritdi. Uning klub bilan tuzgan shartnomasi 2021-yilda o‘z yakuniga yetadi. Katta ehtimol bilan jamoa uni sotuvga qo‘yadi. Aks holda, kamida 70 milliondan quruq qolishi mumkin. Shunday ekan, “Arsenal” muxlislari Pyer-Emerikning qolgan uchrashuvlardagi o‘yinlaridan zavqlanib olishlari talab etiladi.
262   
Добавить комментарий
Ваше имя: *