Goal24.uz » Жаҳон » «Menga Zidan va 10 ta taxta bering, sizga Chempionlar Ligasi kubogini olib beraman». Dunyo futbol yulduzlari 48 yoshni qarshi olgan Zidan haqida

«Menga Zidan va 10 ta taxta bering, sizga Chempionlar Ligasi kubogini olib beraman». Dunyo futbol yulduzlari 48 yoshni qarshi olgan Zidan haqida

Автор: admin

Zayniddin Zidan — 1972 yilning 23 iyun sanasida Fransiyaning Marsel shahrida jazoirlik muhojirlar oilasida to‘rt farzandning eng kichigi bo‘lib dunyoga kelgan. Oila o‘z moliyaviy imkoniyatlari bilan maqtana olmasdi. Otasi do‘konda oddiy ishchi bo‘lib ishlasa, onasi uy bekasi edi.

Zidanning esa bolaligidan sportga bo‘lgan ishtiyoqi o‘zgacha edi. U futboldan tashqari, dzyudo (yashil bel bog‘ egasi) va velosport bilan muntazam shug‘ullanardi. Biroq uning millionlar o‘yini — futbolga bo‘lgan mehri o‘zgacha bo‘lgan.

23 iyun kuni 48 yoshni qarshilayotgan Zidan futbolchilik faoliyati davomida qo‘lga kiritmagan sovrin qolmagan. Murabbiylik kursisida ham u «Real»dagi qisqa muddatli faoliyati davomida manaman degan top-darajadagi futbol mutaxassislariga dars berib qo‘yishi mumkin. Mana ularning ro‘yxatiga bir nazar tashlab ko‘ring:

Zizu futbolchi sifatida ikki martadan Italiya chempionati, Interkontinental Kubogi, Intertoto Kubogi va Ispaniya Superkubogida g‘alaba qozongan, Italiya Superkubogi va chempionati, Chempionlar Ligasi, UYEFA Superkubogi, Jahon Chempionati hamda Yevropa Chempionatida esa bir martadan bosh sovringa ega chiqqan.

Murabbiylik faoliyatida esa Zidan 3 bor ketma-ket tarzda Chempionlar Ligasida, ikki marotabadan klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati, UYEFA Superkubogi hamda Ispaniya Superkubogida g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, u bir bor La Ligada ham chempionlikni qo‘lga kiritgan.

Hozir Zidanning terma jamoa va klublardagi faoliyati hamda qalashib yotgan shaxsiy sovrinlari haqida uzundan uzun hikoya emas, balki u haqida hamkasblari, taniqli futbolchilar hamda sobiq jamoadoshlari tomonidan bildirilgan fikrlar e’tiboringizga havola etiladi.

Aleks Fergyuson
«Menga Zidan va 10 ta taxta bering, sizga Chempionlar Ligasi kubogini olib beraman».

Karlo Anchelotti
«Zidan – men shug‘ullantirgan eng yaxshi futbolchi».

Zlatan Ibrahimovich
«Zidan maydonda paydo bo‘lgach, qolgan 10 nafar o‘yinchi birdaniga yaxshi o‘ynashni boshlardi. Bu – sehrgarlikka o‘xshardi».

Gari Lineker
«Zidan – men ko‘rgan futbolchilar orasida eng bashangi edi».

Marchelo Lippi
«Zidan aql bovar qilmas darajada yuqori saviyali o‘yinchi edi, unga hech kim teng kelolmaydi».

Ronaldinyo
«Zidan – dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri, u mening kumirim. U maydonni yaxshi ko‘radi, to‘pni a’lo darajada nazorat qiladi. Va albatta, uning betakror nafis harakatlari tahsinga loyiqdir».

Tyerri Anri
«Fransiyada Zidanni xudoga tenglashtirishadi».

Krishtianu Ronaldu
«Har bir o‘yinchida o‘ziga bo‘lgan ishonch muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan Zidan mening o‘zimga bo‘lgan ishonchimning oshishiga yordam bergan».

Alessio Takkinardi
«Futbolchi Zidandan murabbiy Zidan yaxshiroqdir. U tug‘ma futbolchi, maydonda bolalar kabi beg‘ubor harakatlar qilardi».

Marko Asensio
«Har kuni qarshingizda Zidanni ko‘rish hayratlanarli. Men har doim Zidanning muxlisi bo‘lganman va uning fintlarini takrorlashni yoqtirganman. U futbolchilarga o‘z talablarini aniq tarzda tushuntirib bera oladi».

Ronaldo
«Zidan – men birga o‘ynagan eng yaxshi futbolchi».

Kilian Mbappe
«Zidan Pele kabi meni hayratda qoldirgan yagona futbolchi. Men uning muxlisiman».

198   
Добавить комментарий
Ваше имя: *